Elga saodatni, doʻst, duolaringda soʻra

0
147
marta koʻrilgan.

 * * *

Boshga gʻam tushgan kuni insonga inson koʻz tikar,

Tark etiblar uyquni insonga inson koʻz tikar.

 

Dardkashim boʻlgaymi deb, holimi soʻrgaymi deb,

Koʻksidan chiqmay uni insonga inson koʻz tikar.

 

Bagʻrima boshin qoʻyib yigʻlaydi necha doʻstu yor,

Angladim bir maʼnini – insonga inson koʻz tikar.

 

Koʻzlarim mungʻaydi goh koʻngilga hamdam topmayin,

His eturman tuygʻuni – insonga inson koʻz tikar.

 

Shul erur mardumligi, shohmi qul dersan uni,

Xohi tongu, xohi tun insonga inson koʻz tikar.

 

Gohi shod boʻlganda ham, dil obod boʻlganda ham,

Shod etay deb koʻnglini insonga inson koʻz tikar.

 

Tezda bor Chorshamʼ seni kutgan azizlar yoniga,

Buzma odob rasmini insonga inson koʻz tikar.

 

* * *

Umrdin ne xato oʻtdi – oʻzimdin izladim doim,

Koʻngildin ne balo yetdi – soʻzimdin izladim doim.

 

Barorim borida bildim muhabbat jonima aro,

Firoqdin ne nido yetdi – koʻzimdin izladim doim.

Visol menga mahol erdi, mahollik koʻp malol erdi,

Sanamdin ne jazo yetdi – boʻzimdin izladim doim.

 

Ketib bordim, boshim olib choʻlu sahro tomon yo Rab,

Yoʻlimni kim ravo etdi – izimdin izladim doim.

 

Oʻzimga yolgʻiz u ravshan nechun Chorshamʼga moyilman,

Tunimni kim qaro etdi – roʻzimdin izladim doim.

 

YIGʻLADIM

 

“Buxoro koʻchasi tor deb yigʻladim”,

Bagʻrida bir goʻzal bor deb yigʻladim.

 

Sigʻmayin kelgandim bu dunyosiga

U ham balki menga zor deb yigʻladim.

 

Koʻnglim nofarmondur, koʻksim bedorman,

Bu xor ichida kim xor deb yigʻladim.

 

El ichra ishqimni oshkor etmayin

Oshiqni oʻldirar or deb yigʻladim.

 

Bosh olib ketsamda keng koʻchalarga

Chorshamʼda alamlar bor deb yigʻladim.

 

* * *

Uyqu kelmay tunlari dunyosini oʻylayman,

Yeru havo, suv olov, kimyosini oʻylayman.

Yulduz toʻla osmonga uzoq-uzoq termulib

Zuhal, Mushtariy, Mirrix, Zuhrosini oʻylayman.

 

Hammasiga masʼuldek bilarman oʻz-oʻzimni,

Odamzodning oʻtmishi, uqbosini oʻylayman.

 

Qayda erur ibtido, qayda boʻlur intiho,

Bu borliqning manguli savdosini oʻylayman.

 

Odam baxti nimada bu davri-davron ichra,

Yashamoqning mohiyat, maʼnosini oʻylayman.

 

Va bir sogʻinch tuyarman muhabbatga, hayotga,

Ruhi jonimning mehrigiyosini oʻylayman.

 

Chorshamʼ, tafakkur etmoq baxti bor ekan shukr,

Ijod, ishtiyoq, nazmu navosini oʻylayman.

 

* * *

Biz baribir tabiatga tobeʼmiz,

Sirga toʻla bu xilqatga tobeʼmiz.

 

Yer ustida gʻavgʻo solib yursak ham,

Yer ostida sukunatga tobeʼmiz.

 

Muhammadga ummat muslim bandalar

Shariatga, tariqatga tobeʼmiz.

 

Yolgʻonlarni aytgan bilan el aro,

Oxir bir kun haqiqatga tobeʼmiz.

 

Baxtimiz bor ekan Chorshamʼ, dunyoda

Alloh ishqi – muhabbatga tobeʼmiz.

 

* * *

Jonimga huzur etguvchi jonona gʻazal,

Koʻnglimni olib oʻtguvchi mastona gʻazal.

 

Nogoh keladur nozu tamannosi ila

Ohangi azal, soʻzlari sharqona gʻazal.

 

Yashnab ketadur bogʻu chaman fasli bahor

Bulbul tunu kun kuylasa insona gʻazal.

 

Ne tashbehu, ne tilsimu, ne jilvasi bor

Olamni asir aylasa durdona gʻazal.

 

Boʻyla, necha davron oʻtibon koʻhna Aruz

Vodiysi aro boʻldi-ku afsona gʻazal.

 

Shoir eli dil rozini doston etibon

Bir dona dilin qilgʻusi ming dona gʻazal.

 

Tong ogʻushida oshigʻi devona etib

Chorshamʼni chunon ayladi parvona gʻazal.

 

* * *

Mehr-muruvvatni doʻst, duolaringda soʻra,

Xayru saxovatni doʻst, duolaringda soʻra.

 

Moʻmin kishi xohishi oxir boʻlur ijobat,

Dinga kamolotni doʻst, duolaringda soʻra.

 

Bagʻri butun, koʻksi tik, qoʻli doim mehnatda

Elga saodatni doʻst, duolaringda soʻra.

 

Dushmaningga dushmanlik qilib yurguncha zimdan

Doʻstga farogʻatni doʻst, duolaringda soʻra.

 

Zamon oʻtib, xalq oʻtib qolur faqat yaxshilik,

Yaxshiga rohatni doʻst, duolaringda soʻra.

 

Duolarda hikmat koʻp, duolarda davlat moʻl,

Dilga diyonatni doʻst, duolaringda soʻra.

 

Qoʻl ochib saf ichida turguvchi Chorshamʼ uchun

Soʻzga sadoqatni doʻst, duolaringda soʻra.

 

* * *

Har nima boʻlmogʻi mumkin bu kecha,

Oy kulib toʻlmogʻi mumkin bu kecha.

 

Yor tikib osmonga oydin koʻzlarin,

Men tomon kelmogʻi mumkin bu kecha.

 

Vasli ishq sogʻinchi toʻlgan koʻngil ham

Oxiri iymogʻi mumkin bu kecha.

 

Ikki dunyoni unut aylab chunonan

Bizga baxt kulmogʻi mumkin bu kecha.

 

Ming kecha kutdi bu tunni Chorshamʼ ey,

Ishq uchun oʻlmogʻi mumkin bu kecha.

 

ChORSHAMʼ

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.