Endi diydor yaqin, muhabbat yaqin…

0
148
marta koʻrilgan.

***

Tor koʻngilni ezar battar tor xona,
Toʻzgʻigan xayollar tentirar hadsiz.
Xonaning changlarin artib qoʻyish-chun,
Eshikda iymanib turar farrosh qiz.

 

Koʻnglim bilan birga mudraydi borliq,
Yarim qorongʻuga oʻrgangan koʻzlar.
Bir dunyo qogʻozga koʻmilib borar,
Koʻmilib boradi eng yorugʻ hislar.

 

Deraza pardasi ochilar birdan,
Xonaga bostirib kira boshlar kun.
Gʻuborlar ichidan chiqib kelaman,
Farrosh qizga xalal bermaslik uchun.

 

Jon kira boshlaydi har bir buyumga,
Bitta-bitta ranglar ochilib borar.
Yengil shamol bilan koʻtarilgan gard
Quyosh nurlarining sochlarin tarar.

 

Uni kuzataman eshikda turib,
Sakkiz yil orqaga qaytgim kelyapti.
Boʻgʻzimga tiqilib turar bir hadik,
Unga hammasini aytgim kelyapti.

 

Asta pichirlayman, eshitmas biroq,
Vujudni egallar begona bir his.

– Mening koʻnglimning ham changlarin artgin,
Yurakni tozalab bergin, farrosh qiz!

 

… tonish

 

Kuzda kurtak ochgan bogʻ boʻlib ketdim,

Toqqa doʻq urdimu togʻ boʻlib ketdim,

Ishqdan bemor edim, sogʻ boʻlib ketdim,

Endi ishqqa tashna oʻtaman, chogʻi…

 

Telba ruhman, biroq tanga qaytaman,

Aqlman – vujudga, jonga qaytaman,

Muhabbatdan tonib, bir soʻz aytaman:

Koʻngilda zarra ham qolmasin dogʻi.

 

Koʻzingda bir tomchi yosh koʻrgan palla,

Chap koʻksimda parcha tosh turgan palla,

Gʻururim poyingga bosh urgan palla

Ishqning soʻnganini sezdim ham gohi…

 

Hayot

 

Yoʻllarimni buncha toʻsmasang,
Bir emas-ku men bilan yoʻling.
Men eng baland togʻni koʻzlasam,
Poyiga ham yetmadi qoʻling.

 

Shuncha oson oʻldimi qadr,
Oʻralashib qolding men bilan.
Qoidani buzyapsan, axir
Kurashsang-chi teng-tenging bilan.

 

Endi senga yot ham boʻldimmi,
Ustozlikdan tondingmi nahot?!
Har tomonga otib, umrimni
Chalkashtirib yubording, Hayot!..

 

Chegara

 

Yana koʻchangizga boryapman, mana,
Oradan shuncha vaqt ketsa ham oʻtib,
Sizga borar yoʻlda, svetoforning
Yashil chirogʻini turibman kutib.

 

Koʻrishmadik. Mana, ming yil boʻlibdi,
Har bir soniyasi – yana million yil.
Uchib borayapman… Bir lahza qoldi,
Svetofor chirogʻi haliyam qizil.

 

Oʻsha tanish koʻcha, hammasi tanish,
Oʻsha qari chinor, oʻsha argʻimchoq.
Koʻzimni yumib ham oʻtaman bundan,
Faqat bir lahzaga immillar chiroq.

 

Endi diydor yaqin. Muhabbat yaqin.
Bir lahzadan keyin boshlanar visol.
Yuragim urishdan toʻxtaydi hozir…
Qani, yashil chiroq, boʻlgin, yonaqol!

 

Axir, bu damlarni kutdim million yil,
Gʻururim ustimdan kulib yuribdi.
Bugun jurʼatimni yengdim-u, biroq
Hamon qizil chiroq yonib turibdi…

 

Reallik

 

Yashashni istadim oʻlmaydiganday,

Chidadim sabrim hech toʻlmaydiganday.

Kulsam – chin koʻngildan kuldim. Yigʻlasam –

Yigʻladim hech qachon kulmaydiganday.

 

Chin koʻngildan kimning koʻnglini oldim,

Hech kimga yolgʻon soʻz aytmaydiganday.

Qayerga borsam ham borimcha bordim,

Ketsam ham hech qachon qaytmaydiganday.

 

Dadaxon MUHAMMADIYEV

 

Yoshlik”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.