Dunyoni qaytadan kashf etsang nogoh

0
159
marta koʻrilgan.

* * *

Bir ishq boʻlsa,

Koʻksingni tilsang,

Yuraging kaftingda tutolsang unga.

Olib keta olsang jon chiqar qadar,

Oyga oʻyib bersang ismini tunga.

Bir ishq boʻlsa,

koʻksingni tilsang…

 

Bir tun boʻlsa,

Tuganmas, yaldo,

Sheʼrlar bitib olsang, betoʻlgʻoq, besas,

Sukunat kuy chalsa, kuylasa masrur,

Jimgina tinglasang, olmasdan nafas…

Bir tun boʻlsa,

tuganmas, yaldo…

 

Bir oh boʻlsa,

Bir otash nafas,

Kuyib bitsa bari dardu alaming.

Nay boʻlib chalinsang qayta va qayta,

Ohangga koʻmilsa dilxun olaming.

Bir oh boʻlsa,

bir otash nafas…

 

Bir soʻz desa,

Yashaging kelsa,

Dunyoni qaytadan kashf etsang nogoh,

Birdan odamliging esingdan chiqsa,

Nurga singib ketsang, topilsa panoh…

Bir soʻz desa,

Yashaging kelsa…

 

* * *

Bir talpinsam sizga yetaman,

Bir zarb bilan eshik ochilur.

Ammo,

nechun,

tashlab

ketaman,

Sizni desam yurak sochilur.

 

Bir talpinsam, baxtni quchasiz,

Bir xoʻrsinsam qaytar daryolar.

Ammo

nechun,

daryo

boʻlolmam,

Umr oʻtar, oʻtar dunyolar.

 

Bir talpinsam, olam guliston,

Bir shahd bilan gina toʻkilur.

Ammo

nechun,

sirtmoqdir

alam,

Oyogʻimga kishandir gʻurur.

 

Bir talpinsam, menikidirsiz,

Oʻzim ekib, oʻzim oʻrganim.

Bu

shabiston

qismatlar

aro,

Koʻzim ochib, koʻzim koʻrganim.

 

Bir talpinsam, yurak ham toʻxtar,

Qumga singgar, umr toʻlqini.

Odam

boʻlib,

odam

boʻlmadik,

Uchrasharmiz ruh boʻlgan kuni.

 

* * *

Yomgʻir yogʻsa yuragim yigʻlar,

Oy nuridan ruhim muloyim.

Chaqmoq chaqsa suyagim sanchar,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

Shamol bilan kezaman sarsar,

Yulduz uchsa, tafakkur qoyim.

Quyosh yonsa yonaman lov-lov,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

Zilziladan avval titrayman,

Koʻnglimga kelgani ijobat doim.

Kimdir qulogʻimga shivirlar tinmay,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

Sirin aytar daraxtlar, gullar,

Tilga kirar kapalakoyim.

Qushlar xurkmas, kiftimga qoʻnar,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

Gul atridan boshim aylanar,

Dil ogʻrisa, tikanzor joyim.

Qor uchquni labim kuydirar,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

Sezimlarim bunchalar dilgir,

Ruhim kezar samolarda jim.

Yasholmayman odamday boʻlib,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

Men kim oʻzi, qismatim nechuk?

Koinotni tutadir ohim.

Yer shari ham kaftimda toʻptosh,

Menga nima boʻlgan, xudoyim?!

 

* * *

Buncha menga bogʻlanmang, qattiq,

Men burgutman, parvozi baland.

Qoyalarda makonim, izmim,

Qoʻl choʻzsangiz, yetmassiz, harchand.

 

Men togʻlarga oshiqman, sevdim,

Har bir toshda erkim izi bor.

U meniki va men undaman,

O, purviqor, behasad diyor.

 

Meni qoʻlga oʻrgatib boʻlmas,

Ixtiyorim ruhimday ozod.

Shu choʻqqida qismatim ayon,

Meni pastga chorlama, hayot!

 

* * *

– Xayr, – deding va kuzatdim jim,

– Koʻrishguncha chidarmi, yurak?

Xijron bizni halinchak qildi,

Yana

oʻzi

tebratsa,

kerak.

 

 

– Xayr, – dedim, jimgina qolding,

– Koʻrishguncha chidarmi, yurak?…

Dunyosini angladik, yetdik,

Yashash

uchun

sogʻinmoq

kerak!…

 

* * *

Men shunchalar baxtliman,

Undan koʻproq gunohkor.

Orom bilmas sarkashman,

Aybsizmanu aybdor.

 

Dilim daryo toʻgʻonli,

Osmonim bor bir burda.

Umrim yomgʻir, shamolli,

Togʻday choʻkar har tunda.

 

Nima qilsam xatoday,

Bir qarasam uvolman.

Soʻroqlarim javobsiz,

Men dunyoga savolman.

 

* * *

Xuddi toshlar tomchi yutgandek,

Xuddi quyosh oyni kutgandek,

Xuddi dunyo bir zum oʻtgandek

Seni sogʻindim!

 

Misli sayyoh yoʻl topmay abas,

Misli olov ololmay nafas,

Misli dunyo zebu zar qafas,

Seni sogʻindim!

 

Goʻyo shamol toshlarni oʻydi,

Goʻyo bardosh jonidan toʻydi,

Goʻyo yer ham aylanmay qoʻydi,

Seni sogʻindim!

 

* * *

Nega jimsan, nega darak yoʻq,

Xat tashuvchi kabutar qani?

Uzoqdirsan, kiprigimdan ham,

Chak-chak oqar sochlarim qoni.

 

Xiyonatga toʻyganmas dunyo,

U ajdardir, yamlamay yutar.

Mening, sening dardimizsiz ham,

Tonglar otar, quyoshlar botar.

 

Endi bizga sinovlar bekor,

Togʻ boʻlsa ham nuraydi toqat.

Yolgʻoningga ishontir meni,

Ne desang ham jim turma, faqat.

 

Farida AFROʻZ

 

“Yoshlik”, 2017–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.