“Doʻstlar, qadrdonlar, yozing menga xat”

0
106
marta koʻrilgan.

Vladimir Visotskiy

 

***

Uchib borayotir parovoz toʻgʻri[1]

Choʻqqilardan oshib, manzil noayon.

Yigitcha atadi oʻzini oʻgʻri,

Endi yigitchaning hayoti zindon.

 

Shoshma, ey parovoz, shovqin solmagin,

Konduktor, tormozni tutib tur bir oz.

Ochlikdan zoriqqan betob onamga

Soʻnggi salom bilan chiqayin peshvoz.

 

Oʻgʻling kechagidek emas bu mahal,

Mehribon bolangni sogʻinma kuyib.

Meni oʻgʻrilikning ishqi zabt etar,

Endi hayotim ham abadiy oʻyin.

 

Panjara ortida ochar boʻlsam koʻz,

Qafas devorini buzib toʻrt tomon,

Oyning yorugʻini oʻmargan yulduz

Porlagan oqshomda qochib ketarman.

 

Agar payqagudek boʻlsa zobitlar

Kamera bagʻrida qoram yoʻqligin,

Vahima koʻtarib menga oʻq uzar,

Yerga boshim bilan qattiq yiqilgum.

 

Yuviqsiz tanimdan toʻladi yotoq,

Miq etmay yotarman taslim qilib jon.

Soʻnggi bor oʻpgani kelmaysiz, e voh,

Oʻgʻlingiz yuzidan, aziz onajon!

 

Uchib borayotir parovoz, axir,

Uchib borayotir – manzil noayon.

Yigitcha oʻzini oʻgʻri atadi,

Endi yigitchaning hayoti zindon.

 

Toʻxta, ey parovoz, shovqin solmagin,

Konduktor, tormozni tutib tur bir dam.

Onam diydoriga toʻyib olayin,

Soʻnggi salomimni eshitsin, onam!

 

 

Qadrdonlar, yozing menga xat

 

Menga birinchi yil qiyin hibsda,

Oshirilar balki toʻrt yilga muddat.

Ozod dunyongizda ne yangiliklar,

Doʻstlar, qadrdonlar, yozing menga xat.

 

Nelar noʻsh aylarsiz, ichmasmiz sira,

Bu yerda yozu qish sovuqdir har on.

Doʻstlar, xabar bering, yozing baridan,

Bu yerda oʻzgarish boʻlmas hech qachon.

 

Menga juda-juda yetishmassiz siz –

Tanish chehralarni koʻrgim keladi.

Kim bilan Nadyuxa? Qanday? Aytingiz,

Yolgʻiz? – unda u ham yuborsin xabar.

 

Yozgan soʻzlaringiz dardimga darmon,

Qoʻrqinchli – qoʻrqinchli sud erur, faqat!

Maktublar berilmas menga, ehtimol,

Baribir yozingiz doʻstlar, menga xat!..

 

***

– Ey, haydovchi, – Butir qoʻynida –

Qamoqxona sari gazni bos.

– Ikki yilga adashding bu dam,

Hozirda turmaning oʻrnida

Boʻlaklangan gʻishtlar bor, xolos.

 

– Eh, esiz! Qadrdon yerlarda

Boʻlgim kelgan edi subhidam.

Hayda unda Taganka sari,

Koʻrib olay, axir ilgari

Boʻlgan edim Tagankada ham.

 

– Eltib qoʻyar edim-ku, biroq,

Tagankani buzishdi obdon.

– Ey, haydovchi, demak shu ahvol,

Unday boʻlsa, ortga buraqol

Chambarakni – uyimiz tomon.

 

Yoʻq, shoshilma, kel, chekishdan ol,

Kel, yaxshisi ichamiz qittak.

Rossiyada endi hech mahal

Boʻlmasin deb sira turmalar

Koʻtaramiz qadahni yuksak.

 

 

***

Boshlagin,

Oʻylaringni yanchgin poʻstidan.

Tashlagin,

Mayli, qora hammom ustidan!

Baribir

Choʻktirarsan tutunga befarq!..

Uloqtir,

Bilganingcha qil hammomga gʻarq.

 

Gʻarq boʻlarman bugun oxir dam,

Lek shubha bor oqarmogʻimga.

 

Mizgʻima,

Qayda qoldi belbogʻ va nimcha?

Ezgʻilab,

Savalayman oqargunimcha.

Shoshmagin,

Axir, bu toʻrt devor dudlangan.

Tashlagin

Qora hammom ustidan langar.

 

Gʻarq boʻlarman bugun oxir dam,

Lek shubha bor oqarmogʻimga.

 

Qichqirgin

Burchakda bir quvgʻindi kabi.

Yetar, jim,

Qilmoqdaman maysiz ming sabr…

Chidagin,

Sen sirlarim etgan ovoza.

Ot, tagʻin

Itvachchadek boʻlayin toza.

 

Gʻarq boʻlarman bugun oxir dam,

Lek, shubha bor oqarmogʻimga.

 

Boshlagin,

Bir qorovul sotilgan onda,

Tashlagin

Qora hammom ustidan tongda.

Baribir,

Choʻktirarsan tutunga befarq.

Uloqtir,

Bilganingcha qil hammomga gʻarq.

 

Gʻarq boʻlarman bugun oxir dam,

Lek, shubha bor oqarmogʻimga.

 

Rus tilidan

Feruz Neʼmatullayev

tarjimalari

 

 


[1] Vladimir Visotskiyning ilk qoʻshigʻidan tarjima qilindi. Sheʼrga Visotskiy oʻzgartirishlar kiritgan. Muallif nomaʼlum. Shu sababli Visotskiydan tarjima deya qolamiz.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.