Donishmand Sizif

0
499
marta koʻrilgan.

I

Zoʻrning toshi qirga qarab yumalar… Taqir yerda uzoq oʻtirgan Sizif oʻzi ham toʻla anglamagan allaqanday maʼnoda boshini bir sermab qoʻydi-da, ogʻir qoʻzgʻaldi. Asli u novcha-darozgina edi, lekin uzluksiz ogʻir va qora mehnat oqibatida tarashadek qotib ketgan qad-qomati xiyla bukilib qolganidan oldinga osilib turgan uzun-uzun qoʻllari tizzasiga tegay-tegay der, nafaqat qad-qomati, balki diydasi ham qotib ketgan, uncha-muncha gap-soʻzga taʼsirlanavermas ham edi. Vaholanki, bu gapni koʻp eslaydi u, bir paytlar yodiga tushgan zahoti chehrasida beozor-begʻubor tabassum paydo boʻlardi, butkul qismatim mujassam bu hikmatda deb hayratlanar, baʼzan roʻparasida qad rostlagan togʻu toshning, ayniqsa, yonginasida qoʻqqayib turgan xarsangtoshning qulogʻiga yetib borarmikan degan umidda uni baʼzan baralla – ovozining boricha baqirib-hayqirib, baʼzan esa shivirlab aytardi. Qalb tubidan chiqqan yoxud astoydil hayqirib aytilgan gap betaʼsir qolmas deb oʻylardi. Keyinchalik esa, eslashga eslaydi, aytishga aytadiyu, na kuladi, na kuyadi, na pinagini buzadi…

– Hoy, Sizi-if, yalqovlikni bas qil, qara, xarsang intizor senga, xarsangtosh!..

U ohista bosh koʻtarib, ovoz egasini topmoqchi boʻldi, “yalqovlik” dedimi, ola-a, Sizifning shaʼniga istalgan malomat toshini otsinlar, chidaydi, illo yalqov degan taʼna tavqi laʼnatdek eshitildi qulogʻiga, aslida ham yalqovlikka balo bormi bu yerda, axir tunu kunning farqi qolmagan, ochin-toʻqinning farqi qolmagan, hordiq badar unutilgan bu jazo oshyonining har lahza-har soniyasi mehnatdan, mashaqqatdan, uqubatdan yaratilgan boʻlsa! Bu haqiqatni allaqachonlar anglab idrokiga singdirib yuborgan Sizif bisotidagi nodiru nordon soʻzlar uchun ogʻiz juftlab atrofga alangladi, biroq ovoz egasi tugul, daʼvat qay tomondan kelganini ham aniqlay olmadi. Ovoz juda-juda tanish edi, afsus, tanish chehra oʻrnida uning roʻparasida hayhotday xarsangtosh qoʻr toʻkib turar – xarsangdan boshqa nima ham ovoz chiqara olardi bu biyobonda?! – yaqin-yaqindan u tilga kiradigan odat chiqardi va Sizifga qadrdon allakimning juda-juda tanish tovushida toʻsatdan sas-sado taratadigan boʻlib qoldi. Sizif xoʻp oʻyladi, xoʻp urindi, eslolmadi, illo uning ishonchi komil – diydasi metinga aylanib ketgan xarsang shu turishicha hamishadagidek yana va yana Sizifni navbatdagi muhorabaga, olishuvga chorlayotgan edi.

 

* * *

 

Sizif ortiqcha oʻylab oʻtirmadi, nima qilarini bilmay boshi qotgan odam singari chakkasini qashlab ham turmadi, balki ikkala kaftini baravariga xarsangtoshning tagiga suqdi, eti mushaklari poʻlatga aylanib ketgan koʻksi va yelkasi aralash toshga qapishdi, oyoqlarini yerga tiraganicha: “Ha-a yumaloq, ha-a dumaloq, ha-a baqaloq”, deganicha jon-jahdi bilan xarsangni joyidan siljitdi. Butun zalvori bilan yerga qadalgan xarsang xuddi shu turtkiga shay va intiq turgandek, goʻyo yaproqdan yasalgan toshdek yengilgina harakatga tushdi. Xarsangning bu feʼlini Sizif allaqachon tushunib olgandi, binobarin, u darhol oʻzini yarim odim ortga tortib, toshni oʻz holiga qoʻydi. U kuch-quvvatini misqollab sarflamogʻi, har qadam, kerak boʻlsa, holi-qudratini har qarich-har bahya uchun oʻtaketgan xasislik bilan taqsimlamogʻi zarurligini yaxshi bilardi. U koʻz yetar, ammo qoʻlu oyoqlari yetmas manzil – togʻ choʻqqisi tomon bir qur qarab ham qoʻymadi, zero turgan joyidan to ho-ov choʻqqiga qadar masofaning har quloch, har qarichi yod boʻlib ketgan, oyogʻining ostidan koʻz uzmasa-da, togʻ yonbagʻrining qaysi manzilida borayotganini, choʻqqiga dovur yana qancha masofa qolganini besh qoʻlday biladi. Sizif odatda xarsangga tarmashgan damlarda oʻylamaslikka harakat qiladi, ortiqcha oʻylash jismoniy quvvatimni soʻrib oladi deb xavotirlanadi, shu boisdan oʻy-xayollarini-da aʼzoyi badani – vujudidan vulqon yangligʻ otilib chiqadigan shiddatiga payvasta qiladi – uning uchun xarsangtoshni tepalik sari dumalatishdan muqaddasroq, muhimroq, savobliroq burch, maqsad-vazifa qolmaydi. Shu onda xayol uyuriga bulut oʻrkachlari qoʻshiladi, xayolga chirmalgan bulut yoxud bulutga qorishgan xayol daf solganida undan xalos boʻlish oson kechmaydi, ustiga-ustak, kuchi qirqilishi oqibatida toshning dumalashi susayishi, yoʻlning unmasligi ham mayli, bunday damlarda xarsangtoshdan koʻra qop-qora bulutga toʻyingan oʻy-xayollari yuz, ming karra ogʻirroq, zalvorliroq tuyuladi Sizifga – xarsang va xayol qadrdonlashib olsa bormi, Sizif yolgʻiz, nochor va abgor bir holatga tushar, halizamon ular ikkov jipslashib men tanhoni naq majaqlab tashlashadi degan xavotirda qochgani joy topolmay qolardi. Yoʻq, Sizif zinhor bunga yoʻl qoʻya olmaydi, yoʻl qoʻymaydi ham, zero, peshonasiga urilguday boʻylashib turgan xarsangtoshni ho-ov anavi choʻqqiga olib chiqish uning yagona maqsad-maslagiga, umrining maʼno-mazmuniga aylanib ketganini biron lahza unutmaydi, u shunga mubtalo, shu boisdan ham, qanday boʻlmasin, xotinini nomahram nazardan qizgʻangan erkakdek xarsangtoshning metin vujudi bilan apoq-chapoqlashib ketgan xayollarini amallab undan ayiradi. Xarsang qancha tosh bosadi, bordiyu, tarozining pallasiga qoʻyilsa, necha botmon chiqadi, umuman uni choʻqqi sari surib chiqarishga inson bolasi qodirmi yoʻqmi, bular va shunga oʻxshash savollar, ishtibohlar ustida Sizif juda koʻp bosh qotiradi, biroq ularning birortasiga tayinli javob topolmas, bari-barchasi bekor-behuda degan qarorga kelibgina qoʻl siltardi. Sizif bu qarorini haqiqati mutlaq sifatida qismatiga, tolelarga limmo-lim taqdir lavhlariga oʻchmas qilib muhrlab tashlagan. Eshigi-tuynugidin yoʻq nishon, aft-basharasi, koʻz-qulogʻi nihondin-nihon yum-yumaloq, dum-dumaloq, baq-baqaloq – xarsangtosh emas, Sizifga inʼom etilgan qismat toshi, taqdir toshi, nasibasi, oshi haloli bu! Ne zamonlardan buyon berib kelingan “jazo toshi” qabilidagi badhazm taʼrifu tavsiflar, yaʼni oʻzining shaʼniga yogʻdirilgan tuhmat toshlariga toqati yoʻq Sizifning, zero u taqdir va qismatni oʻziga ravo koʻrilgan inʼom, inoyat, nasiba deb biladi, hamon maʼbudlar maʼbudi ravo koʻrdimi, vassalom, Sizif unga qarshi gʻalayon koʻtarmaydi, u oʻzini gʻaddor isyonkorlar toifasiga qoʻshmaydi, taqdirning qaytmas panjasiga panja urish niyatida qilich yalangʻochlamaydi, balki koʻksini qalqon qilib xarsangtoshni choʻqqiga olib chiqish haqida qaygʻuradi, astoydil qaygʻurgani uchun ham shu maqsad, shu orzu uning aʼmoliga, oʻtayotgan umrining mazmuniga aylanib ketgandi.

Xarsangtoshning yerga qadalib turgan joyidan osongina harakatga tushishi, qarich-baqarich yuqoriga qarab oʻrmalashini ham oʻsha taqdir va oʻsha qismatga sogʻlom va sadoqatli munosabatining ajri deb biladi Sizif. Vujudi, shuurini qamragan ushbu ishonch-eʼtiqod Sizifninggina emas, xarsangtoshning ham ishonch-eʼtiqodiga aylanib ketgan, xuddi shu sababga koʻra tosh goʻyo Sizifni ortiqcha urintirgisi kelmagandek, uning qoʻl uchlari tegar-tegmas bir, ikki, hatto uch-toʻrt odimlar oʻzidan-oʻzi dumalab borar, buni koʻrgan Sizifning nazarida quyosh dengiz tomondan emas, oʻzining chehrasidan chiqib kelib olamni charogʻon qilib yuborgandek tuyular, quvonganidan vujudida son-sanoqsiz alp-pahlavonning qudratini his qilar, agar shu maromni saqlay olsa, agar shu shiddatni susaytirmasa choʻqqiga eson-omon qadami yetishiga, xarsangtoshni choʻqqining qoq uchiga qoʻndirib qoʻyishiga ishonchi, qatʼiyati ortar edi.

 

* * * 

Aslida esa choʻqqi ostonasidagi yalanglik bir qadar ravon, sathi bir qadar nishab ekanligi bois xarsangga bir turtki kifoya – Sizifning ham, toshning ham joni kiradi goʻyo – xarsang yumala-ab ketadi. Har safar shunday – har safar Sizifning xayoli totli oʻylardan masrur, nazarida choʻqqining eng tepasiga dovur xarsangtosh mana shu maromda – qir bagʻrida sirpanchiq uchayotgan bolakayning chanasi yangligʻ silliqqina, beozorgina sirpanib koʻtariladigandek tuyuladi.

Sizif qarsak chalib yubordi, xarsangtosh yonida oʻzi ham dumalab-oʻmbaloq oshib, irgʻishlab, qiyqirib, shodligini kim bilan baham koʻrishini bilmay… xarsangtoshni quchoqlab oldi, barakalla, deya uning yelkasiga shapatilab qoqdi, uni silab-siypaladi, yumaloqqinam, dumaloqqinam, baqaloqqinam deya, duch kelgan joyiga betini bosib onasining momiq bagʻriga singib ketayotgan pishakchadek tantigʻlandi-erkalandi. Vaholanki, ogʻir, mashaqqatu uqubatlar soʻqmogʻi boshlanajak mana shu kaftekkina nishab yalanglik koʻndalangiga, nari borsa, olti-yetti odimdan oshmas, koʻzga koʻrinib turgan esa-da, qariyb har safar shu yoʻlboshidagi emin-erkinlikdan tugʻilgan shodumonlik Sizifni goʻdaklarcha koʻzini koʻr, aqlini kemtik qilib qoʻyardi. Axir olti-yetti odimdan soʻng tik qiyalik boshlanadi, oldinda yuqoriga qalin arqon yangligʻ oʻrmalab ketgan soʻqmoq egri-bugri, oʻydim-chuqur, binobarin, boyagi ravonlik ortda qolgach, endi u yogʻiga har qadam emas, har qarich ilgarilash Sizifdan bir dunyo kuch-quvvat talab qiladi. Lekin u yoʻlning – xarsangtosh choʻqqi sari chiqaverib-choʻqqiga yetar-yetmas pastga dumalab tushaverib ochgan soʻqmoqning naqadar mashaqqat soʻqmogʻi ekanini besh qoʻlday biladi. Boringki, Sizif hali yoʻlning boshlanishida emasmi, shundan uning bilaklari, yelkalari, biqini, tizzalari kuchga toʻlib turgan boʻladi, oʻzi charchoq nima ekanini bilmaydi, bir umr ekanu, toabad shu mashgʻulotga andarmon boʻlishga-da qurbim-qurbatim yetadi deb ishonadi. Odat koʻnikmaga yoinki koʻnikma odatga aylandimi, vassalom, uning zarracha ogʻirligi sezilmaydi odamga, binobarin, hech bir urf-odat oʻziga ixlos qoʻygan qavm imkoniyatlari bilan hisoblashmaydi. Aksincha, uning hatto mashaqqatu uqubatlari ushbu qavm kishilariga rohat, adoqsiz rohat-farogʻat bagʻishlaydi! Oh-ho-o, odatlanish nimalarga qodir emas, yaxshilar!..

 

* * * 

Xarsangtoshni qirga qarata yumalatish, shu asnoda toliqish, qavarib ketgan kaftlari, yelkalariga qaltiroq turishi, holsizlanishlari, zirqirab azob berishlari allaqachonlar Sizif uchun oddiy va odatdagi holga aylanib ketgan, qolaversa, yoʻl boshida u ogʻrinmaydi, xarsangtoshni yana uch-toʻrt, baʼzan sakkiz-oʻn odimlar masofaga olib chiqishda qiyinchilik nima ekanini deyarli bilmaydi.

Qiyinchilikning ilk kurtaklari picha keyinroq uch bera boshlaydi.

Sizif bir zum nafas rostlaydi, tin oladi, oyogʻining uchini xarsangtoshning tagiga pona oʻrnida suqib turadi, toʻsatdan u muvozanatini yoʻqotib, pastga qarab shoʻngʻib qolmasligi uchun shunday qiladi, necha dafʼa shunday boʻldi ham – nafas rostlash istagidagi bir lahzalik parishonlik toshning pastga qarab quyunday otilishi bilan yakun topdi. Tosh bir chimdim ortga siljidimi, tamom, uni tutib qolish, oldinga harakatlantirish uchun chiranishlari zoye ketar, bunga bandasining qudrati ojizlik qilardi. Sizifning mehnati, mashaqqatu uqubatlari hisobsiz martalar shu tarzda zavol topdi. Hisobsiz martalar achchiq sitamlar ostida ezildi, biroq alami oʻzidan edi, axir yon-berida, atrof-javonibda hech zogʻ yoʻq, tosh oldinga bir qadam-bir qarich siljisa, oʻzini oʻzi olqishlaydigan ham, quyiga qarab shoʻngʻisa, oʻzini oʻzi ayamay-netmay yanishi, boloxonador qilib soʻkishlari ham oʻzining shaʼniga qaratilgan boʻlardi.

 

* * * 

Xarsangtoshning yum-yumaloqligi, bir hisobda, Sizifga qiyinchilik tugʻdirsa, boshqa jihatdan qulayligi ham yoʻq emasdi. Bordiyu, xarsangning tizza yo tirsakka oʻxshash turtib chiqqan, tekis-yassi joylari boʻlganida u har dumalaganida siltanib-chayqalib muvozanatni saqlay olmasa, uni tutib qolishga Sizifning chogʻi kelmay qolar, binobarin, xarsangning har harakati oʻn xavotir-tahlikani keltirib chiqargan boʻlur edi. Shu bois, xarsang nechogʻliq silliq harakatlansa, Sizif ham shunchalar muloyim tortar, mumkin qadar kuchiga zoʻr bermaslik chorasini izlardi.

Bu safar xarsang unga toʻla-toʻkis boʻysunayotgan, bundan Sizif nechogʻliq mamnun boʻlmasin, koʻnglining bir chekkasida hademay xarsangning oʻjarligi tutib qolishi muqarrarligidan, uni tirnoqcha oldinga surish ham mashaqqatga aylanadigan joylar kelishidan xavotiri ham yoʻq emasdi.

* * *

 

Oʻsha kun, oʻsha soniyalarda yuz bergan voqealar Sizifning yodidan sira oʻchmaydi. Yodida ham gapmi, bamisoli sahnada qoʻyilgan tomoshadek har bir manzarasi nigohi roʻparasidan nari ketmaydi. U haqda uchiga chiqqan taʼmagir-muttaham, afsungar-tovlamachi degan ovozalar shamolday tarqaganini, rivoyatlar, ertaklaru dostonlar toʻqib-bichilganini tushunolmadi, hamon tushunmaydi. Maʼbudlar maʼbudidan oʻpka-ginasi oʻz yoʻliga, billo, kechagina oʻzi qatori yurgan duppa-durust odamnusxa uvrindilar sharmandalarcha bong urishda shovvozlik koʻrsatganlaridan yomon mutaassir boʻldi Sizif. Oʻb-ba, bachchagʻarlar-yey, oʻb-bba yuvuqsizlar-yey, deya miriqib kuldi. Ularning katta-kichigiga boʻlgan hurmati shoyon samimiy, har birlarini boshiga koʻtarishga shay edi. Bu yogʻini aytadigan boʻlsa… nimasini yashiradi endi u, kimdan sir tutadi, indallosiga koʻchganda, Sizif ich-ichidan ularga achchiq istehzo bilan qarar, oliftalar, munofiqlar, xezimkashlar, rezgilar… payrahalar, deb soʻkinar, hech kim va hech narsa emas bular, deya har birining goʻriga mingtalab tosh qalar, oʻzlarini erkin his qila bilmagan erkaknusxalar qanchalar oliftalik qilmasinlar muqarrar nafratga loyiqdirlar, bunaqangi nozikmizojlar ikki dunyoda ham jasoratga qodir emaslar deb hisoblar, uning nazdida qoʻrqoqlik ham borib turgan tavqi laʼnat, shu qadar shafqatsiz tavqi laʼnatki, taassuf, bu qargʻishga loyiq boʻlmagan tirik jon anqoning urugʻidan-da kamyobu noyob deb bilardi.

