Dunyoning kamini aytaylik – toʻlsin

0
232
marta koʻrilgan.

 * * *

Koʻmilgansan tongdan kechgacha ishga,

Taqdirni oʻzgartmoq boʻlgan farishta.

Hayotdan zarra ham etmaysan gina,

Garchi koʻylaklaring ikkitagina.

Tuflingga hech qachon qoʻnmaydi gʻubor,

Usta umrin choʻzgan uning necha bor.

Yashashing – haloldir, mehnating – halol,

Soʻzlaring – taʼmizli, oʻylaring – zilol.

Qarashing – mehrdir, ravishing – ragʻbat:

Jonda koʻtarmoqqa arziysan faqat.

– Uyim boʻlsa edi! –

“Oh” urma tuyqus!

Farishta azaldan yashagan uysiz…

 

* * *

Holim oʻzgadir bugun.

Koʻzimda miltirar yosh.

Shafaq yonadi gulgun –

Quyosh chiqmoqda! Quyosh!

 

Tabassumga qorishib,

Yosh sizadi betimdan.

Olam qanday yorishiq!

Umr esa – oʻtilgan…

 

Amring bu tongni, yo Rab,

Qanday goʻzal butlagan!

Hayotni kulib-yigʻlab

Qutlaganim-qutlagan…

 

* * *

Bogʻ – bezovta. Kezinadi

Daraxtzorda koʻr shamol.

Baʼzan oʻychan turar, baʼzan

Yugurar toʻrt tarafga:

Devorlarga uriladi,

Burdalanar telbahol.

Ming boʻlinib yiqiladi,

Qoqilib ming alafga.

 

Novdalarni silkitadi –

(Bogʻda olma toʻkilar),

Havolarning qatlaridan

Topib chalar nayini.

Yigʻlaydi soʻng kechga qadar

(Ne uchundir oʻkinar),

Derazamga bosganicha

Toʻzgʻinli manglayini.

 

E, voh!.. Shamol!.. Qaylardasan,

Qaydan bu jimlik yetdi?

Qayga borib, toʻxtab qolding,

Kuching tugab, emaklab?

 

Vujudginang qay toʻnkaning

Tagida qolib ketdi?..

Ilhom kirar – yuragimga,

Koʻr shamolni yetaklab.

 

AYRILIQ

 

Taqdir jim oʻrtandi.

Vido – oʻqildi.

Bogʻlaring – toʻkaldi.

Barging – toʻkildi.

 

Ketishing qayondir,

Ey, sen, oʻrtangan?

Koʻzing – biyobondir,

Bogʻing – toʻkalgan.

 

* * *

Ogʻir. Juda ogʻir. Koʻtarmoq

Koʻzingdagi kuzgi charchoqni.

Qachonlardir roʻy bergan aldoq

Nogoh endi umrni yoqdi!

Hamma narsa asli joyida –

Bir soʻz demas aziz odaming.

(U bosh ekkan taqdir raʼyiga),

Yonar faqat sening olaming.

Panjalaring boshingga changal,

Sochlaringga tushib borar oq…

Ammo mantiq charx urar mujmal:

– Yashayversa boʻladi shundoq.

Qara, qolar bu hayot omon –

Taqdir sinmas, umr otilmas…

Faqat sevgi koʻziga bu on

Qaramoqqa hech kim botinmas.

 

* * *

Bu umr ogʻirmidi,

Uzun edimi bu yoʻl?

Ortga boqsam, oʻtgan dam

Bir “oh”ga jo boʻlguday.

Ufqidan ufqi qadar

Uzatsam yetadi qoʻl –

Bir hurlikka yetguda-yu

Bir chohga jo boʻlguday.

 

Jonsarak harakatga

Toʻlgancha jismu joni,

Umr – lahzalik bir qush

Uchib kirmoqda tushga.

Men oʻngda kun koʻrmoqning

Topolmadim imkonin,

Tushimda yashay desam…

 

Umr tushdan ham qisqa.

 

* * *

Doʻst, kelsang-chi! Tegramda kuz.

Hoʻngramoq payti yetdi.

Qayga ketdi yashil nufuz,

Bahorlar qayga ketdi?

 

Satr-satr sheʼr yurakda,

Tuzolmayman baytini…

Bu xazonrez yakka-yakka

“Oh” urmoqning paytimi?

 

Bir kimsa yoʻq. Kuzak toʻzgʻin

Yoʻlni barbod etgandir –

Yigʻlab-siqtab aziz doʻstim

Yuragiga ketgandir…

 

* * *

Qanday yozay sheʼrlarni “oh”siz?

Bu yil ogʻir kuzakning tarzi.

Boshim uzra zil-zambil – choksiz

Qoʻrgʻoshinday bulut gumbazi.

