«Har kuning ruhingga nur baxsh aylagay»

0
135
marta koʻrilgan.

* * *

 

Umr bobida oʻylab koʻrishga imkon kerak,

Imkonni topmoq uchun xotirjam zamon kerak.

 

Zamon boʻlmas xotirjam boʻlmasa komil inson,

Komil insonga esa tinch ruhu ravon kerak.

 

Sof ruhu ravon behad kam erur bu olamda,

Uni yaratmoq uchun pokiza vijdon kerak.

 

Pokiza vijdon paydo boʻlar yoshlik chogʻidan,

Yoshlikka qaytmoq uchun mustahkam iymon kerak.

 

Mustahkam iymon ila borursan har joygacha,

Faqat yoningda sodiq doʻstu qadrdon kerak.

 

Doʻstu qadrdon borki, baxtiyorsan hamisha,

Baxtingga baxt qoʻshguvchi Oʻzidan inʼom kerak.

 

Oʻzidan inʼom boʻlsa, yashayveramiz, Chorshamʼ,

Bizga hayotda shunday umri jovidon kerak.

 

* * *

 

Jahon ayvonida jono gohi shodon, gohi gʻamgin,

Biza ham lutf etar chogʻi gohi nolon, gohi mamnun.

 

Chidaymiz-da, chidaganga chiqargan ul goʻzal yorni,

Umrni ham qiyos etsak gohi toʻfon, gohi sokin.

 

Tabassum aylasa shodmiz, nazarga ilmasa mulzam,

Bogʻ ichra, boʻyla, bulbul ham gohi xushxon, gohi beun.

 

Muhabbatdan soʻz ochsak oshiqi shaydo boʻlib tongda,

Javoblar ham boʻlur shomda gohi biyron, gohi tushkun.

 

Qachon yetgum visoliga deya jon oʻrtanib qoʻymas,

Xayolimda kelur ul on gohi oson, gohi mushkun.

 

Xuruj etsa hajr dogʻi oʻzim har yonga urgayman,

Yurarman el aro goʻyo gohi Kamron, gohi Majnun.

 

Yana qancha chidar Chorshamʼ, bilolmay, dogʻdaman-dogʻda,

Dardim-la yozilgan sheʼrlar gohi ravon, gohi vazmin.

 

* * *

 

Boʻlsa edi musaffo har kecha-kunduz,

Taralsa nazmu navo har kecha-kunduz.

 

Doʻstu yorlar davrasi, bazm, gurungda

Kechsa suhbat purmaʼno har kecha-kunduz.

 

Sayru sayohatlarda, dala, qirlarda

Simirsang toza havo har kecha-kunduz.

 

Turmush ikir-chikiri, gʻala-gʻovurlar

Solmasa dilga savdo har kecha-kunduz.

 

Faromush boʻlsa yoddan dunyo, hayot, vaqt,

Sezilmay dilga aslo, har kecha-kunduz.

 

Yashamoq zavqu shavqi, sehri, shiddati

Koʻngilni etsa shaydo har kecha-kunduz.

 

Butun umr fayzli boʻlgʻusi Chorshamʼ,

Aytgil, Oʻziga sano har kecha-kunduz.

 

* * *

 

Goʻzal Vodil koʻchalarida sayru sayohatlar ayladim,

Oymomoga hamqadam boʻlib, tungi ziyoratlar ayladim.

 

Kunduz kelib ketgan odamlar harorati tinmagan hali,

Uylarida tinch yotsin, deya, mehrim imoratlar ayladim.

 

Bobochinor poyida turib, suhbat qurdim dildan sharqona,

Barglaridan tarixin tinglab, hamdu salovotlar ayladim.

 

Ming yildirki, yashab kelar u, ming yildirki, kuzatar elni,

Nomunosib yashash tarzimdan jindak xijolatlar ayladim.

 

Baribir ham goʻzaldir hayot, baribir ham baxtli odamzod,

Nasibasi butun boʻlsin, deb, duo-tilovatlar ayladim.

 

Sukunatda sehrlar toʻla, xayollarga berilmoq mumkin,

Endi yaxshi yashayman, deya, azmu shijoatlar ayladim.

 

Farishtalar tushgan uzun tun yana qayta poklanib dunyo,

Tonglar oppoq boʻladi, deya, Chorshamʼ bashoratlar ayladim.

 

* * *

 

Umr boʻyi oʻylaydigan gaplar bor,

Oʻylab sira toʻymaydigan gaplar bor.

 

Davralarda turib fikr aylayman,

Toʻrt tarafdan boʻylaydigan gaplar bor.

 

Ming yillarning hikmati bir soʻzda jam

Qoʻshiq qilib kuylaydigan gaplar bor.

 

Magʻzin chaqib, taʼmin totib mastona

Oʻzbekona toʻymaydigan gaplar bor.

 

Borligingdan aylanayin, ona xalq,

Azal-abad oʻlmaydigan gaplar bor.

 

Shuncha goʻzal lutf turib gohida

Koʻzlaringni hoʻllaydigan gaplar bor.

 

Har kaloming oʻylab koʻrgil, ey, Chorshamʼ,

Elga aytib boʻlmaydigan gaplar bor.

 

* * *

 

Boshim uzra yomgʻir yogʻar qor aralash,

Koʻnglimda bir qaygʻu kezar zor aralash.

 

Qaro tunda qayon borgum, bilolmasman,

Yoʻllarimni toʻsar gullar xor aralash.

 

Vaʼdasiga vafo qilmas ekan ul yor,

Hijronlarim ortaverar or aralash.

 

Qachon bizga visol nasib etgay, deya,

Xayolimda boʻlar yoʻgʻu bor aralash.

 

Muhabbat selida oqsam kerak, Chorshamʼ,

Boshim uzra yomgʻir yogʻar qor aralash.

 

* * *

 

Men seni koʻrmasam soʻlib qolaman,

Devona bir oshiq boʻlib qolaman.

 

Daraging chiqsa gar bahor bagʻridan

Huzuringga shodon yelib qolaman.

 

Gulmisan, gʻunchami, chechakmi, ey, yor,

Bilolmay hayratda kulib qolaman?

 

Qaramay ketsang, oh, chamanzor ichra,

Hasratu alamda kuyib qolaman.

 

Visolingni qoʻmsab kechayu kunduz

Sogʻinchli dardlarga toʻlib qolaman.

 

Topmasam boʻlmaydi seni dunyoda,

Umrim poyoniga kelib qolaman.

 

Chorshamʼni ahdidan qaytarolmaysan,

Men seni koʻrmasam soʻlib qolaman.

 

* * *

 

Bu Vatanda yayrangiz doʻst, yor ila,

Qalbida mehru muhabbat bor ila.

 

Ochilib borgay koʻngil koshonasi,

Dillashib tursang siru asror ila.

 

Davralar fayzu barokatli boʻlar

Qahqaha, suhbat, gurung, izhor ila.

 

Har kuning ruhingga nur baxsh aylagay

Tongga chiqsang mehr ila, ashʼor ila.

 

Maʼniyu mazmun topar gulgun hayot

Elu yurt ichra kezib sayyor ila.

 

Aslo, yoʻl berma, gʻamu anduhlara

Yurmasin olamda jon ozor ila.

 

Navbahor fasli aro Chorshamʼ ne baxt

Umrimiz oʻtsa shirin diydor ila?

 

ChORSHAMʼ

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.