Sodda, goʻl, laqmaga chiqarishdi Sizifni. Ahmoqona qahramonlikni koʻngli tusab qoldi, tentak, deganlar boʻldi u haqda. Sizif esa hech bir vaysaqi tarqatgan issiq-sovuq mish-mishga ortiqcha ajablanmadi, moʻysafid oʻtmish uchun buning hech bir ajablanarli joyi yoʻq, hamisha shunday boʻlgan va shunday boʻlib qolajak, deya xulosa yasadi oʻzicha bosiqlik bilan. Axir qachon qaramang, sofdil va begʻubor kishilar vijdonsizlar, soʻqimtabiatlar, qoʻrqoq va yelpatak xushomadgoʻylarga qaraganda xiyla tushunarsizroq, gʻalatiroq tuyulishadi. Kulgiga qolib yurishadi. Vaholanki, hayotda juda koʻp sarqitlarga qarshi kurashishda sopini oʻzidan chiqarish usuli qoʻl keladi, binobarin, xushomadgoʻylarni oʻldirsa boʻlur edi, xushomad bilan… koʻpirtirib maqtasa bas edi alar nuqsonlarini! Chunki bilar edi – haqiqatni soʻzlasalar, toqatlari toq, ammo-lekin xushomadga jon deb solishar quloq!..

 

* * *

 

Sizif har safar shularni oʻylaganida birov biqiniga kirib qitiqlayotgandek kulgisini tiyolmaydi. Bordiyu men taʼmagir-muttaham, afsungar-tovlamachi hisoblansam, haqiqiy taʼmagir-muttahamlar, afsungar-tovlamachilarning aft-angori, rang-roʻyi qanday boʻladi? Harchand oʻylasin, bosh qotirsin, tasavvuriga sigʻdirolmadi boʻlayotgan voqealarni u. Olis-yaqin kechmishini necha qayta xayolida gavdalantirib oʻzini oʻzi taftish qilishga urindi – qachon, qanday sharoitda, kimga muttahamlik qildi u, kimning mulki-amlokiga koʻz olaytirdi, kimni xiyonatkorona aldab-suldadi… kimga nohaqdan-nohaq zulm oʻtkazdi – Sizif eslolmadi. Aksincha, u borib turgan ogʻir-vazmin, hatto haddan ziyod ehtiyotkor, zinhor el-yurt orasida yomonotliq boʻlib qolishni istamaydigan odam edi (“Ana, Korinf ahli bunga shohid!” deya ozmuncha boʻgʻilib hayqirdimi, u?!), oʻrni kelganda, feʼlidagi mana shu yumshoq supurgi tabiati oʻziga koʻpda yoqavermas, nafi boʻlarmikan, degan oʻyda boshqalarga eshittirmay oʻzini oʻzi yanishga tushib ketardi. Qoʻrqoq, lapashang deb ozmuncha soʻkkanmi oʻzini oʻzi u, er kishi (tagʻin, kimsan, martabador aʼyonlardan boʻlmish muhtaram zot!) loaqal jindek jasur, qoʻrqmas, yo ostidan-yo ustidan qabilida ish tutadigan dangalchi, tavakkalchi boʻlgani durust-da, deb oʻzini oʻzi tarbiyalashga harakat qilardi. Jazo tayinlovchilar va ijrochilar esa uning “taʼmagir-kazzobligi”, jasur-qoʻrqmasligi, umuman nomaʼi aʼmoli bilan pachakilashib-ijikilashib oʻtirishmadi…

Sizif yoʻl boʻyi solintirib kelgan boshini salt koʻtardiyu, oʻzini tik choʻqqisi koʻkka qadalgan mana shu togʻu tosh poyida koʻrdi. Qoʻllari kishanlangan, har bir toʻpigʻi boldirlari aralash chandib bogʻlangan zanjir halqalarining zalvori ularning yerda arang shaldirab sudralib kelayotganidan ham ayon edi. Vaholanki, Sizif hali bu qadar xatarnok mahbusligini, inson bolasi boshiga tushmagan jazoga mahkumligini ham teranroq anglab yetolmayotgan, ayniqsa… ichida kuldi u, oʻzining ahvoli ayanchli darajada kulgili koʻrindi. Axir, yo, rab, nahotki, kimsan Sizif oyoq-qoʻllariga kishan uriladigan, dunyoning nazar-nigohlardan yiroq e-eng ovloq biyoboniga keltirilib, yovuz va shafqatsiz qismat ila yuzma-yuz qoldirilishga loyiq inson boʻlsa?! Nahotki, u yovuz, malʼun kimsa sifatida badargʻa qilinmoqda? Nahotki, endi u oʻzini, shaʼnini himoya qilolmaydi, menga quloq solinglar, yaxshilar, sizlar oʻylaganchalik badbaxt odam emasman, deya olmaydi! Degan taqdirda ham… tushuncha va tasavvurlar murakkablasha boradi, shakllanadi, shu asnoda ulugʻ zotlardagi aqliy evrilish xalqning evrilishiga – fikran-shuuran ulgʻayishiga qanot bagʻishlaydi, shu toʻlqinda juda koʻp haqiqatlarga oydinlik kiritiladi, jumladan, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik haqidagi tushuncha va tasavvurlar takomil choʻqqisiga yetib, quyma yombi maqomiga yetgan pallada – shu maqomga yetishgan xalq toʻsatdan yemirilishga yuz tutadi, qirgʻinga uchraydi, degan bashoratlar… be-be-e, bunday safsatalarning Sizifga, Sizifning boshiga tushib turgan shafqatsiz musibatga nima daxli bor?!

U seskanib tushdi, boshini asabiy siltadi.

– O, tangrilar! Qay gunohim uchun menga buncha azobni ravo koʻrmoqdasizlar? Hayhot, nahot men shul jazoga loyiq insonman, nahot?!

 

* * *

 

Sizif jon achchigʻida hayqirganidan oyogʻidagi zil-zambil zanjir sharaqlab ketdi. Toʻpigʻi jazillab achishdi. Axir, nechun oyogʻiga kishan urishdi uning? Oyoqlarida ne gunoh? Bosh gunohkor uning tili-zaboni edi-ku! Zarurat tugʻilsa, Sizif buni boʻyniga olishga hoziru nozir edi, biroq ogʻzini juftlagan chogʻda tuyqus fikridan qaytdi. Bordiyu, oyogʻidagi zanjir uning tiliga urilgan taqdirda yoinki shu kimsasiz va ovloq biyobonga surgab kelib uning mahmadona tilini tag-tugidan qirqib tashlashgan taqdirda ham… tilida ne gunoh-ne karoxat?! Tili gung edi uning, tilini tishlagani-tishlagan edi, axir. U holda… u holda… Sizif boshini xam qilgan koʻyi oyoqlariga razm soldi, ularga uzrli boqdi, ularga taskin-tasalli soʻzlarini izhor qilgisi keldi:

Dilimda edi bari, dilginamning qaʼrida…

 

* * *

 

Odatda u yoʻlboshida zarracha qiynalmaydi, shu safar ham oʻynab-kulib toshni yumalatib yubordi, shundan soʻnggina haqiqiy maʼnoda ishga kirishdi  – toshga tarmashganicha uni qadam-baqadam yuqoriga, yuqoriga qaratib siljitishga tushdi. Qadami, qulochi unmoqda edi. U allaqachonlar toshni dumalatish hadisini oʻzlashtirgan, bu mashgʻulot uning kundalik hunariga, oʻzi esa xarsangtosh dumalatuvchi hunarmandga aylanib ketgan, shundan, uning harakatlari siyqa, hech bir yangilik yoʻq, muhimi, samara, yaʼni toshning oldinga-yuqoriga qarab siljishi edi. Oʻsha gap – gap: zoʻrning toshi qirga qarab yumalaydi!.. Sizif oʻzini zoʻr deb biladi, shu xarsangga kuchi yetmay magʻlub boʻlishini tasavvuriga sigʻdirolmaydi, zinhor-bazinhor sigʻdirmaydi ham! Shu baqaloqqa kuchim yetmasa, insonligim qayda qoladi, degan gapni takrorlayverganidan tili necha bor tanglayiga yopishib, necha bor chaqa boʻliblar ketmadi!..

 

* * *

 

Sizif shunaqa inson. Izidan, maqsad-maslagidan qaytadigan qoʻrqoq, lapashang emas! Orqasiga choptiradigan magʻzava soʻtak ham emas! Nimagaki qoʻl ursa, dadil va ishonch bilan kirishadi. Xarsangga ham xuddi shu shiddat, shu qatʼiyat bilan yaqinlashadi. Yoʻlning har qadami, hatto har qarichi unga yod boʻlib ketganidan u bir nigoh tashlashda qaysi joyda ketayotganini besh qoʻlday bilar, keyingi qadam yoxud keyingi qarich uchun qanday kuch-quvvat sarflamogʻi, qandayin chapdastlik koʻrsatmogʻi zarurligini oldindan bilar va shunga yarasha chogʻlanardi. Bu safar boshi uzra bulut xirmon boʻlib toʻdalashmagan, shu sababmi, u choʻqqining qoq beliga dovur koʻtarilganini toʻsatdan payqadi, demak, bu safargi yurishi unga oʻzgacha inʼomlarni hozirlagan koʻrinadi, hatto odatdagi charchash-toliqishni ham tuymayapti, demak, marra sari yurish gʻolibona poyoniga yetishi ham ehtimoldan holi emas. Gʻayrati joʻshib-koʻpchimoqda, bordiyu, boshi tepasida bulut uyurlari paydo boʻlgan taqdirda ham hozirgi shiddati bilan uni… umuman uning bulut bilan nima ishi bor, besanoq-behisob, boshi oxirini bilib boʻlmas osmonda uchib oʻtadigan tutunsimon bir narsa boʻlsa! Ana, togʻ yonbagʻridan hoʻ-oʻ narida qir-adir shamoyilidagi bulut goʻyo osmon toqiga bogʻlab qoʻyilgandek qilt etmay turibdi, Sizif bilan ishi yoʻq uning, shu alfozda bir joyda siljimay turaverganidan, oftob tigʻida rang-tusi unniqib, rang-tussiz, gezarib koʻrinyapti.

* * *

 

Sizif soʻnggi lahzalargacha oʻzini qanday jazo kutayotganini bilolmadi. Dorga osisharmikan?.. U holda qani xaloyiq, qani toʻsinda tebranib uni intiq kutayotgan sirtmoq?.. Jimjit. Yoxud, manavi kimsasiz togʻ etagida shartta yerga yotqizishadiyu, kim koʻrib oʻtiribdi, aziz boshini sapchadek qilib tanasidan judo etishadi-vassalommikan?! Bir zumgina – bu dunyoda bir odam kamaydi, nimayu, koʻpaydi – nima! Yoxud Korinfning ustiga osmon qulab tusharmidi Sizif qatl etilsa?! Unday desa, oybolta tutgan jallodlarning qorasi koʻrinmayapti, kunda ham yoʻq… Oʻt qalab, tikkasiga yondirisharmikan?.. Balki boshidan namakob purkay-purkay terisini shilishar, tiriklayin?! E-e-e, ana, ana, Sizif koʻrdi! Koʻrdiyu, vujudi lovullab ketdi, ayon, degan oʻy shuurini-dilini yashinday tilib, kuydirib oʻtdi. Toʻgʻrisi, u bunday jazoni kutmagandi. Nima boʻlsa boʻlar, lekin ortiqcha qiynamay jonimni olishadi degan umidda shaylanib kelayotgandi u, biroq… Koʻz oldida ogʻir haybatli xarsangtosh ostida majaqlangan va yer bilan bitta boʻlib yotgan oyoq-qoʻli, jismi-jasadi gavdalandi. Xarsangtoshning rosa dumalaydiganini topishibdi oʻziyam! Bahaybatligini!.. Avval Sizifni yerga yuztuban yotqizadilar, soʻng oldi-orqasidan poyloqchilik qilib kelayotgan xosnavkarlar baravariga xarsangga yopishadilar-da, toshni uning ustidan bir sidra dumalatib yuboradilar, qarabsizki, qasira-qusur-r-r!..

Xarsangning biqin tomonida ola-chalpoq qizil dogʻ-dugʻlar koʻrindi. Demak, Sizif taxminda adashmadi, ilgari ham kimlarnidir bu yerga keltirib toshga bostirishgan, oʻsha burungi qon dogʻlari xarsangga yuqib, singib ketgan!..

Sizif oʻzi ustidan chiqarilgan va oʻqilgan hukmni astoydil, butun vujudi quloqqa aylanib eshitdi, qulogʻi – hukmda, nigohlari esa tutqich bermas – yagʻrini osmonga tutash togʻ choʻqqisining raso qaddi-bastidan, togʻ yonbagʻrini qoplagan mayin-barra maysaning goʻzalligidan hayratda edi. Ehtimol, oʻziga ajal olib kelishga shay turgan xarsangtoshga qaramaslik uchun ham shunday qilgandir. Haqiqatda zalvorli, mahobatli xarsangtosh – shu togʻmi yoxud boshqa bir togʻ choʻqqisidanmi allaqanday qudratli qoʻl ulkan hovuchlari bilan oʻyib olganu, olmadek, yoʻq, anordek dum-dumaloqlab uni shu yerga – maxsus-atayin Sizif hukm etilgan jazo chorasi oʻtalmogʻi lozim koʻrilgan maskanga keltirib qoʻyilgan. Olma emas, anor ham emas – naq tarvuzdek yum-yumaloq, omonlashay desang na tutadigan qoʻli bor, tanishay desang na aft-angori, bogʻlay desang na bogʻlab qoʻyadigan boʻyni yo dumi bor! Tarxi tarvuzdan olingani muqarrar! Oʻzi qay ahvoldayu, bir qarashning oʻzida unga ism qoʻyib ulgurdi Sizif. Ism emas, laqab toʻqidi: yumaloq, dumaloq, baqaloq, deb yubordi u ichida. Yerda yuztuban yotgan odamning ustidan dumalatib yuborish oson koʻchishi uchun ham ayni shu bichimdagi toshni tanlashganiga shak-shubha yoʻq, ehtimol, koʻz koʻrib-quloq eshitmagan ajabtovur jazo chorasini kashf etganliklaridan mamnunliklarini yashirolmagandirlar, ayniqsa mahkum bilan xarsang, xarsang bilan mahkum jismi-jasadidagi tafovutni koʻrganda yana, yana bir bor oʻz maʼbudliklaridan, maʼbudona topqirliklaridan behad masrur boʻlgandirlar… maʼbudlar!

