Tuygʻu
Hayratlanur koʻzlar,
Hayratlanur qalb,
Oʻzi shundoq boʻlar yoshlik mahali.
Lekin hayratingni qoʻymagin sarflab,
Ulugʻ moʻjizalar oldinda hali.
Hayotda duch kelar turfa vaziyat,
Koʻzlaring nogahon yoshga toʻlajak.
Uni ham, mayli, sen bir nafas toʻxtat,
Xursand chogʻlaringda kerak boʻlajak.
Boshqa bir tuygʻu ham mavjuddir biroq,
U ketsin dil degan toza gulshandan.
Azizim, gʻazabdan forigʻ boʻl tezroq,
Ruhingni xalos et faqat oʻshandan.
Vatan sevgisi
Vatanni sev, sevgin borini,
Togʻlarining qorigacha sev.
Hukm deb bil ixtiyorini,
Cheksiz, tubsiz gʻorigacha sev.
Vatan mehri boʻlinmas, aslo,
U hammaga barobar nurday.
Vatandoshman, deganning, ammo,
Sevib boʻlmas barchasin birday.
Abadiy sado
Mening bir odamim, yaʼni, soyam bor,
Yuradi ergashib, mudom izma-iz.
Koʻrinishi oddiy, hatto xokisor,
Lekin gapirmaydi, aytmas biror soʻz.
Qachon biror joyga borsam mabodo,
Buni daftarida qayd qilib qoʻyar.
Toʻyu hashamda ham ergashar hatto,
Pastda qolib ketsa, qovogʻin uyar.
Mening bir odamim, yaʼni, soyam bor,
Uning kimligini aslo bilmasman.
Balki bekorchidir, balki havaskor,
Lekin kuzatadi, shubha qilmasman.
Bir kitob oʻqidim – ajib va ajab,
Nomi ham qadimiy: “Zindon va Soqchi”.
Qaysidir zamonda barchani aldab,
Qochib ketgan ekan bitta aygʻoqchi.
Kallamga chaqmoqdek oʻy keldi, hayhot,
Oʻzimning dilimni yoritdi gʻoyam!
Oʻrta asrlardan qochib kelgan zot –
Nahot oʻsha odam? Nahotki soyam?!
Bayot
Qoʻling ochiq ketma dunyodan, joʻra,
Bir oʻtov, toʻrt echki mayli bisoting.
Har kimga mingashib yurgandan koʻra,
Qirchangʻi esa-da boʻlsin oʻz oting.
Balki tortinchoqdir farzand – arjumand,
Doʻstlar ham koʻkdagi qushlarga monand,
Biri novvot boʻlsa, birovichi qand,
Ular bor – shirindir taxir hayoting.
Olis safarlarda yolgʻiz qolsang ham,
Umidsiz oʻylarni dilga solsang ham,
Madorsiz yiqilib, butkul tolsang ham,
Elu yurt boʻlgaydir sinmas qanoting.
Oʻkinma, lafzi yoʻq nomardni koʻrib,
Muttasil aldaydi yoningda turib,
Nodonlar yursalar davronin surib,
Chidaysan bariga, bordir saboting.
Sening boshqalardan farqing yoʻq, aslo,
Cen ham bandadirsan bandalar aro,
Bir kun orzularing chorlasa ammo,
Boshlab borgʻusidir sheʼring – bayoting.
Yomgʻir
Yomgʻir yogʻsa shoirlar
Erk berarlar miyaga,
Tayyor mavzu topildi,
Tizarlar qofiyaga.
Yomgʻir yogʻsa qushlar-chi,
Tahlikaga tushadi
Va, lekin, sevishganlar
Zontikka yopishadi.
Yomgʻir yogʻsa bemahal
Kuyar oʻzbek dehqoni:
– Hosilni poymol qildi,
Yetdi qancha ziyoni.
Jenevalik quvonar
Yomgʻir yogʻmasin qachon:
– Havo ancha tozarib,
Yashnaydi yana gazon.
Olloh baraka sochar
Qay fasl, qay palladir,
Kim qanday qabul qilar?
Bu boshqa masaladir.
Netgaysan
Nodoʻst kimsalarga quchogʻing ochib,
Begona yurtlarda toʻylab netgaysan.
