Hordiq olar bulutlar

0
160
marta koʻrilgan.

Maslahat

 

Kartoshka ekayotgan

Bobosiga Mirhaydar,

Maslahat qatorida

Quyidagi gapni aytar:

 

– Siz uni chuqur yerga

Koʻmib qoʻymang-da, boshdan,

Momom shoʻrva qilsalar,

Yurasiz topolmasdan.

 

Sumalak

 

Boychechaklar nish urib,

To turguncha oʻrnidan,

Bahor qishni tarnovga

Osib qoʻydi burnidan.

 

Merch shaftoli va rezina nok hangomasi

 

Mevali bogʻ

Shinam pakka.

Davra boshi –

Olahakka.

Qorayaloq

Boʻldi kotib.

Olaqanot

Bugun notiq.

Turnaqator

Kelar moshin,

Yetolmaydi

Quvib lochin.

Tar mevalar,

Har mevalar,

Lol qolasan

Koʻrib chindan:

– Yuklar qaydan?

– Chin Mochindan.

Olma, noklar,

Shaftolilar

Tatib koʻrmay

Shart olinar.

Dorilangan,

Tovlanadi,

Xaridorlar

Dovlanadi.

Rizvon xola

Olgan nok ham,

Shaftolilar

Edi koʻrkam.

Hasanboyning

Koʻzi yondi,

Bittasini

Sekin oldi.

Juda qiziq

Boʻldi ishlar,

Nokka oʻtmas

Kurak tishlar.

Chandirlikda

Oʻzinar nok,

Rezinaday

Choʻzilar nok.

Soʻng irgʻitdi

Olaparga,

Choʻqimadi

Hatto qargʻa.

Don toʻkilar

Saragidan,

Qovun, tarvuz

Palagidan.

Shaftoli merch,

Koʻchmaydi hech

Danagidan.

Husan shartta

Otdi tomga,

Moʻljal ogʻib,

Tushdi jomga.

Toʻqol echki

Qaramadi,

Hatto uni

Yalamadi.

Hakka soʻzlar:

– Aziz doʻstlar,

Dehqon bobom

Omon boʻlsin,

Dorulomon

Zamon boʻlsin.

Bogʻda oʻtar

Har chogʻimiz,

Yoziladi

Charchogʻimiz.

Bilmaymizda

Hammamiz ham,

Qurtlar yegan

Olmamiz ham

Chetdan kelgan

Asallardan,

Juda shirin

Azallardan.

 

“Hasharchilar”

 

Yoʻldosh SULAYMONNI yodlab

 

Yoʻldosh bobo bogʻida

Qoʻqon gilos yetildi.

Olaqanot ish boshi

Hashar eʼlon etildi.

 

Har bir gilos oʻrikday

Zoʻldir, sergoʻsht, qirmizrang.

Qushlar bozorin koʻrib

Bolalar ham hangu mang.

 

Bogʻdagi tomoshaga

Zimdan boqar sinchalak.

Olaqanot chumchuqday

Oʻtirmaydi chimchilab.

 

Kekirtakdan bejirim

Gilos loʻq-loʻq oʻtardi.

Gerdayishi oshiqcha,

Na “oʻxchidi”, “yoʻtaldi”.

 

Unga taqlid qilishib:

Chugʻurchuq va hakkalar,

Yutkunolmay qolishdi

Ora yoʻlda hakkalab.

 

Zargʻaldogʻu zogʻchalar

Shoshib qoldi gʻoʻldirab.

Tortinchoq musichalar

Bir chekkada moʻltirar.

 

Qorayaloq ham chittak

Sal chimtomoq – irimchi.

Olaqanot hasharni

Yakunladi birinchi.

 

Maynaku gʻoyib boʻldi

Soʻramasdan kechirim.

Yoʻldosh bobo bogʻida

Ishlar bitdi bejirim.

 

Qoraqargʻa erinib

Shoxdan arang qoʻzgʻaldi.

Mechkaylikda tengi yoʻq

Olaqanot soʻz oldi:

 

Yerda qolmas yukingiz,

Biz akangiz turganda.

Galdagi hasharimiz

Charos chumak urganda.

 

Zavq

 

Charxobning[1] soyasida

Salqinlab yotganmisiz?

Boshoqni yostiq qilib

Xayolga botganmisiz?

 

Tabiat kunga moslab

Usti boshni keng tikar.

Avji oʻrim, havo dim,

Chigirtka ham entikar.

 

Choʻqqilarning qoʻynida

Hordiq olar bulutlar.

Pisib yotar inida

Zagʻizgʻon, gulovutlar.[2]

 

Angʻizdagi bedovlar

Soʻnadan bezillashar.

Chumolilar tinmaydi

Avjida qizgʻin hashar.

 

Toʻrgʻay koʻkda muallaq,

Olqishlab qoʻshiq aytar.

Qanotlarin qoqmasdan

Quyoshni toʻsib aytar.

 

Bunday zavq shoir uchun –

Topilar qachon? Qayda?

Xirmondan sado kelar:

– Xoʻp mayda-yu, xoʻp mayda!..

 

Tursunboy ADASHBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

 


[1] Charxob – gʻaram.

[2] Gulovut – koʻk qargʻa.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.