* * *

 

Nachora, osiy banda, necha aylansin-necha oʻrgilsin, boshini duch kelgan togʻu toshga ursin-urmasin, gunohkor boʻlib chiqaveradi. Hamma va har kimsa bir-birovining oldida gunohkor. Shunday ekan… naqadar goʻzaldir begunoh odam, deganlariga oʻlasanmi! Qani, koʻrsatsinlar, oʻshal goʻzalni! Oʻzini gunohlardan butkul xoli deya, goʻzallarning goʻzali deya maydonga chiqqan bormi hech zamonda?! Bor boʻlsa, marhamat, men begunohman, onadan tugʻilgandek bokiraman, deb koʻrsin-chi oʻshal begunoh, beayb goʻzal! Hay-hay-hay, naq xudoning qahriga uchradim deyaver, shoʻrlik! Bir savalashadi-bir savalashadi-i!.. Joningni egovlab, badaningni… qoq belingga arra solib, tasavvur qilyapsanmi, gʻir-gʻir, gʻir-gʻir, gʻir-gʻirlatib arralasinlar yoinki oyoq-qoʻllaringni arqonlab, toʻrt tomonga ot choptirsinlar, koʻrasan, ixtiyoriy holda, bab-bajonidil begunohdan gunohkorga aylanish qandaqa boʻlishini!.. Gunohning ham uncha-muncha joʻn-xashakilarini emas, borib turgan e-eng noyobu nodir – kabira gunohlarni ilishadi boʻyningga! Bu qabildagi gunohlar esa u dunyoyu bu dunyo afv etilmaydi – oxiratingga dovur kuyib kul boʻldi deyaver!.. Qani edi, lom-mim deb ogʻiz ocholsang, sening “lom”ingdan ham, “mim”ingdan ham choʻloq qumursqaning undek momiq tuproq yuzida qoldirgan izi qadrliroq boʻlib turgan bir zamonda… Biror marta xit boʻlganmisan? Xit boʻlish nima ekanini bilasanmi oʻzi?.. Seni dunyoga keltirgan volidai muharraming ham badbashara yalmogʻiz boʻlib koʻrinadi koʻzingga… Belanchakka belangan nevarachangning maʼsum qiqirlashi ham iblisning qah-qahasidek botadi qulogʻingga. Voy deysanmi, ih yoki uh deb yuborasanmi, yo, falak deya nola chekasanmi?.. Bas, yetadi, shuning oʻzi seni gunohkorga chiqarish uchun kifoya qiladi – chunki eshitgansan, bilasan – har bir tirik jon peshonasiga qazoi haq tamgʻasi yangligʻ muqarrar gunohkorlik tamgʻasi urib qoʻyilgan, osiy banda. Hamon shunday ekan, Sizif ham oʻziga ravo koʻrilgan qismat hadyasi oldida bosh egishdan oʻzga chorasi yoʻq. Axir harchand tavalloyu dod-faryod koʻtarma, peshonangga yozilganidan qochib qutulolmaysan, inson. Eng ayanchlisi, oʻz manglayingdagi yozuvning bir satrini ham oldindan oʻqiy olmaysan – istiqbolda nimalar kutmoqda seni, qanday saodatli yoxud qandayin mahzun kunlar yo lahzalar intiq-intizor quchoq ochib turibdi, bilolmaysan. Quvonchli damlarni boshdan kechirganda yaratganga shukrlar qilasan, yetkazganiga shukr deysan, boshingga musibat gurzisi tushganda esa dalli tasalli aniq: peshonamda bor ekan-da, demoqdan boshqaga yaramaysan! Yozigʻim shul ekan-da, demoqdan oʻzga chora topolmaysan, bechoraga, benajotga, ojizu notavonga aylanasan. Goʻyo peshonangdagi yozuvni, jilla qursa, kechikib boʻlsa-da, oʻqigandek boʻlasan. Voqea yuz berib oʻtdi, yaʼni, manglay daftaridagi koʻzga koʻrinmas yozuv amalga koʻchdi, lekin bir narsa eʼtiboringdan chetda qoladi – yuz bergan hodisani oʻtdi-ketdi deb hisoblaysan, boʻldi, tamom deysan. Aslida esa… taqdir bitiklarini bitguvchi xattot shu oʻrinda bandasiga beminnat hadya inʼom etganini, mehribonlik koʻrsatganini unutma, hisobga olib qoʻy. Tovoningga zirapcha kirgani ham behikmat emas, binobarin, yuz bergan voqea-hodisa roʻy berdi, tamom-vassalom emas, aslo, u hali davom etadi – ibrat maʼnosida, ogoh maʼnosida, daʼvat va hokazo maʼnolarda. Aqli bor odamning koʻzi moshday ochiladi. Chunki oʻsha ibrat yoxud daʼvat atalmish hali-beri nari ketmay boshing tepasiga turfa shakl-shamoyilda aylanishayotgan bulut karvoni yangligʻ qaytib keladi, ha, hayoti-dunyoda unga yana va yana koʻplab marta roʻpara kelasan. Ehtimol, oʻshanda ayni shu voqea ilgari ham – qachonlardir boshingga tushganini unutib yuborgan boʻlasan, e-voh, deb yuborasan, zinhor kutmagandim, deysan, vaholanki, u shuurning allaqaysi shiyponchasida yaslane-yeb sening ustingdan beozorgina kulib-kulimsirab turgan, ehtimol, seni mazax qilayotgan boʻladi.

 

* * *

 

Uzundan-uzun hukmi oliy xatmi (bunchalar choʻzishmasa, deb qoʻydi Sizif ichida, ensasi qotib) adogʻiga yetayozgandagina u xarsangtoshning raftoriga bosh-oyoq razm soldi. Haybatini koʻrib yuragi orqasiga tortib ketdi… Uni dumalatib-dumalatib tik choʻqqi tepasiga olib chiqishni moʻljalladi, chamaladi. Shul toifa jazo ravo koʻrildi unga, demak, hozirning oʻzida uni kishanlardan ozod etishadi va Sizif yo, madad, degancha ishga kirishadi… Yoki u taxminda adashdimi? Hukmi oliyni yanglish eshitdimi?.. Boshi gʻuvullamayaptimi? Koʻzlari aniq-ravshan koʻryaptimi oʻzi? Axir unga hech bir amr boʻlgani yoʻq, yaʼni hozirning oʻzida jazoni oʻtamoqlikka kirishgaysen, degan amri-farmon oʻqilganicha yoʻq.

Sizif angrayib qaradi atrofga, qulogʻida shamol guvullashi tinmadi, hukmni durust eshitmay qoldim, degan oʻyga-da bordi, lolu hayronligini yashiradigan ahvolda emasdi u. Jazoning gʻaroyibligini aniq va tiniq tasavvur qilib ulgurmagan esa-da, taqdirga tan berdi. Ogʻirdir… azobdir… mashaqqat chekar, uqubat ostida qolar, illo, ho-ov marrani ishgʻol etish epini topmay qoʻymas, yo boʻlmasa… Yo boʻlmasa… Yo alhazar!..

 

* * *

 

Sizifning qulogʻi tom bitdi. Koʻz oʻngida sharpalar, soyalar, bulutlar aralash-quralash qorishib ketdi. Alangladi, qulogʻini ding qilmoqchi edi, koʻngli behuzurlashdi. Qop-qora va damqisdi sukunat uni asta-sekin komiga tortayotgan – uni bosh tarafidan yuta boshlagan edi! Allaqanday boʻyni uzun maxluqning tor jigʻildonidan tushib borayotgandek his qildi oʻzini. Torlik, qorongʻilik va jimlik – sukunat bu qadar qoʻrqinchli, hatto koʻngilga qutqu soladigan darajada dahshatli tus olishi mumkinligini tasavvuriga sigʻdirolmasdi Sizif! Nima qiladi endi u? Baqirsinmi? Qichqirsinmi? Faryod qilsinmi?.. Kim eshitadi uning nolasini? Kim yordam qoʻlini choʻzadi unga? Kim?! Uni shu maskanga dovur yetaklab kelgan navkarlar, yasovullar qayga gʻoyib boʻldilar! Boshdan-oyoq tuhmatdan iborat hukmni dunyo ahli koʻrmagan adolat tantanasi yangligʻ qiroat ila oʻqiganlarda soʻrogʻi bor edi Sizifning! Qani ular?!

Savollar yogʻdirish ham, ularga javoblar topish ham zimmasida qoldi Sizifning…

 

* * *

 

Bundan koʻra, hushlariga kelgan boshqa har qanday tarzda paymonasini toʻldirib qoʻya qolganlari maʼqul emasmidi?! Mayli, dorga ossalar… boshini tanidan judo etsalar… tilini qirqsalar… Mayli edi, manavi… manavi bahaybat maxluqni ustidan dumalatib, qizil qonini qora tuproqqa qorishtirsalar!..

 

* * *

 

Sizif hushini oʻnglab, tilini tiydi. Nimalar deb vaysayapti? Kimga dashnom bermoqchi, endi uning bilarmonligi kimga kerak?! U qoʻrqa-pisa xarsangga nigoh yugurtirdi, negadir koʻnglidan, u jondor boʻlsa-chi, degan oʻy lip etib oʻtdi, yaqinlashmay turib uning bosh-oyogʻi, yon-beriga qaradi, bir-bir odim tashlab, qoʻl yetar-yetmas masofada turib uning atrofini aylandi. Yumaloq, dumaloq, baqaloq!.. Illo, boʻyi boʻyiga teng, xarsangning beliga Sizifning quchogʻi yetmasligi aniq, buning ustiga u yumaloq, dumaloq, baqaloq boʻlgani bilan sip-silliq emas, gʻadir-budur, oʻydim-chuqur, qilichning damidek keskir qirralari koʻrinib turibdi. Ayrim joylarini mogʻor, poʻpanak bosgan, koʻrinadiki, u juda uzoq vaqtlardan beri soya-salqin, pana-pastqam bir joyda yotganu, asqotadigan mavridi kelganidan uni shu joyda muhayyo qilishgan. Rang-tusi…

Sizif toshu xarsangtoshning farqiga borar, Korinf qalʼasini devor bilan oʻrashda, ayniqsa bosh qoʻrgʻon devorlari uchun keltirilgan xarsangtoshlarning sangtaroshlar tomonidan yoʻnish ishlariga shaxsan oʻzi bosh-qosh boʻlgan, bosh-qosh boʻlarkan, allaqancha fursatlar katta-kichik xarsanglar tepasidan ketolmay qolar, bu ajabtovur togʻ jinslarining aql bovar qilmas shakl-shamoyliga, rang-tusiga, undagi chiziqlar, xollar, dogʻ-dugʻlardan koʻz uzolmas, usta sangtaroshlarni tevaragiga yigʻib olib oʻzini qiziqtirgan va bilmaganlarini tortinmay-netmay soʻrab-surishtirar, oʻsha bilganlari… mana, mana shu biyobonda asqotib qolishi mumkinligi yetti uxlab tushiga kirmagandi!..

– Har bir xarsangtoshning joni bor, – degan edi moʻysafid cangtarosh ustaboshi. – Sizif bu tentak chol men bilan maynavozchilik qilishga qanday jurʼat etyapti degan oʻyda oʻqrayib qaragandi moʻysafidga, biroq sangtaroshning aftida mutoyiba sharpasi sezilmadi, aksincha, u juda joʻn haqiqatni aytayotgan qiyofada va ohangda boshlagan soʻzini tasdiqladi: – Faqat bularning koʻnglini topa bilish kerak!..

Sizif attang deya bosh chayqadi. Joni qayda bu baqaloqning? Koʻngli-chi?.. Shu oʻyda xarsangni bir boshdan nazardan oʻtkazishga kirishdi. Xarsangning turli yeri turfa rangda tovlanayotganiga eʼtibor berdi, qizgʻish, qirmizi, qoramtir, oqish… xolli-xolli, ajabtovur chiziqlar ayqashib ketgan… xuddi ikkita tosh bir-biriga erib qapishib ketgani belgisidek toʻgʻri tortilgan chiziqlar… Langʻillab yonayotgan gulxanning qizil-qoramtir tilini eslatuvchi shakllar… Sizif xarsang yaxlit quyma toshmi yoxud yigʻindimi ekanligini aniqlolmadi, oʻzicha xarsangning betini, koʻzi, burni va qulogʻini belgilab oldi, bir yo ikki juft oyogʻi boʻlganidami, Sizif ha-a, chuv, deya uni tirqiratib tepaga yoʻrgʻalatgan boʻlardi-ya!.. Qulogʻidan choʻzib boʻlsa-da, yetaklab chiqardi-ya!.. Biqiniga xala suqardiki!..

* * *

 

Odam – tik yuruvchi jondor, bu-chi? Oʻyladi-ya, aytdi-ya, qadam tashlab yura olganida, oyogʻini yerga tekkizmay yugurtirmasmidi Sizif uni! Mingoyoqqa oʻxshab oʻrmalaganida, oʻrmalatmasmidi yuqoriga qaratib?! Qanoti boʻlganidami! Oh-h-o-o!.. Yoʻq, xarsangtosh yumaloq, demak, u – yumalovchi, dumaloq, demak, u – dumalovchi. Uni dumalatishdan oʻzga iloji, chorasi yoʻq Sizifning!..

 

* * *

 

Uzun oq kunlar, ulardan-da uzunroq qora kunlar ulanib, uyqashib ketdi. Sizif uchun buning ahamiyati qolmadi, u butun borligʻini, butun maqsad-maslagi, orzu-umidini bir niyatga – xarsangtoshni choʻqqi tepasiga olib chiqishga qaratdi. Aʼzoyi badanida quvvat paydo boʻlganini seza boshladimi, bas, oq kunmi-qora kunmi, jazm etaverar, kafti, kifti, koʻksi, manglayidagi loy, tuproq, chang-gʻubor yuqini artmay-surtmay yana va yana xarsangga tashlanar, ehtimol, shu safar, ha-ha-a-a, mana shu safar xarsangni choʻqqiga qadar dumalatib olib chiqishiga boʻlgan galdagi ishonch uning gʻayratiga gʻayrat qoʻshardi. Axir uning koʻz ochib koʻrgani tosh edi, koʻrgani togʻ yonbagʻri, togʻ choʻqqisi edi. Ogʻziga qaysi soʻz kelsa, oʻsha bilan atadi togʻ va togʻ choʻqqisini. Togʻ, togʻ yonbagʻri, togʻ choʻqqisi, taqir tepa, mushkul tepa, gʻurbat togʻi, qir, adir, soʻqmoq… Koʻksini yalangʻochlab osmonga qarab yotgan navrasta qizning hali uch berib ulgurmagan mammasini eslatib yuborardi baʼzan togʻ choʻqqisi. Qizemchak!.. Sizif yayrab-yashnab, ogʻzini toʻldirib, miriqib kuldi. Shirintoy shumtaka nevarachasi hali tili chiqmay turib xotin-qiz zoti yaqin kelsa “mammi-mammi” deganicha ularning koʻksiga chang solardi… Simobday, nuqraday, parqu bulutday oppoq, koʻzni oladi, qamashtiradi… xayolni xazonday toʻzitadi, charchogʻingni tumtaraqay qilib quvadi, yoʻq yerdan kuch-quvvat bagʻishlaydi, erkakligingni yodga soladi, togʻ mammisi!..

 

* * *

 

Nomidan, qiyofasidan qatʼi nazar togʻ yonbagʻri, oʻzi ochgan soʻqmoq yoʻl qadrdonlariga aylanib ketdi Sizifning. Yumaloq, dumaloq, baqaloq xarsang unga boʻysunib tepaga tomon oʻrmalagani sayin toshni, unga qoʻshib taqir tepani, soʻqmoqni alqashga tushar, ularning barchasini til biriktirgan qadrdon doʻstlari yangligʻ aylanib-oʻrgilar, biroq bunday xushkayfiyat va xushmuomala uzoqqa bormas, xarsang choʻqqi sari choʻzilgan soʻqmoq yoʻlning qaysidir manziliga yetgan joyida taqqa toʻxtar, bamisoli ikkala oyogʻini bir etikka tiqqan battol hangidek u yogʻiga bir qadam, bir qarich ham siljimasdi. Sizif birdan qoʻrqib ketardi, qoʻrquvga hovliqish ulanardi, soʻng sarosima, tahlika… ozmuncha marta talvasaga tushdimi?! Bularning bari zaiflik, irodasizlik alomati ekanligini eslagan zahoti esa hushini yigʻishga kirishar, vazmin tortar, shu tariqa bezabon togʻ, bezabon soʻqmoq, bezabon toshga termilgan bezabon odam asta-ohista, asta-ohistalik bilan vujudining allaqaysi puchmoqlarida pusib olgan iroda rishtalarini topib, tutib olar, uni avaylab-ardoqlab himarib-himarib tortib olish yoʻllarini izlar, Sizif uchun oʻz irodasidan boʻlak madadkor, xaloskor yoʻq edi.

* * *

 

Dunyoning turgan-bitgani irodadan iborat, deyishgan. Darhaqiqat, insonni iroda tark etsa yeru osmon ham, quyoshu yulduzlar ham behuda-befoyda. Men esa yangi irodaga oʻrgataman odamlarni!.. Ha, mutlaqo yangi irodaga, demak, boshqacha hayot kechirishga oʻrgataman! Ana oʻshanda boshqacha yashay boshlaydilar odamlar, dunyo boshqacha boʻlib qoladi. Nuqul azob-uqubatdan iborat boʻlgan hayot barham topadi. Nafaqat manavindaqa bejon-benom tosh-tuproqni koʻtarish, surgash-tashish emas, inson zotini oyoqosti va beqadr qiladigan har qanday qora mehnat mashaqqati batamom barham topadi! Inson hayoti hudami, behudami, bamaʼnimi, bemaʼnimi, deb yoʻq yerdan bosh qotirib oʻzlariga oʻzlari azob berib yurishmaydi odamlar.

 

* * *

 

Dastlabki kezlar u xarsangtoshni yuqoriga qarab yumalatishda shoshildi, shoshilish ham gapmi, hovliqdi. Qayta-qayta chamalaganida choʻqqigacha boʻlgan masofa aytarli olis emasdek, marra qoʻl choʻzsa yetgudekkina koʻrindi, shu ham yumushmi-jazomi, dedi, nazarida gʻizillab toshni dumalatadiyu, naq choʻqqining tepasiga yetib boradi, navrasta qizaloqning koʻksi yoniga toshni qimirlamaydigan qilib oʻrnatadi-da, bir muddat mammidan koʻz uzmay qoladi, suqlanib xayoli qochadi. Shundan soʻnggina oʻzini qoʻlga oladi – xarsangning ustiga chiqib olib butun olamga jar soladi: he-yey-y, odamlaru odamla-ar, eshitmadim demangla-ar, menkim shahanshoh Eol va malika Enaretning suyukli oʻgʻloni, Meroplar sulolasining arzanda kuyovtoʻrasi, Glavkaning padari, Bellerofontaning gʻamxoʻr bobosi boʻlmish mahkum Sizif kaminaga belgilangan jazoi haqni, nihoyat, sharaf bilan oʻtadim, uddaladi-i-m-m! Ha-ha-he-ye-yey-y-y! Mana-a, qarangla-ar, shohidi boʻlingla-ar, xarsangtoshni choʻqqiga olib chiqdim, choʻqqini zabt etdim, zafar quchdim, deya chor tarafga hayqiradi!..