Yomgʻirlar ham dardda zalvorli.

Kuz qapishib – yerga singigan…

Xatlar yozsam, jurʼating bormi

Olmoqlikka kuzning ilkidan?

Bilmaysanmi yo xazonrezni,

Oʻylarmisan, bu ne, qayerdan?

Anglarmisan ruhsoz bu kezning

Yetganini sogʻinchli sheʼrdan?

Qismatingmi shunday beiqbol?

Befaslmi? Bulutsiz koʻkmi?

Barqarormi faqat baxtli hol?

Unda hatto kuzak ham yoʻqmi?

 

* * *

Unutib boryapsan meni, sezyapman,

Chunki yuragimdan ketmayapti kuz.

Cheksiz xazonlikda cheksiz kezyapman,

Oʻn sakkiz ming olam soriq – xazon tus.

Ey, sen! Sheʼrlar yozgan mening bahrimda!

Ey, sen! Bahorlikni rad etgan – kechgan!

Ey, sen! Hayotini ogʻir tahrirda

Dunyoga koʻrsatgan! Zaqqumlar ichgan!

Qaydan bogʻimizda maʼyus fasllar?

Qachon xazon yetdi? Olovlar oʻchdi?

Qachon ado boʻldi mungli asrlar –

Darddan xotiraga betaʼsir koʻchdim?

Oshiq yuragimga pinhon sir oshkor.

Ayon shirin soʻzning achchiq tashxisi,

Nechun yuragimda kuzak bemiqdor?

Unutib boryapsan meni, azizim…

 

* * *

Men nogoh toʻlgʻondim, nogoh toʻlgʻondim.

Negadir bu sahar yigʻlab uygʻondim.

 

Koʻnglim: “Olislarga ketsaydim”, dedi,

Ammo angladimki, ketishsiz edi.

 

Biroq yoʻl yurmoqdan tonish yoʻq edi,

Ammo olislarda olis yoʻq edi.

 

Barcha yoʻl “oh”i yoʻq bir makon edi,

Faqat koʻnglim manim bepoyon edi.

 

Koʻnglim na mantiqqa bu sahar yetdi?

Oʻziga ketdi u, oʻziga ketdi.

 

Nimani axtarib oʻzida chopdi?

Oʻzini, Oʻzini, Oʻzini topdi.

 

Topgani amiru beksizlik edi,

Sarhadi besarhad cheksizlik edi.

 

Soʻzlarning bemiqdor rangi bor edi…

Va faqat tangrining amri bor edi.

 

HAVOGA YOZILGAN XAT

 

Aziz doʻst! Kel! Dardga toʻlib ketyapman.

Men ham yashab boʻldim, oʻlib ketyapman.

 

Kel! Oʻyga tolaylik! Xayol suraylik

Va faqat hayotdan suhbat quraylik.

 

Dunyoning kamini aytaylik – toʻlsin,

Roʻzgʻorning yoʻgʻini aytaylik – boʻlsin!

 

Soʻzlaylik qogʻozga koʻchmas hasratdan,

Noiloj furqatdan, botir jurʼatdan.

 

Hurlikning sogʻinchin sheʼrga ulaylik

Va faqat hayotdan suhbat quraylik –

 

Chunki bizga ayon: azalu oxir

Odamzodning umri uzun vidodir…

 

Ketasanmi? Mayli… Kulib, behadik,

Goʻyo oʻlim yoʻqday xayrlashaylik.

 

* * *

Tunda boqqa chiqsam, salqin taralgan,

Nogoh gʻussa yetgan, kuzak yaralgan.

 

Oyning tegrasida oydin doira,

Gʻuborlar ichinda shuʼlasi tiyra.

 

Huvillab turaman, qunishadi dil.

Holing ne kechadi, yozsiz qolgan yil?

 

* * *

Charxi falak choʻri quyoshning

sochidin sudrab borar,

Bu tomoshodin zerikkan vaqt

otida mudrab borar.

 

Charxi kajraftor ishi mutlaq

manim boshimdamu?

Ne balolar toshi yogʻdi? –

koʻngil yuzi titrab borar.

 

Bunchakim nafis toʻqibsan,

orzu matosini, yurak,

Shom tushibkim, yulduz bino boʻlgʻoch,

falak idrab borar.

 

Bu gʻaraz kecha sukutga bir

lahza ham gʻarq boʻlmagay,

Kim ul taraf yulduz uchib,

bu yon shamol ingrab borar.

 

Meʼmori olam, har dame koʻnglimni

buzding – qoʻymading,

Ne visol istab bu koʻngil

bexonumon mungrab borar?

 

Usmon AZIM

 

“Yoshlik”, 2014 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.