Hajv daftari

0
445
marta koʻrilgan.

Ayo doʻstlar, adashgan
Bir moʻmindan kulmaylik.
Matmusadek oʻzimiz
Tandir kiygan boʻlmaylik!

 

ShAHARMI BU, QISHLOQMI BU?..

(Voqeiy sheʼr)

 

Koʻp ajibdur dunyo ishi,
Na soʻngi bor, na boshi bor.
Oʻn sakkiz ming olam boʻlsa,
Barining oʻz quyoshi bor.
Har bir farzand — bir otadan,
Bir daraxtdan — har bir meva.
Lek olamda bir koʻcha bor
Karvoni yoʻq yolgʻiz teva.
Yo u yoqmas, yo bu yoqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.

Yonboshida dorilfunun.
Muz maydoni — ulkan saroy.
Shahrimizning naq oʻzida
Bir orol bor — egasiz joy.
Shaharda ham, qishloqda ham
Hech bir sonu sanokda yoʻq.
Hujjatlarni titkilaymiz,
Hayron boʻlmang, hech yokda yoʻq.
Ajab makon, hech kimboqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.

Qayerdamiz — bilolmasdan
Har ogʻizga boqar boʻldik.
Birov aytar — qishloqdamiz,
Birov aytar — shahar boʻldik.
Yana birov bu gap xato,
Haqiqatda bundoq deydi:
Juft son uylar shahar boʻlur,
Toq son uylar qishloq deydi.
Men juftmidim yo toqmidim,
Shaharmidim, qishloqmidim.

Anov qoʻshnim shaharlikdir,
Roʻparamda turadi u.

Menga baʼzan hazil qilib
«Qishloqi» deb yuradi u.
Na u yoqda, na bu yoqda,
Hech kim bizga parvo qilmas.
Shahar bizdan yuz oʻgirgan,
Kolxoz esa aʼzo qilmas.
Magʻizmidik, poʻstloqmidik,
Shaharmidik, qishloqmidik!

Koʻcha cheti katta maydon,
Necha yilki, koʻl urilmas.
Qishloq boʻlib, ekilmas don,
Shahar boʻlib, uy qurilmas.
Hamma boshliq yelka qisar,
Nega demang, negasi yoʻq.
Keng olamning egasi bor,
Bu maydonning egasi yoʻq.
Shaharmi bu, qishloqmi bu,
Yo daxlsiz qirgʻoqmi bu!

Bu atrofda bogʻcha bormi?
Bogʻcha qani — Hirotdadir!
Shahar bilan qishloq aro
Bu ish daʼvo, isbotdadir.
Senda pul koʻp desa shahar,
Qishloq aytar, senda kuch koʻp.
Oʻrta yoʻlda bola-chaqa,
Ertayu kech xaylala-xoʻp.
Yarmi balchiq, yarmi tuproq,
Yarmi shahar, yarmi qishloq.

Bilmadik, bu ishkal ishni
Qachon qilgan qaysi xoʻja:
Bir general nomi bilan
Bordir bunda ikki koʻcha.
Oʻn besh hovli birinchy uy,
Oʻn sakkizta uchinchi son.
Manzilini topolmasdan
Shahar boʻylab xatlar sarson.
Asli shunday chatoqmi bu,
Shaharmi bu, qishloqmi bu?

Pochtamiz bor, qoʻshni, lekin
Qishloqsan deb qaramaydi.

Qishloq aytar, uzoq yoʻlga
Velosiped yaramaydi.
Gazet kelmas biz tomonga,
Kimsasi yoʻq oroldamiz.
Dodimizni tinglar osmon,
Robinzondek ahvoldamiz.
Eldan shuncha yiroqmi biz?
Shaharmi biz, qishloqmi biz?

Uraldan hamoʻtib ketdi
Buxorodan chiqqan olov.
Chor atrofdan boʻy taratar
Zangor oʻtda pishgan palov.
Oʻn qadamdan oʻtgan quvur
Bizning uyga kelolmaydi.
Chunkim bu joy qishloq emas,
Lekin shahar boʻlolmaydi.
Yo asfaltmas, yo toshloqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.

Qishloq desa, na bogʻ-rogʻu
Ekin-tikin, mol-holi bor.
Xalqining na poda boqib,
Yer chopgudek ahvoli bor.
Manov qoʻshnim — fan doktori,
Chorvadorga oʻxshamaydi.
Bu koʻshnimning vaqti boʻlmas,
Rahbarlikdan boʻshamaydi.
Shaharmi bu, qishloqmi bu
Arosat bir tuproqmi bu?..

Bilolmaymiz, qay mamlakat,
Qay oʻlkaning mulkidurmiz.
Qishloq borsak — masxaramiz,
Shahar kelsak — kulkidirmiz.
Doʻstlar, bizga koʻmak bering,
Bizning koʻcha qay yondadir!
Yoki falak azmi bilan
Manzilimiz osmondadir!
Biz sutmidik, pishloqmidik,
Shaharmidik, qishloqmidik!

1976

 

 

NAYNING QISMATI

 

Nay dastavval navo boʻlib
Kirdi dilu oʻylarga.
Hamma unga shaydo boʻlib,
Olib ketdi toʻylarga.

 

Toʻylarda u qildi nola,
El undan zavq simirdi.
Vaqt oʻtib nay —
Kamtar bola
Oʻzni qoʻydi, semirdi.

 

Bora-bora avvalgidek
Yonishlari qolmadi.
Muxlislarning har galgidek
Olqishlari qolmadi.

 

Lekin taqdir uni oshno —

Qilgan edi kuylarga.

Sur nay nomin oldi,

Ammo

Boraberdi toʻylarga.

 

Tugʻilsa qay uyda goʻdak,
Xabar topib beshikdan,
Aytmasa ham aytilgandak,
Kelaverdi eshikdan.

 

Xotin-xalaj chuvvos qilib,
Bolalar shod zerikmay,
Goh gʻiyqillab,
Goh boʻgʻilib,
Kuylayberdi sobiq nay.

 

Oxiri u qarib qoldi,
Boʻgʻildiyu tomogʻi,
Ham ovoz,

Ham koʻzdan qoldi,
Bitdi tamom qulogʻi.

 

Lek, baribir,
Yoshliqdagi
Isteʼdodi uchun ham,
Halol xizmat,
Pok yuragi,

Pok ijodi uchun ham —
Saqlar uni el nazarda
Hurmat qilib qoʻyadi,
Kar nay katta sayllarda
Gʻat-gʻat qilib qoʻyadi.

1977

 

 

SEN MENGA TEGMA

 

Bir tush koʻribman,
Koʻp taajjub tush.
Taʼbiri, bilmam,
Xush yoki noxush.
Toʻs-toʻpolon, dasht,
Chor atrof ochiq.
Borliq aralash,
Olam qorishiq.
Bebosh, beega
Turfa xoʻjalik.
Har kimoʻziga
Izlar oʻljalik.
Goh kelar kulgi,
Goh koʻngil zada,
Koʻngli chogʻ tulki
Tovuqxonada.
Mushuklar bunda
Uxlab semirar.
Sichqonlar tunda
Bugʻdoy kemirar.
Qoʻy soʻyib, yozib
Toʻkin dasturxon,
Qashqirni tozi
Qilmoqda mehmon.
Qichqiraman: hay,
Bormisan, choʻpon!
U chiqar shoshmay,
Yopinib chopon…
Der: odat shunday,
Sira gʻam chekma.
Men senga tegmay,
Sen menga tegma…
Bu qanday odat,
Bu qanday savdo!
Bu axir, ofat!

Bu axir, balo!
U soʻz demay, jim
Qoʻl choʻzdi: Qara!
Hayhot, qaradim,
Bu ne manzara!
Devpechak uchun
Baland soʻrilar,
Asal qutida
Qovoq arilar…
Kiyinib ukpar,
Choʻp ushlab qoʻlga,
Qoʻshiq oʻrgatar
Qargʻa bulbulga.
Men qichqiraman:
Bormisan, bogʻbon!
Bu qanday chaman,
Bu qanday boʻston?
U der (kamonday
Qomati egma):
Men senga tegmay,
Sen menga tegma…

Bogʻbon shunday der,
Joʻnar qoshimdan.
Muzdek qora ter
Quyar boshimdan.
Shu payt qaydadir
Yangrar qoʻngʻiroq.
Dilim aytadir:
Uygʻoqsan, uygʻoq.
Bosh koʻtardim, voh,
Xayriyat, tushim.
Qoʻl-oyogʻim sogʻ,
Joyida hushim.
Lekin bu yoqda
Chirillab hamon,
Ona tovukday
Qaqshar telefon.
Bilaman, bugun
Kechqurun majlis.

Meni shu uchun
Chaqirar rais.
Borsam, gapirsam,
Soʻzlarim nordon.
Men haqda u ham
Gap aytar yomon.
Bor menda ayblar,
Bilaman oʻzim.
Eng sozi — men kar,
Koʻrmaydi koʻzim.
Dedim: har qalay
Ters toʻnni kiyma.
«Men senga tegmay,
Sen menga tegma».

Netay, oʻzimga
Baloni ortib? —
Yotdim, ustimga
Koʻrpani tortib.
Lek tinch yoʻqoldi,
Chakdi toʻshagim.
Ichimoʻt oldi,
Yondi yuragim.
Yigit gʻururim
Qoʻlimdan tortib,
Oʻrnimdan turdim,
Koʻrpani otib.
Asab portladi,
Boʻldi sabr ado.
Meni chorladi
Ichki bir sado:
«Agar halolsan,
Tilingni tiyma!
Bitsin, yoʻqolsin —
«Sen menga tegma!»

