El uchun yashamoq

0
331
marta koʻrilgan.

YANGI YIL JOM SOʻZI

Goʻyo ikki zamon, ikki asrni

Koʻrgan oqsoqoldek, nuroniy, sipo –

Bulutlarni oʻynar tashqarida qish,

Oʻltirib eski va yangi yil aro.

Haykaltarosh qish bu! Butun dunyoni

Oʻrab qoʻydi oppoq chodirga – qorga,

Erta-indin bizni bir quvontirib,

Sahna ochadi u yashil bahorga.

Qish bobo, ijoding barqaror kulsin,

Senga bu yangi yil muborak boʻlsin!

 

Qishloq ustidagi chinorning bugun

Shoxlari izgʻirin bilan olishar.

Uzun kechalarda uxlatmay uni

Qargʻalar goho-goh shovqin solishar.

Garchi oʻtgan umr qaytmas hech qachon,

Chinor, yaproqlaring qaytib keladi.

Bagʻringga bargingdek mitti qushchalar

Mangu qoʻshiqlarni aytib keladi.

Magʻrur salobating shox tashlab tursin,

Chinor, yangi yiling muborak boʻlsin!

 

Horitib yil boʻyi chekkan tashvishlar,

Qattiq uxlab qopti, ana, jon dala.

Tezda uygʻotadi   seni jon bahor

Quvlashib keladi mitti shoʻx qushlar.

Lekin, dalam sevar elimning qoʻlin,

Shundan tandirdagi non yuzi qirmiz.

Shundan har chanoqda toshgani xirmon,

Ochil dasturxondir shundan yerimiz.

Dalam! Uyqing yashil tushlarga toʻlsin,

Senga ham yangi yil muborak boʻlsin!

 

Oʻzbek tuprogʻining bir chekkasida

Keksa dengiz yashar yakka-yagona,

Goʻyo oʻgʻillarin safarga yoʻllab,

Intizor-intizor kutguvchi ona.

Oʻgʻillar olisda, tashvishlar bisyor,

Tezda toʻlib oqar Amu ham, Sir ham.

Toʻlqinlar oʻynoqlab toʻladi Orol!

Ikki oʻgʻling senga mangu intilsin,

Orol, yangi yiling muborak boʻlsin!

 

Doʻstlar! Har yangi yil dilga eng avval

Umid ato etar – qanotlari oq.

Sarbaland parvozlar shundan boshlanar,

Shundan tugʻiladi yulduzlar, chaqmoq.

Yangi yil jomini koʻtarib, deyman:

Koʻkka doʻst tutinsin har koʻngil, har dil.

Dunyoning   tonglari vaqtida otsin,

Orzular yoʻl olsin ishiga dadil!

Orzular, qolgan gap sizlarga qolsin,

Sizga bu yangi yil muborak boʻlsin!

 

UYGʻONISH XABARI

Koʻk tubida har bir muhim oʻzgarish

Shoir uchun bir ashʼorning xabari.

Oq bulutlar qora toqqa suykalib,

Yerga keldi oppoq qorning xabari.

 

Bolakaylar, ana, shoddir qor otib,

Jajji qoʻllar oq shakllar yaratib,

Uchqunlarni kipriklarga taratib,

Yanoqlarda   shoʻx sharrorning xabari.

 

Qishkim, sovuq oynalarga gul solar,

Bizga sirli bir izhori dil solar,

Dildan dilga nurli, oʻchmas yoʻl solar

Bir birovga eʼtiborning xabari.

 

Soʻzla, shoir, soʻzing bilan chiz rasm,

Muborak et yulduzlarning tuhfasin,

El qalbini sira chetlab oʻtmasin

Yuragingning – titroq torning xabari.

 

Bu aziz tong arzir qutlugʻ salomga,

Yerda har jon intiq xush bir kalomga,

Bu keng bogʻlar loyiqdir zoʻr inʼomga,

Shoir qalbi – navbahorning xabari!

 

Yurt shoirdan olmos sabot kutadi,

Oʻylariga dalda, qanot kutadi,

Eng aziz soʻz, tiniq hayot kutadi,

Shudir yurtga ijodkorning xabari.

 

Adabiyat egizakdir kurashga,

Masʼulmiz har ondan xabar soʻrashga,

Yerda tinchlik, doʻstlik qasrin qurishga

Asqotar har doʻstning-yorning xabari.

 

Mayli   bilsin-bilmasinlar Omonni,

Koʻrsalar bas bir safarbar vijdonni,

Haq maqsudim: bezab tursin jahonni

OʻZBEKISTON – gul diyorning xabari!

 

EHTIROM

 

Yer ohista kezar ekan samoda,

Tinchlik degan zoʻr neʼmatga bosh egdim.

Barcha xalqlar hur yashasin dunyoda,

Erkin doʻstlik, teng qudratga bosh egdim.

 

Tong bosqoni alvon nurlar uchirib,

Qir bazmiga lola otar joʻsh urib,

Goh xayol, goh haqiqatga toʻsh urib,

Inson yashar, bu hikmatga bosh egdim.

Chaqmoq bilan qayrab toqlar zangini,

Har bir gulga qaytardi oʻz rangini,

Eskini yod etdi, qoʻllab yangini,

Navroʻz, Ona tabiatga bosh egdim.

 

Qalb – oyina, unda olam jamoli,

Sevgidan ruh olar inson kamoli,

Qoʻsh kabutar qanotining shamoli

Dilga tushdi – muhabbatga bosh egdim.

Yelkasida toʻrt faslni opichgan,

Tuprogʻiga yulduzlarni optushgan,

Har ne mushkul chiqsa magʻrur olishgan,

Tanti oʻzbek, mard millatga bosh egdim.

 

* * *

Yashash bu – orzular qanotin kermoq,

Yashash bu – muhabbat gullarin termoq.

Yashash bu – umrning gulgun damlarin

El uchun yashamoq, el uchun bermoq.

 

Omon MATJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.