Ibn Sino xayoliga chizgilar

0
130
marta koʻrilgan.

1

Balki, jisming chidar sargardonlikka,

Chiniqqan ruhing ham bera olar dosh.

Lekin egallagan ilming oshmaskan,

Hatto tunlaring ham gʻanimga sirdosh.

Oʻzingda boriga shukrona aytib

Yurmoqlik sahroda soyga aylanmoq.

Nurli hujram qani, qani Afshonam,

Bagʻring dardi – dunyolarga soʻylanmoq.

Mahmud Masoh qoʻygan injiq jumboqni,

Ismoil Zohidning ilmidan yechdim.

Dunyo bosqini ne aqlim eliga,

Goho may oʻrnida oʻzimni ichdim.

Och qoʻysang roziman, yaratgan egam,

Ilmu asroringga yetmoq ahdimdir.

Ixlosdan ortiqroq ne aʼmolim bor,

Eng katta boyligim, axir, vaqtimdir…

 

2

Yaxshi deb bilganim, yaxshimi, egam,

Yomon deb bilganim, yomonmi, oʻzi?

Xotirjam kunlarim nega buncha kam,

Nechun baytlarimda olovning soʻzi?

“Yashash” toʻrtgina harf, goʻyo toʻrt devor,

Gʻanim toʻrt devorni bogʻlagan eshik.

Gʻaznaviydan qochsam, Qoraxoniy bor,

Buxoro – qalbimda dard. Ilma-teshik…

 

3

Qochdim-ku, otamning qabri sovimay,

Tubsiz sahrolarda bir yoʻllar ochdim.

Jayxun, ijozat ber, qoʻlimni yuvay,

Xorazm, qabul et, yurtimdan qochdim.

Yana quvib keldi ortimdan xatar,

Aziz diydor bagʻri boʻldi omonat.

Oydin orzulardan bezdi qumliklar,

Koʻrganim dinsizu dindor xiyonat.

Eldan-elga koʻchib, bir el izladim,

Izimdan quvardi tuzalmas bemor.

Tagʻin telba taʼqib ichra boʻzladim,

Men koʻzimni ochsam, ular koʻz yumar.

Giyohlar tuzatdi, qilichlar chopdi,

Oʻlimga tutildi hushyor yov koʻzi.

Kim kimni siyladi, kim kimni qopdi,

Men kimdan, kim uchun qochganman oʻzi?!.

 

4

Musofir moʻminga azob tayinmu,

Ranjisang, ranjiysan faqat oʻzingdan.

Yaxshiyam, izingni ilgʻab olarlar,

Kechirgan kuningdan, aytgan soʻzingdan…

 

5

Gʻanimni qoldirmoq uchun gʻaflatga

Goh sabrim bogʻida oʻstirdim tikon.

Sharobdan mast kabi tutdim oʻzimni,

Nokas quvonchiga yaratdim imkon.

U ham rost soʻzlasin, dedim, bir bora,

Aytadigan gapi boʻlsin uning ham.

Men-ku, tanni darddan xalos etarak,

Gʻamni sharob bilan koʻrarman baham.

Koʻchaman, ichaman gʻamlar selobin,

Yechaman dilimdan taʼna, dashnomni.

Gʻanimlar quvonsa quvonsin, anglay,

Sharobni eslatgan shafaqni, shomni…

 

6

Yoʻq, doim oʻzingni alday olmaysan,

Shalola shodliging etma namoyon.

Kulguday hech qachon uygʻonolmaysan,

Bedavo bemorday ahvoling yomon.

Elga osh berasan, eldan osh yeysan,

Oʻrtadagi hurmat zarba ruhingga.

Oʻzingni har kuni, har on tergaysan,

Ammo duch kelasan botin qahringga…

 

7

Tabiiy ogohdan dilimda hadik,

Muz qaʼrida qolgan nochor uchqunday.

Yorlaqagin meni, yaratgan egam,

Nursiz koʻzlarimga boqma chaqinday.

Goh shodon, gohida mungʻayar koʻzlar,

Ummonlar dillarda qurib, tugaydi.