1977

 

 

QUMURSQALAR JANGI

 

Bir tup olma uzra kecha
Juda katta jang boʻldi,
Boshlar ketdi necha-necha,
Necha oyoq lang boʻldi.

 

Hasharotlar urushgani

Dahshat ekan,

Qaradim.

Oxir bitta qumursqani

Ushlab olib soʻradim:

 

— Soʻyla,
Nechun bu mojaro?
Nimadandir bu nifoq?
Qumursqalar ahli aro
Zoʻr edi-ku ittifoq?

 

Qumursqavoy dushmanidan
Uzib olgan oyoqni —
Tuflab,

Odam tili bilan
Tushuntirdi nifoqni.

 

«Asli bizlar
Bir tan, bir jon,
Bir uyadan chiqqanmiz.
Bir choʻp topsak,
Koʻrsak bir don,
Bir kavakka yiqqanmiz.

 

Shu paytgacha bir saf boʻlib,
Ne ish qilsak teng qildik.
Bugun bir ish sabab boʻlib,
Uch guruhga ayrildik.

 

Kecha bir gap topdi bizning
Tungi soqchi — tingchimiz.
Eshitdigu hammamizning
Barbod boʻldi tinchimiz.

 

U tun boʻyi bedor boʻlib
Koʻkka qarab yuribdi.
Unda sonsiz don sochilib
Yotganini koʻribdi.

 

Qumursqalar bugun tongda
Eshitib bu xabarni,
Yoʻlga chikdik oʻsha onda
Kechiktirmay safarni.

 

Ahd qilganga yor deya baxt,

Tuproq oshdik,

Qum oshdik,

Nihoyat, shu katta daraxt

Tanasiga tirmashdik.

 

Maqsadimiz shu narvondan
Yetmoq edi osmonga…
Ammo bir yoʻl
Nogihondan
Boʻlindi uch tomonga.

 

Bir saf yoʻlni oʻngga burdi,
Boshqa yoʻlga boqmadi.
Bir saf esa chapga yurdi,
Oʻng ularga yoqmadi.

 

Men tanladim oʻrta shoxni,
Eng toʻgʻri yoʻl menga shul.
Ergashtirib ming hamrohni,
Tik osmonga soldim yoʻl.

 

Alhol qanot qokdi dargʻa,
Gʻazab bilan bong urdi.
Ungu soʻldan ketganlarga,
Qayting, deya buyurdi.

 

Soʻng dedi:

Biz qumursqalar

Toʻgʻri yoʻldan yuramiz.

Kim shu yoʻldan yurmasa gar,

Bitta qoʻymay qiramiz.

 

Burgʻu chaldi bizning podshoh,
Jangga kirdik barobar.
Shundan daraxt boʻldi janggoh,
Mozor boʻldi sarosar».

 

Diqqatimni tortdi shu payt
Qanotli shoh qumursqa.
Uchib-qoʻnib, u paydar-pay
Chorlar edi urushga.

 

Qarab turdim bir nafas tek,

Soʻzi qiziq koʻrindi,

Yaqin borsam,

Temuchindek

Koʻzi qisiq koʻrindi.

 

Uzoq-yaqin tarixlarga
Meni xayol uchirdi.
Koʻp dahshatni mitti dargʻa
Xotiramga tushirdi.

 

Chidolmadim.

Chertki solib

Yoʻqotdim bu badbaxtni.

Soʻng

Supurgi, ohak olib

Oqlab qoʻydimdaraxtni.

1977

 

 

YOMONNING SOʻZI

 

Sen yaxshisan,
Men yomondirman,
Sen borsanki, men omondirman.
Meni qattol yaratgan hayot,
Seni qilgan ojiz, benajot.
Sen — niholsan, zavoling oʻzim,
Sen — tiriklik, men esa — oʻlim.
Kunduz boʻlsang, men tun boʻlaman,
Sen bor boʻlsang, butun boʻlaman.
Beomonman, lekin omonman,
Chunki sendek men ham insonman.

Bu olamning dargohi kengdur,
Yaxshisiyu yomoni tengdur.
Quyosh kezib koʻkda sarosar,
Nur sochadi bizga barobar.
Faqat mening qoʻynimda tosh bor,
Bundan sening koʻzingda yosh bor.
Sen tutgansan qoʻlingga chiroq,
Men qoʻyganman yoʻlingga tuzoq.

Men yomonman,
Juda yomonman,
Avvaliga ojiz ilonman,
Omon boʻlsa bu boshim mening,
Bois rahming — qoʻldoshim mening,
Bir kun boʻlib ulkan ajdaho
Boʻlajakman qarshingda paydo.
Shunda oʻtkir tishlarim sanchar
Sening yumshoq koʻksingga xanjar.
Men yashayman, garchi yomonman.
Chunki men ham bir tirik jonman.
Sololmaysan boshimga soya,
Mendan hujum, sendan himoya.
Dunyo ishi shu asli, oshnam,
Yomondan daf, yaxshidan chidam.

Sen yaxshisan,

Men yomondirman,

Sen borsanki, men omondirman.

Tilagim, sen doim bor boʻlgin,

Ammo mendan minnatdor boʻlgin.

Men boʻlmasam, ey yaxshi odam,

Dod deb qochar eding dunyodan.

1978

 

 

YUBILEY

 

Rais soʻz beradi,
Parvoyi palak.
Minbarga boraman,
Gursillab yurak.
Sizning shaʼningizga
Soʻz aytmoq kerak.
Toʻrda oʻltiribsiz
Siz kerib koʻkrak
Umringiz ulugʻlik —
Yoshiga yetib.

 

Oʻlmagan qul borki,
Yosh toʻyi qilar,
Kimligin bilmagan
Oʻshanda bilar.
Yayraydi xususan
Sizning kabilar.
Men endi ne deyin,
Oʻrtoq yubilyar?
Turibman hayʼatning
Qoshiga yetib.

 

Hamisha yor boʻldi
Sizga farogʻat,
Oʻzni oʻyladingiz
Dunyoda faqat,
Hech kimga yetmadi
Sizdan manfaat,
Bir shogird oʻstirmay,
Eshitmay rahmat
Keldingiz yubiley
Oshiga yetib.

 

Martaba, shon shuhrat,
Mol davlat uchun

Jon fido etmoqni
Bildingiz qonun.
Hirs ila nafs boʻldi
Sizga rahnamun,
Muborak bu yoshga
Yetdingiz bukun
Qancha pok insonlar
Boshiga yetib.

 

Xali koʻp yubiley
Koʻrarsiz, durust.
Yuzingizdan ketmas
Xali qizil tus.
Sizdan koʻp «karomat»
Koʻradi ulus,
Lekin «Yaxshi edi»,
Deydi el, afsus,
Borsangiz qabrning
Toshiga yetib.

 

Bilmay tavfiq nedir,
Nedir kamolot,
Umr kamoliga
Yetdi bir hayot.
Sizdek yashamasin
Olamda hech zot,
Mendek nutq aytmasin
Hech kimsa, hayhot,
Kasbdoshi yubiley —
Yoshiga yetib.

1979

 

 

TUSH

(hazil)

 

Kecha koʻrdim dahshatli bir tush,
Kelolmayman oʻzimga hamon.
Bir yozuvchi roman yozarmish,
Men emishman unga qahramon.

 

Yozar emish meni xayolan
Yoʻq xislatlar qoʻshib borimga.
Hisoblashmas hech mantiq bilan,
Sira boqmas ixtiyorimga.

 

U ne desa, toʻtiqush monand
Men ham tilga jo qilarmishman.
Jarliklardan sakrab bepisand,
Tekis yoʻlda qoqilarmishman.

 

Nasib boʻlmay mahbub visoli,
Chekmoq kerak chogʻi nolalar
Nutq soʻzlayman yorga, misoli,
Gazetdagi bosh maqolalar.

 

Oʻzim hayron oʻz qilmishimga,
Oʻzimbilmam, nedir matlabim.
Hozir qilib turgan ishimga
Toʻgʻri kelmas hozirgi gapim.

 

Laʼnatlayman qaro iqbolim,
Chidolmayman yurak dogʻiga,
Bora-bora aylanib qoldim
Bozingarning qoʻgʻirchogʻiga.

 

Bu kunimdan oʻlganim afzal,
Deya qoʻlga oldimu pichoq…

Xudo oʻzi asradi bu gal,

Bir seskanib uygʻondim shu choq.

 

Boqdim, shukur, qoʻl-oyogʻim sogʻ,
Shukur, tirik odamman oʻzim.
Bir romanni oʻqib banogoh
Ilinibdi salgina koʻzim.

1980

 

 

SOF HAVONING FOYDASI

 

Qirq yil hayot qurdik
Xotinjon bilan.
Qirq yil bir-birovga
Yondosh, mehribon.
Uni «jonim» desam
Hayajon bilan.
U meni ataydi
Hanuz «akajon».
Oltmish besh yoshimda
«Akajon» desa —
Ne ajab, men hamon
Yoshlikka oshno.
Yoshlikning bir siri
Ahillik esa,
Ikkinchisi — sayr,
Musaffo havo.
Faqat oʻzimizga
Ayon sirimiz,
Kelishib olganmiz
Goʻshangadayoq —
Jahldan junbushga
Kelsak birimiz,
Havoga chiqamiz
Boshqamiz shu choq.
Tanga davo ekan
Sof havo, bilsam,
Necha kor, yomgʻirda
Ividim, qotdim.
Xotin bilan qirq yil
Yashagan boʻlsam,
Qirq yil sof havoda
Kechdi hayotim.
Shundoq umr koʻrdik

Xotinjon bilan,
U meni asradi
Sogʻlom, navqiron.
Uni «jonim» desam
Hayajon bilan,
U meni ataydi
Hanuz «akajon».

