“Gʻamingdan koʻngulda darmon qolmadi”

0
197
marta koʻrilgan.

Mahsatiy GANJAVIY

(XII asr)

 

RUBOIYLAR

 

Mard oʻl, gar joʻmardlik sen uchun shior,

Boshim silamoqlik nahot senga or?

Zar berar boʻsamga dunyo shohlari,

Zorsiz sen bir oʻpich olmassan, ey yor!

 

* * *

Nomurod ayladi meni bu zamon,

Qoʻlidan kelgani – zahmatu ziyon,

Tilaging shu ersa chirpirat meni,

Toshingday aylantir, ey charxi davron!

 

* * *

Sevgi minbariga chiqdik qachon biz,

Ishqdan oʻzga kalom demadik hargiz.

Bizning bu manzilga qadam bosmasin

Ishq ichra yonmagan, muz kabi hissiz.

 

 

 

* * *

Oshiqlar uyining darvozasi, bil,

Koʻpdan beri boʻlmish bizim bu manzil.

Mevamiz qaygʻudir, behushlik mudom,

Shodlik bu xonaning mehmoni, degil.

 

* * *

Birovlarga kuning qolsa, bu – yomon,

Qurigan shox soya solibdi qachon?

Sabr – aziz aylar, tamaʼ etar xor,

Tansiq narsalarga qanoat darkor!

 

* * *

Jonga ora kirmas bu pul – bevafo,

Barchani supurgay ajal berizo.

Xarobotdan chiqib bir pir soʻyladi:

“Shod yasha, tuproqda yotgung benavo!”

 

* * *

Gʻamingdan koʻngulda darmon qolmadi,

Bu yoshlik shavqiga poyon qolmadi.

Ishqing bir oʻlimdir, bu xira nafas –

Tiriklik nomidan nishon qolmadi.

 

* * *

Gar haqning boshida boʻlsang hamki toj,

Seni-da yigʻlatar bir kun ehtiyoj.

Eling dardini bil, unga yaqin boʻl,

Bir kun oʻzing elga boʻlarsan muhtoj!

 

* * *

Bu havo, sahroni tutgan zarralar –

Kayqubod, Faridun xoki muqarrar.

Dunyo ham falakning qoʻlidagi jom,

Qon toʻla piyola, desam, rost boʻlar.

 

* * *

Oltin dedi: “Men ham kuningda kerak,

Tuz kabi muhtojdir menga har xoʻrak.

Meni oʻlik kabi tuproqqa koʻmma,

Hayot uchun men ham eng yaqin koʻmak”.

 

* * *

Purxun koʻzlarimdan oqqan jolalar

Xanjardan silqigan qizil qon qadar.

Bagʻrim kabob oʻldi – xundur selobi,

Kabobdan qon seli tommasmi magar?

 

* * *

Koʻngli egrilardan, bukrilardan dod,

Nomard erkaklardan yaxshiroq arvod.[1]

Bevafo doʻstlardan dushman aʼlodir,

Beburd doʻst uyidan oyogʻingni tort!

 

* * *

Sham yonar boshidan, koʻz yoshi toʻkar,

Soʻxtasin darchadan birov irgʻitar.

Boshing-la maqtanma, shamdan saboq ol:

Mahv oʻlar boshidan oyoqqa qadar.

 

* * *

Ne bois jismingni yondirdilar, sham,

Yoʻldan ozdirdilar bunda bir oqshom?

Sen oʻzing soʻylagil, naylasin agar

Kuyib kul boʻlmoq-chun yaralsa odam?

 

* * *

Seniki boʻlsa Chin, Misru Rumo ham,

Bilki, sening boʻlur butun dunyo ham.

Imoning pok saqla, oʻn arshin kafan,

Uch arshin yer oxir qismating, odam!

 

* * *

Ey doʻst, muhabbating – jonima tuzoq.

Sening bir visoling – ming bir ishtiyoq.

Aqlu qarorimni olmish nozlaring,

Sabr deganlari koʻngildan uzoq.

 

* * *

Xarobotga koʻngling boʻlmasa, kirma,

Darveshlik tariqin bilmasang, kirma.

Boshidan oʻtganning yoʻlidir bu koʻy,

Bu yoʻlda jon qurbon qilmasang, kirma!

 

* * *

Xarobot – manzili joʻmard erlarning,

Bunda oʻrni yoʻqdir badkirdorlarning!

Ixlos-la qadam qoʻy bu joyga, bilki

Haddi yoʻqdir bunda hiylakorlarning!

 

* * *

Ey, sen ishvalari goʻzaldan goʻzal,

Noz etma, injima, rahm et loaqal!