 

* * *

 

Dimogʻi chogʻ boʻlgan Sizif xarsang atrofida aylana yasab yugurishga tushganini oʻzi ham sezmadi.

Lakalum lak-lakalum! Laka-laka lak, lakalum!.. Lakalum laklakalum! Laka-laka lak, lakalum!..

Sizif umuman hayotda juda kamdan-kam, ahyon-ahyonda raqsga tushgan, ixlosmandlarining qoʻyarda-qoʻymay urinishlarini rad etishning iloji topilmagan hollarda esa qoʻlini nomigagina koʻtarib qoʻyar, harakatlari boshqalar tugul oʻziga ham beoʻxshov koʻrinib ketardi, endi esa, shu tobda nazarida mohir raqqosdek sezayapti oʻzini – gavdasini goh oʻng-goh soʻl tomonga tashlab irgʻishlar, sopalak tepayotgan bolakayday loʻkillab qoʻyar… Ilhomi joʻshib, qadamini yanayam jadallatdi, xirgoyisi harakatlariga monand shoʻx-shodon yangray boshladi:

Lakalum lak-lakalum! Laka-laka lak, lakalum!.. Lakalum laklakalum! Laka-laka lak, laka-laka lak, lak-lak, lakalu-u-u-m-m!..

Oʻziyam rosa aylandi u xarsang atrofida! Xarsang koʻziga qadrdonidek koʻrinib ketdi. Rosa xumordan chiqdiyu holdan toydi, shuning barobarida qushday yengil ham tortdi…

 

* * *

 

Birinchi bor u ulugʻ maqsadlar bilan jangga otlanganidan buyon eh-he-e, ozmuncha toʻfonu boʻronlar uvvos solib bu biyobonga chovut soldilarmi, ozmuncha davru davron va ozmuncha zamonlar qaytmas yoqlarga badar gʻoyib boʻldilarmi, ozmuncha bulutlar oʻrkach-oʻrkach boʻlib, togʻ-togʻ boʻlib karvon tortib oʻtdilarmi?! Lekin, buni qarangki, na kuchi qirqildi, na-da misqolcha gʻayrati soʻndi Sizif azamatning, oʻzi esa butun boshli odam-chidamga, odam-bardoshga, odam-irodaga aylanib ketdi. Basharti moʻjiza yuz berib, undan kimdir kelib isming nima deb soʻrasa, hech ikkilanmay, ismim matonat yoki ismim bardosh deb, yoki boʻlmasa, turgan-bitganim tosh, xarsangtoshga, choʻyanga, metinga aylanib ketganman deya javob qaytarishdan orlanmagan boʻlur edi. Vaholanki, u haqda, uning boshiga tushgan bu qismat sinovi ustida gap chuvalashtiradigan vos-voslar ne-ne badhazmdan-badhazm va havoyi mish-mishlar tarqatishmadi. Nima emish, Sizif abadulabad besamardan-besamar qaro mehnatga mahkum etilmish, necha zamonlar qaro terga botmasin, u xarsangtoshni choʻqqi tepasiga yumalatib chiqa olmasmish, inchunin, Sizif bemaʼni, beshukuh, bezavq qaro mehnat qahriga uchragan badbaxt-betole taqdir timsoli deya bitilmish solnomalarda!..

Odamning turish-turmushi doimo bemaʼni, deya jirtakilik qilganlar bekor aytibdilar! Turish-turmushning bemaʼnilikka aylanishi ham, uni bamaʼni qilish ham har bandaning oʻzida qolgan! Men isbotlagayman, men! Marhamat, bu yoʻlda har qanday malomatga tayyorman. Qani edi, betimga yogʻdirsalar zahar-zaqqum taʼna-malomat. Kim betimga ayamasdan shapaloq tortar? Kim burnimdan tortib meni kazzob, deb aytar? Qani, kim bor? Kela qolsin, qulogʻim ding, mana, men hoziru nozir, men tayyor!

 

* * *

 

Sizif toshni yuqoriga qarata dumalatish mashqini allaqachon puxta egallagan, dumalatmagan taqdirda ham undan nari ketolmas, goʻyo u xarsangga koʻrinmas ip bilan bogʻlab qoʻyilgandek besh odim uzoqlashdi deguncha xarsang uni yoniga tortib olayotgandek boʻlaverar, bunga sari Sizifning mehri tovlanar va ovozining boricha “Laka-lum”lab dumaloq, yumaloq, baqaloq qadrdoni yoniga quchogʻini yozib yetib kelar… ha-a, hoʻ-oʻ, avvalboshda esa… koʻrgani koʻzi yoʻq edi uning turqini!.. Koʻzini ochdi deguncha unga oʻqrayib qarar, nigohlari bilan teshib yuboraman degan iddaoda tirgʻalar, parchalab tashlayman, mayda-maydangni chiqarib qumingni koʻkka sovuraman degan poʻpisa, dagʻdagʻa bilan yeng shimarar, bunga sari kuchiga kuch qoʻshilayotganini ravshan his qilar, tishlarini gʻijirlatib, kafti, yelkasi, tizzasi, tirsaklari azbaroyi toshga, metinga aylanib ketganga oʻxshar, oʻsha holatida vujudida qaynab-toshayotgan shahdi-shijoatini tasvirlashga soʻz, taʼrif topolmasdi. Qayoqdagi mana shu narsani, tagʻin jonsiz, ongsiz… koʻrimsiz bir xarsangtoshni koʻrinib turgan togʻ tepasiga olib chiqolmaymanmi, menday ongli bir inson-a, kimsan korinflik aʼyonlarning aʼyoni, omilkorlikda Sizifdayin misli kamyob odam-a!.. Qon kechaman, tirnoqlarim oʻyilib tushsin, barmoqlarim, kaftlarim majaqlanib ketsa ketsin, togʻ-toshning bagʻri oʻpirilib chohlarga qulasa-qulasin, illo sen xarsangni tepaga, anavi tep-paga-a olib chiqmaguncha qoʻymayman-n! Qoʻymayman!..

Uning qon-qoniga, vujud-vujudiga singib ketgandi-ya, bu aqida. Musht doʻlaytirib yaqinlashardi u xarsang yoniga, musht yogʻdirardi duch kelgan yeriga, ovozining boricha hayqirar, poʻpisalar qilar, haqoratlardan-da tilini tiymas, qandoq boʻlmasin sen mening izmimdasan, boʻysunmaganingga qoʻymayman, deya shaxt-shiddatini roʻkach qilishdan, pesh qilishdan charchamasdi. Biroq… biroq Sizifning shashti qanchalar baland boʻlsa, ishining unumi shunchalar sezilmas, qadam olishi ogʻirlashar, goho sakkiz-oʻn, goho undan-da pastroq, hatto tikkasiga qarab bor-yoʻgʻi ikki-uch quloch ilgarilagan bir pallada toʻsatdan xarsangning qaysarligi tutib, uni qimirlatib boʻlmay qolar, boyagi shasht, boyagi vajohatda Sizif lovullab tirik alangaga aylanar, yorugʻ dunyoda topilmaydigan haqoratlarni boloxonador qilib doʻldek yogʻdirar, odamgarchiligu insongarchilik degan afandimayllar hoʻ-oʻ allazamonlarda oʻtib ketgan deya zahrini sochar, jahl chiqqanda aql qayda deganlaridek, yana va yana mushtiga erk berar – xarsangni bet-koʻzi demay duch kelgan joyiga savalashdan, tepkilashdan toʻxtamas, xarsang qilt etmas, oʻzi esa oyoq-qoʻllari qip-qizil qonga belangandagina hovurdan tushar, es-hushini yigʻar, alamini kimdan olishini bilmaganidan muk tushib, endi yerni mushtlagani-mushtlagan edi.

 

* * *

 

“Aksari xarsangtoshlarning joni boʻladi”… Negadir mana shu jumla oʻqtin-oʻqtin Sizifning tili uchida aylanishadigan boʻlib qoldi. Munkillagan sangtarosh ustaboshining qiyofasini koʻz oldiga keltirishga urindi, urinishlari zoye ketdi, lekin uning gapini deyarli aynan takrorlay oldi: “Faqat koʻnglini topa bilish kerak!..” Koʻnglini dedimi yoki tilini?.. “Topa bilish” dedimi yoxud “Uygʻota bilishingiz kerak” deya Sizifga qarata aytdimi chol? Aytganda ham, koʻzini doʻlaytirib, zarda qilib aytdi. Xuddi vaqti kelib, kimsan Sizif mana shunday holatga tushishini bilganday, shunday voqea yuz berishi ehtimoldan holi emas degan maʼnoda bashoratomuz qilib aytdi!

Sizif esa yum-yumaloq, dum-dumaloq, baq-baqaloq xarsangning na joni, na koʻngli, na-da tilini topolmayotganidan xunob edi…

 

* * *

 

Xarsangtoshning mammisi qayeridaykin? Yoki… erkakmikan u?

“Xayol qursin”, dedi Sizif kulgisini yashirmay, shunday desa-da, xayoli izmidan chiqolmadi – “Xarsangtoshning erkak-urgʻochisi boʻladimi?” deb usta sangtaroshdan soʻrasam tilim uzilib tusharmidi, deb peshonasiga shapatiladi.

* * *

 

Nima qilganda ham, xarsang – tosh-da, Sizifning kayfiyati, ahvol-ruhiyasi bilan zarracha ishi yoʻq, oʻz bilganidan qolmas va Sizifning qaysidir marraga qadar sarflagan mashaqqatu uqubatini bir nobop siljish bilan chippakka chiqarardi.

Vaziyatga koʻra, xarsangni ortga siljitaman deb necha bor adabini yedi Sizif. Ortga qaytish oʻta xavfli edi, chunki barzangi bir chimdim erki oʻzida qolganini sezsa bas, uni tutib qolishning iloji boʻlmas, ehtimol, tutib qolish uchun Sizifdaqasidan oʻnlab, yigirmalab azamatning kuchi kifoya qilmas, shuning uchun, xarsang boʻysunmay boshladimi, Sizif birinchi navbatda, qanday boʻlmasin, darhol oʻzini chetga olib qolishni oʻylashi shart edi. Bunday damlarda xarsang bilan hazillashib boʻlmasligini, u harchand hay-haylashga ham, dod-faryodga, iltijolarga ham beparvo-berahmlik bilan quyiga – choʻqqi poyiga tomon qaldirab-guldirab shoʻngʻishi muqarrarligini Sizif yaxshi bilardi.

Sizif besh-olti quloch yuqorilagan joyida xarsang pastga qarab dumalagan paytlar boʻldi, uni ne-ne ilmu amal, ne-ne xiyla-nayrang bilan dumalata-dumalata choʻqqining yarmiga yetgan paytlar boʻldi, hatto undan-da yuqoriga koʻtarildi, jonlari hapriqib-koʻpirib ketdi oʻshanda Sizifning, marraga qoʻl yetguday masofaga ham chiqdi va har safar, har safar yetdim deganda Sizif beixtiyor, “Eh!!!” deb, “Voh!!!” deb, “Voy-yey-y!!!” deb yuborar, har safar butun vujudi koʻzga aylanar va yoʻlida duch kelgan tosh-tuprogʻu, yantoq-butoqni ezib-yanchib, qoʻporib-majaqlab pastga dumalab borayotgan xarsangdan nigohini uzolmas, zambarakning toʻpidek dumalab borayotgan yumaloq, dumaloq, baqaloqqa qarab turib tizzalarini shapatilaganicha qolardi. Ichingga uray, qorningni yoray deb xumordan chiqquncha soʻkinardi. Ogʻzi shaloq odamga aylanib qolayotganini payqab, gʻashi kelar, asli boodob erkak ekanligi yodiga tushib, shunday esa-da, baʼzan bundayin qoʻlansa soʻzlarning nafi sezilayotganiga iqror boʻlib ham qoʻyardi. Zero, soʻkingani sayin mashaqqatlari zoye ketganini ham unutar, xarsangning vajohat ila xuddi quturgan bahaybat jondor singari oʻkirib-ayqirib pastga qarab dumalashining oqibati nima bilan tugashini va nihoyat xarsang qayerga borib toʻxtashi mumkinligini chamalab chamasiga yetolmasdi. Osmonda chaqmoqlar chaqardi, togʻlar larzaga tushar, togʻ tizmasiga tutashgan dengiz mavjlari azbaroyi battar moviylashib, tund qiyofa hosil qilardi har safar. Toshni dumalashdan toʻxtatadigan, uni koʻtarilgan joyida asrab qoladigan kuch boʻlmasdi atrof-javonibda bunday damlarda.

Qiziq, har safar toshga tarmashar, uni joyidan jildirib, choʻqqi tomon siljita boshlar ekan, Sizif bu galdagi yurish togʻ yonbagʻrining qaysi mazgiliga qadar davom etishini chamalay olmasdi. Nafaqat kuch-quvvati yetmasligi, balki toshning pastga qarab shoʻngʻishining sababi koʻp edi – sababidan qatʼi nazar, lahzaning yuzdan bir soniyasi, nafasida hamma urinishlari chippakka chiqar, Sizif es-hushini yigʻishga ulgurmas, hushyor tortib ulgurmas, chapdastlik qilishga ulgurmas – alay-balay deganicha xarsang oʻzidan shiddat bilan uzoqlashayotgan boʻlar, qanchalar mashaqqat va uqubatlar evaziga imillab koʻtarilganiga teng shiddat va dengiz toʻfoni yangligʻ gʻalayon bilan pastga shoʻngʻir, xarsang hoʻ-oʻ etakka yetib, harakatdan toʻxtaganida Sizif hali nafasini rostlolmagan, alamidan tilini, lablarini chaynab-gʻajib, qon tuflab ulgurmagan boʻlardi.

 

* * *

 

Sizifning birdan-bir maqsadi xarsangtoshni choʻqqiga olib chiqish esa-da, gʻalat, har safar xarsang pastga qarab dumalaganida unga qarab turib, undan koʻz uzmay turib birdan shu qadar yengil tortardiki!.. Yelkasidan togʻ agʻdarilganu, boshi uzra suzayotgan oppoq bulutdek vaznini his qilmay qoʻyardi, mana, ho-ozir, shu topning oʻzida osmonu falakka koʻtarilib parqu bulut yangligʻ olis-olislarga uchib ketadigandek holatga tushardi…

 

* * *

 

Tuyqus Sizifning koʻzi qamashdi. Mamnun jilmaydi, kaftini soyabon qilib choʻqqi tomonga qarayotib: “Quyoshning qiligʻi!” deb qoʻydi ichida alam bilan. Ancha boʻldi, u mammini quyosh nurlaridan, goho esa bulutlardan qizgʻanayotganini sezib qoldi. Dastavval bunga eʼtibor bermadi, miyigʻida kuldi-qoʻydi, biroq asta-sekin qizgʻanish ochiq-oydin rashkka aylana boshladi, qanchalar oʻzini qoʻlga olishga urinmasin, bunday holatlarda Sizifning ichiga yovvoyi mushuk kirib olgandek boʻlar, oʻzini qayoqqa urishini bilmas, yana va yana alamini xarsangdan olardi.

U koʻzlarini chirt yumdi. Kifoya qilmadi, kafti, bilaklari bilan yuz-koʻzini toʻsdi. Shunda ham zarang tayoqdek toshqotgan barmoqlari orasidan oppoq togʻ mammisi simobday nur sochib koʻrinib, koʻrinib emas, jilmayib turardi.

Sizif boshini togʻ choʻqqisining kunchiqar biqinida yastanib yotgan dengiz tomon burdi. Dengizning qorni baqaloq odamning qorni kabi shishib ketgan, oʻrtasi toʻnkarilgan qozonga oʻxshab koʻrinar, dam qorayib-dam koʻkarib jilvalanayotgan suv sathida toʻsatdan paydo boʻlgan oftob shuʼlasi (ajabo, oy shuʼlasi ham Sizif tomonlarga dengiz sathi orqali taralar, u oftobni ham, oyni ham bevosita koʻrish saodatidan mosuvo edi) tushar, goh yolqinga aylanib nur sochar, goh xanjardek tigʻdor nurlarini toʻgʻridan-toʻgʻri uning koʻzlariga qadayotgan, Sizifning esa azal-azaldan negadir tonggi oftob yogʻdusiga toqati yoʻq edi. Jini suymasdi.