1981

 

 

YeLIM AYTAR…

 

Yelim aytar qari daraxtga:
— Toʻnka boʻlgur, nodon, ilmsiz,
Men yetkazdim seni davlatga,
Ne kechardi holing yelimsiz?!
Sen-ku, oʻtin boʻlarsan bir kun,
Meni kutar yorqin kelajak.
Chunki har bir amaldor uchun,
Muhr kerak, demak, men kerak.
Menga toʻshab baxmallar hali,
Necha poʻlat sandiklar zordir.
U yuksakka yetib borgani
Faqat yelim boʻlmoq darkordir.
Har narsadan aziz, boobroʻ
Parcha qogʻoz boʻlgan dunyoda —
Ishonch qadri bir pul boʻlar-u,
Muhr qadri boʻlar ziyoda.
Men zarb ursam, olimdir nodon,
Zarb urmasam, insonmas inson.
Yashay olar juftlar mehrsiz,
Qovusholmas ammo muhrsiz.
Zoʻr donishlar kirar soʻzimga.
Mard qalblarga titroq solaman…
Oʻshanda kel, seni oʻzimga —
Dasta qilib ishga olaman.

1981

 

 

BU KHNA HASRAT

 

«Yorab, qandoq kunga qoldik, bu nechuk savdo?
Odamlarda na shafqat bor, na mehru vafo.
Yigitlarda odob yoʻqdir, qizlar hayosiz,
Xotin zoti kun oʻtkazmas bir mojarosiz.
Qoʻyib bersa el bir-birin oʻyar koʻzini,
Ovboshilar esa faqat oʻylar oʻzini…
Dunyo oxir, birodarlar, yoʻq endi hayot.
Kuni kecha tamomboʻldi oxirgi mamont…»
Qadim ajdod oʻkinch bilan choʻkib soyaga,
Bu soʻzlarni choʻkich bilan yozdi qoyaga.

1981

 

 

MAJLIS QILING

 

Vaqtingiz boʻsh boʻlsa ham,

Boʻsh boʻlmasa, majlis qiling,
Koʻnglingiz xush boʻlsa ham,

Xush boʻlmasa, majlis qiling,
Ovchilar, siz otgani

Qush boʻlmasa, majlis qiling,
Ahli bozor, sotgani

Goʻsht boʻlmasa, majlis qiling,
Hech hisobmas, har kuni

Qoʻsh boʻlmasa — majlis qiling.

 

Siz biror majlissiz oʻtgan

Kunni kun deb aytmangiz,
Tortingu homuza,

Maʼruza uzun deb aytmangiz,
Hamma takror etsa bir gapni,

Nechun, deb aytmangiz,
Koʻkka vovaylo qilib,

Garduni dun deb aytmangiz,
Dod demakka sizda

Tovush boʻlmasa, majlis qiling.

 

Siz ham, ey taftishchilar,

Majlis sanogʻin tekshiring,
Hamqaror, kun tartibu

Hujjat varogʻin tekshiring.
Notiq ogʻzin tekshiring,

Some qulogʻin tekshiring,
Kursi teshgan nozik ul

Joyda qadogʻin tekshiring,
Gar jarohat unda

Qoʻsh-qoʻsh boʻlmasa, majlis qiling.

 

Koʻrmasin dehqon dala,

Sozanda soz, shoir qalam,

Ishchi ham dastgoh yoniga

Qoʻymasin aslo qadam,
Ochmasin olimkitobu

Qilmasin tajriba ham,
Kimki gap bilmas, bilar ish,

Qilsin oʻlguncha alam,
Ish bilarni urgani

Musht boʻlmasa, majlis qiling.

 

Gar mabodo majlisingiz

Ertaroq boʻlsa tamom,
Sizga lozimdir yigʻinni

Uyda ettirmoq davom,
Xonaga minbar yasangu

Yuksaling oliymaqom,
Masala qoʻymoqqa uyda

Bir sabab boʻlgay mudom,
Gaz qozon yo vanna, yo —

Dush boʻlmasa, majlis qiling.

 

Belni bogʻlang, bu jahonni

Toʻldiring qogʻoz bilan.
Oʻzni aldang, boʻlmaganni

Boʻldiring qogʻoz bilan.
Ish bilan shod etmangiz hech,

Kuldiring qogʻoz bilan.
Kim qogʻozbozlikni suymas,

Oʻldiring qogʻoz bilan.
Oʻlmasa u yoki

Behush boʻlmasa, majlis, qiling.

 

Siz agar topqir esangiz,

Na faqat sohib suxan —
Demangiz majlisni majlis,

Ot qoʻying turli-tuman.
Gohi suhbat, gohi hayʼat,

Davra deng, yo anjuman,
Lahzalik deng, haftalik deng,

Ne desangiz jonu tan,
Nomi ming boʻlgach,

Faromush boʻlmasa, majlis qiling.

 

Vaqt oʻtar, soat oʻtar

Kun oy boʻlur, oy yil boʻlur.
Kimu oʻtgan umriga

Qarsak chalur, qoyil boʻlur?!
Fursat eng oliy hakamdur,

Doimo odil boʻlur,
Barcha bir kun ul hakamning

Hukmiga doxil boʻlur,
Toʻplangiz es-hushni,

Es-hush boʻlmasa, majlis qiling.

1982

 

 

BIR TAVAKKALCHI DEYDIKI…

 

Menga na sudu savdo,

Bor, nima boʻlsa boʻlsin,
Mendan qoluvchi dunyo,

Bor, nima boʻlsa boʻlsin.
Gʻam qilmoq odatim yoʻq,

Oʻylashga toqatim yoʻq,
Mendan soʻrang tarallo,

Bor, nima boʻlsa boʻlsin.
Mendan ketarmi ketsa,

Menga kelarmi kelsa,
Kuydirma jonni aslo,

Bor, nima boʻlsa boʻlsin.
Koʻnglim saxoga moyil,

Hotamligimga qoyil,
Chekdim tavakkal imzo,

Bor, nima boʻlsa boʻlsin.
Sarmast erur xayolim,

Ham faylasufman, olim,
Bir gʻoya menda tanho:

«Bor, nima boʻlsa boʻlsin».

1982

 

 

SYYOSIY SABOQ

 

Boshqarmaga qoʻngʻiroq
Boʻldi garajdan:
Bugun — siyosiy saboq.
Mana shu vajdan —
Shoferlar band. Kechqurun
Mashina boʻlmas…
Mayli, oy-yilda bir kun,
Osmon uzilmas.
Garchi boshliq oshyoni
Ozgina yoʻlmas,
Jindak qiynalsa joni,
Hoynahoy, oʻlmas.
Bilʼaks, ochiq havoda
Miriqar odam.
Xoʻjayin kamtar, sodda,
Xoʻjayin — hotam.
Boʻlmadi hech norizo,
Qirmadi tomoq.
Oʻshqirmadi mutlaqo:
«Qanaqa saboq?»
Chunki masala nozik,
Shofer — ishchi xalq.
Saboq esa — siyosiy!
Demak, garajhaq.
Shundoq ajib ishlar ham
Boʻlar dunyoda.
Mana, Bek Bekov akam
Borar piyoda.
Yayov yurmoq nechogʻlik
Noyob neʼmatdir.
Vaqt oltin, ammo sogʻliq
Undan qimmatdir.
Der oʻziga, hech mehnat
Bitmas dunyoda,
Qani endi, boʻlsa vaqt,
Yursang piyoda.

Yursang, koʻrib zavq bilan

Atrofni, elni.

Hambadan, hamkoʻngildan

Yozsang chigilni.

Bu ne hayot? Hamisha —

Goʻyo kasalmand,

Uyda, yoʻlda, hamishda

Oʻrindiqqa band…

Shunday xayol bilan u

Borar lorsillab.

Ammo bir oz yurdi-yu,

Qoldi harsillab.

Toʻxtab picha oldi dam,

Bekatga keldi.

Avtobusda ketsa ham

Boʻladi endi.

Charchaganda boshqa oʻy

Kelarmi boshga?

Avtobus keldi,

Voy-boʻy,

Kontingent boshqa.

Toʻlib turfa el kelar,

Tislandi…

Lekin

Siqib kelgan yelkalar

Koʻtarib sekin,

Mindirdi beixtiyor.

Shunda tiqinda

Xalq qudratin u ilk bor

Sezdi biqinda.

Bu ham qismat ishi-da,

Boʻlari boʻldi.

Zoʻr tirsaklar ichidan

Zoʻrgʻa qutuldi.

Koʻylak dogʻ-dugʻ, shim — latta.

Qoshu kiprik — chang.

Duch kelgan bir bekatda

Tushdiyu arang —

Yomon uyat soʻz keldi

Birdan ogʻziga,

Lekin soʻkmadi, dedi:

«Bezobraziye!»

Turar yoʻlda u yakka,

Oldda ancha yoʻl.

Oʻtgan har gʻildirakka

Koʻtaradi qoʻl.

Egar magʻrur boshini:

«Olib ket mani!»

