“Erur yuz pora koʻnglum tori zulfung yodidin”

0
106
marta koʻrilgan.

MAʼDAN gʻazallaridan

* * *

 

Boda tut, soqiy, rahi mayxona koʻrguzgil manga,.
Barqi istigʻnoyi ishrat yona koʻrguzgil manga.

 

Charxdin kom istamak ermas bani odamga qurb,
Muttaqoyi ishqdin afsona koʻrguzgil manga.

 

Vodiyi hijrona chekkan ranjdin oʻlmam malulg
Suhbati chugʻz istaram vayrona koʻrguzgil manga.

 

To nuzul oʻldum, qadahdin dayr aro boʻldum xumor
Soqiyo, rahm aylagil paymona koʻrguzgil manga.

 

Qatrai ashkimni toʻfoni jununsoz aylagil,
Maʼrifat daryosidin durdona koʻrguzgil manga.

 

Shomi hijron uzra koʻnglum zohiri ermish xomush,
Shohsori subhdin uygʻona koʻrguzgil manga.

 

Har qachon bazm ahlidin qatʼi taalluq aylaram,
Bori gʻamdin sogʻari rindona koʻrguzgil manga.

 

Ishqdur, Maʼdan, rafiqim vaqti gʻam tugʻyonida,
Paykarim uryoni gʻam parvona koʻrguzgil manga.

 

 

* * *

 

Koʻngul ummidi choʻx ul mohpaykar iltifotidin,
Karam yoʻxmu gadoya boʻsayi husning zakotidin.

 

Meni masrur etarsan choshnii laʼli labingdinkim,
Xush ermas Xizra muhtoj oʻldugʻum obi hayotidin.

 

Erurkim har itobing hindular taryokidin achchigʻ,
Soʻzung lazzatlidur ul misrilar qandu nabotidin.

 

Kaloming sirridin bir zarra rohiblarga fosh etsam,
Kechibon butparastlar, bezilur lotu manotidin.

 

Yuzung koʻrgach damodam jazbai shavqim boʻlub gʻolib,
Yonar koʻnglum qushi parvona yangligʻ oʻz visoqidin.

 

Sarigʻ ruxsorima har dam qizorib oning olidan,
Chiqarman el aro mashshrta aylab el uyotidin.

 

Xaridori matoi ishqman hayrat doʻkonida,
Malomatlar boshimda, xijlati naqdi kasotidin.

 

Bitildi har na maqsud roqimima maqsadim, voiz,
Mango sharh etma zikri doʻzaxing fikri baxotidin.

 

Kerakmas huru jannat muddaodin oʻzgaga, Maʼdan,
Mufassirlar demangiz ravzai rizvon sifotidin.

 

* * *

 

Avvalo gʻam loyidin jismimni ijod etti charx,
Gʻamga xoʻ qildim dogʻi yuz qatla gʻambod etti charx.

 

Nola taʼsir etmadi tuzdum tazarruʼ torini,

Ul tazarruʼ uzra yuz ming zulmu bedod etti charx.

 

Bir necha agʻyordin sirrimni ixfo asradim,
El aro rasvoligʻim tahriri bunyod etti charx.

 

Talx komim oʻlmayin Shirin mazoqi laʼlidin,
Xusravi Parvizdek.xasmimni Farhod etti charx.

 

Shohidi jomi nishotim soz edi may bazmidin,
Sindurub may zarfini koʻnglumni noshod etti charx.

 

Kunda yuz ming jabr ila zulm etmakin, ey doʻstlar,
Bilmanam poʻshida kimdin oʻrganib, yod etti charx.

 

Qildi taʼzirim mening xursheddek gardun aro,
Oʻldururgʻa vazʼining qatlimgʻa jallod etti charx.

 

Bul tiriklik domidin boʻldim sivo, ming shukrkim,
Oʻldurub gʻam ilkidin Maʼdanni ozod etti charx.

 

* * *

 

To xusumat raxshini dahr uzra javlon etti charx,
Bevafoliq rasmini xublargʻa farmon etti charx.

 

Oyu kun, anjum, malak, sonsiz kavokib xaylining,
Iztirob ila falak toqinda sarson etti charx.

 

Koʻk aro Isr tajarrud, yer uza ovora Xizr,

Har kimi bir navʼ men yangligʻ parishon etti charx.

 

Koʻb fusun naqshin chekib har dam sipehr ayvonigʻa,
Yuz tuman makri ila taklifi mehmon etti charx.

 

Goʻstarib hayrat bisotin tarhi gardun uzrakim,
Shomi zulfin koʻrsatur tun husnini qon etti charx.

 

Boda bazmin tarqatib mahfilim jamʼiyatin,
Lashkari anduh ila toroju tugʻyon etti charx. <

 

Umr poyoni vidoʼ etti safar raxtin tuzub,
Bu fano bozoridin naqdimni toroj etti charx.

