Hur kelajak – mustahkam zina

0
113
marta koʻrilgan.

* * *

 

Qalbing – nur, xonangda porlaydi quyosh,

Ichin har kun oʻzing qilasan taʼmir.

Siylabmi, sinabmi – oʻzi bergan yosh,

Muqim ota makon, oʻtkinchi umr.

 

Topgan, yoʻqotganim koʻzimga berdim,

Ichaqol, yashirgan yoshlarimni, dam.

Bolam, toʻgʻrilikni qalbingga terdim,

Qalbimda yashagan hislarimni ham.

 

Ulgurmadim baxtga, sen ulgurasan,

Yurmaysan, sen mendek boʻy va en boʻlib.

El-yurt, bola-chaqam deb yugurasan,

Oyoq yetgan joyda yurak keng boʻlib…

 

…Sen ozod mamlakat fuqarosisan,

Roʻyobi Rahim bobom armonlarining.

Yurtim, qora koʻzim oq-qorasisan,

Tugʻisan Ipak yoʻl karvonlarining!

 

* * *

 

Xazina – yer, qaʼriga qara,

Sahrolar – gul, ochiq manglayi.

Maqsadlar boʻy-bastiga qarab,

Kurtak yozar bogʻlar yil sayin.

 

Qutlugʻ zamon xoli kam-koʻstdan,

Bizda hur ruh – Alpomish, Shiroq.

Moziyga nur sochgan Turkiston –

Qadimiyatni porlatgan chiroq.

Amudaryo boʻlib oqayin,

Berar jonin koʻzdagi buloq.

Qushdek erkin qanot qoqayin,

Umidimga umid bilan boq.

 

Boqiy tinchlik yoʻllarda ilhaq,

Chinorlarda ming jajji yaproq.

Yurgan bari haqmi yo nohaq,

Yopar koʻzin bir siqim tuproq.

 

Qayga poyim yo qurbim yetsa,

Mador boʻlay dillarga tayin.

Zora, koʻzim erta yarq etsa,

Choʻl gardlarin koʻzga surtayin.

 

Qadim qalʼa koʻzin sotgani,

“Avesto”da ming asr firoq.

Keldim yurtga tomir otgani,

Manglayi oq shu qora tuproq.

 

* * *

 

Osmon sahni quyoshga tordek,

Ogʻiz ochar qushlar nimchorak.

Goʻyo koʻkda muhim gap bordek,

Qochar ipin uzib bodbarak.

 

Berar kun mingni birimizga

“Duk-duk!” Dunyo quloqda sasi.

Ochar eshik diyorimizga

Zavq-shavq toʻla isyonkor fasl.

 

Koʻkda quyosh tanga oʻt qalab,

Botinga yoʻllar yetti yotni.

Simirar yer, atrofin yalab,

Qaqroq labda obihayotni.

 

Qiqirlab soy, qulay boshlar gʻam,

Osmon oqtoʻsh nurga yolchigan.

Oyoq ostda marmar toshlar ham

Yerga ursa, koʻkka sapchigan.

 

Koʻz rostmana sehrni koʻrdi,

Endi uning ishi yurt bilan.

Shamol ichda qoni yugurdi,

Yotmas pisib qirda oʻt-oʻlan.

 

Otar tonglar aytgali azon,

Turnalar koʻk safarlarida.

Liq-liq toʻla ayvon, doshqozon,

Koʻk, sumalak iforlaridan.

Yoʻllar, qirlar, choʻllar baland, past,

Yegan erta qishning gʻamini.

Quvonchidan dunyo muqim, rost,

Totib dilda bor ishq taʼmini.

 

Sahrolarda qancha oʻy yotar,

Oʻpib Ustyurt qir etaklarin.

Yashirishga fikr uygʻotar

Daraxt boʻm-boʻsh butoqlarini.

 

Kelar rizq-roʻz bitta gʻam yemay,

Orol yoqasiga qoʻl yetmas.

Qoʻlin-qoʻlga berib, hademay,

Bogʻlar orasidan qil oʻtmas.

 

Ungach keng yoʻl qadamlarining,

Hur kelajak – mustahkam zina.

Qoʻli ochiq odamlarining,

Oʻzbekiston – ganji xazina.

 

* * *

 

Oʻzin oʻzi uqib olsin deb,

Olamga nur ziyo taratgan.

Qoʻygan oʻzi bor gʻamimiz yeb,

Soqov tilni qushdek sayratgan.

 

Koʻzni yoʻlga, qoʻlga qaratgan,

Yuz qiblada yumshoq tizzasi.

Iloh ixlos qoʻyib yaratgan

Inson – tabiat moʻjizasi.

 

Xatarlarin tor tiz yopolmay,

Choʻqir baʼzan koʻzini koʻzi.

Moʻjizaga bir soʻz topolmay,

Yegan gʻamlar oʻzini oʻzi.

 

Choʻmdirgan Haq moʻl-koʻl ziyoga,

Quyosh hovuch-hovuch nur sochar.

Qalbdan eshik ochib dunyoga,

Haq insonga ravon yoʻl ochar.

 

Har zamonda bong urar soat,

Yurtlar yurtga yoqib qolsin deb.

Shuning uchun bergan Haq fursat,

Inson oʻzin uqib olsin deb.

 

Gulchehra RAHIMOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.