Ammo biror mashina

Toʻxtasa qani.

Hech kishida boʻlmasin

Bundoq koʻrgulik.

Hech boshliqni qilmasin

Yayov yurgulik.

Yelkasidan chiqar dud,

Ranjir damodam —

Shoferlarning bemavrud

Sabogʻidan ham.

Fursat oʻtdi, na qilsa

Foydasiz endi.

«Dejurka»ni chaqirsa

Oʻlarmi edi.

Yo uyiga qoʻngʻiroq

Qilsa-ku tayyor —

Yoʻlagida yangi oq

«Jiguli» hambor.

Ogʻrisa-da oyogʻi,

Yurib boradi.

Bosh aylanib, tomogʻi —

Qurib boradi.

Ura-ura «xom kalla»

Peshonasiga,

Yetib keldi mahalla

Choyxonasiga,

Uyigacha qirq qadam,

Ana, u hovli.

Lekin toʻrt qadamga ham

Qolmagan holi.

Umrida hech choyxona

Koʻrmagan bu zot

Shu sarguzasht bahona

Noiloj, hayhot, —

Laʼnat oʻqib shoʻriga,

Ichkari yurdi.
Gurs choʻkdi-yu soʻriga,
Koʻk choy buyurdi.
Yonboshladi ming yillik
Choyxoʻrday xuddi.
Bir oz oromolgandek
Boʻldi vujudi.
Chanqogʻin bosdi obdon,
Rostladi nafas.
Ha, dunyo bir azobdan
Iborat emas.

U hozir jannat aro

Sezar oʻzini.

Sezmas atrofning ammo

Hayron koʻzini.

Atrofda har xil gumon,

E voh, ajabo —

Choyxonada — kattakon,

Bunda ne maʼno?

Kimdir dedi ming taxmin,

Farazdan keyin:

«Ishdan ketgan u, tayin,

Tamomxoʻjayin».

«Chaquv boʻlgan yo boshka —

Biror koʻrgulik.

Ha, ish tushgan shoʻr boshga,

Ahvol soʻrgulik».

Likobchada mayiz, qand

Olib Shokirvoy,

«Yangi doʻst»ni qilar band,

Uzatar koʻk choy:

— Amal oʻzi bevafo,

Qaygʻurmang, uka.

Gohi olchi bu dunyo,

Gohida pukka;

Men ham qirq yil davlatga

Ishlagan boʻlsam,

Faqat «zav» boʻldimkatta,

Eng kamida — «zam».

Necha poʻlat sandiqlar

Qoʻlimda boʻldi.

Necha goʻzal doʻndiqlar
Qoʻynimda boʻldi.
Kelgan chogʻda omadim
Boʻlmadim sergak.
Biror narsa olmadim
«Hayfsan»dan boʻlak.
Shu-da, charxi dun ishi,
Jon etsang nisor,
Oqibatda hech kishi
Boʻlmas minnatdor.
Lekin ter toʻkkach odam
Maʼlum yoshgacha,
Choyxonaning gashti ham
Juda boshqacha…
Borgan sari ochilib
Sayrar Shokirvoy
Tekin quloq topilib,
Yayrar Shokirvoy:
— Siz ham endi biz qator,
Qoʻshiling darrov.
Begim kuni shoʻrva bor,
Yakshanba — palov.
Xush koʻrsangiz shaxmatni,
U ham bor, inim.
Lekin oʻsha gʻurbatni
Suymaydi jinim.
Soatlab muk tushishga
Sabr yoʻq sira.
Gʻuboringni toʻkishga
Eng zoʻri — «pirra».
Lekin anov soʻridan
Boʻling nariroq.
Tushmas gilamtoʻridan
Soli baqiroq.
Qoqib qulogʻingizni
Qoʻlga beradi.
Ushlab olsa bas sizni,
Soʻzlayveradi.
Zoʻri ammo ulfatning
Bizlarning ulfat,
Gap bor oxir: suhbatning
Yaxshisi — gʻiybat…

Bek Bekov xuddi quloq

Solganda soʻzga,

«Ha, ha», deydi-yu, biroq

Xayoli oʻzga.

Anglar, ahli choyxona

Bir shu zot emas.

Yuragida — nuroniy

Chollarga havas.

Koʻzlardagi xotirjam

Sokin halovat

Baxsh etadi unga ham

Osuda hikmat.

Yiroqlarga eltadi

Fikratning oti.

Koʻz oldidan oʻtadi

Butun hayoti.

Oʻylab koʻrsa, es-hushin

Tanigan kundan,

Bildi faqat yurt ishin,

Zavq topdi shundan.

Ishladi, ish deb yondi,

Har on bogʻliq bel.

Faqat elga ishondi,

Unga esa — el.

Halol boʻldi va odil,

Haq — doʻsti, yori.

Koʻtarildi yildan-yil

Pastdan yuqori.

Bugun salkamministr…

Va lekin, hayhot,

Yeldek oʻtib ketibdir

«Yelvizak» hayot.

Uf tortadi bemajol,

Koʻngli boʻlar gʻash.

Kunlar quyma gʻisht misol

Bir-birga oʻxshash.

Har kun biror topshiriq,

Har kun fursat ziq.

Umri ekan, voh, qiziq,

Chizilgan chiziq.

Majlis, saylov, nutq, yakun…

Ertadan to kech.

Oʻzi uchun biror kun

Yashamabdi hech.

Yoshlanadi koʻzlari,

Umr oʻtibdi.

Yoshliqdagi doʻstlari

Tarqab ketibdi…

Unga yotdir naqadar

Ahli choyxona.

Oʻzi tengi keksalar

Butkul begona.

Manglayiga qoʻl tirar,

«Pishmagan kalla!—

Tobutingni koʻtarar,

Axir, mahalla!

Toʻy qilsa kim, soʻrogʻlab —

Kirganing bormi?

Azasida bel bogʻlab

Turganing bormi?

Yo kulbang boshqa loydan

Solinganmidi?

Tuprogʻing boshqa joydan

Olinganmidi?

Jon tikib xalq yoʻliga

Tinmading, biroq —

Bir odamning koʻngliga

Yoqdingmi chiroq?

Dunyo koʻrgan, fikri keng,

Ulugʻvor, hotam —

Shuni oʻylamabdi, deng,

Ministr odam.

Chetdan boqib tanqidan

Oʻz obraziga,

Xafa boʻldi aqlidan:»

«Bezobraziye!»

«Bezobraziye!» — dedi…

Shokirvoy bu on

Nasixat qilar edi

Kuydirgancha jon,

Oʻrgatardi: har besh kun

Hammomda naf bor.

Foyda qaysi uzv uchun,

Qaysi dorivor.

Bek Bekovning soʻziga
Qotdi-yu qoldi.
Oldi uni oʻziga,
Darhol yoʻqoldi…

Mana, Bek Bekov uyga
Qaytib boradi.
Choʻmganicha jim oʻyga
Aytib boradi:
«Dunyoda eng oliy fan
Va eng mushkul fan —
Muhimni nomuhimdan
Ajratmoq ekan.
Hayot ekan zoʻr daryo.
Osongina ish —
Oʻsha katta suv aro
Oqizoq boʻlish.
Avval seni halimdek —
Qilib tashlaydir.
Soʻng maydalab ming boʻlak
Boʻlib tashlaydir».
Shuncha yashab, nihoyat,
Topdi bir hikmat:
Tirik jonga oqibat
Boqiydir faqat:
Xalq degani goskomstat
Raqami emas.
U — qoʻshni, xesh,

doʻst, ulfat,
Tirik hamnafas…
Uyga kirdi. Xotin lol.
Jovdirar koʻzi.
Nima boʻldi? Bu ne hol?
Tinchlikmi oʻzi?
Bek Bekov der xotirjam:
— Ha, endi, shundoq…
Saboq boʻldi, jonginam,
Siyosiy saboq.

1982

 

 


DONISHQISHLOQ LATIFALARI

 

MATMUSANING QISHLOGʻI

 

Donishqishloq degan joy
Bordir bizning tomonda.
Oʻsha qishloq ahlidek
Dono xalq yoʻq jahonda.

 

Joʻyak tortib tomiga
Makka ekkan oʻshalar.
Kalishini perronga
Yechib ketgan oʻshalar.

 

Yuz qop ganchni bir yoʻla
Suvga qorgan u yerlik.
Echkini sartaroshga
Olib borgan u yerlik.

 

Koʻrib minoralarni
Oʻsha yerlik ulugʻlar
Degan: «Bular teskari
Turib qolgan quduqlar».

 

Tomdan boshlab uy qurmoq
Boʻlib tikkan havoza,
Devori yoʻq hovliga
Oʻrnatgan hamdarvoza;

 

Oyga chiqmoq yoʻli bor,
Juda oson degan ham,
Temir yoʻlni koʻtarsa,
Tayyor narvon degan ham;

 

Mashinasi bor turib
Minib yurgan xachirga,
Xizmat qilgan «Volga»si
Eshakka yem tashirga;

 

Pashshaga sopqon otgan,
Qopqon qoʻygan chivinga,
Almashtirgan sarrofdan
Oʻtgan kunni indinga;

 

Oy nuriga xum tutib,
Umid qilgan pishlokdan —
Sohibxayol farishta
Oʻsha Donishqishlokdan.

 

Donishkishloq qayerda?
Oʻzimizning tomonda.
Oʻsha qishlok xalqidek
Dono xalq yoʻk jahonda.

