Dunyoni uygʻotgan bobolar uygʻoq…

0
768
marta koʻrilgan.

Buloq

 

Buloq koʻzyoshining asl asosi

Anov choʻqqilarda, tumanli togʻda.

Mening gʻussalarim manbai, rosti,

Oʻsmirlik yoshimda, juda yiroqda.

 

Buloq koʻzyoshidan tiniqib ichib,

Chanqogʻi bosilib, yoʻlchi minnatdor.

Sheʼrlarimni oʻqib, yorishib ichi

Yana sevib qopti, deguvchi ham bor.

 

 

Oʻzingdan oldinda yur

 

Jamla, yigʻvol oʻzingni,

Oʻzingni mustahkam qur!

Berib qoʻyma tizginni,

Oʻzingdan oldinda yur!

 

Davr chopsin izingdan,

Choʻgʻ sachrasin soʻzingdan.

Ortda qolma oʻzingdan,

Oʻzingdan oldinda yur!

 

Oʻv, bola, demasinlar,

Tez boʻl-a, demasinlar,

E, oʻl-a, demasinlar,

Oʻzingdan oldinda yur!

 

Qadamlarni sanama,

On, damlarni sanama,

Odamlarni sanama,

Oʻzingdan oldinda yur!

 

Haq yoʻlin tutay desang,

Odamday oʻtay desang,

Bobongga yetay desang,

Oʻzingdan oldinda yur!

 

 

Soddagina

 

Oyga eltar zina yoʻq,

Ich-etimni yeyman-da.

Qizginaga gina yoʻq,

Sevmaydimi deyman-da…

 

Shuning baxti qaytsin deb,

Menga bekor boqasiz.

“Yoqasiz” deb aytsin deb,

Koʻylak kiymish yoqasiz.

 

Shaharga ishi tushgan

Oʻzimning ohuginam!

Sevgi tashvishi tushgan

Soddagina quvginam!

 

Osmon toʻla oq yulduz,

Ammo koʻnglim zimiston.

Osmondan tushsa gulqiz,

Olam boʻlgay guliston…

 

Koʻzni baʼzi qizlardek

Boʻyolmadi, mayli-da.

Labboʻyoqni sizlardek

Qoʻyolmaydi, mayli-da.

 

Teleminor uzra gul

Koʻzim olganday boʻldi.

Metro ichida bulbul

Sayrab qolganday boʻldi.

 

Ey ustasi faranglar,

Ahvolimdan garanglar.

Qishloqiga qishloqi

Koʻzi bilan qaranglar!

 

 

Maktub

 

Sendan maktub oldim: boʻm-boʻsh bir varaq,

Yurak sensiz boʻm-boʻsh deganingmi bu?

Yoki oq niyatga yozuvsiz bir sharh,

Yoki boʻsh koʻnglimga tutdingmi koʻzgu?

 

Yoki muz oʻlkasin eslatib shundoq

Yodga solmoqchisan qish-qahratonni?

Yoki soviganman dedingmi mutloq,

Behuda oʻtlarga solma deb jonni.

 

Menga xat yoz degan boʻlsang, ehtimol…

Ipak qogʻozingga labimni bosdim.

Koʻchamda shovullab oqarkan shamol,

Sening maktubingga shu sheʼrni yozdim.

 

 

Ustoz shogirdlar

 

Tashakkur! Ming rahmat! Sadagʻa ketay!

Burnim yerga ishqab qilaman taʼzim.

Qaysi til birlakim sharhi hol etay?

Kechagi shogirdlar bugun ustozim.

 

Biri der, pastkashga qilmang yaxshilik,

Oʻz nasliga tortar eshak ham, it ham.

Boshqasi oʻrgatar menga boqib tik,

Sulloh va surbetlar boʻlmagaydir kam.

 

Bittasidan uqdim: sir bu xazina,

Yashirmoq shart uni yomon koʻzlardan.

Biri bir umrlik dars berdi yana:

Qandkasal boʻlasan shirin soʻzlardan.

 

Birovi insonga ishonmang, desa,

Odamzodni sevmang, deydi bittasi.

Oʻzni asrang deya, oʻziga qolsa,

Meni tiriklayin yeydi bittasi.

 

Tashakkur! Ming rahmat! Koʻksimda qoʻlim,

Asl ustozlarim sizsiz, ukalar.

Koʻchada ustoz deb toʻsishib yoʻlim,

Boʻlajak ustozlar mayin suykalar.

 

Bandasin boʻynida qolib ketmas qarz,

Shogirdlar aytgandek qanoat lozim.

Hayot maktabida davom etar dars,

Kechagi shogirdlar bugun ustozim.

 

 

Oʻzingizni ehtiyot qiling

 

Qaraganga qaramang, xonim,

Koʻzingizni ehtiyot qiling.