Tikonli yerlarga qadaming bosib,
Chamanzor ekan deb, kuylab netgaysan?
Tengsiz boylik erur Vatanning bori,
Daryosi hayotdir, qumligi dori,
Agar qiz koʻrinsa qoʻshnining yori,
Devordan behuda boʻylab netgaysan?
Rostgoʻyni izladim shavqlarga toʻlib,
Topganda quvondim, topmasam soʻlib,
Toʻgʻrilik turganda, sharmisor boʻlib –
Yolgʻon-yashiqlarni soʻylab netgaysan?
Senga tanishtiray dunyoni birrov,
Hali iz tushmagan u tonggi qirov,
Agar sen oʻtmasang, oʻtadi birov,
Pastu balandini oʻylab netgaysan?
Tush
Olisdasan zamindan – yerdan,
Yetolmaydi birorta chaqin.
Yaqin boʻlib qolasan birdan,
Millimetr. Undan ham yaqin.
Olam buncha muattardir, oh,
Boʻylaringdan boʻlaman sarxush!
Koʻz ochaman uyqudan, nogoh,
Koʻtarilar oramizdan tush.
Baho
Birov seni maqtasa agar
Erkalanib, haddingdan oshma.
Kimdir tanbeh bersa ham magar,
Gʻazablanib daryoday toshma.
Bu dunyoda koʻp erur hakam,
Loʻttibozdir va yoki oqil.
Baho bergan senga qay odam,
Eng avvalo, oʻshani topgil.
Boyqaro
Koshonaning koʻrkam bogʻida
Savlat toʻkib, amirlar aro,
Chogʻir hoʻplab gohi-gohida,
Osh yer edi sulton Boyqaro.
Birdaniga qisildi koʻkrak,
Birdaniga yoʻqoldi orom.
Bir luqma osh – ichida soʻngak,
Tomogʻiga tiqildi tamom.
Ahli tabib shu zahot boqib,
Afsungarlar boʻldilar giryon.
Koʻzidan yosh daryodek oqib,
Arang nafas olardi Sulton.
Oyu yillar oʻtdilar sekin,
Yurt ham bunga koʻnikdi hatto.
Baʼzi dard bor, oʻldirmas, lekin
Hamroh boʻlar mahshargacha to.
Eshitgan doʻst, albat, qon yutgan,
Na gʻanimlar bundan rizodir.
Bu – Sultonning oʻzi qatl etgan
Nabirasi Moʻmin Mirzodir.
Soʻnggi makon
Qayga borib qoʻnar uchayotgan sor,
Qaysi joyda toʻxtar yugurik ohu?
Javob berib boʻlmas bu gapga zinhor,
Bu jihat yopiq deb, aytilgan, yohu!
Uzoq yillar yashash har kimga armon,
Garchi dunyo oʻzi foniy, muvaqqat.
Filda ham bor emish eng soʻnggi makon,
Insonga buyursin Vatani faqat.
Kamolot
Sen eslay olmassan,
Xayolan, ammo,
Beshikda yotgan u chogʻlaringga qayt!
Kim seni ovutdi sahargacha to,
Kim seni oyoqqa turgʻizgandi, ayt?
Qaysi zot til berib, chiqardi yoʻlga,
Sheʼr ayta boshlading birdan chuldirab?
Insonlik yuqmasa agar koʻngilga,
Yurarding Maugli kabi gʻoʻldirab.
Keksa goʻdak boʻlib, silab soqoling,
Davraning toʻrida oʻltirmoqlik or.
Sen ham tushun endi boshqalar holin,
Axir, shuʼla kutgan goʻshalar bisyor.
Agar bir moʻysafid soʻrasa madad,
Yoʻldan oʻtkazib qoʻy, hech boʻlmaganda.
Shaklga solingan et eding faqat,
Ulgʻayib, toleing gar kulmaganda.
Shukr qil, kamolot kelsa yaraqlab,
Yarashgay tulporu kamar bilan toʻn.
Bir lahza boʻlsa-da, porlab, charaqlab,
Elu yurt koʻksiga yulduz boʻlib qoʻn!
Abdulla ORIPOV
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3