 

Aql koʻplik qilsa, bosh
Yoriladi deb halak —
Boshlariga donolar
Kiyib yurar chambarak.

 

Sodda demang ularni,
Ular sodda boʻlmaydi.
Kuldirsa ham sizlarni,
Oʻzlari hech kulmaydi.

 

U mashhur Aldarkoʻsa,
Kalkoʻsaning qishlogʻi.
Oʻzimizning qahramon
Matmusaning qishlogʻi.

 

Kitob boʻlar taʼrifi,
Yozsa ming bir sahifa.
Donishqishloq ahlidan
Tinglang uch-toʻrt latifa…

 

 

MATMUSANING QALPOGʻI

 

Qalpoq oldi Matmusa,
Qalpoq desa — qalpoqday.
Uni kiyib Matmusa,
Yigit boʻldi chaqmoqday.

 

Oʻnta qoʻyga arziydi,
Yaraqlashi bir jahon.
Bir qarasang — suvsardek.
Bir qarasang — olmaxon.

 

Qalpoq emas — ertak u,
Qalpoq emas — tilla toj!
Qoʻying-chi, restoranda
Yuvmasa hech yoʻk iloj.

 

Kirdilar, oʻltirdilar,
Buyurdilar araqni.
Dono Matmusa uchun
Ichdilar bosh qadahni.

 

Qalpoqqa teri bergan
Suvsar uchun ichdilar.
Shunday qalpoqni sotgan
Ovsar uchun ichdilar.

 

Eslanmagan qishloqning
Itigacha qolmadi.
Maqtalmagan qalpoqning .
Ipigacha qolmadi.

 

Xoʻp ichdilar oʻylamay
Hisob-kitob qilmoqni.
Oxirida pul yetmay,
Topshirdilar qalpoqni.

 

 

MATMUSANING LAGANI

 

Matmusavoy shahardan
Lagan olib qaytardi.
Yoʻl-yoʻlakay oʻy surib,
Oʻz-oʻziga aytardi:

 

Bu laganni koʻtarib
Olib borsam qishloqqa,
Xotin uni albatta
Idish qilar pishloqqa.

 

Tiyib boʻlmas hech qachon
Bola-chaqa deganni.
Ular pishloq talashib
Sindirishar laganni.

 

Shunda izlab chegachi
Men notavon bechora,
Qayta kelib shaharga
Boʻladirman ovora.

 

Mashoyixlar gapi bor
Ish koʻzini bil, degan.
Har yumushda ertaning
Hisobini qil, degan.

 

Nima qilsam ekan deb,
Bir dam oʻyga toldi u.
Soʻng laganni sindirib,
Chegalatib oldi u.

 

Shunday qilib, uyiga
Qaytdi ogʻzi qulokda.
Hamma uning aqliga
Qoyil qoldi qishloqda.

 

 

MATMUSANING ChARXPALAGI

 

Polvon edi Matmusa,
Toʻrt fil kuchi jamedi.
Qishlokda eng zoʻr, ammo
Aqli bir oz kam edi.

 

Matmusani shundan hech
Koʻzga ilmas edilar.
Qoʻrqsalar hamundan, hech —
Hurmat qilmas edilar.

 

Bir kun dedi Matmusa,
Shunday kuchga egamen.
Shuhratim yoʻq el aro,
Beobroʻman nega men?

 

Ot koʻtardim tish bilan,
Kuldi faqat odamlar.
Arzimagan ish bilan
Topdi hurmat odamlar.

 

Men ham aqlim koʻrsatib
Hayron qilay hammani.
Dono boʻlib bir oʻzim,
Nodon qilay hammani.

 

Boʻz arikda koʻp zamon
Bor eski bir charxpalak.
Koʻribdiki, bir tomon
Aylanar u gʻildirak.

 

Balki ming yil narida
Aylangandir shu yoʻsin.
Matmusaning davrida
Yangilik bir ish boʻlsin.

 

Turdi bir oz oʻy surib,
Yurdi shaxdam ilgari.
Charxpalakni sugʻurib
Shartta qoʻydi teskari.

 

Bu ijoddan el darak
Topdi sahar pallada.
Jadal chopar charxpalak,
Lekin suv yoʻq dalada.

 

Oʻylar ahli ulamo
Tuzatmoqning yoʻlini.
Magʻrur turar Matmusa
Belga qoʻyib qoʻlini.

 

Kim charxpalak kosasin
Yalpoq qilish kerak, der,
Kim kosaga osma sim
Qopqoq qilish kerak, der.

 

Der idroki eng yuksak
Qashib turib kallani:

— Daryoni sal koʻtarsak.
Sal tushirsak dalani…

 

— Yoʻq, ish bitmas «sal» bilan!
Qishlogʻimiz erlari
Charxpalakni gal bilan
Aylantirsin teskari.

 

— Yoʻq, kuchimiz ojizroq,
Qiynalmasin el joni.
Teskariga oqizmoq
Toʻgʻri boʻlar daryoni.

 

Emish, hamon qilar bahs
Oʻsha qishloq erlari.
Charxpalak-chi, suv bermas,
Aylanarmish teskari.

 

 

MATMUSANING TANDIRI

 

Matmusaga bir kuni
Xotini: «Hoy, er, — dedi.
Hammada bor, menga ham
Tandir qurib ber», dedi.

 

Pishiq edi Matmusa,
Boshga qoʻyib koʻlini,
Oʻylab topdi eng arzon
Tandir qurmoq yoʻlini.

 

Dehqonchilik — somon, jun,
Loy qorishni biladi.
Oʻzi tayyor qolip-ku,
Nega pul sarf qiladi?

 

Loyni qordi, ishlatib —
Zang ketmonu paqirni.
Soʻng oftobga choʻk tushib,
Bolalarni chaqirdi.

 

Qiyqirishib bolalar
Atrofida chopdilar.
Qorni boʻyni aralash
Loyshuvoqni yopdilar.

 

Bundoq tandir boʻlmagan,
Yoʻqdir hech bir kitobda.
Tandirini Matmusa
Quritadi oftobda.

 

Qotgan sari tanda loy,
Har bir moʻyi jimirlar.
Chigʻanoq qurt singari
Faqat boshi qimirlar.

 

Koʻp qiynaldi Matmusa,
Mard emasmi — chidadi.
Tandir tayyor, endi mard
Undan qandoq chiqadi?

 

Pilla yorar kapalak,
Qil sugʻrilar xamirdan.
Lek Matmusa chiqolmas
Oʻzi qurgan tandirdan.

 

Yetar yetti qoʻshniga
Uning nola-xonishi.
Maslahatga yigʻilar
Qishloq ahli donishi.

 

Kim der: E voh, bechora,
Kim der: Koʻring taqdirni.
Bahs boshlandi — masala:
Butun olmoq tandirni.

 

Oxir dedi bosh hakam,
Chimirgancha qoshini:
— Bir chora bor: arralang
Matmusaning boshini.

 

Mayli, dedi Matmusa,
Rozi boʻlmay netayin,
Bilmadinglar qadrimni,
Hammang jinni, betayin.

 

Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetarman.
Boshimolib bu yerdan
Biror yoqqa ketarman.

 

 

MATMUSANING UYLANISHI

 

Safar qildi Matmusa
Olisdagi shaharga.
Ul shaharda yoʻlikdi
Bir hur pari-paykarga.

 

Boʻydoq edi Matmusa,
Uzoq turmay oʻylanib,
Qishlogʻiga qaytdi u
Ul sanamga uylanib.

 

Hech gap emas baxt kelsa,
Aytar omad deb buni:
Uch oy oʻtmay jononning
Yaqinlashdi oy-kuni.

 

Hamma hayron, hamma lol:
«Biz bir yilcha kutardik,
Matmusaning xotini
Chiqib qoldi udarnik».

 

Ne ekan deb, shoshilib
Zarbdorlikning bu siri,
Chopib keldi suhbatga
Donishgazet muxbiri.

 

«Biz ham chetda emasmiz,
Biz ham sherik mehnatga»,
Deb Matmusa tirjayib,
Qoʻshiladi suratga.

 

Ertasiga bu xabar
Tarqab ketdi har yoqqa.
Sarlavha ham chiroylik:
«Ilgʻor oʻrnak — qishloqqa».

 

Xat yogʻilar erlardan:
Tashabbusni qoʻllaymiz!
Xotinlarni tajriba
Almashishga yoʻllaymiz!

 

«Alvon-alvon shiorlar
Paydo boʻlar har joyda:
«Yangilikka — katta yoʻl!»
«Toʻqqiz oyni — uch oyda!»

 

Hayʼatlarda kekkayib
Yayrab yurar Matmusa.
Biz undoq, biz bundoq deb
Sayrab yurar Matmusa.

 

Alqissa shu — baʼzida
Shunday boʻlib qoladi —
Birov qilib mehnatni,
Birov obroʻ oladi.

 

 

QIZIQUVCHAN MATMUSA

 

Oppoq koʻylak, yangi shim
Kiyib olib bayram kun,
Uyga qaytar Matmusa
Shirin boʻlib kechqurun.

 

Qaytar zavqqa qoʻshib zavq,
Ham kuch qoʻshib kuchiga.
Bir payt koʻrsa, allakim
Simyogʻochning uchiga —

 

Qogʻoz osib qoʻyibdi,
Ikki qator yozib xat.
Oʻqimoqqa Matmusa
Harchand qilar harakat —

 

U tomondan qaraydi,
Qaraydi bu tomondan.
Bilmay ketsa ne xat bu,
Chiqa olmas armondan.

