Har bahor men Sizga gullar tutaman

0
319
marta koʻrilgan.

QISMAT

U orzu qilardi burgutdek kezib,

Hammadan balandda turishni.

Kimnidir oyogʻi ostida ezib,

Kimningdir ustidan yurishni.

 

Qismat tirigida qilmadi vafo,

Mana, niyatiga bugun yetishdi:

Xaloyiq uyidan qabrgacha to,

Yelkada koʻtarib ketishdi.

 

 

ShIVIR-ShIVIR

Yomgʻir, doʻlga qilmayman parvo,

Choʻchimayman gʻovur-gʻuvurdan.

Hayiqaman tomchidan ammo,

Va qoʻrqaman shivir-shivirdan.

 

 

ShAMOL

Yengil narsalarni izlaydi shamol,

Yengil narsalarni poylab yotadi.

Yengil narsalarni topdimi, darhol,

Koʻkka olib chiqib, yerga otadi.

 

 

OʻRMONDAGI QOIDA

Yovvoyi oʻrmonning qonuni buldir:

Muqim turaverar mayda pattalar.

Katta daraxtlar-chi, kesilar “shir-shir”,

Kesilib ketadi doim kattalar.

 

 

QOʻRQMASANG

U yoqqa oʻtsam ham turtasan,

Turtasan, bu yoqqa oʻtsam ham.

Nimadan bunchalar qoʻrqasan,

Bir urib yiqit-da, qoʻrqmasang.

 

 

ShOH EDIPNING ARMONI

O! Kelsaydim dunyoga qaytib,

Shoh boʻlsaydim yarim jahonga.

Toju taxtga rahmatlar aytib,

Topshirardim Shukur Burhonga.

 

 

OʻZIMGA NASIHAT

Yomonlarga yoʻlama yaqin,

Yomonlikni unutgin tezda.

Yaxshilikni unutma lekin,

Yaxshilarni har kuni esla.

 

 

MAQTOV

Sizni maqtaganni seving, erkalang,

Men ham maqtovchiga murid – firqaman.

Maqtovchi zotlarni suyaman, ammo

Hadeb maqtagandan juda qoʻrqaman.

MORBOZ

Qir chetida yolgʻiz xonadon –

Ovloq edi qirning bu beti.

Bu tomonda koʻp edi ilon,

Bu uyda ham ilon koʻp edi.

 

Yotar edi bedapoyada,

Sirgʻalardi tokzor oralab.

Goh qoʻrqinchli, sirli soyaday,

Turar edi shiftda moʻralab.

 

Ajib ekan, insonda havas

U ham dilda xush sehr tuydi.

Hayvon yoxud qushlarga emas,

Ilonlarga mehrini qoʻydi.

 

Ajabsinib qaradi hamma,

Ota-ona norozi boʻldi.

Ilonbozlik havasi, ammo

Havaslarning dorozi boʻldi.

 

Birga oʻsdi ilonlar bilan,

Eslamadi xavfu xatarni.

Tunlari bu sovuq maxluqni,

Quchogʻida olib yotardi.

 

Odamligin unutdi odam,

Ilonligin ilon unutdi.

Ikki qutb – ikkita olam,

Bir vujudga aylanib ketdi.

 

Dovrugʻ soldi ilon oʻynatib,

Dongʻi yulduzlarga qoʻndilar.

Morbozlarni qoʻydi oʻylatib,

Qoyil qoldi hatto hindular.

 

Koʻplar unga tashakkur aytdi,

Koʻplar kuldi, koʻplar kuldirdi.

Hayhot! Bir kun tomosha payti

Uni ilon… chaqib oʻldirdi.

 

 

RUBOIY

Oh, oh! Oyda qatra dogʻni koʻrmadim,

Oynaday osmonda zogʻni koʻrmadim,

Ammo kayfim uchdi zaminga boqib,

Bittayam bagʻri but, sogʻni koʻrmadim.

TELEVIZOR

Hayotning eng tiniq oynasi edi,

Tomosha qilardik butun dunyoni.

Kurash maydoniga aylandi endi,

Bugun u chinakam kurash maydoni.

Qitʼani qitʼadan surishi mumkin,

Osmonning yuzini mumkin burishi.

Xudo koʻrsatmasin, boshlashi mumkin

Hatto, navbatdagi jahon urushin.

 

 

SAVOL

Hargiz iltimosga kuning qolmasin.

Abdulla Oripov

Men ham iltimosdan toʻyganman, ustoz,

Otarga oʻqim yoʻq, koʻrarga koʻzim.

Ammo qay manzilga bosh urmay, bexos

Yana: “Iltimos…”dan boshlanar soʻzim.

 

Iltimos qilmasang, qovoqlar uyuk,

Zichlab quloqlarga tiqilgan paxta.

Miq etmas qarshingda oʻtirgan “buyuk”,

Dimogʻdor qarashlar sovuq va soxta.