Aftini ters burdi u, qosh-koʻzi aralash oqib tushayotgan ter suvini bilagi, soʻng dagʻal kaftining sirti bilan surib tashladi, biroq koʻzlari battar qamashdi. Choʻqqi tomondan nigohini olib qochdi, “Quyoshning kasofati!..” deya takror gʻudrandi va ittifoqo dengiz sathida choqqina qayiqchada suzib borayotgan… Odam!.. Odam!.. Chol-ku!.. Qariya-ku!.. Sevinganidan, xursandligidan hushini yoʻqotib qoʻyayozdi u, shu qadar entikdiki, shu qadar joni boʻgʻziga tiqildiki, loaqal, “Ho-oy-y!” deya ovoz chiqarolmadi. Hayqirish qayoqda, dami chiqmadi Sizifning. Esini yigʻib olgunicha esa chol qayiq-payigʻi bilan koʻzdan gʻoyib boʻldi… Allaqancha vaqtgacha Sizif dam choʻnqayib, dam qad rostlab turgan joyidan qimir etmadi, biron lahza dengizdan nigohini uzmadi, chol yana paydo boʻladi deb ishondi, shunda, koʻringan zahoti ovozim boricha baqiraman, chinqiraman, dod solaman deya shaylandi, hatto qanday baqirishni, nima deb chaqirishni oʻzicha mashq ham qildi. Xarsangtoshni qiyalik tepasi tomon yumalatish yumushini kanda qilmasa-da, allaqancha vaqtlar fikr-xayoli dengizda, aniqrogʻi, qayiqda eshkak tutib oʻtirgan cholga koʻchdi.

 

* * *

 

Zevsning qahriga uchramasligi juda-juda oson edi Sizifning. Oʻzi barpo etgan Korinf qalʼasida davru darvon surib umrguzaronlik qilishiga hech qanday monelik yoʻq edi. Faqat qurgʻoqchilik yomon qaqshatdi Korinf aholisini. Qultum suvning qadri nondan, havodan-da oshdi. Zahira adogʻiga yetayozdi. Nima qilmoq kerak?.. Sizif halovatini yoʻqotdi. Xaloyiq undan najot kutardi. Shunda… Har qanday dardning soyasida uning davosi pusib yotadi, degan qadimgilar. Sizif ana oʻsha davoning topilishiga ishonardi. Lekin bu davoning… Egina qiz ekanligi Sizifning yetti uxlab tushiga kirmagandi. Bordiyu, Egina goʻzallikda tengi yoʻq sohibjamol boʻlmaganida ham, bordiyu, u suv tangrisi Asopning suyukli arzandasi boʻlmaganida ham, bordiyu, bokira Eginaga ilohlar ilohi Zevsning nazar-nigohi – ishqi tushmaganida… Sizifning boshiga bu kunlar tushmasmidi?! Kimsasiz bu maskanda – yer tarvuzining ustida, osmon togʻorasining ostida oʻziga nisbatan bir necha barobar barzangi xarsangtoshga kiftini bosib xayolga tolib oʻtirmagan, abadiyat qadar choʻzilgan umri zil-zambil baqaloqni osmonoʻpar togʻ choʻqqisi sari yumalatib olib chiqishga besamardan-besamar urinishlar bilan oʻtmasmidi! Malaksiymo bokira Egina!..

 

* * *

 

Dengiz yuzalab suzayotgan qariyani qayta koʻrishdan tamoman umidini uzgan, unutayozgan kezlardan birida u, ittifoqo, yana paydo boʻldi! Sizif aynan birinchi safar koʻrgandagi ahvolga tushdi. Avvaldan oʻylab qoʻygan niyatlarini butkul unutdi. Aksincha, bexosdan tovush berguday boʻlsa, chol yana koʻzdan gʻoyib boʻlishini oʻyladi, qani, nima boʻlarkin, qayergacha suzib borarkin, men tomonga oʻgirilib qararmikan deb, nafasini ichiga yutdi. Chol yelkador, qaddi xiyla bukik, qoq yelka suyaklari turtib chiqqanigacha, eshkakni ogʻir va bir maromda eshayotganigacha Sizif aniq-tiniq koʻrdi. Va ana endi bemalol chaqirsam ham boʻladi, degan xulosaga kelgan soniyada… ha, xuddi shu lahzada chol yana gʻoyib boʻldi!..

– Cholni dengiz yutib yubordi!

Sizif bu fikrdan toriqdiyu, lekin chol yana qaytib dengiz sathida paydo boʻladi degan ishonchini yoʻqotmadi.

* * *

 

Sizifning aniq yodida yoʻq: Egina qizning gʻoyib boʻlishi boisini u Asopning qulogʻiga shipshidimi yoxud voqeadan xabar topgan Asopning oʻzi najot umidida uni izlab Korinf darvozasi ostonasiga bosh urib keldimi, har qalay, hammasi Egina qiz fojiasidan boshlandi. Boshlandiyu, unga xudolar xudosi Zevs amri ila yogʻilgan taʼqib-tazyiqlar toʻfoni ulanib ketdi. Zevsning nafrat-gʻazabini olovga, alangaga aylantirib keldi u tomondan yoʻllangan lashkar.

Vaholanki, Sizifning bor-yoʻq gunohi uning boxabarligi edi. Boxabarligi pand berdi unga. Ha, u Egina qiz paritimsol va xushqad goʻzallar kushandasi boʻlmish Zevs tomonidan oʻgʻirlab ketilganidan xabar topdi. Abadulabad oʻzgarmas aqida shu – maʼbudlar nazar-nazdida xabardor kimsadan xavfliroq jondor yoʻq. Xabardor odam sherdan, arslondan, sirtlonu ajdahodan… toʻfonu vulqondan-da xatarli. Dunyoning xatari – xabardorda! Boz ustiga, Sizif singari haqparast, adolatpesha va betgachopar xabardorlarning turgan-bitgani tirik ziyon. Undaylarning boridan koʻra yoʻgʻi avlo!..

 

* * *

 

Qayiq mingan chol uchinchi dafʼa koʻziga koʻringanida Sizif sas-sado chiqarmay uni obdon kuzatishga qaror qildi. Suv sathida ohista chayqalib borayotgan qayiq suzyaptimi yoki bir joyda… Chol eshkak eshyaptimi?.. Qoʻllari eshkakda, lekin… Har safar qanday koʻringan boʻlsa, oʻsha-oʻsha – kallasini koʻksiga osiltirganicha qimir etmay oʻtiribdi. Qoʻllari eshkakka bogʻlab-chandib tashlangan boʻlsa-chi?!

Sizif bu fikrdan xayolga botdi: nega bogʻlashadi? Nima, chol baliqchimi yoxud bandi-mahbusmi?.. Sizif xayollari poʻrtanasida gʻarq ekan, ustma-ust yopirilib kelgan toʻlqin qayiqni allaqayoqlarga olib qochdi.

Sizif bu safar ortiq achinmadi, kuyunmadi ham, balki nazar-nigohidan sharpadek gʻoyib boʻlgan qayiq tomondan koʻz uzmay turib oʻzi ustidan chiqarilgan hukm mohiyatidagi adolatsizlikni payqab qoldi.

Unga yonida gʻoʻdayib turgan xarsangni togʻ choʻqqisiga olib chiqish jazosi belgilangan, biroq hukmda uning yolgʻiz-kimsasiz qoldirilishi haqida lom-mim deyilmagandi. Nega endi uni yolgʻiz qoldirishdi? Axir inson har qanday holatda fikrlaydi, fikr odami esa gapirmasdan iloji yoʻq. Inson ichida yetilgan gapni gapirmasa yorilib ketadi, shu bois u tinmay gapiradi, har qanday inson aytar gaplarini tinglovchi mahramga muhtoj, ichini boʻshatmaslikka hukm etilgan odamning ahvoli esa… dahshat!.. Ofat!.. Falokat!..

– Gapiray-da, qutulay, – deb yubordi Sizif. – Ichimni toʻldirgan gaplarni gapiray-da, qutulay, gapiray-da…

 

* * *

 

Baʼzan Sizif ogʻzi gapdan toʻxtamayotganini, hatto aljirayotganini toʻsatdan sezib qolar, bu odatining yaxshi-yomonligi haqida oʻylab ham koʻrmas, odamni gapiruvchi hayvon, jondor deb bilardi u. Faqat u ovoz chiqarib gapiryaptimi yoxud tovushi chiqmayaptimi – bunga ham koʻpda eʼtibor qilmaydigan boʻlib qolgandi. Inson ovoz chiqaradimi-chiqarmaydimi, nima farqi bor, u hamisha ichida gapirayotgan boʻladi axir. Yaxshiyam, oʻziga oʻzi gapirish, oʻzi bilan oʻzi gaplashish taʼqiqlanmagan!.. Yolgʻiz odam ham istaganicha gapirishi, soʻylashi mumkinligini hisobga olishmagan chogʻi… Qayiqdagi qariya ham yolgʻiz… U kim bilan gaplashadi, kimga dardini yozadi?.. Baliq tutish dardida dengizga chiqqanu, adashgan. Holdan toyganmi?.. Yoʻli olismikan yo?.. Bepoyon dengiz uzra behuda-besamar suzib yurish Sizif singari qismatiga bitilgan jazo tamgʻasi boʻlsa-chi?!

 

* * *

 

Tagʻinam Zevsdek uddaburon maʼbudlar maʼbudi taysallab, katta xatoga yoʻl qoʻydi, u zarracha oʻylamay-netmay mulozimlariga amr qilmogʻi, Sizif bilgan narsani oshkor etmay turib, zudlik bilan uni el-ulus nazaridan olislarga gumdon qilmogʻi, olislar ham gapmi, oyoq-qoʻlidan tutgancha osmonu falakka olib chiqib, yerga irgʻitib yuborishlari shart edi. Oliy istakka istehzo ila qiyo boqqan koʻzlarni oʻyib olmagan xudoning xudoligi, maʼbudning maʼbudligi qoladimi, axir?! Kim nima desa desin, illo, qattol saltanat yoʻrigʻi shafqatsiz!

– Olampanoh Zevs oʻz shaʼn-shavkatiga yarashmagan qilmishga qoʻl urdi. U suv va daryolar maʼbudi Asopning bokira farzandi-arjumandi Egina qizga koʻz tikdi – uni oʻgʻirlab, xaramiga yashirdi-i!..

Sizif endigina baralla aytyapti bu soʻzlarni, u damlar esa dilidan tiliga koʻchmagan shu xabar maʼbudlar nazdida shumxabar deya talqin topdi.

Talqin yedi Sizifni! Talqin boshiga yetdi!..

 

* * *

 

Shafqatsizdan shafqat tilanma aslo, zero…

– Nechun bording bozorgoh, malʼun?!

– Nechun borurlar bozorgoh, maʼbud?

– Gap oʻynama, betavfiq sayoq! Vaʼz oʻqimoq edi niyating.

– Niyatim – haq boʻlgan mudom! Hamon…

– Hah-ha-a, haqiqat?! Haqiqat – gʻuluv!..

– Dildan tilga koʻchmagan kalom…

– Tamom-m! Tamom-m! Batamom-m!..

…Chorsu bozoriga borgani chin, maydon oralab oʻtgani rost.

Shunda banogoh – unga nigohi tushgan xaloyiq turgan joyida suratdek toʻxtab qolar, unga angrayar, undan soʻz kutar, bunday holdan Sizif ham hayron, zotan, dilida haq axbor qaynagan – boxabar odamning har bosgan qadami, har tashlagan nazari bir hikmat ekanligini oʻzi ham anglamagan… Maʼbudlar ustidan gʻalaba qozonish esa tentaklik, telbalik – davomi esa xatar-tahlika. Illo, Sizif qilmishidan afsuslanmadi, aksincha, maʼbudlar maʼbudining haddidan oshgani meni haddimdan oshirdi, deya oqladi oʻzini. O, idrokim, qonlarga toʻl, qonga toʻl chanqoq, dahshat solib yasha yoki yashama mutloq!.. Ha, shundoq: arslon – izidan, erkak – soʻzidan!..

 

* * *

 

Kimdandir yoki nimadandir qochib kelgan quyuq bulut goʻyo jon saqlamoq umidida dengiz suviga chaplashib ketdi, bulut qayda – suv qayda, Sizif ajratolmay qoldi. Suv toʻq koʻkimtir, deyarli binafsha rang tusga kirib… Sizifning koʻzini achishtirdi. U picha chidadi, oʻzi zabt etishga chogʻlangan togʻ choʻqqisining yonginasida yastanib yotgan dengizning bulutlar xurujiga uchragani… hozirgina jilvalanayotgan moviy suv sathidan koʻz uzolmadi, axir poyonsiz dengiz sathi jimir-jimir qilib shivirlayotganga, olis-olislardan esayotgan shabada suv sathini erkalayotganga, suv mavjlanib-erkalanib noz-karashma qilayotganga… Sizifga kuch bagʻishlayotganga oʻxshayotgandi. Baliqchi qariya boshqarayotgan qayiqning dengiz uzra bir maromda suzib borishiga havasi kelayotgandi. Chol chiranmasdan, bir meʼyorda eshkak urayotgan, Sizif sirti tep-tekis, silliq va ayniqsa yumshoq-momiq suv sathidan suqlana-suqlana koʻz uzolmayotgan, beixtiyor boshini azot koʻtarib oʻzi zabt etmoqlikka qasd qilgan qoya tomon ketgan yoʻlni nazardan oʻtkazayotgan, damo-dam chol qayiqni oqim izmiga qoʻyib qoʻllariga dam berayotganini koʻrganida oʻzi bunday imkoniyatdan mahrum ekanligini yana va yana taqdiri azaldan, qismatidan koʻrib, ich-ichidan ezilayotgandi.

 

* * *

 

Sizifning boshi uzra Tanatosning[1] qora bulutlari quyuqlashdi. Sizif boʻsh kelmadi – toʻgʻri, u oʻziga yetgancha hiylakor edi, uncha-munchaga boʻsh kelmasdi, uncha-muncha nayrang tuzogʻiga ilinmasdi ham. Tanatosga boʻysunish oʻlim bilan teng, yaʼni jallod tigʻiga gardanini tutishning oʻzginasi edi. Buni yaxshi bilgan Sizif birdan-bir toʻgʻri yoʻlni tanladi – u oʻlim maʼbudini qulluq ila qarshi oldi, unga ojiz va notavon qiyofada roʻbaroʻ boʻldi. Biroq u mazlumning yovuzlikka qarshi isyoni – hiyla, degan aqidani qoʻllayotganini hech zogʻ payqamadi.

 

* * *

 

Sizif ovozining boricha xaxolab togʻu toshni boshiga koʻtardi, quloq tutdi – togʻ kuldi, choʻqqi kuldi, oʻt-oʻlanu hoʻ-oʻ naridagi dengiz mavjlana-mavjlana kuldi. Sizifning shumligi tutdi, u roʻparasida baqrayib qolgan gʻanimini mazax qilayotgan gʻolib sarkarda yangligʻ istehzolarga toʻla basharasini koʻz-koʻz qilib kuldi. Haqqirost maʼbud boʻlsa, koʻnglimda yetilib turgan niyatimni payqamasmidi?! Oʻzini maʼbud deya jar solgan maʼbu-ud, maʼbu-ud, hammasi oʻzicha maʼbudchalar, yaramaslar!.. Kulgi uni xumordan chiqarolmadi, birdan jiddiy tortdi, yoʻq, naʼra tortdi, naʼra:

– Senmi meni dogʻda qoldirmakka atalgan jazo? Menmi senga kalaka-ermak? Shul xarsang, shul togʻ boʻldimi yoʻlimda paydo?! Mening yoʻlimda-ya?!

Sizif xarsangni dast koʻtarib hov dengizga qarata uloqtiradigan vajohatda qoʻllarini boshi uzra musht qilib doʻlaytirganicha atrofga zahar purkadi.

Keyin nima boʻldi, keyin? Nima boʻlardi, olam ahli koʻrmagan-netmagan hodisa yuz berdi – Tanatos gʻaflatda qolganini anglab yetishga ulgurmay, Sizif uni zanjirband etib, zindonga tashladi, zindonga! Toʻfon tutdi olamni, betinim va betizgin chaqqan chaqmoqlar momaguldurakka aylandi – olam toshqin ostida qoldi. Jala quydi, sel quydi. Sizif Korinf ulusi ichmogʻi uchun suv soʻragandi – kechagina qultum suvga zor aholi necha kun-necha oy tinimsiz yoqqan jala ostida gʻarq boʻldi, gʻarq!.. Biroq Zevs niyatiga yetolmadi, yaʼni oʻlim maʼbudi Tanatos zindonband ekanligi bois yer yuzida oʻlim toʻxtagandi.

Zevs talvasaga tushdi!..

 

* * *

 

Qirgʻinbarot oʻlimning toʻxtashi Zevsni dahshatga, talvasaga soldi. – Sizif xarsangtoshga kiftini tiragan koʻyi choʻnqayganicha unga razm soldi. Xarsang zil-zambil sukunatga ketgan, aftidan, u ohista boshlangan hikoyaga butun vujudi bilan quloq solayotgandi. Sizif davom etdi:

– Zevs oʻliklarni ham, undan battar tiriklarni ham koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Osmonu falakdan yogʻiladigan, odamlar boshiga mingdan-ming ofat-talofatlar yogʻdiradigan yogʻin-chaqinlar xudosiga va tangrilar tangrisi degan oliy sharaf sohibiga aylangan bu kimsaning kimdan va qay tariqa dunyoga kelgani ahli avomdan pinhon tutilgan.