 

Qiziquvchan ishtiyoq
Unga tinchlik bermasdi.
Koʻylakni ham ayamay
Simyogʻochga tarmashdi.

 

Chikdi, koʻrdi, oʻqidi,
Kim aqldan ozibdi?
«Ehtiyot boʻl, simyogʻoch —
Boʻyalgan», deb yozibdi.

 

Oʻqidiyu tanidan
Chiqib ketdi muzdek ter,
Uyga kelib daftarga
Yozib qoʻydi toʻrt yoʻl sheʼr:

 

«Ey, odamlar, bilishdan
Oʻzingizni tiymanglar.
Qiziquvchan boʻlsangiz,

Yangi koʻylak kiymanglar!»

 

 

MATMUSA — RASSOM

 

Koʻchma muzey kelibdi
Bizning Donishqishloqqa.
Eshitdi-yu Matmusa,
Shoshib qoldi u yoqqa.

 

Koʻrdi borib moʻylovdor
Qilich taqqan zotlarni.
U zotlarning ostida
Gijinglagan otlarni.

 

Ayniqsa, deng, ayollar,
Qarab-qarab oldi u.
Boqib baʼzi suratga,
Surat boʻlib qoldi u.

 

Biri biridan qiziq,
Bir-biridan zoʻr, ammo
Abstrakt sanʼatga
Tushunmadi mutlaqo.

 

Dedi: shu suratga ham
Pul toʻlashar, hoynahoy.
Demak, rassom ishi zoʻr,
Demak, rassom juda boy.

 

Dedi: sanʼat kimuchun?
Sanʼat hamma uchunmi?
Men ham endi bu ishda
Sinab koʻray kuchimni.

 

Qatʼiyatli — Matmusa,
U ogʻziga soʻz oldi.
Uyga kelib sandikdan
Paytavalik boʻz oldi.

 

Togʻoraga rang qordi,
Boʻlsin uchun sozgina,
Qoʻshdi tarnov suvidan,
Qoʻy qiyidan ozgina.

 

Qoʻlchoʻpni siz soʻramang,
Topqirliqsan kamoli —
Guldek moʻyqalam boʻldi
Echkisining soqoli.

 

Toldan yogʻoch kesdi-yu
Chorchoʻpni ham bopladi.
Soʻng u turfa matoga
Turfa rangni chapladi.

 

Qarabsizki, rasmtaxt,
Shartta qoʻyib imzoni,
Olib keldi muzeyga,
Lol qilgani dunyoni.

 

Koʻrinarli joy topib,
Osdi uni devorga,
Allaqanday «izm» deb
Yozib qoʻygan qatorga.

 

Ertasiga keldilar
Mutaxassis xodimlar.
Yaʼni, oʻsha «izm»ning
Piri boʻlgan olimlar.

 

Qaradilar, koʻrdilar.
Hech tish oʻtmas anglarga.
Kimder: Koʻring uslubni.
Kim der: Qarang ranglarga.

 

Bu Gʻarbdagi zoʻr usul
Antirasm, der birov.
Primitivizmda
Yangi oqim, der birov.

 

Xullas, koʻchma muzeydan
Bu surat hamjoy oldi.

Matmusaga pul chiqib,
Bitta saman toy oldi.

 

Ey, yoronlar, borsangiz
London, Parij, Rumoga,
Muzeylarda bir qarang
Oʻsha tanish imzoga.

 

Jilva qilib oʻzgacha,
Boʻy taratib turibdi.
Matmusa chizgan surat
Dunyo kezib yuribdi.

 

 

MATMUSANING DUTORI

 

Matmusa qoʻy sotgani
Shaharga kelib qoldi.
Qaytishda bitta qoʻyning
Puliga dutor oldi.

 

Uyga kelgach, yoʻlakka
Bogʻladi-yu otini,
Zavqi sigʻmay yurakka,
Chaqirdi u xotinni.

 

Mana, xotin, koʻrib qoʻy,
Manovni dutor deydi.
Manov bogʻichni parda,
Manov ipni tor deydi.

 

Manov quloq, bu xarrak,
Yaʼni, eshak boladir.
Shaharlik uni bunday —
Bunday qilib chaladir.

 

«Munojot» deb otini,
Matmusa kuy chalibdi.
Quloq solib xotini,
Rosa qoyil qolibdi.

 

Depti:

Rahmat, shaharlik —
Yaxshi cholgʻu beribdi,
Faqat bitta narsaga
Aqlim yetmay turibdi.

 

Bir mahal bobomda ham
Shunday cholgʻu bor edi.
Esimdan adashmasam,
Oʻsha ham dutor edi.

 

Lekin u chalmay turib,
Qulogʻini burardi.
Barmogʻi ham manov ip
Ustida yugurardi.

 

Sen boʻlsang bitta yerni
Tutgancha qolaverding.
Bir xil tingʻir-tingʻirni
Qoʻymasdan chalaverding.

 

Jahli chiqib Matmusa,
Xotinini soʻkibdi.
Ketgan qoʻyi uchun ham
Alamini toʻkibdi:

 

«Ey, xotin, sen eringga

Nodon gapni deb qoʻyding.

Nima boʻldi?

Yo qarib

Es-hushingni yeb qoʻyding?

 

Bobong qoʻli dutorda
Yugursa, yugurgandir.
Shoʻrlik kerak pardani
Topolmay qidirgandir.

 

Endi men chalganimda
Ogʻzingni yum, jim, depti:
Bobong parda qidirgan,
Men uni topdim», depti.

 

Matmusa shunday qilib,
Koʻkragini keribdi.
Erini dono bilib
Xotin ham tan beribdi.

 

Alqissa shu:
Mashshoqlar —
Qidirishni tashlasin.
Kerak pardani topgan
Matmusalar yashasin!

 

 

TANDIR KIYGAN MATMUSA

 

Oʻzi tandir qurolmay,
Koʻnib oxir taqdirga,
Shahar tomon yoʻl oldi
Matmusavoy tandirga.

 

Tandir bozor qizigan,
U tushgacha aylandi
Va nihoyat bozorning
Zoʻr tandiri saylandi.

 

Chertsa, uch kun jaranglar,
Bir umrga yetadi.
Lekin uni qishloqqa
Qanday olib ketadi?

 

Oʻylab koʻrsa, eshakka
Ortmoqning yoʻq chorasi.
Ortganda ham, arqonlab
Tortmoqning yoʻq chorasi.

 

Ahli bozor yigʻildi,
Qizib ketdi maslahat.
Barchada bir shu tashvish,
Hammada shu oʻy faqat.

 

Kengashildi, oʻylandi,
Mindirildi oxiri
Eshagiga — Matmusa,
Matmusaga — tandiri.

 

U shod, bundoq tadbirni
Topmas eng zoʻr topqir ham.
Oʻzi yayov qolmadi,
Zap oʻrnashdi tandir ham.

 

«Hayyo-hayt» deb yoʻl oldi
Donishqishlok tomonga.
Mana, tandir ichidan
Qarab borar osmonga.

 

Har qanchaki intilar
Matmusa yoʻl koʻrolmas.
Mening uyim qayda? — deb
Odamlardan soʻrolmas.

 

Ketib borar tavakkal,
Koʻkka qarab «Tangrim!» — der, —
Meni qilma sharmanda,
Eshagimga aql ber».

 

Bedapoya koʻrganda
Eshak shoʻrlik netadi?
Qishloq qolib magʻribda,
Mashriq tomon ketadi.

 

Kun botaru shomtushar,
Yulduz chiqar osmonga,
Hamon borar Matmusa,
Yetmas manzil-makonga.

 

Deydilarki, to bu dam
Yoʻlda emish Matmusa.
Boshi ham yoʻq, cheki yoʻq
Choʻlda emish Matmusa.

 

Ayo doʻstlar, adashgan
Bir moʻmindan kulmaylik.
Matmusadek oʻzimiz
Tandir kiygan boʻlmaylik!

 

 

MATMUSANING MEHMONDOʻSTLIGI

 

Mehmon juda azizdir
Donishqishloq tomonda.
Derlar, mayli biz oʻlsak,
Mehmon boʻlsin omonda.

 

Mana, shaharlik mehmon
Qishloq kezib yuribdi.
Unga goʻzal tabiat
Maʼqul boʻlib turibdi.

 

Ayniqsa toʻpolon soy
Mehmonga yoqib ketdi,
Oh-oh deb suvga tushdi,
Tushdi-yu, oqib ketdi.

 

Gox choʻkar, gox koʻrinar,
Dod solar: «Qutqaringiz»,
«Spasite», «dast bideh»,
«O may frend, xelp mi, pliz».

 

Ispancha, portugalcha,
Lotincha kichqiradi.
Belni ushlab Matmusa
Hayron boʻlib turadi.

 

«Shuncha tilni oʻrganib
Boyvachcha boʻlarmiding?
Undan koʻra suzishni
Oʻrgansang oʻlarmiding».

 

Ovozi oʻchganida
Suv kirib tomogʻidan,
Mehmonni olib chikdi
Ushlab boʻyin bogʻidan.

 

«Shaharlik shaharlik-da»
Der Matmusa koʻnglida,
«Kerakli arqonini
Olib yurar boʻynida».

 

Qirgʻoqqa chikdi shoshmay,
Soʻng aqlini yuritib,
Arqonidan daraxtga
Osib qoʻydi quritib.