Balki endi boʻlmas imkonim,

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Och nigohdan va past nazardan,

Sharmanda tor qilgan shahardan,

Uzuk koʻzidagi zahardan

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Begonadir sizga hasratim,

Devonadir koʻngil hazratim.

Sizni men oʻzimdan asradim,

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Sizdan boshqa kimim bor bugun?

Dilim hufton, yurak-bagʻrim xun.

Bir iltimos, bitta men uchun

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Yuragimga egizak qizni

Oʻylab, ado boʻldim… ha, sizni…

Oʻzi meni taniyapsizmi?

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Sizni-ku bir taraf qoʻyganman,

Gullar bilan oʻrab qoʻyganman.

Xudodan ham soʻrab qoʻyganman,

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

Sanasangiz hamki yetti yot,

Ehtiyot shart qildim ehtiyot.

Jon saqladim sizni etib yod,

Oʻzingizni ehtiyot qiling.

 

 

Jonim otashda tun-kun

 

Jonim otashda tun-kun,

Yurakkinam toʻlmaydi.

Bu qizni sevish mumkin,

Lek uylanib boʻlmaydi.

 

Oyga boqmas, ayting, kim?

Unga xushtor koʻp bola.

“Sen ham suydingmi?” “Suydim”…

“Koʻppalami?” “Koʻppala!”

 

Qayda?! Yolgʻon hammasi!

Biz keldik, qani, poʻsht-poʻsht!

U qiz qizlarning asli,

Faqatgina… koʻngli boʻsh.

 

Yuragi bormikin deb,

Qoʻyniga qoʻl solganman.

Bitta shapaloqni yeb,

Bitta oʻpich olganman.

 

Aylanib ketgan olam,

Chirpiragan Koʻkdala.

“Yashkoʻraman judayam”…

“Koʻppalami?” “Koʻppala!”

 

Chiroyli-da… Dil… Ana,

Oy toʻlib kelayotir.

Yuragimda jimgina

Oʻrmalaydi xavotir.

 

Oy nur toʻkarkan sim-sim,

Bir sharpani koʻrganman.

Oyqizni… qoʻlim sinsin…

Bir shapaloq urganman.

 

Yuzin ushlab boqdi jim,

Koʻzidan quydi jala.

“Qizgʻandingmi?” “Qizgʻandim!”,

“Koʻppalami?” “Koʻppala”…

 

Onam aytar: “Poyiga

Gul toʻkaman deysanmi?

Hoy bola, chiroyiga

Non botirib yeysanmi?

 

Tegirmon tepasida

Falonchining qizi bor.

Tagli-tugli, pazanda,

Gap-soʻzida tuzi bor”…

 

Jonim oʻrtanar tun-kun,

Ona, koʻnglim toʻlmaydi.

Unga uylanish mumkin,

Lekin sevib boʻlmaydi.

 

 

Zilzila

 

Yana Yer seskandi… Yana bir qalqdi,

Hindukush tarafda ofat oʻchogʻi.

Koʻzin ochgaymi deb bu dunyo ahli,

Bobolarim ruhi bezovta, chogʻi.

 

Hoziq tabiblarning boshlari egik,

Luqmonlar hayratda zamonga qarab:

“Biz giyohdan malham kashf etgan edik,

Bular zahriqotil tayyorlar, yo Rab!”

 

Iymon qalqonlari – muhaddislarim

Joynamoz ustida tavfiq soʻraydi.

Boburshoh sugʻurib qilichin yarim,

Kaftini soyabon qilib qaraydi.

 

Mavlono Lutfiyga boqar Alisher,

Zamindan koʻz olmas malikul-kalom.

Nechun titramasin, axir, ona yer,

Yaʼjuj-maʼjujlarga sigʻinsa avom.

 

Sharif mozorlarda qarqiragan qon

Zamin javhariga yetdimikan yo?

Bir buyuk larzadan yaralgan jahon

Bir buyuk larzadan boʻlgaymi ado?

 

Dunyoni uygʻotgan bobolar uygʻoq,

Olamni qutqarar buyuk silsila.

Ey odam, ohista qoʻy yerga oyoq,

Hali toʻxtagan yoʻq soʻnggi zilzila.

 

Gap

 

Gap eshitib ulusdan, ajab,

Anglab yetdim, qayerda maʼni.

Eng yomon gap – yerda qolgan gap,

Eng yaxshisi – aytilmagani.

 

 

Iqbol MIRZO,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

 

 1967 yili tugʻilgan. Fargʻona davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Yurakning shakli”, “Koʻngil”, “Seni sogʻinaman”, “Meni eslaysanmi”, “Qoʻshiqlarim”, “Aytgil, doʻstim, nima qildik Vatan uchun”, “Seni bugun koʻrmasam boʻlmas” kabi kitoblari nashr etilgan.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 8-sonidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.