“Duo olsang, oʻng boʻlar soʻllar”

0
146
marta koʻrilgan.

ONAM IKKOV DADAMNI ESLAB

 

Kaftingizda yoʻllar moʻl, ona,

Mening yoʻlim afsus soʻl, ona,

Egik boshim yengil silaysiz,

Qoʻllaringiz nechun hoʻl, ona?

 

Deysiz: qirqqa kirmay soching oq,

Tinchlikda-mi bolalar, qishloq?

Toshkent degan qishloqda, ona,

Sabrim oxir, togʻ togʻatim togʻ.

 

Sochlarimning oqi koʻp, ona,

Dushmanlarning dogʻi koʻp, ona,

Yuz-koʻzimda kulgu oʻyilgan,

Bu kulguning ohi koʻp, ona.

 

Bolam deysiz, men bolam deyman,

Sogʻ boʻlgin sen avvalam deysiz.

Topganimda yumshoq non yeyman,

Siz men uchun qattiq gʻam yeysiz.

 

Kaftingizda yoʻllar moʻl, ona,

Chiziqchalar bari hoʻl, ona.

Ariqlarni sugʻordingizmi?

Suvga toʻla oʻnggu soʻl, ona.

 

Jim oʻltirib endi Siz bila,

Soʻylashamiz faqat koʻz bila.

Soʻrovimni koʻzda koʻrmay deb,

Bagʻringizga bosasiz hadeb.

 

 

ONANGGA XAT YOZDINGMI?

 

Ay, aqldan ozdingmi?

Chumolini bosdingmi?

Koʻngling toʻlib ketganda,

Onangga xat yozdingmi?

 

Yoʻllar keng, yoʻllar tordir,

Chin hamrohing ozordir.

Gʻamning adogʻi bordir,

Onangga xat yozdingmi?

 

Pul yopishgan qoʻlingga,

Gul yoziq oʻng-soʻlingga,

Mushtogʻ boqqan yoʻlingga –

Onangga xat yozdingmi?

 

Toʻkib turli taomni,

Toʻlgʻazding dasturxonni.

Ushatgan qora nonni

Onangga xat yozdingmi?

 

Ot yetmasa toy yetgan,

Senga loymas, moy yetgan.

Yoshin kulib berkitgan

Onangga xat yozding-mi?

 

Ust-boshing-ku yaltiroq,

Ye, toʻnim, ye, ye koʻproq,

Koʻylagida bor yamoq,

Onangga xat yozdingmi?

 

 

ONAM XOTIRASIGA

 

Bomdod chogʻi uygʻotgil, ona,

Chimchilagil ikki yuzimdan.

Hayot oʻqdir, yoʻqdir hamxona,

Uyqu oqib tushsin koʻzimdan.

 

Qoʻllarimga jon kirsin avval,

Taqdir lavhi oʻyilgan kaftga.

Oʻz boshimni silashga mahtal

Qoʻllarimni choʻzdim soatga.

 

Uyqu goʻzal, tushimda yana

Doʻstlar bilan baxtiyormiz xoʻb.

Uygʻonganda toʻxtar tantana,

Dushmanlarim yulduzdan ham koʻp.

 

Lanj gavdamni kunduz koʻtarib,

Yuz bor, ming bor egmogʻligim shart.

Ona, tushda qoʻygil yoʻtalib,

Mardlar oʻlib, koʻpaydi nomard.

 

Yayov qoldim, nomardlar otda,

Yoʻllar yoʻlsiz, boshi berk, chalkash.

Uygʻotdingmi, ona, bomdodda,

Tongga yetdim sochingga oʻxshash.

 

 

ONAMNI ESLAB

 

Vatanini kimki yoʻqotdi,

Suyanmoqqa yoʻq orqatogʻi.

Oyoqqa tosh, koʻzga nur botdi,

Vatan ekan onam quchogʻi.

 

Taʼqib qilar lak-lak yov koʻzlar,

Boshdan boshlab bosar tosh soʻzlar,

Yurak yum-yum, unsiz ming boʻzlar,

Vatan ekan onam quchogʻi.

 

Onang boʻlsa, duosi qoʻllar,

Duo olsang, oʻng boʻlar soʻllar.

Onang yoqqa eltmas bu yoʻllar,

Vatan ekan onam quchogʻi.

 

Bu keng dunyo asli tor ekan,

Har bozorda ozor bor ekan,

Suyanching bor, tinching yor ekan,

Vatan ekan onam quchogʻi.

 

Esh yoʻq, xeshing faqat osmonda,

Yov bir, ikki, har toʻrt tomonda,

Kular yayov kechar armonda,

Vatan ekan onam quchogʻi.

 

Gʻamxonada hamxona ohdir,

Onasizga tekis yoʻl chohdir,

Onasi bor odam podshohdir,

Vatan ekan onam quchogʻi.

 

Toʻra MIRZO

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.