 

 

MATMUSANING QOʻShIGʻI

 

Beish qoldi Matmusa,
Endi ne qiluv kerak?
Bir tovuqqa albatta
Ham donu ham suv kerak.

 

Bekor qolsang yostiq ham
Yonboshingga botadi.
Televizorga tokay
Termilgancha yotadi?

 

Oinai jahonda
Kuylamagan ogʻiz yoʻq.
Oʻylab koʻrsa oʻzidan
Oʻtadigan hofiz yoʻq.

 

Oʻyladi, avval boshni,
Soʻng yonboshni qashladi.
Toʻrtta odam yigʻilsa
Qoʻshiq aytaboshladi.

 

Eshitarmi odamlar,
Eshitmasmi, ishi yoʻk?!
«Bogʻ aro»ni koʻtarar,
Bas, deydigan kishi yoʻq.

 

Oʻzi boʻlar mahliyo
Oʻzi aytgan kuylarga.
Taklif boʻlsa, boʻlmasa
Boraverar toʻylarga.

 

Matmusa kelgan yerdan
Qochar boʻldi odamlar,
Tunlar quloqqa yostiq
Bosar boʻldi odamlar.

 

Oqsoqollar dedilar:
Bir ilojni oʻylaylik.
Matmusani qishloqqa
Toʻra qilib qoʻyaylik.

 

Boʻlsa katta amaldor,
Kursisi baland boʻlsa,
Majlis, qabul, nutq, safar…
Xullas, doim band boʻlsa,

 

Balki qoʻshiq aytishga
Vaqti qolmas, ulgurmas.
Amalidan uyalib
Hofizlikni ep koʻrmas…

 

Kelishdilar, Matmusa —
Endi qishloq toʻrasi.
Koʻpayib qoldi, koʻring,
Qadrdoni, joʻrasi.

 

U kursida oʻltirar,
Qoʻlni qoʻyib beliga.
Yana ham qiyin boʻldi
Donishqishloq eliga.

 

Kimki biror ish bilan
Huzuriga kiradi —
Matmusa arz eshitmas,
Qoʻshiq aytib beradi.

 

Chidab sukut saqlagan
Marhamatga esh boʻlur.
Qoʻshigʻini maqtagan
Albat ishi besh boʻlur.

 

Oqibat Matmusaning
Kasali battar boʻldi.
Sahar boshlab ashula
Kechgacha aytar boʻldi.

 

Oqshomlari guzarda
Avjni olib turadi.
Eshitsang-ku xoʻbu xoʻb,
Eshitmasang — uradi.

 

Toʻra boʻlgach, boshqa xil
Ovozlarni yoʻqotdi.
Meni mazax qildi, deb
Xoʻrozlarni yoʻqotdi.

 

Donishqishlokda endi
Boshqa biror qoʻshiq yoʻq.
Birgina Matmusaning
Qoʻshigʻiga toʻsiq yoʻq.

 

Odamlar ijirgʻanib,
Qargʻab, quloq soldilar.
Iloj qancha, oxiri
Oʻrganib ham qoldilar.

 

Hatto qoʻmsab, noyob deb,
Soʻylar boʻldi xaloyiq.
Matmusaga oʻxshatib
Kuylar boʻldi xaloyiq.

 

Qarsak, olqish, madhiya
Avjga chiqib basma-bas,
Xalq dedi: bizga endi
Boshqa qoʻshiq kerakmas.

 

Hammamiz bu qoʻshiqning
Fidoyisi boʻlarmiz.
Uni aytib yashadik,
Uni aytib oʻlarmiz.

 

Alqissa, bulbuli yoʻq,
Xoʻrozi yoʻq ul maʼvo —
Donishqishloqda hamon
Yangrar yolgʻiz bir navo.

 

 

MATMUSA VA OʻGʻRILAR

 

Savdo qilib Matmusa
Qaytar ekan yoʻliga
Tushib qoldi shaharlik
Oʻgʻrilarning qoʻliga.

 

Yechintirdilar avval,
Soʻng doʻpposlab urdilar.
Oʻchsin deya ovozi
Karnay chalib turdilar.

 

Shu-shu, koʻp yil Matmusa
Bu shaharga qaytmadi.
Ichga yutdi alamin,
Hech kimsaga aytmadi.

 

Aytsa nima, el faqat
Kulgi qilar ermaklab…
Qariganda nihoyat
Nabirasin yetaklab —

 

Matmusa yana oʻsha
Shahar sari yoʻl oldi.
Bu safar katta toʻyning
Ustidan chiqib qoldi.

 

Gʻat-gʻat karnay, nogʻora
Takatumni urardi.
Matmusadan nabara
Bu nima, deb soʻrardi.

 

Bobo aytar: bu ishni
Mendan soʻrma, bolajon,
Bir shoʻrlikni, hoynahoy,
Qilmoqdalar chalajon…

 

Doʻstlar kulmang, bu hikmat
Matmusadan qariroq,
Nogʻorayu karnaydan
Yuring doim nariroq.

 

 

MATMUSANING AMERIKA OCHISHI

 

Gazeta oʻqib yotib
Matmusa oʻy oʻyladi.
Elni yigʻib ertalab
Shunday bir nutq soʻyladi.

 

Donolar! Sizga aytay
Oʻylagan bir xayolim.
Uni aytishdan avval
Bordir bitta savolim.

 

Ayting, Amerikaga
Kim dastlab qoʻygan qadam?
Kolumbmi? Yoʻq! Xitoylar —
Besh ming yilcha muqaddam.

 

Ular borgan kunchiqar,
Yaʼni bizning tomondan.
Soʻng bu qitʼani ochgan
Kolumb narigi yondan.

 

Endi men sizga aytsam
Maqsadu muddaoni:
Bizning zamon nomchiqar
Ish qilmoqning zamoni.

 

Kiroyi dong taratsak
Dunyoga tarataylik.
Amerika ochmoqqa
Yangi yoʻl yarataylik.

 

Kirishsak Xitoyni ham
Kolumbni ham yiqamiz.
Shu joydan yer kavlasak
Nyu-Yorqdan chiqamiz.

 

Lekin bizlar qaziymiz
Qishloqning etagidan.
Shunda teshib chiqamiz
Naq Oq uyning tagidan.

 

Jahonni lol qoldirib
Shuhrat olib qaytamiz.
Prezidentni shartta
Qopga solib qaytamiz.

 

Jahonshumul inqilob
Bundan oson hal boʻlmas.
Yer yuzida shundan soʻng
Boyu kambagʻal boʻlmas.

 

Matmusaga qarsaklar
Ostida toʻn yopildi.
Ammo — lekin baʼzi bir
«Mujmal»lar hamtopildi.

 

Kimdir dedi: — Bu ish zoʻr,
Menda faqat bir xayol:
Yer darz ketsa, ikkiga
Boʻlinishi ehtimol.

 

Birov dedi: — Biz agar
Yer sharin teshib qoʻysak,
Gʻoʻrilab shamol yursa
Boʻlmasmikin yelvizak?

 

Va lekin Matmusani
Yoqlab ketdi koʻpchilik.
Vahima qilganlarni
Boplab ketdi koʻpchilik.

 

Donishqishloq shu kundan
Boshqa ishni tashladi.
Matmusa aytgan joydan
Xandaq kavlay boshladi.

 

Rosa terga tushdilar,
Kun tobida, yer zarang.

Ish bitay degan chogʻda
Suv chiqib qoldi, qarang.

 

Ishga tushdi paqirlar,
Bir zum orom boʻlmadi.
Kechgacha suv tortdilar,
U hech tamom boʻlmadi.

 

Tirishdilar kun boʻyi,
Ertalab tirishdilar.
Boʻlmagach, boshqa yerni
Kavlashga kirishdilar.

 

Donish ahli chayir xalq,
Donish ahli koʻp shovvoz.
Yer qazib, suv chiqarib
Oʻtdi koʻp qish va koʻp yoz.

 

Bu mehnatdan koʻmildi
Yarim qishloq tuproqqa.
Qolgan yarmi aylandi
Qurbaqazor botqoqqa.

 

Koʻp vaqtki, Donishqishloq
Mingquduq deb atalar.
El ichida Matmusa
Mirquruq deb atalar.

 

Lekin u yoʻldan qaytmas,
Der, bu yoʻl haq yoʻlidir.
Xalq uni tanlagan, bas,
Demak, u xalq yoʻlidir.

 

Simiramiz suv kelsa,
Tosh kelsa kemiramiz,
Ochamiz Amerika,
Soʻng uni yemiramiz.

 

Yaqinda u qishloqsan
Keldi yaxshi bir xabar.
Pudratga oʻtganmishlar
U yerda ham odamlar.

 

Borib koʻrdim, shiddat zoʻr,
Umid katta, ish katta.
Gʻayrat qilgan bir joydan
Teshib chiqar albatta.

 

 

MATMUSANING HAYKALI

 

Matmusa — buyuk odam!
Matmusa zoʻr sarkordir!
Unga, tirik boʻlsa ham
Haykal qurmoq darkordir!

 

Kelishdilar donolar,

Tashabbuskor koʻp edi.

Matmusa-chi?

U — kamtar,

Yoʻq demadi, xoʻp dedi.

 

Juda katta shahardan
Chaqirdilar ustani.
Ish boshlandi sahardan,
Ha, yashavor!
Bos, qani!

 

Donolarda zoʻr gʻayrat,
Donolarda kuch katta.
Lekin ulur harakat
Oson boʻlmas albatta.

