«Ikki olam naqdi oldingda muyassardur sening»

0
304
marta koʻrilgan.

 * * *

 

Takallum aylasang gohi labi shakkarfishoningdin,

Tasadduq boʻlsa jonim goh boshingdin, gohi joningdin.

 

Borursan kecha-kunduz oyu kundek har taraf yolgʻiz,

Topib boʻlmas seni bir yerda sokin oʻz makoningdin.

 

Xiromon yoʻlunga pomoling ul shamshod ila toʻbi

Oyogʻing oʻpsun, oʻrgulsun oʻshal sarvi ravoningdin.

 

Biror yoʻl iltifotingni tomosha aylagan bedil

Qiyomat tongi otsun bosh koʻtarmas ostoningdin.

 

Tahidur qoʻllarim, ilkimda zarra naqdinam yoʻqtur,

Ilohi bahravar qilgʻil hayoti jovidoningdin.

 

Koʻzung jon olgʻali qotil, soʻzung jon bergʻali moyil,

Maseho, senmu oyo, jon nasimi keldi yoningdin.

 

Egilmas to qiyomat noʻsh qilgʻon bodai laʼling,

Shimib cheksa tili birla iyib shakkar zaboningdin.

 

Dilo qatʼi umiding uzma, altofigʻa koʻz tutgil,

Tarahhum yo tazallum harna kelsa mehriboningdin.

 

Tilar Mashrabki, bir kun gʻunchai taʼbing ochiq koʻrsa,

Tomosha aylay-aylay oʻtsa sahni gulsitoningdin.

 

* * *

 

Nigorim, guluzoringni koʻrolmay mubtalo boʻldum,

Sharobi laʼling ichtim, sen sanamga oshno boʻldum.

 

Tarahhum qil, ayo, dilbar, qulungga koʻp jafo qilma,

Oʻzingga oshno qilding, gʻaribu benavo boʻldum.

 

Yuzung guldur, mujovir koʻzlaring mastonadur, jonon,

Yurokim poralar boʻldi, shohidi Karbalo boʻldim.

 

Talab bozoriga kirdim, tabibi ishqdin soʻrdum

Ki, dardimgʻa davo topmay, bu dardi bedavo boʻldim.

 

Ayo, dilbar, kelib ayla bu Mashrab soʻzini tadqiq,

Yoʻlingga jon fido qildimki, ishqqa muqtado boʻldim.

 

* * *

 

Tashna keldim sendin izlab gavhari obi zulol,

Piri komilsan, haqiqat bobida daryoi hol.

 

Ikki olam naqdi oldingda muyassardur sening,

Zindalarning boshidur yoʻlingda boʻlgan poymol.

 

Xokisori koʻyi irfoning boʻlubman, rahm qil,

Chunki daryodin judo boʻldi koʻkarmasdur nihol.

 

Navjuvon umrum xazon boʻldi muhabbat dardidin,

Yetmadim maqsudima dogʻ ayladi vaqti zavol.

 

Xotiramgʻa himmat-i Adhamni kelturdum bu kun,

Kim Xudo tarsdur anga darkor emas molu manol.

 

Otashi ishq oldida xasdur jahannam, gʻam yema,

Yuz xatardin oʻtkarur har bandani qurbi jalol.

 

Ostoningga kelibman rohi navmidi emas,

Yo Abdulqosim, meni ummat degin, doʻstimni ol.

 

Noma oʻng qoʻldin yuborgay Mashrabi shoʻridaga,

Avvalu oxirni qilgan vaqti mahsharda savol.

 

* * *

 

Bir boqishinga jumlai jonona tasadduq,

Shahlo koʻzunga oqilu devona tasadduq.

 

Gar pardasini ochsayu dilbar menga boqsa,

Mashʼal yuziga men kabi parvona tasadduq.

Laʼli labidin jurʼai mayni tilab oldim,

Dur tishlariga gavhari durdona tasadduq.

 

Jononingni agar ber desa ul dilbari raʼno,

Qurbon boʻlayin, yoʻlida hamona tasadduq.