Ey, sen qoshlariday vaʼdasi egri,

Ehson de bu jomni, toʻkmagil bir gal!

 

* * *

Koʻzimdan sochildi qatra-qatra qon,

Koʻklarga sovurdim tuproqni, inon.

Kimning duosi bu, bilmasman, ey doʻst,

Ki daryo gʻamingdan tirik qoldi jon.

 

* * *

Iqbol kelib bu kun koshonamizga,

Dunyo, qulingman, deb kiradi soʻzga.

Davlatki, dononi izlab kelibdi,

Kulib boqar endi tole ham bizga!

 

* * *

Aqdu band etilsa er bilan xotin,

Shariat ishi der, yoʻl beradi din.

Nikoh etilganman ruboiyga men,

Bormi bu nikohni qoʻllovchi oyin?

 

* * *

Yonar tosh boʻlsang-da, ey soqiy, magar,

Ajal yomgʻirlari bir kun soʻndirar.

Bu dunyo – bir kaft xok, mutrib, gʻazal ayt,

Soqiy, davra aylan, boda sun, yetar!

 

* * *

Senga jon bagʻishlay gul dudogʻimdan,

Qora zulflarimdan, ol yonogʻimdan.

Shod-xandon, mastona raqsga tushay

Chang chalib shod etay visol bogʻida.

 

* * *

Oyu Zuhromudir yuzing va koʻzing,

Yusuf chohi erur xol birla yuzing.

Sen bugʻdoy, men somonpoyadek sariq,

Somonsiz bugʻdoy hech koʻrdingmi oʻzing!

 

* * *

Dudogʻing-la meni asir qil, jonon,

Makka toshiga elt, aylagil qurbon.

Gunohim bor esa, qoʻy, zindon oʻlsun –

Mendek gunohkorga chohi zanahdon.

 

* * *

Yorning tomiriga shox qoʻygan zamon

Hazir boʻl, injitma, tabib, nogahon.

Axir yor qoʻliga urgan nishtaring

Bir uchi qalbimga sanchilur, ishon!

 

* * *

Sen ariq boʻyida sarxush sahar payt,

Oy yuzli jononim, ey sarvi qomat!

Men koʻza koʻtarib kelurman bu yon,

Suv – asli bahona, diydor – gʻanimat!

 

* * *

Bul kecha dilbarim mehmon nihoyat,

Yolgʻiz tushlaridan aylar shikoyat.

Ey, kecha, dard-qaygʻu boʻlsang-da ketma,

Otma, tong, boʻlsang-da baxtu saodat!

 

* * *

Yorim barmogʻida uzuk boʻlsaydim,

Uning qoʻllarida koshki, yonsaydim.

Har gal yor kamondan oʻt otgan chogʻi

Gulday dudogʻidan oʻpich olsaydim…

 

* * *

Gul dedi: “Ochmadim qiygʻos gʻunchalar,

Termadim saodat bogʻidan samar.

Gulob qilmoq uchun meni uzgan qoʻl

Bandimday kesilgay bir kun muqarrar!”

 

* * *

Yam-yashil chamanda tovlanadi gul,

Bulbul zavqi joʻshib aylar arzi dil.

Ajab, har ikkisi maftun, mahliyo:

Gul – qisqa umriga, toqliqqa – bulbul!

 

* * *

Majlisning koʻrkidir gul bila chechak,

Gul – goʻyo koʻylagi toʻzgʻigan goʻdak.

Koʻrdim: qizarmishdir hayoli gʻuncha,

Lablarida duru gavhar tutgandak.

 

Gulning vatanidir chaman mudomo,

Koʻylagi yirtilmish etakkacha to.

Dedim: kim toʻzitdi sabr pardani?

“Men” dedi shivirlab saharxez sabo.

 

Uygʻon, ikki yuzli ishvakor oʻgʻlon,

Lutfu qiliqlari fitnakor oʻgʻlon.

Bergan vaʼdalaring uzum suvidek

Qadahdan toʻkmagil, ayla or, oʻgʻlon.

 

* * *

Tashnalab oʻldim men, qaqradi koʻzim,

Zolim oʻqlariga yoʻq tobu toʻzim.

Ishqning olovinda suvday eridim,

Gʻarqu gʻarqob boʻldim selida oʻzim.

 

* * *

Visoling-la toʻlin kechalar ketdi,

Kiprikdan uzilib injular ketdi.

Dilimning rohati, munisim, har ne –

Sen ketding, sening-la barobar ketdi!

 

* * *

Ey, sabo, sasingga boʻlayin qurbon,

Malak avlodiga etsang-chi ayon:

Koʻrdim, intizoring boʻlib bechora

Mahsatiy yoʻl uzra bermoqdadir jon!

