Hikmatlar

0
733
marta koʻrilgan.

Ishq daʼvosin manga qilma, yolgʻon oshiq,

Oshiq boʻlsang bagʻring ichra koʻz qoni yoʻq,

Muhabbatni shavqi birla jon bermasa,

Zoye kechar umri oni, yolgʻoni yoʻq.

 

Ishq bogʻini mehnat tortib koʻkartmasang,

Xorlik tortib shum nafsingni oʻldirmasang.

Olloh debon ichga nurni toʻldirmasang,

Valloh-billoh senda ishqni nishoni yoʻq.

 

Haq zikrini magʻzi jondin chiqarmasang,

Uch yuz oltmish tomirlaring tebratmasang,

Toʻrt yuz qirq toʻrt soʻngaklaring qul qilmasang,

Yolgʻonchidir, Haqqa oshiq boʻlgʻoni yoʻq.

 

Nafsdin kechib, qanoatni pesha qilgʻon,

Har kim topsa, rozi boʻlib, boʻyin sungʻon,

Yaxshilarga xizmat qilib duo olgʻon,

Andoq oshiq mahshar kuni armoni yoʻq.

 

Rohat tashlab jon mehnatin xushlaganlar,

Saharlarda jonin qiynab oshlaganlar,

Ho-yu havas moumanni[1] tashlaganlar,

Chin oshiqdir, hargiz oni yolgʻoni yoʻq.

 

Ishq dardini bedardlarga aytib boʻlmas,

Bu yoʻllarni uqbosi koʻp, oʻtib boʻlmas,

Ishq gavharin har nomardga sotib boʻlmas,

Bexabarlar ishq qadrini bilgoni yoʻq.

 

Ishqqa tushding, oʻtga tushding, kuyib oʻlding,

Parvonadek jondin kechib axgar boʻlding,

Dardga toʻlding, gʻamga toʻlding, telba boʻlding,

Ishq dardini soʻrsang hargiz darmoni yoʻq.

 

Boshing ketar bu yoʻllarda hozir boʻlgʻil,

Ishq yoʻlida oʻlmas burun zinhor oʻlgʻil,

Pir etagin mahkam tutib, xizmat qilgil,

Xizmat qilgʻon hargiz yoʻlda qolgoni yoʻq.

 

Oshiq ermas jononiga jon bermasa,

Dehqon ermas ketmon chopib non bermasa.

Munda yigʻlab oxiratda jon bermasa,

Yoʻlda qolgʻon boʻyi xudo olgʻoni yoʻq…

 

Zohid boʻlma, obid boʻlma, oshiq boʻlgʻil,

Mehnat tortib ishq yoʻlida sodiq boʻlgʻil,

Nafsni tepib dargohiga loyiq boʻlgil,

Ishqsizlarni ham joni yoʻq, imoni yoʻq.

 

Ishq savdosi kimga tushsa rasvo qilur,

Partav solib Haq oʻziga shaydo qilur,

Majnunsifat aqlin olib Laylo qilur,

Olloh haqqi bu soʻzlarni yolgʻoni yoʻq.

 

Qul Xoja Ahmad, jondin kechib yoʻlga kirgil,

Andin soʻngra eranlarni yoʻlin soʻrgʻil,

Olloh debon haq yoʻlida joning bergil,

Bu yoʻllarda jon bermasang imkoni yoʻq.

 

* * *

Rabbim yodi ulugʻ yoddur aytur boʻlsam,

Asal yangligʻ suchuk boʻlur tilim mening.

Oʻzim faqir, qildim muqir[2], boʻldim haqir,

Qanot qoqar uchar qushdek koʻnglim  mening.

 

Turlik ayshim, turlik ishim, mungligʻ boshim,

Irdi[3] jonim, ketdi hushim, oqdi yoshim,

Yozuq[4] bilan toʻldi tugal, ichim-toshim,

Beniyozim ocha bersun yoʻlim  mening.

 

Koʻzim tushdi, koʻnglim uchdi, arshqa oshdi,

Umrim kechdi, nafsim qochdi, bahrim toshdi.

Karvon koʻchdi, manzil oshdi, horib tushdi,

Sir ulashdi nedek boʻlgʻay holim mening…

 

Ichdim sharob, boʻldum xarob, aslim turob,

Keldim koʻrib, koʻnglim sarob, ishqqa purob,

Haqdin xitob qilsa koʻrmas qullar azob,

Buloq yangligʻ oqar koʻzdin yoshim  mening.

 

Tushim uzor, Buroq toʻzor, ketsa bozor,

Dunyo bozor ichra kirib, qullar ozar,

Boshim bezor, yoshim sizor, qonim toʻzor,

Otim Ahmad, Turkistondur elim mening.

 

Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan

 


[1] M o u m a n – manmanlik.

[2] M u q i r – iqror boʻlmoq, boʻyniga olmoq.

[3] Ir d i – eridi.

[4] Yo z u q – gunoh, ayb, xato.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.