Figʻonimdan kuydi olam…

0
198
marta koʻrilgan.

Muhiddin Abdusamatov 1982 yilda tugʻilgan.

2003 yili Oʻzbekiston milliy universiteti  jurnalistika fakultetini, 2005 yili OʻzMU va Yozuvchilar  uyushmasi qoshidagi Oliy adabiyot kursini tugatgan.

2005 yili yosh ijodkorlarning Zomin seminarida gʻolib boʻlgan.

“U” (Toshkent, “Oʻzbeksiton yozuvchilar uyushmasi adabiyot jamgʻarmasi” nashriyoti, 2005 yil) kitobi nashr etilgan.

“Yoshlar kitobi – 2008” (Toshkent, “Sharq” NMAK, 2008), “Sevgi fasli” (Boku, 2010) toʻplamlariga sheʼrlari kiritilgan.

Ayni damda “Qishloq hayoti” gazetasida masʼul kotib boʻlib ishlaydi.

 

Yurak bogʻlarimga yana keldingmi?!

 

Muqaddima

Yigʻishtirib barcha istiholani,

Unutmasdan sira qondosh elingni,

Moʻjizam, yaratib goʻzal moʻjiza,

Yurak bogʻlarimga yana keldingmi?!

Bunda har bir daraxt seni qoʻmsaydi,

Bunda har bir daraxt vaslingga tashna.

Tashlab ketolmaysan tandosh elingni,

Ildizing yurakka tutashgan.

 

Birinchi fasl

Funchalar ogʻzini ochar hayratda,

Orzu qilishadi senga oʻxshashni.

Sen bogʻga gul yonib kirib kelganda

Bulbullar toʻxtatar sayrashni.

Izingni oʻpgandan maysalar xursand,

Telbaday boshini sarak-saraklar.

Seni yuqoridan bir bor koʻrgali

Boʻy choʻzib qaraydi teraklar.
 

Ikkinchi fasl

Daraxtlar koʻp yaxshi koʻradi seni,

Kelib tur… koʻrib tur… darakla…

Shunda shodligidan shaʼningga

Qarsaklar chaladi daraxtlar.

Shovqinga entikib qaraydi quyosh,

Nurlari qidirib toladi.

Quyoshdan rashk qilib daraxtlar

Seni oʻz bagʻriga oladi.
 

Uchinchi fasl

Yomgʻirlar yogʻmoqda sening shaʼningga,

Yomgʻirlar yogʻmoqda – osmon ifori.

Daraxtlar poyingga yuragin toʻshar,

Izingdan ergashar ildiz qoʻporib.

Sen maʼyus ketasan. Ingraydi yurak.

Sen maʼyus ketasan. Moʻltiraydi jon.

Daraxtlar bezovta – sochlarin yular,

Yana diydoringga yetishar qachon?!

Toʻrtinchi fasl

Bu bogʻda daraxtlar majnunhol,

Ular tashrifingga oʻrgangan.

Kelsang gar qoʻl choʻzar osmonga

Seni yana bir bor koʻrgandan.

Ohlari osmonning raʼyini

Oʻziga ogʻdira boshlaydi.

Qutlugʻ tashrifingga boshingdan

Rahmatlar yogʻdira boshlaydi…
 

Xotima

Koʻpdir bizning qushlardan ulfat,

Daraxtlardan doʻstimiz koʻpdir.

Sirimizni tingladi osmon,

Izimizni maysalar oʻpdi.

Yoʻqdir bizning zarracha armon,

Biz bilmagan goʻshalar yoʻqdir…

…endi menga ruxsat ber, jonim,

safarimning soqoli chiqdi…

 

 

Va yana…

 

va yana tillosin yoʻqotib osmon

va yana sharroslab yigʻlasa yomgʻir

va yana muhabbat boʻlib sargardon

va yana jizillab tinmasa bagʻir

va yana namiqqan jiqqa tushlarim

va yana ivigan koʻzning surati

va yana ilkingni ilkis ushladim

va yana oʻpmoqqa yetmas jurʼatim

va yana…

 

 

O, Moʻjizam

 

O, Moʻjizam,

sening poyingga choʻkib,

Koʻzlaringdan toshgan

mehringni tuysam.

Chashmi zilolingni koʻzimga tikib,

«Yoʻqoling…»

deysan.

Shodlikdan barglarin toʻkar yuragim,

Lahzada ulgurgum

tirilib,

oʻlib…

Soʻzlaring tuyular tasavvurimda

«Yoʻq… qoling»

boʻlib…

 

 

Ota, mehnat degani…

 

Ota,

mehnat degani

bemavrid abr ekan,

qora sochlaringizga

hijjalab qor elabdi.

 

Ona,

zahmat degani

qip-qizil shoir ekan,

qarang, peshonangizga

satrlar qoralabdi.

 

 

Saningsiz…

 

Saningsiz man, bilmam, kimman –

yuragimda turdi ogʻriq.

Kaftlarimda toʻlib ummon –

tilagimda turdi ogʻriq.

Toʻrt tarafim keng nimarsa,

saroblarga teng nimarsa.

Qoʻlim choʻzib yeng shimarsam –

bilagimda turdi ogʻriq.

 

Yurak tepar qobirgʻamni,

oʻpar… oʻpar… oʻpar gʻamni…

Jon degani sob boʻlganmi –

suyagimda turdi ogʻriq.

Bir yoʻlingni dayr bilsam,

shul yoʻlingda sayr qilsam.

Adashsam-u, sal qayrilsam –

kuragimda turdi ogʻriq.

Saningsiz man, bilmam, kimman –

yuragimda turdi ogʻriq.

Kaftlarimdan toshib ummon –

tilagimda turdi ogʻriq.

 

 

Figʻonimdan kuydi olam…

 

Figʻonimdan kuydi olam,

Seni yerga ekdim, bolam.

Soʻng sugʻordim toʻkib jolam,

Koʻkar maysam. Koʻkar maysam…

 

Tor yelkamda ming bir dardim,

Lek shu dardni dast koʻtardim.

Alamimdan men koʻkardim,

Xoʻsh, sen nega koʻkarmaysan.

 

Koʻkar maysam. Koʻkar maysam…

 

 

Hayot – bu suvlari quturgan ummon…

 

Hayot – bu suvlari quturgan ummon,

Bilmaydi mehr ne, shafqat nimasi?

Men – Robinzon. Qiyin ahvolga tushgan –

Suvga agʻnab tamom choʻkkan kemasi.

 

Osmonday bepoyon mening sarhadim,

Ummonni yutganday ichaman choyni.

Yuragim – toʻtiqush – yakka sirdoshim,

Yashayman kutgancha bir Jumavoyni.

 

Muhiddin Abdusamatov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.