 

* * *

Uyqu yoʻq, seningsiz gʻarib kechalar,

Uyqusiz koʻzimdan otash sochilar.

Zulfingdek toʻzgʻigay tushlarim mening

Banogoh koʻzlarim ilinsa sahar.

 

* * *

May berki, bu falak gʻamlarga makon,

Ey yorim, jonimdan toʻydirdi hijron.

Men kabi shodlikni sevganni nechun

Bodasiz, jononsiz xoʻrlaydi davron?

 

* * *

Bir zahri botildir, kakradur firoq,

U jonni yoqquchi shavqu ishtiyoq.

Oʻlim – jon xalosi, oʻlimdan yomon –

Bu yorugʻ dunyoda yordan ayrilmoq.

 

* * *

Yorimdan ayirdi bu makkor falak,

Koʻzim jolasiga doʻst qildi yurak.

Vasliga muyassar boʻlmadim bir bor,

Ayriliq jafosi ayladi halak!

 

* * *

Ont ichayki oftob jamoling haqi,

Anbar sochlaringning shamoli haqi,

Parishon koʻnglimning chamanzorini

Har kecha sugʻorgay koʻz yoshim oqib.

 

* * *

Qalbim oshiqlarning sardaftaridir,

Ishqing azobiga bir mushtariydir.

Toshdan ham qattiqsan bagʻri toshlikda,

Jabringga dosh bermoq zoʻr hunarimdur.

 

* * *

Istadim: Ajamdan bir noma bitsam,

Qalbim qon boʻldiyu boʻgʻdi meni gʻam.

Yuragim xuni-la bitdim xatimni,

Yigʻladik ham maktub, ham men, ham qalam.

 

* * *

Maktubim ivitdi koʻzlarim nami,

Qon rangida yonar har bir raqami.

Qalam ham men kabi gʻamboda erdi,

Boshi-la yigʻlardi yozguncha gʻamni.

 

* * *

Yozar esam sevgim ming yil yetmagay,

Ishqing hikoyati hargiz bitmagay!

Sigʻmas bu hikoyat qogʻoz-qalamga,

Ming noma bir suhbat oʻrnin tutmagay!

 

* * *

Koʻrdim: Juma bozor yoʻlning roshida

Kaklik sayrar edi burgut boshida.

Kakarlab derdiki: “Jafokor bir kun

Shunday marg topadi falak toshidan!”

 

* * *

Qassobsan, qurboning oʻxshayman bu choq,

Dosh bergum suyakka yetsa-da pichoq.

Qassobning ishidir kesganni sotmoq,

Sen meni oʻldiru, sotmagil biroq!

 

* * *

Menga ataganin u novvoy dilbar

Qoshu qovoq qilmas, noz ila tutar.

Xamirday iyladi ishqida meni,

Qoʻrqaman, non kabi kuymasam sahar…

 

* * *

Oy yuzlisan, ajab tikuvchi oʻgʻlon,

Senga yuz Mahsatiy chokardir, inon.

Har qatim tortganda shakkar labingga

Ipakday teginsam, yoʻq edi armon.

 

* * *

Men qum elovchiga boʻlaman hayron,

Tilim lol sirimni etgali bayon.

U-ku tuproq elab axtarar oltin,

Kaftimda tilloyu uni izlayman.

 

* * *

Ey, shohi dilorom, yasha ming yillar,

Soyangda baxtiyor kun koʻrsin ellar.

Har yil ming oy boʻlsin, har oyda ming kun,

Har soat ming kunga boʻlsin barobar.

 

* * *

Tulporing falakka urardi tuyoq,

Sendan judo qildi uni ham firoq.

Boshini kesdilar argʻumogʻingni,

Quyrugʻiga hech kim tegmadi biroq.

 

* * *

Ey, shohim, shohlardan aʼloyu mumtoz,

Senga baxt dulduli – toledan niyoz.

Oltin tuyoqlari botmasin deya,

Tuproqqa kumushdan soldi poyondoz!

 

* * *

Shohning lashkariga filingdan qiron,

Vaziringga asir ming qaysar, hoqon.

Ruxingga sadagʻa boʻlsin bu jonim,

Shohlarni taxtidan tushirding, jonon!

 

* * *

Emishki: pistaning ogʻzi boʻlar tor;

Sening qatoringda tursa – pista xor.

Pista dahoningga oʻxshayman desa,

Demak, adabsizdir, chaqib qoʻygil, yor!

 

Ozarbayjon tilidan Oydin HOJIYEVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3


 

[1] A r v o d – xotin.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.