 

May chekib dildor ila jom erdi, Maʼdan, ulfatim
Oʻt yoqub mayxonama oʻtlugʻ nayiston etti charx.

 

* * *

 

Muanbar kokulingni mushk birlan gʻola yozmishlar,
Labingga uqday kofurdin buthola yozmishlar.

 

Muqaddar munshilar arbobi husning musʼhafi uzra
Toʻlun oy jadvaligʻa sunʼ birlan hola yozmishlar.

 

Pari gulchehralar tumori tasxiri aloyiqdur,
Fusun ahli qiyomat nasridin timsola yozmishlar.

 

Na yangligʻ qona tabdil rang olibdur kifriking oʻqi,
Yuraklar porasidin anga yuz parkola yozmishlar.

 

Emasmu mazhabi ishq ichra joyiz Koʻhkan shavqi,
Ki lavhi Besutun satriga tarhi lola yozmishlar.

 

Koʻngul purgʻam, yurak obila hamdam koʻzda yoshim qon,
Sango husnu latofat, manga ohu nola yozmishlar.

 

Shabi ohimdin onjoq Maʼdan oʻldi tiyra gardunkim,
Sirishkimdin taqi kim Shomu Chinni ola yozmishlar.

 

* * *

 

Mani afgor edanlar, kosh, man yangligʻ figor oʻlsun
Ki, furqat bodasin singʻon tarab jomigʻa zor oʻlsun.

 

Mening mahbusi zindoni malomat aylaganlar ham
Mazallat tufrogʻina yostonib xor oʻlsa xor oʻlsun.

 

Chekib ishratrabosin sukr oʻlub bexud oʻlanlargʻa
Mudaqqiq dard berkim, el ichinda sharmsor oʻlsun.

 

Degil ushshoqakim majzubi ishq oʻlmish budur chora,
Chiqib sahroya, Majnun dafʼidek benangu or oʻlsun.

 

Turobimgʻa qadam qoʻygʻach tahammul pesha qilgʻilkim
Mabodo hilʼati nozing gʻuborimdin gʻubor oʻlsun.

 

Jahon maʼmurasidin oʻzga maqsudi murodim yoʻq, ,
Boshim farshi harimi dargahi ul shahsuvor oʻlsun.

 

Zalilu mustamandu xor deb, Maʼdangʻa taʼn etma,
Anga hijron muborak, sanga davlat poydor oʻlsun.

 

* * *

 

Chekib qatlimgʻa saf ul xayli mujgoningga sallamno,
Koʻngul shamʼin yorutgʻay, zaxmi paykoningga sallamno.

 

Vafo rasmin tuzub, nooshnoligʻ shevasin buzgʻan,
Jatrodin yuz oʻgurgan ahdu paymoningga sallamno.

 

Jahon chun kulbai attor yangligʻ atrbez oʻldi,
Abiromiz zulfi anbarafshoningga sallamno.

 

Mening Majnun kibi nokoma inʼoming nisor etkim,
Falaq shohi degay rashk ila ehsoningga sallamno.

 

Samodin to samakka partavi husning boʻlub lomiʼ,
Bu koʻzgu uzra aksi mehri ruxsoringga sallamno.

 

Amiriy gulshani nazmida afgʻon aylakim Maʼdan,
Degay bulbul navou savti ilhoningga sallamno.

 

* * *

 

Har kimi ilgida singʻan jom ila sahbosi bor:
Jomi Jam, mirʼoti Iskandardin istigʻnosi bor.

 

Bir muvofiq boʻlsa yori dahr aro har kimsani,
Layliyu Shirinu Uzrodin qachon parvosi bor?!

 

Oftobi orazingdin bahraye, jono, olur,
Ushbu olam ichra kimning diydai binosi bor.

 

Soqiyo, koʻrsat jamoling aksini jom ichrakim,
Xasta koʻnglum ilgida jon naqdidin barnosi bor.

 

Koʻhkan Shirina, Uzrosiga Vomiq faxr etar,
Ishq bozorida har Qaysni bir Laylosi bor.

 

Gʻam yemam kofir koʻzung oʻldursa ming yoʻl ne uchun,
Laʼli jonbaxshingda bil yuz ming Masih anfosi bor

 

Dahr mahbubigʻa, Maʼdan, bogʻlamas koʻngul ne deb,
Bir pari-paykar, quyosh yuzluk malak siymosi bor.

 

* * *

 

Bahori husni ruxsoring gulidin boʻlmogʻa toza,
Bu koʻnglum bulbulining nolishigʻa yoʻqtur andoza,

 

Erur yuz pora koʻnglum tori zulfung yodidin, vahkim,
Magarkim bu kitob ul rishta birlan topti sheroza.

 

Yuzung koʻrgan kishi ne vajhdin qonlar yutar mandek,
Lni gar qilmasa mashshota rangi zulmdin toza.