Endi oʻylab koʻrsa, shu xabardorligi, yaʼni Zevsning nasl-nasabini besh qoʻlday bilishi Sizif ustidan oʻqilajak hukmning shafqatsizligini belgilab bergan edi. Xullas… avvalboshda Kronos va Reya oilasida totuvlik, xotirjamlik hukmron edi. Biroq bu osudalik uzoqqa bormadi – Reya farzand koʻrdi deguncha Kronos ularni hayallatmay paqqos jigʻildoniga urishni odat qiladi. Volida Reya uvvos soladi, faryod chekadi, eri Kronos esa oʻz farzandlaridan biri tomonidan mahv etilajagi haqidagi bashoratdan tinchini yoʻqotgan, taxt-martabadan mosuvo boʻlishdan koʻra nasl-nasabsiz qolishni afzal deb bilgani bois razil odatini kanda qilolmasdi. Joni oʻrtangan Reya navbatdagi homilasi – Zevs dunyoga kelgan zahoti uni oʻrab-chirmab yashiradi va uning oʻrniga eriga choyshabga oʻralgan tosh parchasini taqdim qiladi. Kronos toshni yutib yuboradi. Oradan necha fursatlar oʻtib, Zevs voyaga yetadi va bashoratda naql qilinganidek qonxoʻr va odamxoʻr padaridan tugʻilmay nobud boʻlgan aka-opalarining xunini oladi.

Oʻsha otadan dunyoga kelgan Zevs oʻzi ham padar qargʻishiga, soʻngra qismatiga giriftor boʻldi. Otameros qonxoʻrlik qismati Zevsni bachajish – chaqaloqxoʻrga aylantirdi, biroq, hayhot, u bu borada otasidan oʻtib tushdi, yaʼni taqdir lavhiga bitilgan qatli om qismatidan omon qolish ilinjida koʻz ochib koʻrgan jufti haloli Metidani tiriklayin yutadi. Onaning vujudida jon saqlagan homila esa rivojlanishdan toʻxtamaydi, balki ota miyasidan ozuqalanish hisobiga rivoj topadi va vaqt-soati yetgach, dunyoga keladi…

Sizif hikoya qilishdan bir zum toʻxtab, uzoq tin oldi. Nima qilsin – aytsinmi-aytmasinmi, yoʻq, u bashorat qilish niyatidan yiroq, faqat shoh Ibn K. bilan bogʻliq voqea… Shunday bir zamonlar keladiki, shoh ibn K. kibru havoda oʻzini osmon ustuni deb eʼlon qiladi. Oʻz qoʻl ostidagi yurtda bunga shubha bilan qaraganlarni, ularga qoʻshib maʼlumu mashhur zotlarni yoppasiga qatli om etadi. Nima boʻladiyu, bexosdan uning burniga chivin kirib ketadi. Harchand urinmasin, ayuhannos koʻtarmasin, chivinni qaytarib chiqarish epi topilmaydi, chivin esa uning miyasini kemirish hisobiga kun va soat sayin kattalashib sichqondek boʻlib ketadi. Shoh ibn K. oʻlmay turib jahannam azobini koʻradi… Sizif bu hikoyani soʻzlab yuborishdan oʻzini bazoʻr tiydi.[2] Lekin Kronos va Zevs ikkovi asli xudosiz badbin ekanliklarini aytdi. Ochiqchasiga aytdi, dona-dona qilib aytdi:

– Kronos va uning zurriyodi Zevs – ota va oʻgʻil xudosiz boʻlganlari uchun ham oʻlimni dahshat deb bilardilar, zotan oʻlim gunohkorlar nazdidagina dahshat va ayanch manbaidir!..

Xullas, mana shunday malʼun xudosizlar oʻzlarini ilohga, maʼbudga mengzaganlari, haramini esa manfur ishratxonaga aylantirgani nima uchun ahli ommaga oshkor boʻlmasligi kerak?! O, badkirdor, o, yaramas, qonxoʻr, muttaham, o, laʼnati xotinboz! Oh, qaydasan qasos, qayda intiqom?! Poʻstkallasin aytsam, eshaksan, eshak… beshak!..

Sizif oʻrnidan irgʻib qad rostladi, azbaroyi junbishga kirganligidan bukik qaddi rostlandi – boʻy-basti xarsangdan-da tik, mahobati xarsangdan-da ulugʻroq koʻrindi. Davom etdi:

– Uning kirdikorlaridan soʻz ochgan kimsa borki, gʻiybatchi, gʻanim, yurtbuzar muttaham deya eʼlon qilindi, betlariga qora chaplandi. Koʻz yetmas, qoʻl yetmas, soʻz yetmas maskanlarga badargʻa qilindi. Qizining hajrida kuyib ado boʻlgan Asop esa dom-daraksiz, nom-nishonsiz…

Sizif birdan jim boʻlib qoldi. Boshlagan soʻzini nihoyasiga yetkazmay tilini tishladi. Yana nima jin urdi uni? Yana ne maqsad-muddaoda tiliga erk bermoqda? Bejon-behis xarsangtosh-ku, deb oʻyladimi? Unday desa, joni-koʻngli boʻlsa-chi, bu baqaloqning?! Toshda ham ruh mavjud deganlar. Oh, yoriltosh-yoriltosh, ich-ichingni ochayin, men qalbingni koʻrayin… Yorilaqol, yoriltosh… Meni aldadi, koʻppak, qari sangtarosh!.. Koʻngil nima qilsin, bul… Maxluqmidi, jondormidi, kasu nokas bandamidi, bu xarsangtosh?!

 

* * *

 

Sizif aytganlari toshga yuqmasligiga ishonchi komil edi, jigarporasi xajrida adoyi tamom boʻlgan padar – Asopning dom-daraksiz gʻoyib boʻlganidan ogʻiz ochgan joyida… boshi, yelkalari aralash mayda qum zarralari yogʻdi. Sizif hayron boʻldi, birdan hikoyani choʻrt uzdiyu, yuqoriga qaradi, tuyqus “qirs-s” etgan sas eshitildi. Sizif dabdurustdan buni tushunmadi. Aqli bovar qilmadi, vaholanki, aniq-tiniq eshitdi! Zum oʻtmay sapchib oyoqqa qalqdi va nazarida xarsangtosh charsillab, parchalanib tushadigandek xavotirda toshning panasidan otilib irgʻib chiqdi. Ortiga oʻgirilib xarsangga bosh-oyoq razm soldi.

Tosh qilt etmay turardi. Vaholanki, necha zamon-necha davrlar oʻtdi-ketdi, Sizif xarsang loaqal qilt etsa-chi, deb xunobi toshar, achchiqlanar, ayuhannos koʻtarar, nor tuyadek oʻkirib yuborar, tuya emas, ayni achchigʻi chiqqan damlarda filga aylanib qolsayu, qudratli xartumi bilan xarsangni dast koʻtarib!.. Yoʻq, fildan ham biror ish chiqishiga koʻzi yetmaydi, yaxshisi, Briareyga[3] aylanadi! Mushkuli osonlashadi shunda, xarsangni kiftiga qoʻndirib, yuzta qoʻlini ishga soladi – qoʻlma-qoʻl qilib, ha, shunday – xarsangni kiftiga qoʻndirib, togʻ choʻqqisi ekanu, osmonu falakka qaratib irgʻitadi, soqqa quvib yurgan boladek istasa, pastga qaratib dumalatadi, istasa, tepaga – choʻqqi tomon chopqillab-irgʻishlab koʻtarib chiqadi!.. Biron qadami zoye ketmaydi uning!

Sizif shunday dediyu, koʻkka qarab xuddi tavallo qilayotgandek oʻzining kutilmagan kashfiyotidan mutaassir boʻlib qoldi!

Hech bir harakat zoye emas… Behuda, besamar, bemaʼni emas!.. Emas, emas, emas-s!.. Qumursqaning qadam olishidan tortib Yer va Quyoshning ikki sevishgan qalb sohiblari yangligʻ bir-birining atrofida aylanishigacha – hikmat, hikmat, hikmat! Yer Quyoshning atrofida aylanadimi yoxud aksinchami – nima farqi bor, deya befarqlik qilish nahot aqli raso odamga yarashsa?! Omilik, betavfiqlik emasmi, bunday fikrlash! Bunday nusxalar yeru quyosh harakatdan toʻxtagan taqdirda ham pinakni buzmas! Sizif uchun esa… xarsangtosh tepasidan qum zarralarining uchib-toʻkilib tushganidayoq olamcha hikmat mavjud. Ha, shunday, harakat mavjud joyda maʼno-mazmun, mohiyat mavjud. Najot quruq irodada emas, yoʻq, harakatga aylangan irodada! Maʼno-mazmun va mohiyat mavjud ekan, hech bir irodali xatti-harakat behuda-bemaʼni ketmaydi. Adoqsiz harakat bekor, boqiy harakat besamar-bemaʼni deganlarning oʻzlari, soʻzlari bekor-bemaʼni-besamar!..

Sizif bir joyda turolmay qoldi, birdan tovushining boricha baqirgisi-hayqirgisi, shu bilan togʻu toshdan, osmon toʻla bulutdan, bulutlarga tutash dengizdan, xarsangdan… mammidan suyunchi olmoqchi edi. Turgan joyida chir aylanishga tushdi. Aylanaverdi-aytaverdi, aytaverdi-aylanaverdi. Yaxshi yashamasa-da, mayli, azob-uqubat cheksa-da, rozi, illo, qanday boʻlmasin uzoq, uzoq, judayam uzo-oq yashamogʻi hikmatdir-hikmat! O-o, Sizif! Chir aylanib aytdi: yaxshi yashashni emas, uzoq yashash avlo! Oh-ho-o, Sizi-i-f! Aytib-aytib, gir-gir aylanib – usta kulolning charxidan shiddatliroq joyida aylanib aytdi: yaxshi yashash emas, uzoq, uzoq, uzo-oq yashashdan va zinhor-bazinhor harakatdan toʻxtamay yashashdan oʻzga oliyroq orzu-havas, ilinj-istagi qolmagan Sizi-if! Haqiqa-at!.. Haqiqa-a-at-t!.. Totli haqi…

Sizif suvdan boʻkib chiqqan… itdek silkindi, tamom holdan toygan, aʼzoyi badani shalvillagan, lekin ichi… vujudi… shuuri toza-tiniq edi, betini koʻkka qarata koʻzlarini yumdi, shu alfozda yanayam sergak tortishga harakat qildi, biroq oʻzining qayerda, qanday holatda, qay vaqtda yakka-yolgʻiz qaqqayib turganini anglab yetmay, bosh chayqaganicha ogʻiz juftladi:

– Yaxshi yashash emas, uzoq yashash… Quruq irodaning oʻzi emas, harakatga aylangan iroda bunyodkor, yaratuvchidir, shunday iroda omon ekan, poyonsiz maʼnisizlikning adogʻi – bamaʼnilik, ushbu bamaʼnilikka yetishmoqlik yoʻlidagi mashaqqatlarga bardosh berishda esa sabr-toqat, sabr-toqat, sabr-toqat…

Xarsangtoshning allaqayeri qarsillab ketdi, favqulodda beoʻxshov qarsilladi, Sizif dabdurustdan buning qanday tovush, shovqin ekanligini tushunolmadi, koʻzlari yalt etib ochilganicha xarsangni bosh-oyoq nazardan oʻtkazishga tushdi, angraydi-alangladi, nafi boʻlmadi, darhol es-hushini yigʻdi, shunda xarsangga qapishishning, uni joyidan siljiy boshlashiga qarshilik koʻrsatishning hojati qolmaganini sezdi. U tamom holdan toygan esa-da, gʻoyatda chapdastlik bilan jon holatda oʻzini chetga tortdi. Xarsangtosh bir siltandiyu, ayuhannos solib, olamni boshiga koʻtarganicha pastlikka qarab dumaladi!..

 

II

 

Toʻxtovsiz oʻtkuvchi zamonga inson dosh bermasligi, togʻu tosh, xarsangtosh dosh bermasligi mumkin, boringki, xalqona hikmatning ohori toʻkilishi ham uchraydigan hol, ammo-lekin, hammasidan dahshatlisi, Sizifning nazarida vaqt taqa-taq toʻxtab qolgandek, u vaqt tushunchasini allaqachonlar unutib yuborgani edi… Yilni ham, kunni ham, soatu daqiqalarni ham unutdi u. Vaqtni unutgan oʻzini ham unutadi. Oʻzini unutgan odam moʻljalni, rejani, hisob-kitobni unutadi. Yashamayotgandek yashaydi.

Bunday holatga tushgan odamning ahvolini yaxshi bilardi Sizif, bir xayoli, qanday boʻlmasin, vaqtning hisob-kitobini olib borishga astoydil kirishgandi ham, biroq bu niyati uzoqqa bormadi – nima, qachon yuz berganining nechogʻliq ahamiyati, qimmati bor? Qolaversa, Sizifning tosh yumalatishdan boʻlak boshqa hech qanday maqsad-maslagi, vazifasi qolmagan. Uchrashadigan, gaplashadigan odami yoʻq – u yolgʻiz. Koʻrgan-kechirganlarini doston qilib kimlargadir arzihol qilish niyati ham yoʻq.

Shu oʻy-xayolda beparvolik qilgandi, boshqa muammoga roʻpara keldi: vaqt oʻtyaptimi yoxud taqqa toʻxtab qoldimi, axir vaqt imillab yoxud jadallab oʻtib turgani qandaydir belgilar yordamida sezilib turmogʻi kerak-ku! Oʻzining mavjudligini sezmaslik, his qilmaslik bunchalar ogʻir kechishini Sizif tasavvuriga keltirmagandi.

 

* * *

 

Sizif xarsangtosh tepadan pastga qarab necha martalar dumalaganini sanamay qoʻyganiga, eh-he-ye-e, allaqancha zamonlar oʻtib ketdi. Dastlabki kezlar oh degancha, voh degancha qarsak urib qolardi u. Alamidan labiyu tilini chandir goʻsht chaynayotgandek gʻajiyotganini sezmas, qonini shima-shima tuflab tashlar, tizzasiga gursillatib mushtlar, nazarida ovozini, hayqirishini eshitsa, xarsang yumalab borayotgan joyida, “Labbay, chaqirdingizmi?” deb taqqa toʻxtashi muqarrardek xunobi toshib ayuhannos koʻtarar, mehnat-mashaqqatlari zoye ketganiga achinar, qanday xatoga yoʻl qoʻydim deb oʻzini oʻzi tergar, taftish qilar, afsuslanar, xarsang ortga qarab dumalay boshlagan joyidan turib choʻqqiga dovur qancha masofa qolganini chamalar, bir yoki nari borsa, ikki-uch zoʻr berish bilan choʻqqini ishgʻol etishi mumkin boʻlgan masofa qolganini koʻrib faryod chekib yuborardi. Keyinchalik esa ana shunday figʻoni falakka chiqib afsus-nadomat chekish odatlari asta-sekin yoʻqola bordi. Hatto navbatdagi safar xarsangni joyidan jildirar ekan, tepalik yonbagʻrining qaysidir manzilida qanday qilmasin, baribir bu toshyurak yumaloq, dumaloq, baqaloq necha bor-necha dafʼa chiqib borgan izi boʻylab ortga qaytishini, bunga Sizif harchand urinmasin toʻsqinlik qilolmasligini oldindan boʻyniga olib qoʻyar, chiqamiz – qaytib tushamiz, chiqamiz – qaytib tushamiz, illo harakatdan toʻxtamaymiz, deya xirgoyisifat mingʻir-mingʻirlar bilan oʻzini oʻzi yupatardi.

 

* * *

 

Yaqin-yaqindan esa Sizifning feʼlida gʻalati bir oʻzgarish yuz bera boshladi – unda xarsangtoshning tepadan pastlikka tomon oʻqdek otilib tushishini xuddi birinchi bor koʻrayotgandek taajjubu hayratdan ogʻzini lang ochib qoladigan odat paydo boʻldi. Xarsangning ayovsiz, shafqatsiz va tasvirlab boʻlmas shiddat-vajohat bilan choʻqqi etagi sari yumalashini koʻrish-kuzatish tang ahvolga solib qoʻyardi uni. Maʼbudlar xarsangtoshning qulogʻiga eritilgan qoʻrgʻoshindek qilib quyib, unga tayinlashganmikan… zinhor va hech qachon unga boʻsh kelmaysan, choʻqqiga olib chiqishiga yoʻl qoʻymaysan, faqat va faqat pastlik sari yumalaysan deya pishiqlab qoʻyishganmikan…

Sizif bexosdan sadoqatli qadrdonining xiyonatiga yoʻliqqan odamdek birdan choʻkib qoldi, qaddi dol, holdan toygan koʻyi shilq etib choʻnqaydi, boshini tizzalari orasiga solintirganicha gʻujanak boʻlib oldi, alla-pallagacha oʻtirdi shu alfozda, ichi qizigandan-qizidi chogʻi, choʻnqayib oʻtirgan joyida chalqanchasiga uzala tushdi. Zarang yer badaniga botmadi. Yotgan joyidan bu safar ham ixtiyoriga boʻysunmagan xarsangga goh gʻazab, goh tushunuksiz alam-armon bilan oʻqraydi. Xarsangtosh jonli maxluqqa oʻxshab ketdi nazarida. Ichingga uray, dedi Sizif tishlarini gʻijirlatib, qon aralash tufladi, dona-dona, burro-burro qilib soʻkindi. Osmonga termildi. Samo xoqoni – ohista va zalvorli suzib borayotgan qavat-qavat bulut orasida yanayam qoraroq, hayhotdek, yum-yumaloq… Sizif diqqatini jamladi, qop-qora va yum-yumaloq, dum-dumaloq, baq-baqaloq, bahaybat… manavi yumaloq, dumaloq, baqaloqdan yuz karra ulkanroq toshbulut… goʻyo ichiga havo toʻldirilgan pufakdek yengilgina va hech qanday qiyinchiliksiz suzib borayotgandi. Sizif havasi kelib nigohini uzolmay yotdi. Qoʻli yetsa, tortib tushirardi-ya uni, oyogʻining ostiga!.. Beozor, begʻalva, bemashaqqat siljish qanday boʻlishini manavi xarsangga koʻrsatib qoʻyardi-ya!..