 

Kimnidir xarsang bosdi
Kavlaganda tagidan.
Kimdir arrada kesdi
Yogʻoch deb bilagidan.

 

Qorishmada bir dono
Tizzadan botib qoldi.
Botsa mayli-ya, ammo
Sementda qotib qoldi.

 

Baribir deng ming olqish,
Zafar qayda chekmay jon?
Saraton boshlangan ish
Xullas bitdi qahraton.

 

Qiyqiriq, hay-hay bilan
Maydonga el sochildi.
Gʻata-gʻut karnay bilan
Koʻring, haykal ochildi.

 

Siz bundoq ajib tasvir
Koʻrmagansiz jahonda.
Matmusa turar magʻrur
Yaxtak, uzun ishtonda.

 

Xaloyiqqa koʻrsatib
Baxt-saodat yoʻlini,
Polvon turar uzatib
Mashriqqa oʻng qoʻlini.

 

Chap qoʻlida ushlagan
Taqyasini gʻijimlab.
Yonida chaynab yugan
Eshak turar gijinglab.

 

Belbogʻida osigʻliq
Nosqovogʻi yarashgan.
Hammadan ham popuklik
Ishtonbogʻi yarashgan.

 

Taʼrifi ado boʻlmas,
Hamma lolu hayratda.
Lekin bexato boʻlmas
Zoʻr asar ham albatta.

 

Qoʻlda taqya — koʻp ulugʻ,
Usta uni doʻndirgan.
Lek qoʻldagi esda yoʻq,
Boshiga ham qoʻndirgan.

 

Poyabzal juda yaxshi,
Faqat ozgina yanglish —
Bir oyogʻida — mahsi,
Bir oyogʻida — kalish.

 

Eshak ham oʻziga xos,
Bordir andak chatogʻi:
Qulogʻi bitta, xolos,
Lekin beshta oyogʻi.

 

Bularga ahli donish
Qilgani yoʻq eʼtibor.
Chunki asosiy yanglish —
Boshqa, ular koʻp hushyor.

 

Hammaga ham jon shirin,
Axir shafqat kerak-da.
Havo sovuq, izgʻirin,
Nega haykal yaxtakda?

 

Shu holatda misli sham
Sovukda tursa uch kun,
Matmusa ham, eshak ham
Harom oʻlishi mumkin.

 

Muhokama vaqtida
Matmusa ham bor edi.
U ishonchu axdida
Mahkam, ustivor edi.

 

Dedi qatʼiy va keskin:
Qaytadan qurmoq kerak!
Haykal ustiga poʻstin,
Boshiga qalpoq kerak.

 

Esladi u jun paypoq,
Paxtalik shimini ham.
Dedi qiling kalinroq
Eshak toʻqimini ham.

 

El — botir, elga balli,
El hujumga tashlandi.
Matmusaga haykalni
Qayta qurish boshlandi.

 

Ish boʻlmadi ozmuncha,
Koʻplar boʻldi qahramon.
Yangi haykal bitguncha
Yoz ham keldi — saraton.

 

Mana, quyosh oʻt purkar,
Shiddat bilan bir yokda.
Bir yokda haykal turar
Pocha-poʻstin, qalpoqda.

 

Xalq kular bu alfozdan,
Qah-qah, mazax bitmaydi.
Barcha der bir ovozdan:
Bunaqasi ketmaydi.

 

Avvalgisi asli gʻoʻr,
Xatosi bir qop edi.
Ammo oʻsha edi zoʻr,
Oʻsha bizga bop edi,

 

Maʼqulgina Matmusa
Aqli — shayintarozi.
Der: «Koʻpchilik ne desa
Biz emasmiz norozi».

 

Yana mehnat. Yuz kuncha
Ter toʻqdilar bearmon.
Yozgi haykal bitguncha
Qish keldi-ku qahraton…

 

Kim bilsin bu charxpalak
Aylanardi necha yil —
Qishda — yozlik boʻz yaxtak,
Yozda — qishlik shamoyil.

 

Lekin Matmusa bir kun
Ishni shartta qildi hal.
Dedi: toʻrt fasl uchun
Quringlar toʻrtta haykal!

 

Xalq unga aytdi olqish
Toʻrtta haykal quramiz!
Bahoru yoz, kuzu qish
Almashtirib turamiz!

 

Bu voqea yuz bergan
Juda olis zamonda.
Endi el aqli teran
Donishqishloq tomonda.

 

Surishtirsa agarda
Xalq yuz foiz savodlik.
Olimlari shaharda
Qilayotir ustodlik.

 

Borib koʻrdim yaqinda
Matmusa sogʻ yuripti.
Endi yozu qish unda
Bitta haykal turipti.

 

Eslab oʻtgan u ishni

Hangomalar qilishar.

Haykal — tosh,

Yozu qishni

Farq qilmaydi, bilishar.

 

Lek ehtiyot har holda
Zarar qilmas hech qachon.
Qish kelganda haykalga
Yopib qoʻyishar chopon.

 

 

MATMUSANING ESHAK SOTGANI

 

Matmusaning eshagi
Aynib qoldi dafʼatan.
Yaqinlashib boʻlmaydi
Na olddan, na orkadan.

 

Qoʻshqavat arkonni ham
Uzar boʻldi haromi.
Hangraganda olamni
Buzar boʻldi xaromi.

 

Minib boʻlmas ustiga,
Koptok qilib otadi.
Boʻldi endi. Matmusa
Eshagini sotadi.

 

Lekin qadimdan qolgan
Bozordagi qoida:
Nima sotsang, aybini
Aytish kerak joyida.

 

Hech kimsa Matmusadek
Qiyin holga qolmaydi.
Bachchagʻarning aybini
Aytsang, birov olmaydi.

 

Aytmasang — yana gunoh!
Matmusa koʻp oʻyladi.
Uylab-oʻylab bozorda
Shunday deya soʻyladi:

 

«Eshagim — arzon eshak,
Kelabersin xaridor.
Oʻzi eshak boʻlsa ham
Oʻnta otning kuchi bor.

 

Eshagim polvon eshak,
Koʻp xushnafas eshagim.
Aybi boʻlsa, birgina,
Odamemas eshagim».

 

Bozor ahli kuladi:
Shunaqa ham boʻlarmi?
Eshak axir eshak-da,
Eshak odam boʻlarmi?

 

Boshqa aybi boʻlmasa,
Bunday ulov qayda bor?
Eshakni olib ketdi
Arzonga bir xaridor.

 

Qutuldimdeb azobdan
Shukur aytdi Matmusa,
Pulni hamyonga solib,
Uyga qaytdi Matmusa.

 

Qaytdi-yu qotdi hayron
Holat — xuddi kechagi.
Ogʻilda bogʻliq turar
Pishqirgancha eshagi.

 

Aftodahol xaridor
Yigʻlab turar qoshida,
Qoʻli, oyogʻi mayib,
Toʻrtta gʻurra boshida.

 

Matmusaga der: «Inson!
Imoningdan qaytdingmi?
Eshak sotding, tepadi,
Tishlaydi, deb aytdingmi?

 

Eshak emas, toʻngʻiz-ku,
Bu maxluqing meni yer.
Senda boshqa gapim yoʻq,
Eshakni ol, pulni ber».

 

Matmusa javob aytar:
— Senga eshak sotganman.
Hushyor boʻl, deb tayinlab
Odammas, deb aytganman.

 

Endi qolma yoʻlingdan,
Men bilan gap talashma,
Arzon deb bir adashding,
Boshqa sira adashma.

 

Doʻstlar!
Siz ham Matmusa
Hikmatin unutmanglar.
Eshaklardan hech qachon
Odamiylik kutmanglar.

 

 

MATMUSANING BOGʻI

 

Dono boʻlib Matmusa
El koʻnglini chogʻ kildi.
Donishqishloq chetidan
Qoʻriq ochib bogʻ qildi.

 

Bogʻ mevaga kirganda
Yigʻin boʻldi kattakon.
Matmusaga oʻqildi
Ming olqishu sharaf-shon.

 

Qishloq uchun bogʻning ham
Darkorligi bilindi.
Matmusaga shu kundan
Maosh tayin qilindi.

 

Bogʻ bor, bogʻbon bor, endi
Bir rahbar ham keraqdir.
Ish koʻrgan bir ulugʻ zot
Tayinlandi direktor.

 

Bogʻ bor, bogʻbon bor, mana
Rahbarlik bor, ish katta.
Sekretarsiz, shofyorsiz
Boshliq boʻlmas albatta.

 

Boshliq boʻlmas albatta
Bir juft oʻrinbosarsiz.
Toʻrtta zavga sakkizta
Yordamchi ham zararsiz.

 

Choʻt qoqishga oʻn kishi,
Pul sanashga qirq odam.
Yarim qishloq — zampompom,
Yarimqishloq — pomzamzam.

 

Bir yil oʻtgach donolar
Bogʻni taftish qildilar.
Oʻrgandilar, hamma ish
Joyida deb bildilar.

 

Faqat shtat qisqartish
Zaruratga oʻxshadi.
Buyruq boʻldi, Matmusa
Bogʻbon ishdan boʻshadi.

 

Ey siz, doʻstlar, borsangiz
Bizning Donishqishloqqa —
Qoʻnib oʻting gʻaroyib,
Bogʻboni yoʻq u boqqa.

 

Oʻzingiz bir xisoblang
Xodim koʻpmi, qumursqa…
Kirib oling siz ham bir
Telefonlik yumushga.

 

1976-1991

 

Erkin VOHIDOV

 

“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.