 

Mujgon oʻqigʻa qilsa bu jonimni nishona,

Jonim berayin, tiriga mardona tasadduq.

 

Gulgun kiyibon chiqsa oʻshal dalbari raʼno,

Majnun boʻlibon oʻrgulayin yona tasadduq.

 

Vaʼda qilibon aytdi: “Jamolimni koʻrarsan,

Vahdat mayidin ichki, bu paymona tasadduq.”

 

Mashrab sari zulfung tarasa rashki kelodur,

Zulfung toridin bodi sabo, shona, tasadduq.

 

* * *

 

Chiqsam koʻchaga shohsuvorim keladur,

Gul gʻunchasidek lola uzorim keladur.

 

Har yonga boqib, kifrik oʻqin xalqgʻa otibon,

Oʻtlarni yoqib jonimgʻa nigorim keladur.

 

Jonimgʻa tegib har soridin rashk qilichi,

Mujgon oʻqini har yon otorim keladur.

 

Kelmay necha kun qayda qaror etti ekankim,

Koʻnglumdin olib sabru qarorim keladur.

 

Oʻlmaymu bu dard ila ki, ey, yoru yoronlar,

Har lahzada ming jonim olorim keladur.

 

Kunduz yo kecha hech mahal kelmagan erdi,

Bul turfa koʻrung layli nahorim keladur.

 

Gul bargi kabi gʻam bila sargʻaydi bu Mashrab,

Ne gʻam menga emdi kim u (l) gʻamxorim keladur.

 

* * *

 

Ey sabo, mendin degil sarvi ravonimgʻa duo,

Gulshani vasligʻa borsang, mehribonimgʻa duo.

 

Qomatim nundek boʻlubtur dogʻi hijroni bila,

Kuydurib aʼzoi borim, dilsitonimgʻa duo.

 

Gʻunchadek labdin takallum aylabon jonim olur,

Soʻzlari durru guhar shirin zabonimgʻa duo.

 

Naqdi jonim xirmanin ishq ila toroj aylabon,

Men – hazin yuz shukr etib ul rozdonimgʻa duo.

 

Koru borim doimo gʻam birla, Mashrab, muttasil,

Mushkul ishlarni yechar davlatnishonimgʻa duo.

 

* * *

 

Koʻrundi koʻz qarosigʻa magar xayli parizode,

Shafaq tutdi jahonni, keldi yo bir qaddi shamshode.

 

Charogʻon boʻldi dunyo yo magar keldi mening yorim,

Biyobon boʻldi bogʻu boʻstoni xurramobode.

 

Hujumi gʻam qilib barbod, keldi bir nasimi xush,

Magar ozoda yorim, doʻstlar, ishq etti bunyode.

 

Agar ul shohi xoqon qatlima lashkar chekib kelsa,

Yurokim chok etib aylay ani oldida ham dode.

 

Bahoriston boʻldi, rang-barang gullar boʻlib paydo,

Xazon etmak uchun, doʻstlar, iloho, kelmagay bode.

 

Necha yillar yotibman qoru yomgʻir ostida doim,

Parizodim, malikam qilmadi lekin meni yode.

 

Arigʻ yoʻlgʻa oʻzungni olki, Mashrab oʻtti umrung, lek,

Murodu maqsadigʻa yetmadi hargiz xarobote.

 

* * *

 

Bazmi shamʼingdin zamona ichra bir giryon oʻzum,

Doimo parvonadek shamʼ oʻtigʻa soʻzon oʻzum.

 

Qahrabo ermish jahon davrida afgʻon aylagan,

Chun faloxun doimo sargashtai davron oʻzum.

 

Shohlik birla gadolik, bil, barobardur menga,

Gohi hajringda gado, vaslingda goh sulton oʻzum.

 

Chin aro koʻrgach xadangi novaki qosh yosini,

Siynachok oʻlgʻon shahidi tiyri bepaykon oʻzum.

 

Dargahi vasling tilab, ayb etma, afgʻon aylasam,

Mashrabi sargashtai gʻamdidai hijron oʻzum.

 

Boborahim MASHRAB

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.