Orzu-armonlardan ulgʻayar soʻzlar,

Sangʻi yellar zoʻr togʻlarni tergaydi.

Soyning ziloliga boqar xavotir,

Daraxt ham soʻzlardi boʻlmaganda lol.

Ogohlik maloli dunyoga tatir,

Tuproq och sher kabi boqadi, alhol.

Chirmovuq bilmaydi oyning borligin,

Daraxtning shoxlari javobsiz savol.

Tosh qachon anglagan soyning zorligin,

Fasllar bogʻdagi savob va uvol.

Ildiz otgan taʼma nechun koʻkarmas,

Nima haqda gullayotgan aqida?

Dunyo, daʼvoying ne? Bogʻlar koʻkarmas,

Oʻsayotgan hasad kimning oʻqidan?..

 

8

Yuraklarga tushgan pinhona yoʻlning

Yoʻlovchisi qaysi manzilni koʻzlar?

Qanday selga tushdi bahorning kuni,

Omon ochildimi bogʻlarda gullar?..

 

9

Soyam, chidadingmi sahroga sen ham,

Sen ham ergashdingmi tinmay izimdan?

Tovonim kuymoqda kuygandek jonim,

Goʻyo qochayapman faqat oʻzimdan.

Sening olamingda, aytgin, nima gap,

Bu mahzun holimni aylaysan takror?

Yoki tillashgansan gʻanim-la, ajab,

Musht tugsam, mushtingni oʻqtalding bekor.

Nega olmoq boʻlsam yoqangdan, soyam

Chaqnoq koʻzlarimni toʻsadi tizzang?

Gʻanimning-ku qoʻli uzun judayam,

Boʻlar sen ham koʻzyoshingni koʻrsatsang.

Nega koʻzyoshimning aksi koʻrinmas,

Kimdan kelayapti, bilmam, bu faryod?

Zoʻr boʻlsang sen nega Vatandan qochding,

Sen nega yakkasan, oʻtding bezuryot?

Tosh otsam, kelmaydi otargan toshing,

Yo u yuragimga atalganmidi?

Boshim omon emas, omonmi boshing,

Yo choʻlda u qumdan yaralganmidi?

Hatto seni yenga olmadim yoʻldosh,

Quyosh ham botmadi, boʻlmading gʻoyib.

Juzjoniy tolib lol qolganda noxos

Badantarbiya-da, dedim, mungʻayib…

 

10

Isming nima, deya, soʻramang undan,

Yashash joying bormi, demang, kulganday.

Otin izlab oʻtar otiga minib,

Men dildan – dillarga koʻchib yurganday.

Tarixga nolamday nomalarim koʻp,

Men tutgan tomirlar kabi uzundir.

Men olgan savoblar qon yangligʻ oqdi,

Avlodlar, siz tutgan tomir soʻzimdir…

 

11

Tundan zoʻrgʻagina qutilgan chogʻim,

Jonim sahrosida yitdi tomchi ong.

Netay, qanday qilib chiqay koʻchaga,

Gʻussalarga toʻlib otaversa tong?!

Xiyobonga qochib chiqsam ham atay,

Maysalar boʻlsa-da sodiq doʻstlarim.

Shu joyda ham jonim toʻyar jonidan,

Yoshlanar bir hissiz xasdan koʻzlarim.

Nimadir oʻzgarar tagʻin koʻnglimda,

Ertaning sogʻinchi umidday sezgir.

Meni adashgan, deb, aytar yoʻlsizlar,

Asli, qanday umr par kabi toʻzgʻir?

Hayajonga berma ekan qadringni,

Jism ufqida tunday jim yotaverma.

Ishorangni yolgʻiz anglaysan oʻzing,

Meni tushundilar, deb, ketaverma…

 

12

Mehring boshga solgan gʻamdir – bu dunyo,

Hayot orom olib boʻlmas bir tundir.

Sohirligi yaxshi, qolma gʻaflatga,

Tong bizni yangilash ishiga banddir…

 

Ilhom AHROR

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.