Bulutdan yasalgan-da, – dedi Sizif, oʻsha zahoti ichida paydo boʻla boshlagan hasad aralash havasni unutishga urinib. – Bizniki esa – toshdan, qoya toshning bagʻridan oʻyib olingan, maxsus ishlov berilgan, jilo berilgan, yoʻnilgan, qulogʻiga dam solib…

“Yoʻgʻ-e, – deb yubordi Sizif xayoliga kelgan fikrdan qaytib. – Jilo-ishlov berilganga oʻxshamaydi, shundayiga biror togʻ bagʻridan oʻyib olinganu shu maskanga – jazo biyoboniga keltirib tashlangan”. Illo, Sizif burun bunday sazoyigohlar, jazogohlar mavjudligini na koʻrgan, na eshitgan.

Bulutni puf desang, kifoya – yengil, ogʻirga esa – ogʻir boʻlishga majbursan.

Xayoliga kelgan bu fikr Sizifga maʼqul tushdi, darhaqiqat, ogʻirga – ogʻir boʻlish darkor. Ogʻirga yengillik ketmaydi, ogʻirni ogʻirlik bilan yengish mumkin, yengillik bilan emas!..

 

* * *

 

Sizif hozirgina xarsangning pastlik tomon yumalab ketishidan avval turgan joyiga qaradiyu, suratdek qotdi-qoldi! Koʻzi yerda yotgan bir boʻlak yapaloq toshga tushdi! Toshning oqish-qoramtir aralash tusli ichki tomoni shu qadar yaltirar, jilvalanardiki, Sizif qamashgan koʻzlarini ustma-ust yumib-ochdi, beixtiyor mijjalarini mushti bilan ishqadi, tosh parchasiga qayta tikilib qaradi – manzara oʻsha-oʻsha, oʻzgarmadi, hayajonning zoʻridan uning shuuri, vujudi, ogʻzi huvullab boʻm-boʻsh allanima idishga aylanib, oʻzi serrayib turib qoldi. Nima oʻzi bu? Qanday?.. Qandayiga?! Haybatidan odam tugul, yirtqich hurkadigan xarsang ne sababdan oʻzidan-oʻzi sinib tushdi?! Axir!..

Sizif ichini algʻov-dalgʻov qilib paydar-pay qalashib kelayotgan savollarning birortasiga ham javob topolmadi, topolmasdi ham, zero koʻzi bilan koʻrib, hatto qoʻli bilan tutib turgan narsaga aqli bovar qilmayotgandi. Shoshilinch, ha-ha, zudlik bilan biror chora koʻrmogʻi, mabodo taysallaydigan boʻlsa, kor-hol yuz berishi muqarrardek, lekin nima qilmoq kerak? Nima?! Qanday kor-hol yuz berishi mumkin? Bordiyu, xarsang sinib tushganining oʻzi kor-hol boʻlsa, bu nimaning alomati, belgisi, ishorasi?! Nimaga yoʻymogʻi kerak buni Sizif?! Najot istab toʻrt tomonga qarab yugursinmi, vaziru vuzaro, avliyoyu mavlono mushovurlarini shoshilinch mashvaratga chorlasinmi, yerni mushtlasinmi yo koʻkka qarab uv tortsinmi?!

 

* * *

 

Har bir oʻzgarish, har bir yangilik yangidan-yangi umidga doya, yangi umiddan yangi dunyolar dunyoga keladi. Sizif bu haqiqatni yaxshi biladi, biroq bu maskanda oʻzgarish yuz bermasligiga, oʻzi oʻzgarmas biyobon bandisiga aylanganiga allaqachonlar amin boʻlgan, binobarin, oʻylash, xayol surish, muhokamalarga berilish ortiqchadek, shunga qaramay, harchand istasin-istamasin, vaqti-vaqti bilan sarkash xayollar olib qochganini oʻzi ham sezmay qolar, sarkash toʻlqinlar iskanjasidan xalos boʻlolmas, shunday lahzalarda, chunonchi, nimadan yaralgan oʻzi bu xarsangtosh, deya oʻzini oʻzi savolga tutgan, muhokama yuritgan, adoqsiz muhokamalaridan biror tayinli naf topmagandi. “Nimadan boʻlardi, – deya bir zamonlar chiqargan xulosasini dilida takrorladi Sizif, – odam odamdan, yirtqich yirtqichdan, giyoh giyohdan paydo boʻlganidek tosh ham toshdan kelib chiqadi-da”. Shunday deb u etak tomon bir-bir odimlab pastlasharkan, xarsangdan uzilib tushgan yapasqi-yapaloq tosh boʻlagini ikki qoʻllab koʻtarib oldi – zalvorligina ekan! – hozirgina xarsang pastga qarab yumalagan soʻqmoq yoqalab odimlab quyiga enib borarkan, undan qolgan yangigina izlarga – tuproq-toshning ezilgan-netgan chuqurchalari, botiqlarini birma-bir nazardan oʻtkazdi. Yaxlit xarsangtosh qanday qilib sindi?.. Zarralardan bunyod boʻlgan qumtosh esa sinmaydi, uvalanadi… Rangi… Sizif togʻ yonbagʻrining naq belida turgan joyidan xarsangning rangini aniqlamoqchi boʻlgandek dam unga, dam qoʻlidagi xarsang parchasiga tikildi. Xarsangning Sizifga qaragan tomoni qorayinqirab koʻrindi, bir necha odim endi, xarsang oqardi, yana pastladi – tosh xuddi qoʻlidagi parcha singari qoʻngʻir tusga kirdi. Sizif uning yoniga yeta-yetgunicha xarsangdan koʻz uzmadi. Har qadamidan soʻng xarsangning rang-tusi tovlanayotganini payqadi, ayniqsa, shu damda nazarida xarsang ogʻir-ogʻir nafas olayotganga oʻxshadi. Sizif uning atrofini ohista aylandi, aylana turib, yapaloq parcha uzilib tushgan joyini izladi, izlaganini birdan topolmay, shoshganidan xarsangni ushlab-ushlab qoʻyar, bu harakatlari bilan ogʻir lat yemadingmi, qayering shikastlandi, deya shoʻx-shodon oʻgʻilchasidan xavotirlangan otadek sarosimada bir joyda turolmay qoldi.

U oʻzining yana bir, navbatdagi urinishi zoye ketganini oʻsha zahoti unutgan, butun vujudi-shuuri bilan xarsangning shikastlanishi hodisasini anglashga harakat qilayotgandi. Biroq, xarsang hamon bus-butun ekan, ortiq taysallashga haqqi yoʻq, demak, navbatdagi ishgʻol etish sari otlanishi mumkin, bundan boʻlak chora ham, maqsad-muddao ham yoʻq. Nima boʻlgan taqdirda ham oʻy surish, xayolga berilish, chalgʻish emas, xarsangni joyidan siljitish, yana, yana va yana marra sari mashaqqatli yoʻlga tushish muhimligini Sizif biron soniya unutishni istamaydi. Ha-a, dedi u doʻrillab, nafas rostlashingga qoʻyolmayman, chiqamiz – qaytib tushamiz, chiqamiz – qaytib tushamiz! Hordiqning mavridi emas. Menga bir qara, yumaloq, boʻlarim boʻlgan, illo, gʻayratim, kuchim-quvvatim hali bisyor, seni hov qiz mammisi yoniga olib chiqishga qurbim yetadi, qani, ketdik, dumaloq! Yur-yur, dedim, oldimga tush, deyapman, baqaloq!..

Avvalboshda xarsang har safar shu taxlit etak tomon dumalaganida Sizif ogʻziga kelgan haqoratlarni qaytarmasdi, ikki qavatlab, uch qavatlab – topib-topib soʻkardi, maʼnodoshu ohangdosh soʻzlarni terib-terib soʻkardi  – ishonasizmi, yoʻqmi, boʻralatib soʻkishlari ish bermay qolmasdi, illo shunda ham xumordan chiqishi oson kechmas, hovliqib, xalloslab pastga yugurib tushar, xuddi xarsang allaqayoqqa qochib ketmasin degan maqsadda uning yoʻlini toʻsmoqchi boʻlayotgan odamdek ikki qoʻlini ikki tomonga yoyganicha zir yugurar, soʻng qoʻliga, oyoqlariga erk berardi!.. Keyin-keyin bunday qiliqlari oʻziga nashʼa qila boshladi, kimga zarda qilyapman, kimga emas, nimaga qichqiryapman, kekirdagim yorilib ketgandayam buning parvoyiga kelmasa, qichqirdim nima, qichqirmadim nima, eshitadigan qulogʻi, oʻtday tutab, kulday toʻziyotganimni koʻradigan koʻzi boʻlmasa! Nima boʻlgan taqdirdayam, dunyoga tosh boʻlib, xarsang boʻlib kelib qolgan bir narsa-da, soʻqimtabiat, toʻngʻiztabiat jonsiz bir maxluq-da, shu bilan tenglashamanmi, shu bilan pachakilashib oʻtiramanmi?! Faqat, nachora, taqdiriga bitilgan ekan, peshonasi, shu bebaqo nimarsaga bogʻlanib qoldi, bu yogʻi Sizifning ixtiyoridan, istagi, xohish-irodasidan yiroq!.. Mana, u qanchalar oʻzini baland olmasin, oʻzining insoniylik shaʼnini saqlamasin, alam aralash xarsangtoshning guldirab, olamni boshiga koʻtarib, togʻu toshni ontar-toʻntar qilib pastga shiddat bilan yumalashini goʻdak boladek oʻzgacha qiziqish, oʻzgacha surur bilan kuzatib oʻtiribdi. Dastlabiga u oʻzida xarsangtoshning pastga qarab yumalashini kuzatishga moyillik paydo boʻlganiga ajablandi, biroq vaqt oʻtgani sayin arzimasdek koʻringan mayl odatga aylanib ketdi. Xarsang quyiga qarab jila boshladimi, u darhol oʻzini chetga olar, boʻlar ish boʻldi, degan oʻyda oʻsha zahoti toʻgʻri kelgan yerga oʻtirganicha hayotda koʻrmagan-netmagan ajoyib va gʻaroyib voqeaga ilk bora koʻzi tushgan odamdek favqulodda qiziqish bilan xarsangni kuzata boshlar, uning shu qiligʻini olqishlab qarsak chalib yuborar va qizigʻi… har safar favqulodda voqea yuz bergan ilk soniyalarda risoladagi har qanday odamda kuzatiladigan holat – aqlining lol qolishi Sizifni butkul parishon bir ahvolga solib qoʻyardi…

 

* * *

 

Sizif armonlardan koʻz yumib, orzu-niyatlar bilan yashashni allaqachonlar oʻziga odat qilib olgandi. U oʻng kifti va oʻng kafti bilan xarsangni joyidan jildira boshlaganida toshning oʻzi-koʻzi uchun yod boʻlib ketgan qoʻngʻir, och qoʻngʻir, toʻq qoʻngʻir, qiziltob joylariga, undagi gʻaroyib chiziqlarga, izlarga, dogʻ-dugʻlarga, turfa kattalikdagi xollariga, langʻillagan “gulxan”ning uchlariga birma-bir razm soldi. Nazarida, xarsangdagi har bir dogʻ-dugʻ, har bir chiziq-iz nimalardandir darak berayotgandek, sas-sado chiqmasa-da, nimalardir haqida soʻzlayotgandek, faqat Sizif – inson bu tilni tushunib, anglab yetmayotganidan xunobi toshar, bunga sayin xarsangning shaʼniga yogʻdirgan barcha-barcha dashnomu malomatlari uchun oʻzidan xijolat chekar, hatto xuddi uzrxohlik qilayotgandek, mulzamligini xaspoʻshlagandek xarsangga tik qarolmay qolardi.

 

* * *

 

“Soʻqimtabiat, toʻngʻiztabiat jonsiz bir maxluq-da” dedi-ya xarsangni! Vaholanki, toshda ham fikr va ruh mavjud. Jonsiz narsalar odamlar nazarida jonsiz boʻlib koʻrinadi, chunki insonga jonsiz narsalarning jonini koʻrish va anglash quvvati berilmagan. Buni baʼzi favqulodda hollarda his etish, ilgʻashgina mumkin, xolos. Kim aytgandi-ya, bu soʻzlarni? Kim aytgani yodida yoʻq, lekin eshitgan chogʻi eʼtibor qilmagan, hatto bachkanadek, beoʻxshovroq chalingandi qulogʻiga. Naqadar hikmatli, naqadar purmaʼno soʻzlar ekanligi mana endi anglashilmoqda. Oʻylab koʻrsa, mana oʻsha favqulodda holat boshiga tushib turibdi-ku, Sizifning. Favqulodda holat unga anglash, idrok etish imkonini bermoqda. Nainki xarsangtoshdek jonsizning jonini anglash, his etish baxti Sizifga nasib etadiganga oʻxshamoqda!..

 

* * *

 

Sizifning nazarida, xarsangning ayrim joylari oddiy tuproqdan qotirilgandek, goʻyo ularni qoʻl bilan qirib tushirish ham mumkindek tuyuldi. Sizif shu xayolda singan-netgan tirnoqlari, qontalash kaftining qirrasi bilan unnab koʻrdi, biroq xarsangdan zarra ham koʻchmadi, aksincha, xarsangning tuproq boʻlib koʻringan yerlari toshdan-da qattiq, metin boʻlib ketgandi. Sijjilmikan?..[4] Tuproqmi, toshmi, boshqami – Sizif xarsangning qaysi yeriga qoʻl urmasin, qotib, metinga aylanib ketgandi. Xarsangning sathi sip-silliq emas, u qadar gʻadir-budur ham emas. Sizifning qoʻli – kafti, barmoqlari tegmagan joyi qolmadi. Xarsangning notanish joyi qolmadi Sizif uchun. Hatto peshonasi, beti, kifti, koʻkragi, tizzasi… qoshi-kipriklari chippa yopishmagan joyi yoʻq xarsangning badanida. Faqat ichi, ichini bilmadi, bilolmadi. Ho, xarsangtosh, yoriltosh, men ichingni koʻrayin, dilginangni bilayin, deya xirgoyi qiladigan boʻldi ahyon-ahyonda Sizif. Zero, uning uchun xarsangdan boʻlak doʻst, birodar yoʻq bu yerda, istaydimi-yoʻqmi – mahkum odam uchun xohish-istak degan soʻzlar begona axir  – Sizifning birdan-bir koʻz ochib koʻradigani mana shu xarsang. Doʻsti, sirdoshi, suhbatdoshi… raqibi, hatto tajovuz qilib qolish ehtimoli boʻlgan yakkayu yagona gʻanimi shu. Vaqti kelsa, hasrat xaltasini ham mana shu toshning joniga-hissiyotiga ishonadi, shunga ravo koʻradi Sizif.

 

* * *

 

U yodiga nimadir tushgan odamdek shoshib xarsang atrofida aylanib-timirskilanib izlay ketdi. Maymundek tarmashib uning tepasiga chiqdi, topmadi, yerga tushib, bagʻrini yerga berib emaklaganicha xarsangning ostini paypasladi. Topdi! Barmogʻining uchlari bilan toshga yopishgan tuproqni qirib tushirdi. Qanoat hosil qilmadi shekilli, zumda qad rostladiyu, ikkala kafti bilan xarsangni osongina joyidan jildirdi. Sizif hozirgina tuprogʻini qirib tushirgan joyini nigohi baravar balandlikka kelishini moʻljallab, xarsangning toʻq qoramtir sirtiga oʻzi oʻyib yozgan yozuvni oʻnglab, toʻxtatdi – “Sizif”. Ismini yozgunicha ozmuncha bulut suzib oʻtdimi osmonda! Sizif vujud-vujudi bilan shu mashgʻulotga andarmon boʻldi. Zarrama-zarra, bittama-bitta qirrador toshlar yordamida oʻyib-yoʻnib yozdi. Qoʻllari qonab ketdi, xarsangdan uchib otilgan tosh zarralari yuz-betini choʻtir qilib yuborayozdi. Sizif ahdidan qaytmadi, toʻxtovsiz suzib borayotgan bulutlardan vaqtning hisobini oldi, demak, bulutlar oʻtadi, Sizif ham oʻtadi, yangi-yangi bulutlar keladi, ana oʻshanda bu biyobonga qadami yetgan odamlar xarsangtoshdagi yozuvni oʻqiydilar! Voqif boʻladilar!

