Ikki daryo kuylab yotgan qo‘shnaydir

0
73
marta ko‘rilgan.

 BAHORDA

 

Gullagan o‘rikning sochi oqargan,

Otamga o‘xshatib yozgandim, bu rost.

Topdim, o‘rikzorga maftun boqarkan,

Qiyg‘os gullashiga yana bir qiyos:

Oppoq ehrom kiygan pok zotlar kabi

Rukuda turarkan daraxtlar bu chog‘,

Hayratdan hapriqib ketadi qalbing,

Muqaddas Makkaga o‘xshab ketar bog‘.

 

BAHOR QIZI

 

Qorlar tushib keldi huv baland taxtdan,

Suv bo‘lib poyingga urmoq-chun boshin.

Yuzingni ko‘rdimi, nechun daf’atan,

Hayajoni oshib ketdi quyoshning.

Kiprigi pirpirab qaraydi yulduz,

Husningga mahliyo ko‘kdagi oy ham.

Madhingni kuylash-chun kecha-yu kunduz,

Sozini sozlaydi sozanda, soz ham.

 

Qoshingni ko‘rganda o‘zida yo‘q shod,

Qaldirg‘och charx urar sig‘may osmonga.

Maysa qadamingga aytar hasanot,

Teraklar tegrangda soqchi-posbonday.

 

Lab juftlab turibdi kurtak-g‘unchalar,

Ismingni aytishga jinday iymanib.

Senga xush yoqay deb borliq shunchalar

Kuymanib yotibdi, tinmay kuymanib.

 

QALAMGA QASIDA

 

Haqiqat suratin chizgan qalam bu,

So‘zlardan dur-marjon tizgan qalam bu.

Bu hayot qog‘ozdek oq, pok bo‘lsin deb

Bag‘ridan qora qon sizgan qalam bu.

 

UMR O‘TIB…

 

Bergan edi ming tuman boylik –

To‘rt mucha – sog‘, orzular – bisyor.

Nima berib, nimani oldik?

(Bu dunyoni derlar-ku bozor),

 

Asl gavhar qadriga yetmay,

Holimiz ne pul deb, boylik deb:

Ichimiz bo‘sh – to‘kilgan tutday,

Oy yuzimiz – tutilgan oydek.

 

* * *

Bekor urinar ular,

Bilmaydi, eh, bilmaydi.

Seni sindirmoq mumkin,

Lekin egib bo‘lmaydi.

 

* * *

Ilohiy so‘z suratin chizguvchi ilohiysan,

Turkiyda Navoiysan, forsiyda Binoiysan.

Zarra-zarra zar kabi to‘kilursan qog‘ozga,

Yo‘q alam, fidoiysan, ey qalam, fidoiysan!

 

* * *

Qorasanu, hamisha yoqlaysan nur-ziyoni,

Misli muslim zanjisan – pokdir dinu imoni,

Ona sutin oqlolmay yurar yuzi qoralar,

Sen qog‘ozni qoralab oqartirgung dunyoni!

 

AMU VA SIR ORASIDA

 

Ikki daryo kuylab yotgan qo‘shnaydir,

Navolarin tinglab qalbing jo‘shgaydir.

Hayot qaynar, charx urgandek “Lazgi” ga,

To‘kin turmush – farovonlik bazmi-da!

Ikki daryo – ikki misra, shohbaytdir,

Ozod yurtga tinmay shukrona aytur.

Bu shoh baytga quloq sol qul-qarolday,

U yetib bormasa, qalbing… Orolday…

 

TO‘RTLIKLAR

 

Hoy, inson, tug‘ilding, jiddu jahd etding,

Muroding ne edi, yetdingmi, netding?

Bilmadim, bilmadim. So‘ng yo‘lga balki,

Uyatdan tobutga berkinib ketding…

 

* * *

Parchalandim, sochildim, jamlamoq kerak o‘zni,

Safarim olis bo‘lgay, g‘amlamoq kerak o‘zni.

Oqil der: “Bu dunyoda o‘rningni bilmoq bo‘lsang,

Avval Allohni tanib, anglamoq kerak o‘zni”.

 

BOLAJON

 

Poyingga bu dunyo tiz cho‘ksa ravo,

Bolalik – poshsholik, donolar aytur.

Har so‘zing hukmdir, bo‘lgusi bajo,

Shohdirsan, har gaping ajib shohbaytdir.

 

HAYKAL QOSHIDA

 

To‘xta! Boshingni ko‘tar,

Shoshma ko‘z yosh to‘kmoqqa.

Arziysanmi, bil avval,

Poyiga tiz cho‘kmoqqa.

 

ShOIRLAR

 

O‘ylamang, shoirlar shundoq yuradi,

O‘z o‘yi, o‘z zavqu alami bilan.

Ular bu dunyoni tergab turadi,

Ko‘rsatkich barmoqday qalami bilan.

 

ADABIYOT

 

(Soat aylanadir),

Millar aylanar,

“Fasllar aylanar,

Yillar aylanar.”*

Ne zamon o‘tsa ham

Noming aytmoqqa,

Pok dillar talpinar,

Tillar aylanar.

Ezgulik yo‘lida soatday bedor,

Har lahza, qadaming yorug‘ niyatdir.

Eski-yu eskirmas bir haqiqat bor:

Zero, adabiyot abadiyatdir!

Soat “chiq-chiq”iday qilaman takror:

Zero,

 

Dilshod RAJAB

 

“Yoshlik”, 2014 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.