Hamisha kunchiqarman…

0
130
marta koʻrilgan.

Vatan haqida qoʻshiq

 

Aytishuv

 

– Aka, men osmonga boylanib qolsam,

Oppoq bulutlarga aylanib qolsam,

Qanday yashar edim, nima qilardim?

 

– Uka, sen osmonga boylanib qolsang,

Oppoq bulutlarga aylanib qolsang,

Yurtim tuprogʻini sogʻinar eding,

Kumush yomgʻir boʻlib yogʻilar eding.

 

– Yana men osmonga boylanib qolsam,

Uchqur qushchalarga aylanib qolsam,

Qanday yashar edim, nima qilardim?

 

– Yana sen osmonga boylanib qolsang,

Uchqur qushchalarga aylanib qolsang

Oʻlkam bogʻlarida yayrab ucharding,

Ozodlik haqida sayrab ucharding.

 

– Aka, men gulzorga boylanib qolsam,

Gulmi yo giyohga aylanib qolsam,

Qanday yashar edim, nima qilardim?

– Uka, sen gulzorga boylanib qolsang,

Gulmi yo giyohga aylanib qolsang,

Yurtim chamanida chiroy ocharding,

Sabolari bilan atir socharding.

 

– Aka, men suvlarga boylanib qolsam,

Anhormi, daryoga aylanib qolsam,

Qanday yashar edim, nima qilardim?

 

– Uka, sen suvlarga boylanib qolsang,

Anhormi, daryoga aylanib qolsang,

Choʻlu sahrolarga hayot berarding,

Bu tilsiz jonlarga bayot berarding.

 

– Aka, men zaminga boylanib qolsam,

Bir parcha tuproqqa aylanib qolsam,

Qanday yashar edim, nima qilardim?

 

– Uka, sen zaminga boylanib qolsang,

Bir parcha tuproqqa aylanib qolsang,

Oʻzingni bermasding shamol, boʻronga,

Qoʻshilib ketarding Oʻzbekistonga.

 

Bugun ayt

 

Shoir ukalarimga

 

Hali yer yumshoqdir, osmon ham yaqin,

Toʻrt muchang butundir: kamtiging yoʻqdir.

Koʻzing qorasidan sochilar yolqin,

Jismu joning uchun hadiging yoʻqdir.

 

Gul boʻlib tuyular senga giyohlar,

Kuyday xush yoqadi har ovoz, har sas.

Yoʻlingda porlaydi yashil chiroqlar,

Gʻururing balandda: Tangritogʻlar past.

 

Xiyonat oʻtmagan hali koʻchangdan,

Chin doʻstlar qurshagan toʻrt tarafingni.

Hayot oʻlchovlaring halol oʻlchamda,

Joningday qoʻriysan shaʼn, sharafingni.

 

Ertami? Ertani oʻtirma kutib,

Koʻksingda gulxanlar charsillagan payt.

Sovqotib qolmasdan oloving, oʻting,

El-yurtga aytaring bugun, hozir ayt.

 

Berk tutma kuyunching, sevinch, titrogʻing,

Bu fasling – shoh qoʻshiq, oʻzing shohbaytsan.

Yoshlikdir umrning ozodlik chogʻi,

Ozod soʻz aytasan, bugun soʻz aytsang!

 

Qaqrab borayapsan

 

Bu qadar oʻjarsan, gulim, ne uchun?

Izhoring keskindir, keskin inkoring.

Senga bersam bori mehrimning kuchin,

Kiprigimda olsam dildagi xoring.

 

Juda ham balandga sakraysan, axir,

Demagin: “Borim – shu, erkin, erkaman”.

Asrasin, yoʻlingda duch kelib qahr,

Yiqilib, sinmasang deya qoʻrqaman.

 

Qattiq sevilmoqlik uchun sev qattiq,

Siylanmogʻing uchun avval siylagil.

Haq Senga qirqta jon etdimi tortiq,

Bittasin qoldirmay fido aylagil.

 

Oʻgʻlingni, qizingni bagʻringga bosgin,

“Ota” deb, “Ona” deb ming marta ayttir.

Shu soʻzlar juft yursa, kelar baxt, taskin,

Yoʻldagi ishqingni iziga qaytar.

 

Joning qiynalmoqda: boryapsan qaqrab,

Insonga faqat ishq kiydiradi toj.

Sevilmagan ayol – gulgunmas sahro,

Sevmagan ayol ham qurigan yogʻoch…

 

… Bunchalar oʻjarsan, gulim, ne uchun?

 

Birga

 

Shamol, boʻron boʻlib yashamaymiz biz,

Bogʻu boʻston boʻlib yashaymiz mangu.

Mehr iplaridan toʻqilgan aziz –

Oʻzbekiston boʻlib yashaymiz mangu.

 

Qarimas ekan

 

Men otamdan qoldim juda yosh,

Ajal erta ninasin saydi.

Tul onamga boʻlib qaygʻudosh,

Bolalikni sezmay ulgʻaydim.

 

Qizgʻaldoqday qizil koʻylakda

Qir-adirlar aro chopmadim.

Qizlar chugʻurlashsa yoʻlakda,

Chiqqim kelib, yurak chatnadi.

 

Gulobida yuzlarin chayib,

Qizlar toʻyga otlangan palla,

Kuyrab yotgan onamni ayab,

Qoʻsh beshikka aytganman alla.

 

Bir kun qizlar ishqnoma olib,

Nozli-nozli shivirlashgan choq,

Yer chopganman, bellarim tolib,

Gardanimga tushib oʻt-oʻchoq.

 

Oʻyin faslim oʻyindan uzoq,

Ishqsiz oʻtdi umrim bahori.

Ulugʻ yoshga yetdim men, biroq

Toʻkilmadi oʻkinch ohori.

 

Nabiramga qoʻshilib gohi

Qoʻgʻirchogʻin sochin tarayman.

Sakson yoshli cholimdan yoki

Gullar kutib yoʻlga qarayman.

 

Unutaman yoshim, holatim,

Keng dunyolar tordek, sigʻmayman.

Qaytmaydi-ku yoshlik, bolalik,

Bilib, anglab turib, yigʻlayman.

 

Kumush suvi bilan yuv garchand,

Sogʻinch zangi arimas ekan.

Yasholmagan fasling to abad –

Ogʻriqlari qarimas ekan.

 

Men kim?

 

Koʻchada yoqa yirtishayotgan yigitlarni ajratmoqchi boʻlsam,

“Sen kimsan?” degan tanbeh eshitdim.

 

Begimga tun-kun hamroh –

Muhabbat mehrobiman.

Hamshiraman bemor chogʻ,

Chanqaganda obiman.

 

Oʻgʻil-qizim qoshida

Hamisha Kunchiqarman.

Bulut kelsa boshiga,

Kunga oʻxshab chiqarman.

 

Nabiralar nazdida

Ertakchi, allakashman.

Oʻrtoqlarim bazmida

Sheʼrparast, daldakashman.

 

Qalb vijdon qirgʻogʻidan

Bexos toshsa, roshiman.

Dogʻlangan el dogʻidan –

Koʻngillar farroshiman.

 

“Assalom” deb darvozam –

Qoqqanlarga ochgayman.

Kim yetishsa parvozga –

Suyunchiga shoshgayman.

 

Men kim? Izohim qanday?

Bordir aniq soʻz manda:

Qorakoʻzlarni jonday –

Sevar qorakoʻzman-da.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

 

“Yoshlik”, 2017–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.