 

Jamii xoʻblar daʼvosi botil boʻldi husningdin,
Barobar kelmagandek sehrlar izhori eʼjoza.

 

Emasdur koʻzlarim koʻrmak uchun bul tan hisorigʻa,
Kezib fikring chiqargʻa jon erur bu ikki darvoza.

 

Bu zulfu koʻzu qoshingni tamannosida har soat,
Jafolar toʻrt yondindur manga behaddu andoza.

 

Jarasdek nola qilsam, ayb qilmanglar mani Majnun
Ki, ey Laylivashim, cheksam agar har sori xamyoza.

 

Ne tong, oʻrtansa jonim shamʼ oʻtigʻa shavqdin har tun,
Erur to xalq aro, ey bevafo, husningdin ovoza.

 

Mani bu Volai shaydoligʻimgʻa chekmagʻay taʼna,
Kishi bir qatla koʻz solsa agar ul husni navtoza.

 

* * *

 

Ketib ul shoʻx, ketmish jismdin jonim soʻrogʻ uzra,
Magar mushkin xatingdin nafhaye yetmish dumogʻ uzra.

 

Mashomimgʻa sabo gar nakhate keltursa, tong ermas,
Parizodim tararmish sunbuli zulfin tarogʻ uzra.

 

Mening qatl aylagʻach chugʻzi adular qatl komidin,
Taloshur itlari qonimni koʻrgach ityalogʻ uzra.

Dedim, oʻldur, mening qonligʻ-boshim yoʻlungda pomol et
Yaroshuqdur mening qonimgʻa gul laʼling dudogʻ uzra.

 

Dema hech kimga zulm etmodi Maʼdan dahri zulmoniy,
Nagʻu Farhodning taʼzir etib oʻldurdi togʻ uzra?

 

* * *

 

Orazing fikri bila gulzor aro bemor gul,
Septi shabnamdin yuziga suv magar afgor gul,

 

Sayri gulzor ayladim goʻyo koʻrub akoi ruxing,
Elga olmish mushti zar qilmoq uchun isor gul.

 

Har bahor istab nasiming vaslidin yuz til bila
Aylamish har bir nido ahlidin istifsor gul.

 

Gashti gulzor aylasang, kel diydam uzra, ey sanam,
Bermasun nogah kafi poyinggʻa bir ozor gul.

 

Ogʻzingu koʻzung xayoli birla fikr aylab yuzung,
Gʻuncha qon yuttiyu nargis boʻldi bemiqdor, gul.

 

Aylamish bodi sabo ul dam sazovori xazrn,
Orazingdin lahzai kim aylasa izhor gul.

 

Zarraye xurshid ruxsoringni raxshon aylading,
Xalq aro Maʼdan kibi boʻlgʻay adam guftor gul.

 

* * *

 

Suyungʻil, ey koʻngulkim, davri ishrat jom kelturmish,
Gʻam oʻldi munfailkim, shodlik paygʻom kelturmish.

 

Quyun yangligʻ junun dashtida sarson oʻlma, ey koʻngul,
Sabo ul gulshani firdavsidin inʼom kelturmish.

 

Zulayxo imtisolim Misri davlat uzra shod oʻlkim,
Bugun solori baxtim Yusufi gulfom kelturmish.

 

Quyoshdek orazingdin nakhati subhi saodatkim,
Koʻngul bexudligʻin tark aylagʻon orom kelturmish.

 

Qazo sayyodi, olam kosasidan voqif oʻl, Maʼdan,
Senga bir donai maqsud birlan dom kelturmish,

 

* * *

 

Na mavzundir koʻngul bogʻida zebo qaddi shamshoding.
Taolilloh, na soat birla soneʼ qildi ijoding.

 

Sogʻindim qumri yangligʻ qomating koʻzlab xiyobonlar
Ki, boʻlmas har qayu mavjuda tushsa sarvi ozoding.

 

Parivashlarga husning lavhi taʼvizi tagʻofuldur
Ki, mahjublargʻa tumori junundur xatti irshoding.

 

Kitobi orazing ul sajdai mehrobi xat oʻlmas,
Erur zuhhodlar zikrnla uryon sharhi avroding.

 

Senga hirzi nafas vobastai qaydi tamannodir,
Biyobonlarda Majnun rogʻibi, togʻ uzra Farhoding.

 

Koʻngul sayd oʻldi koʻrgach donai xoling savodinkim,
Qoʻyib ul dona birlan domi tazvir boʻyla sayyoding.

 

Itobu shevai javru jafo oʻrgandi sendin charx

Ki, charx ustodi sansan, ey muallim, kimdur ustoding?

 

Mening har kunda yuz ming qatla oʻlmakdur faolimkim,
Menga oʻlmaq faroiz, senga vojibdur bu muʼtoding.

 

Xaloyiq naqdi umri sarfi tugʻyoni qazo boʻlsa,
Erur Maʼdan shahidi gʻamza birlan tigʻi bedoding.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.