 

Iltimos qilmasang, goh yaqin kishing,

Galga solib tursa, qilib tursa noz;

Iltimos qilmasang, bitmasa ishing,

Ayting, ne qilaylik, muhtaram ustoz?

 

 

QUDUQDAGI TOSH

Quduqning tubida miltillagan tosh,

Yolgʻiz odam toʻkkan yoshga oʻxshaydi.

Yolgʻizlik dardiga duchor boʻlgan bosh,

Quduq tubidagi toshga oʻxshaydi.

 

Sening koʻzlaring ham toʻlgandir yoshga,

Yolgʻizlik dardiga mubtalo boshsan.

Doʻstu yoroning yoʻq oʻzingdan boshqa,

Sen ham quduqdagi bechora toshsan.

 

 

TOMCHI

Tomchidan ogoh boʻl, yomgʻirdan emas,

Tomchi tashvishingga tashvish qoʻshadi.

Bobolar har soʻzni bekorga demas:

Tomchi tomaversa, toshni teshadi.

JINNILAR

Jinnixonalarda davolar edi,

Aqli noqislarni, esi pastlarni.

Pana-pastqamlarda kimlardir endi,

Tabib qilmoqchimish shunday kaslarni.

Terrorchi niqobda yuzini toʻsib,

Padarkush xudkushlar ustidan kular.

Yo tavba, dunyoni toʻzgʻitib – buzib,

Qayta qurar emish endi jinnilar.

 

 

SOYa

Hadeb koʻkragingga mushtlama, hadeb

Huda-behudaga yirtmagin yoqa.
Oʻziga shunchalar bergan bilan zeb,

Baliq boʻlibdimi biron qurbaqa!

 

Daryolar oqdimi kiyman – teskari,

Mangudir falakka tutash qoyalar.

Ey, soya, befoyda chiranishlaring,

Axir vaqtinchadir barcha soyalar.

 

Shu oddiy hikmatni sezmaysan nechun?

Nechun oʻz-oʻzingni sanaysan qoya?

Seni bu dunyodan yoʻq qilmoq uchun,

Ipakdek bir qatim shuʼla kifoya.

 

 

HOLAT

Sen beayov yondirding – yondim,

Suyaklarim charsillab yondi.

Tanam laxcha choʻgʻ boʻlgandan soʻng,

Ichimda zoʻr yongʻin uygʻondi.

Seni shartta olovga otdim,

Tinib ketdi, koʻzlarim tinib;

Endi esa labda tabassum,

Oʻtiribman choʻgʻda isinib.

 

 

* * *

Shu kasning yoʻlida nega koʻkardim,

Kim menga duch qildi bu kasni?

Boshidan tillolar toʻkardim.

Shu kasni yoʻq qilgan nafasni.

Bilaman, to oʻla-oʻlguncha,

Aslo tinch qoʻymaydi bu gʻanim.

Bu badbin kasga teng boʻlguncha,

Oʻlganim yaxshiroq, oʻlganim.

ELYeGIYa

Mitti kurtak, momiq gul boʻldi,

Dovchalarga aylandi gullar.

Dasturxonlar mevaga toʻldi,

Huzur qildik necha oʻn yillar.

 

Hosil qilmay qoʻydi qariya,

Guldan qoldi, mevadan qoldi.

Hayot shu-da.

Qismat shu, deya,

Kesib, chopib, oʻchoqqa soldik.

 

Olovida pishirdik taom,

Laxcha choʻgʻin soldik sandalga.

Erta-indin, xullasi kalom,

Bormoqchimiz kunda kovlarga.

 

 

TUZLAMA

Hazil

Jonim, menga oʻzga davo izlama,

Jonim, hamma dardga shifo – tuzlama.

Qizgʻanmasang boʻldi faqat mehringni,

Jonim, yuragimni faqat tuzlama.

 

 

BAXT

Charx urib gullagan bogʻdir sevgan dil,

Sevilgan qalb esa sehrli olam.

Ammo, baxtlilarning eng baxtlisidir

Ham sevgan, ham sevib, sevilgan odam.

 

 

OSMONIM

Biz tuproq, yer edik,

Siz baland osmon,

Biz qaqroq choʻl edik,

Siz moviy ummon.

Qul kabi gʻaribu nolon edik biz,

Shoh kabi kabiru davron edingiz.

Yastanib yotibdi yeru koʻk aro,

Cheku chegarasiz, betimsol sahro.

Har bahor men Sizga gullar tutaman,

Intizor kutaman, zor-zor kutaman.

Siz hanuz nazarga ilmaysiz, ammo

Men ham suykalishni qoʻymayman aslo.

Oʻtdi, eh-he, qancha bahorlar, kuzlar,

Oʻtdi, oʻtayotir kecha-kunduzlar.

Siz esa oʻshasiz, hamon oʻshasiz,

Osmonim, yonimga qachon tushasiz?

 

Abdusaid KOʻChIMOV

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.