Gul qiymatini aylama arzon, ey gul

0
172
marta koʻrilgan.

Abdullo Ansoriy ruboiylaridan

1

Shu lahza senga fidoyi jon lozim emish,

Ruhingga nisor ruhi ravon lozim emish.

Kim qolgay ekan jahon aro bilmasmen,

Ey doʻst, chunonsanu chunon lozim emish…

 

2

Yod etmasa yorni mard dilin shod etmas,

Yor, der yuragi oʻzgaga faryod etmas.

Ishq yoʻlida oshiq degani andoqdir,

Doʻzax neyu jannat nimadir, yod etmas…

 

3

Yuzingga boqish rohati joni jovid,

Tunlarda oʻzing oysenu kunduz xurshid.

Kunlar qoraysinu oqarsin koʻzlar,

Diydoriigni bir koʻrarga yoʻq ersa umid…

 

4

Yuzing, malagpm, qiblai jondin ravshan,

Koʻzim toʻla yosh, boʻyla firoq etmishsen.

Ishqing bila men boʻyla choʻzibman qoʻlni,

Sen sabr ila boʻyla oyoq tortmishsen…

 

5

Ishqing bila, ey sanam, koʻzimda yoshim,

Shamdek yonamen, yonar sabr-bardoshim.

Tunlar uzanib, oʻylaki, tong otguncha

Jonim kuyadir, nuqul kesuvda boshim…

 

6

Ul oraz gulpoʻshi sumanposhint xush,

Ul koʻzi xumoringu qalam qoshing xush,

Ul tun kabi, sumbul kabi zulfing xushdir,

Oshiqqa jahllar ila ayloshing xush…

 

7

Sen menga xayot erursan, chun elga nafas,

Yoʻlingda hama shu dinu dunyoyi havas.

Har kimsaga mehring-la harorat yetmish.

Ul barcha sovuqlik menga qolmishdir, bas…

 

8

Ol jomni qoʻlingga, may ila oʻldirgil,

Qoʻy ikki jahonni, gʻam yemay oʻltirgil.

Gar ikki jahonga sohib ermassen, bas,

Doʻzax aro mast, bihishtda hushyor yurgil…

 

9

Gar koʻnglim aro mulki muhabbatdirsan,

Voy, buncha rahmsizu beshafqatdirsan.

Qoshing chimirib, qoʻy meni holimga, dema,

Ey taʼbi baland, sen menga qismatdirsan…

 

10

Qoch nodon esa boy-badavlat kishidin,

Tuban turadir oʻshal zamon darvishidin.

Ul molu bisoti ila koʻp xursand erur,

Bul xursand erur oʻz ilmiyu donishidin…

 

11

Koʻz ochdi bahor va ochdi darvozasini

Olam aro yoydi soʻngra ovozasini.

Sen ham, malagim, olam aro yuz ochgil,

Koʻrsin, tanisin bahor oʻz andozasini…

 

12

Ishqing bila, ey toshyurak, kofirkesh,

Otashda yonib, kezar jahonni darvesh.

Sen boʻyla tabiatli erursan, shahring,

Tong yoʻqki, shahidlar qabriga toʻlgan emish…

 

13

Yondirdi sanam, chu shamchiroq etdi meni,

Sargʻaytdi yuzim, bandi firoq etdi meni.

Yongan mahalim yonida tutdi shamdek,

Soʻng tashladi, oʻzidin yiroq etdi meni.

 

14

Ishq ichra meni olovga solding andogʻ,

Vasling tilabon dilimda dogʻ ustiga dogʻ.

Koʻnglim kuyadir oʻylaki hijroning ila,

Doʻstingni qatl etuvchisan misli charogʻ…

 

15

Koʻrganmi birovki aql ila toʻlgay ishq,

Rahbar agar aqlu xush eea, soʻlgay ishq.

Oshiqqa shu ishq yoʻlida oʻlmoq afzal,

Ey xoʻja, bilurmisen, nechuk boʻlgay ishq?

 

16

Harchand yuribon koʻyingda men xoru xijil,

Yuz dardu alam yurakda boʻlmish hosil.

Yoʻq, sendin emas shikoyatim, shaʼmi Chigil,

Bois bariga, voh, shu koʻngildir, shu koʻngil.

 

17

Har kimsaga ochma ruhi xandon, ey gul,

Gul qiymatini aylama arzon, ey gul.

Hoy, qiynama oʻzni, etma ranjon, ey gul,

Oshiqqa jafo aylama, ey jon, ey gul…

 

18

Ey garchi sening uchun sovuqmen, sardmen,

Lek ranju balo jangiga tushgan mardman.

Bir kun senga gar sidqu vafo aylamasam,

Shul kun, sanamim, ishq yoʻlida nomardmen.

 

19

Ishqingda gʻamu gʻussa chekib, oshiqmen,

Hajringda tunimni tong etib sodiqmen.

Qismat menga ranji dil va koʻz yoshi emish,

Oʻlsam oʻlamenki, ishq aro sobitmen…

 

20

Har lahzada sabr ila qarorim sensan,

Bazm aylar esam, avji bahorim sensan.

Parvona erurman, evrulib boshingdin,

Chun avvalu oxir ustivorim sensan…

 

21

Laʼling, sanamim, may erur, ayshu tarab,

Nordonligi bor bir oz, bor bunga sabab.

Yolgʻiz may emas, labingda tuz ham bormish,

Tuz mayga qoʻshilsa, boʻyladir taʼm, ne ajab…

 

22

Shodlik bu jahonda dili shoding boʻlsin.

Har lahzavu on yurakda yoding boʻlsin.

Bedodlik etarsen menga, dod istarmen,

Ey sadqa shu jon oʻshal bedoding boʻlsin!..

 

23

Devoring soridin qoʻzgʻolib toʻzon, bas,

Boshimga yogʻib, koʻzim ochishga qoʻymas.

Koʻyingda gʻaming ila xiradmandlar xush,

Har kim senga shod ermas esa, shod oʻlmas…

 

24

Har kimsa koʻyingda zoru asru boʻlgay,

Bor davlatidin bir yoʻla ayru boʻlgay,

Ishqingda yuzim-ku sargʻayib, zar boʻldi,

Hijroning ila erib-erib, suv boʻlgay…

 

25

Bildimki, harorat sababi – otashi tab.

Dil oʻt sari burdimu sovuqlik sari lab.

Tunlarda firoqing ichra oʻlmay qoldim,

Sen birla boʻlib oʻlarmen endi, vo ajab…

 

26

Har kimsaki domingga giriftor oʻlmish,

Ey jonu jahon, ssnga oʻshal xor oʻlmish.

Har dilki senga jon-la xaridor oʻlmish,

Ey doʻst, oʻshal munisu gʻamxor oʻlmish…

 

27

Chun koʻrdi meniyu gul ochdi mayin.

Uyquli, xumor koʻzlarini yumdi keyin.

Gʻam chekma, dedi, yori vafodoring oʻzim,

Shul soʻzni degan labingga qurbon boʻlayin…

 

28

Aflok meni ishq oʻqi-la etdi afgor,

Ofoq shu tanim surdi, supurdi takror.

Ishq birla koʻringki men qayon yetmishmen?

Bir pashsha koʻziga jo boʻlar holim bor…

 

Jamol Kamol tarjimalari

 

“333 ruboiy” (Toshkent, “Musiqa” nashriyoti, 2007) kitobidan

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.