Holinda II

0
167
marta koʻrilgan.

Bir toʻp gʻoz yolgʻiz uchib kelayotgan gʻozga:

– Ha, yoʻl boʻlsin, – debdi. Yolgʻiz gʻoz:

– Bu tomondagi uyam hidlanib ketdi. Endi shu tomonga borib yangi uya qurmoqchiman, – deb javob beribdi. Bir gala gʻoz bir ogʻizdan:

– U tomonni-ku hidlantirib boʻpsan, endi bu tomonni ham sasitmoqchimisan? Qayt orqanga, he oʻsha sendaqangi taʼbi nozik hamjinsimizni!.. – deb orqasiga qaytarib yuborgan ekan.

Shunga oʻxshab aygʻoqlik qilib, taygʻoqlik qilib oʻz aymogʻiga aralasholmay, oʻz qishlogʻidan badnom boʻlib chiqib, Qoʻrgʻon qishlogʻiga kelib, uning-buning pinjiga kirib oʻlmas bir kunini koʻrib yurgan Chinmirza (yomon itning oti Boʻribosar boʻlarmish, deganday yana bu nojinsning ismini qarang) degan bir tarki jamoat Gʻallaoroldagi temir yoʻl bekatining nazoratchisi, Oqposhshoning tevatdan ham vafodor toʻralaridan biri Milutinning qulogʻiga Ergash boboning: “Ne gunohim bor bilolmam men bukun xazon holinda” deb boshlanadigan tizmalarining mazmun-mohiyatini qoʻrgʻoshinday quyib qoʻyibdi. Bundan dargʻazab boʻlgan toʻra shu kunning oʻzidayoq tengsiz, timsolsiz sannovchini chaqirtirib keltiribdi.

Bundan ranjigan dostonnavoz:

– Bu enagʻar meni enasiga er qilmoqchimidir, yo qaro yer qilmoqchidir? Yo podsho saroyidan menga munosib bir ish bermoqchimidir, – deb yoʻlga tushibdi.

Toʻraning tilmochi uzoqni koʻzlaydigan, diyonatli, tadbirkor mulla Muxtor Muhammadrahim oʻgʻli ham shu yerda hoziru nozir boʻlibdi. Toʻra Ergash boboni soʻroqqa tutibdi. Boshda bobo sal dovdirab, tili kalimaga kelmaganday boʻlib qolibdi. Gapning nima haqida borayotganini bilib qolganidan soʻng bir qadar oʻzini tutib olibdi. Tilmoch ham: “Oʻzingizni yoʻqotmang. Bu jon berib, jon olguvchimiz emas. Bu yogʻini menga qoʻyib bera beringiz”, – degan gapni shoirga imo-ishoralar bilan bildirib qoʻyiberdi. Toʻra: “Ne ujeli miʼ “Chor hukumat maʼmurlarin bosgan yeri qon holinda”gi kishilardanmiz? Ayting, shoirga shu gapini izohlab bersin”, debdi tilmochga. Tilmoch Ergash boboga toʻraning gapini oʻgirib beribdi. Ergash bobo:

– Ha, toʻgʻri. Boz ustiga: “Togʻu toshni qoplamishdir yovvoyi hayvon holinda”, deb javob qaytaribdi. Xullasi, savol-javob bir-biriga mos kelmagan holda kechibdi. Tilmoch esa shoir tizmalarining maʼnosini teskari oʻgirib berib turibdi. Misol uchun “qon” soʻzining maʼnisi yaxshilikka, yorugʻlikka tobin ekanligini, ayrim qaltis satrlarida esa shoir koʻproq oʻz qismatining ogʻirligidan noliyotganligini toʻraga tushuntirib turibdi. Shunda toʻra tilmochiga aytibdi:

– Shoirga ayting, chinakam shoir boʻlsa shu yerda turib yangi bir sheʼr toʻqisin.

Muxtor Muhammadrahim oʻgʻli Ergash boboga toʻraning talabini aytibdi. Toʻlib-toshib turgan shoir soʻzni soʻzga ulay ketibdi:

 

Ahvolimiz boʻlib borar yomondin yomon holinda,

Bir men emas, borliq ulus xazondin xazon holinda.

Yer toptalmish, osmonimiz toʻzondin toʻzon holinda.

Bu qismatdin yoshu keksa hayrondin hayron holinda.

Toʻramlarning doʻstligi ham gumondin gumon holinda,

Har bir bosgan qadamlari ziyondin ziyon holinda.

Bu mulk endi boʻlgʻusidur vayrondin vayron holinda,

Maʼdanlari qoʻl-qoʻl boʻlib talondin talon holinda.

Qaddi-qavmat, boʻy-bastimiz kamondin kamon holinda,

Kunlarimiz kechgay endi armondin armon holinda.

Rangi-roʻyimiz zaʼfaron, somondin somon holinda,

Shoʻrlik xalqim oʻz elinda ultondin ulton holinda,

Qachon boʻlgʻay, bilolmasmen sultondin sulton holinda?

Oʻz holicha yashagaylar omondin omon holinda?

 

Nazarkarda oqinning tutilmay-netmay, roʻparasida oʻtirgan kishilarni pisand etmay tizmalarni terib tashlaganiga mahliyo boʻlgan bekat nazoratchisi:

– Vot eto nastoyashʼiy okiʼn! Rojdenniʼy pevets. Molodets! – deb yuborganini oʻzi ham bilmay qolibdi. Uning bunday koʻyga tushgani tilmochga ham qoʻl kelib, ortiqcha gapga oʻrin qolmabdi. Shoir bilan yaxshilikcha xayr-xoʻshlashib, yordamchisiga Chinmirzani hibsga olishni tayinlabdi.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.