Faxriya

0
96
marta koʻrilgan.

Sharh soʻraymi, olov rang – Oʻzbekiston tongi bu.

Kurant sasi jaranglar – qutlugʻ Toshkent bongi bu.

Oʻz poytaxti, oʻz tugʻi, oʻz tugʻrosi mangu bu,

Tunlari tongdan tiniq Oʻzbekistonim mening.

 

Chiroyda Tong yulduzi bilan yonma-yon oʻlka,

Har bir tamal toshining oʻzi bir doston oʻlka,

Kechmishi, kechirmishi dunyoga ayon oʻlka,

Jon fido qilsa arzir jannat makonim mening.

 

Bobolarimiz xoki-poki shu tuproq-toshda,

Orzu, umid, ruhlari aks etadi quyoshda,

Nasibamiz, naslimiz bilinar bir qarashda,

Bir ushalib, ushalmay kelgan armonim mening.

 

Sen muqaddas beshigim, onam, ona tilimsan,

Oʻz aytar qoʻshigʻimsan, ertam, ezguligimsan.

Men seningsiz yasholmam, koʻkday manguligimsan,

Boladay koʻzga yaqin Sir, Zarafshonim mening.

 

Tuprogʻi oltinga teng bu elda non oʻrtada,

Yelkadoshlari bilan katta xirmon oʻrtada,

Toʻy-tomosha, jamiyat, orzu, armon oʻrtada,

Qatorda oʻz oʻrni bor alp pahlavonim mening.

 

Daryolar suvga serob – togʻlaring qorli boʻlsin,

Erta kuning yana ham bogʻli, bahorli boʻlsin,

Umring bezavol, boqiy, ishing barorli boʻlsin,

Yasharib, yashnayotgan Oʻzbekistonim mening.

 

Toʻra SULAYMON

 

14-16. VII. 90

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.