Sizif har bitta harfni yozishni nihoyasiga yetkazganida quvonchdan oʻzini qoʻyarga joy topolmas, harflarning qingʻir-qiyshiqligi ham oʻziga sezilmas, sangtarosh boʻlib ket-e, toshzargar boʻl-e, Sizifboy, deya oʻzini oʻzi alqashdan tolmas, toshga muhrlangan oʻz ismini oʻqigani sari xarsangtosh qandaydir jonli doʻsti, hamrohiga aylangandek boʻlar, bundan hayronligini ham chetga surib qoʻyib, xarsangga qarata mehr toʻla soʻzlarini takror-takror aytgisi kelaverardi.

– “Sizif”ning yoniga “Korinf” degan soʻzni qoʻshaman, – dedi u, xayoliga kelgan fikrdan sevinib. – Zamonlar ketidan zamonlar oʻtadi, bu biyobon tashrif buyuruvchilar dastidan azbaroyi qadamjoga aylanadi. Ana oʻshanda, ana oʻshanda…

 

* * *

 

Xarsangtosh togʻ etagidagi “qoʻnalgʻasi”dan picha ogʻirroq siljidi bu safar, ogʻirroq boʻlsa-da, har qalay, Sizif xarsangning yangigina sinib-uzilib tushgan joyi chang-gʻubordan xoli, xuddi uni birov yaxshilab yarqiratib yuvgandek jilvalanayotganini koʻrdi. Sizif turgan joyida qimir etolmadi. Nigohini xarsangning lat yegan joyidan uzmadi. U ilk marta xarsangga achinish bilan, goʻyo unga hamdardlik izhor qilmoqchi boʻlgan qadrdondek maʼyus tortgan, kiprik qoqmay, termilib turardi…

 

* * *

 

Ha, u bilan qirpichoqlashib, bir-birlariga gʻanimlik qilishgan zamonlari allaqachon oʻtib ketdi, endi ular oʻrtasida doʻstlik, inoqlik qaror topgan, garchi xarsang bu qadrdonlikka oxiriga qadar sadoqat koʻrsatayotgan boʻlmasa-da, shunga qaramay, Sizif undan gina-kuduratlarini unutib yuborgan, binobarin, qoqilsang – toshdan oʻpkalama, degan naqlni eslar, xarsangni bir qadam yuqoriga olib chiqolsa ham, oʻn-oʻn besh odim-quloch tepaga dumalata olsa ham – qancha yoʻl bosganligidan qatʼi nazar, Sizif buni faqat va faqat yaxshilikka yoʻyar, qimirlagan qir oshar, deb oʻziga tasalli berishdan charchamas, shuning oʻzi natija, shuning oʻzi samara, he-yech bir urinishim zoye ketmaydi degan oʻyda zinhor tushkunlikka tushmas, biroq zoye ketmagan taqdirda qanday quvonchli hodisa yuz berishi mumkinligini tasavvuriga sigʻdirolmas, bu savolga javob topolmas, shunga qaramay, bir zaylda kechayotgan kunlaridan nolimas, xunobi ortmas, zerikmas, charchamas… Nega ham zeriksin, nedan charchasin Sizif?!

 

* * *

 

Unda ilgari ham zerikish, toliqish odati bor edi, sababi oʻziga qorongʻi, toʻsatdan hamma narsadan – yashashdan charchab ketar, oʻzini qayerga qoʻyishni bilmas, kundalik aʼyonlik vazifa va burchlariga chalgʻishga harakat qilar, koʻngilochar ermaklarga andarmon boʻlar, biroq endi bilyapti – ozod odamning charchashi bilan mahkum odamning charchashi orasida u dunyo bilan bu dunyo orasicha farq bor ekan. Unday desa, ozod odamning quvonchi bilan mahkum odamning quvonchi, shodligi oʻrtasida ham olamcha farq, tafovut boʻlarkan. Bunga Sizif oʻzi shohid boʻlib turibdi. Sizif astoydil oʻylab koʻrsa… bordiyu, mana shu xarsang unga yoʻldosh-hamrohlik qilmaganida Sizif nima bilan mashgʻul boʻlur edi? Boshini qayoqqa urardi, oxiri-adogʻi koʻrinmas fursatlarini qanday oʻtkazardi? Charcharmidi? Zerikarmidi?.. Yaxshiyam xayol bor, xotirasi butkul izdan chiqayozgan esa-da, istaydimi-yoʻqmi, oʻy-xayoli tinim bilmaydi, ushbu tinimsizlikdan taskin topadi. Eh-he-ye-e, Sizif ozmuncha hayot sharbatini totidimi?! Dunyo tanidimi?! Vaholanki, bu yorugʻ dunyoda bor-yoʻgʻi bir kungina yashagan odamni yuz yil, istasangiz katalakda, istasangiz zindonda yoxud oʻrada saqlang, unday odam zinhor-bazinhor zerikish nima ekanini bilmaydi, chunki xotira va tasavvur uning najotkoriga aylanadi, u ana oʻsha xotirasidan va tasavvuridan taskin-tasalli, halovat topadi! Faqat…

 

* * *

 

Faqat, turib-turib, yolgʻiz qoldirishgani alami Sizifning jonini oʻrtab yuborgan damlarda u insoniy muloqot yoʻqligi bois juda koʻp soʻzlar unut boʻla borayotganini, buning oqibatida bir xil soʻz, bir xil gapni bot-bot takrorlayotganini payqab qolar, yodiga nima va qanday soʻz kelsa qatorlashtirib aytib tashlar va yana… gʻashini keltiruvchi takrorga duch kelardi. Qimirlagan qir oshadi… Zoʻrning toshi qirga qarab yumalaydi!.. U mana shu hikmatlarni unutib qoʻyishdan xavotirlanar, oʻtirgan-yotgan-turgan holatlarida beixtiyor takrorlar, takrorlagani sayin ushbu bir juft tagdor gapdan kuch-quvvat olayotgandek boʻlar, xarsangni joyidan jildirish niyatida unga qoʻl choʻzgan zahoti esa shu madadkor hikmatlarni baralla – butun togʻu tosh, butun biyobon, hatto hov naridagi dengiz mavjlariyu osmonda suzib borayotgan bulutlar ham eshitadigan qilib baqirib-hayqirib aytganini sezmay qolar – xuddi yangi gap kashf qilganday sevinib ketardi: omadlining toshi qirga qarab yumalaydi! Ha-a, xarsangvoy, ha-a, baqaloqvoy, oʻjarlikni bas qilsinlar, gʻoʻdayib turgandan koʻra, qani, qirga, yuqoriga jildik, yurdik, yumaladik, yumaloqvoy, deganicha, oldimga tushib bir chopqilla-chi, dumaloqvoy, deya bor-yoʻq alamini yana va yana zoʻr berib xarsangtoshni dumalatishdan olar, ana shunda, bordiyu bekor qoldirishganida nima qilardim degan oʻydan azbaroyi hurkib, esxonasi chiqib, sapchib tushardi.

 

* * *

 

Bekorchilikdan koʻra dahshatliroq, yovuzroq jazo yoʻq Sizifning nazarida! Shunday ekan, xarsangning borligi, ayniqsa uni choʻqqi tomon olib chiqishga mahkumligi Sizifning taʼrifiga tili ojiz baxti, quvonchi, saodati! Mashaqqatlar… koʻringan togʻning yirogʻi yoʻq, ana, qiz mammi joyida qimirlamay turibdi, xarsangni alaloqibat oʻsha yerga olib chiqsa, mashaqqatlar ham shamol toʻzitgan bulutdek yoʻqoladi, unutiladi. Qolaversa, mana, koʻz oʻngida uning uchun yangi hayot boshlanmoqda, u qanday yangi hayot boʻladi, bu hayot unga qanday kutilmagan onlarni taqdim etadi  – bularni-da oʻylash, oʻylarining adogʻiga yetishdan joniqib ketmoqda Sizif. Oshiqma, Sizif, oshiqma, deya oʻzini oʻzi sabrga chorladi u, koʻkdan tushgan shodlikni bir sipqorishda ado qilgandan koʻra, uni tomchi-tomchilab, qultum-qultumlab ermak qilish zukkolik, donishlik erur.

 

* * *

 

Xarsang odatdagidek dastlabki uch-toʻrt odimlik masofada Sizifga malollik keltirmadi. Sizif odatiga koʻra, mamnun, toshga tarmashdi. Endi uning xarsangga tashlanishi ham, uni itarib-siltab yuqori tomon siljitishi ham avvalgilarga oʻxshamasdi. U hamon zimmasiga yuklangan maqsad-vazifani ado etish niyatidan qaytmagan, qaytish qayoq-da, tosh yumalatish uning uchun kundalik hunarga aylanib qolgan, shunga yarasha aʼzoyi badanidagi bor kuch-quvvatini, tiynati-tajribasidagi barcha ustomonliklarini safarbar etsa-da, xarsangga nisbatan zarracha qoʻpollikka yoʻl qoʻymas, unga nihoyatda avaylab, ehtiyotlab munosabatda boʻlar, siltab tashlamas, turtmas-turtkilamas, hatto xunobi toshgan mahalda ham ovozini balandlatib toshning shaʼniga ola-qura haqoratlar yogʻdirmas, balki bir bahya-yarim bahyalab boʻlsa-da, oʻzi ochgan soʻqmoq boʻylab oldinga-yuqoriga, oldinga-yuqoriga tarzda ilgarilashda davom etar, baʼzan, turib-turib, oʻziga ravo koʻrilgan jazo turi haqida oʻylab… boshi hoʻ tepada aylanishayotgan bulutlarga qadar oʻsib ketar, shunga-da qanoat qilmay sevinchidan irgʻib-irgʻib tushardi!..

 

* * *

 

Olloh ato etgan aql-idrokning ozmunchasini jazo choralari, aslahalariyu anjomlarini kashf etishga sovurdimi odamzod! Bir boshga bir oʻlim, ha, ming boshga ming oʻlim ravo koʻrilmogʻi ham mumkin. Xayriyat, Sizifga har tunda bir yulduzni mahv etasan, demadilar. O-o, qaydasan, osmon shotisi?! Qaylarga bosh urardi Sizif u holda?! Xarsangtosh-ku, goh yuqoriga, goh pastga qarab dumalab turibdi, adoqsiz mashaqqatu uqubatlar keltirgan bu mashgʻulotni bora-bora Sizif yoqtirib, hatto sevib qoldi, uningsiz turolmaydi. Unga tungi Oymomoni tilim-tilimlab shu togʻ yonbagʻriga qovun qoqidek qilib terib chiqasan, deya shart qoʻymadilar, Oftobning qoq betiga sanch, deya qoʻliga xanjar tutqazmadilar, o-o, rahm-shafqat tangrilari!.. Sokin biyobonda… Sizif sokinlikka shu qadar koʻnikib ketdiki, tiq etgan shovqin ham uning qulogʻini teshib yuborguday tuyular, bordiyu, oʻzini, xarsangni, togʻ choʻqqisini va biyobonni chulgʻab olgan sukunatga putur yetsa, deylik, dengiz yoxud mudom bulutlar makoni boʻlmish samo tomonlardan gʻayritabiiy chinqiriq taralsa bormi?! Yoʻq, Sizif har qanday qiynogʻu azob-uqubatga dosh berishi mumkin, buning epini topadi, ammo-lekin chinqiriqdan yuragi yorilib ketishi, es-hushidan ayrilishi, bus-butun vujudi tilka-pora boʻlib ketishi hech gap emas, shu boisdan ham xarsangni choʻqqi tomon yumalatib olib chiqish jazosi boshqa har qanday shafqatsiz jazodan koʻra osonroq, yengilroq, azizroq… jonning rohatiga aylanib ketgandi.

 

* * *

 

Koʻz oʻngida elas-elas qildek ingichka sharpa-chiziqlar xira pashshadek aylanishaverdi. Barmogʻining uchi, soʻng kafti bilan koʻzlarini ishqadi, necha qayta yumib-ochdi. Sharpa-chiziq birdan kattalashdi va Sizif dengizda tanish qayiq paydo boʻldi degan xayolda xursandligidan ikkala qoʻlini boshi uzra koʻtarib, ovozi boricha hayqirmoqqa shaylandi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, dengiz sathida qayiq emas, qop-qora tobut ohista lapanglab suzib kelayotgandi! Kutilmagan manzaradan Sizif shoshib qoldi, nima qilishini bilmasdi u, koʻnglining bir chekkasidan lip etib oʻtgan ayanchli xavotir koʻz oldini battar zimistonga aylantirdi. Nahotki, baliqchi chol… Yoʻq, u tirik, u oʻlmagan! Koʻzlarim meni aldamoqdalar, degan oʻyda Sizif mushti bilan mijjalarini bosib-bosib ishqadi, qatʼiyati besamar ketmadi – oʻsha zahoti koʻz oʻngida tobut qayiqqa aylandi, lekin u qop-qora edi, avvalgi safarlar ham u shu qadar qora edimi, yoʻqmi, bunisini eslolmadi. Muhimi, baliqchi chol oʻsha-oʻsha alfozda – bosh koʻtarmay, betini tizzalariga tekkuday enkayganicha eshkak eshmoqda edi. Faqat… Sizif nigohlariga zoʻr berib cholning qoʻllariga razm soldi. Ikkala qoʻli eshkakda, biroq… u eshkak eshmayapti, balki suv ichidan kimdir yoki nimadir eshkaklarni tebratayotgan, eshkaklarga qoʻshilib qariyaning qoʻli borib kelayotgan, shu bois olisdan qaragan koʻzga xuddi chol eshkak eshayotgandek koʻrinardi. Tabiiy, bu sirning tagiga yetmagunicha Sizifning koʻngli tinchimasdi.

 

* * *

 

Baliqchi cholni avvalgi safar koʻrganidan buyon orada qancha vaqt oʻtdi  – Sizif buning hisobini ololmadi. Qandayiga ham olsin, axir u vaqtni yoʻqotgan, vaqt tushunchasini allaqachonlar unutgan edi. Quyosh nuri ham, oy shafagʻi ham dengiz mavjlarida akslanib Sizifga koʻrinar, u bu holning sirini bilolmay hayratlanar, hatto osmondagi bulutlar ham ayni dengiz koʻzgusi orqali oʻzining turfa shakl-shamoyillarini unga koʻz-koʻz qilar, Sizif vaqt oʻtayotganini bulutlar karvonining oqib borishi orqali his qilishga odatlangan edi. Pagʻa-pagʻa bulutlar oʻtib bormoqdalarmi, demak, hamma narsa, hamma narsaga qoʻshilib vaqt ham oʻtmoqda, dengiz oʻtmoqda, togʻ oʻtmoqda, ularga qoʻshilib Sizif, uning izidan esa, vaqt-soati yetib, manavi xarsangtosh ham oʻtadi – jonli-jonsiz nimarsa borki, oʻtish qismatidan bedaxl qolmaydi, qololmaydi.

Sizif bir muddat dengiz tomon termilib beixtiyor dam u-dam bu koʻzini yumib-ochib, kafti bilan panalab qarashga tushdi. Oʻng koʻzi hoʻ-oʻ olislarni aniq-tiniq koʻryapti, chap koʻzi… oʻngini berkitib uzoq diqqat qilolmayapti, chapi xira koʻryapti, zoʻr bersa, tirqirab yoshlanmoqda. Sizif shu choqqa dovur xayoliga keltirmagan tashvish, mana, koʻzidan chiqib turibdi! Nahotki, chap koʻzi uning boshiga tushgan mashaqqatlarga dosh berolmayotgan boʻlsa? Nahotki, barcha mashaqqatni oʻng egizagi zimmasiga yuklab, oʻzi…

Sizif birdan-bir tashvish, muammo xarsangtoshga bogʻliq deb oʻylardi. Qanday boʻlmasin, uni hu-uv tepada simobday oqarib koʻrinayotgan maftunkor mammi yoniga olib chiqsa bas, murodim hosil deb yurgandi, allaqancha zamonlardan buyon xarsangtosh bilan orasida ashaddiy gʻanimlik saqlanib keldi va nihoyat, yaqin-yaqinlardan u xarsangga – yumaloqqa, dumaloqqa, baqaloqqa boʻlgan munosabatini oʻzgartirdi, yaʼni murosa yoʻlini tutib, u bilan til topishdi hisob, bu yogʻiga ahil-inoq yashaymiz deb umidvor boʻlgandi, mana, ikki koʻzi kelisholmay turibdi!.. Endi u ikki koʻzi oʻrtasida qozilik qilishiga toʻgʻri keladi. Darvoqe, bu kabi kelishmovchilik ilgariroq oʻzaro oyoqlari orasida boshlanib ulgurgan, unga favqulodda yuz bergan falokat sababchi boʻlgan edi…

 

* * *

 

…Yomon boʻldi. Har qachongidan ayanchli ahvolda qoldi u! Sizif butun gavdasi bilan tirik tirgovuch boʻlib oʻtirgandi, xarsangtoshga mutlaqo kutilmaganda birdan jon kirdi! Jon kirganda ham odatdagidek asta-ohista jilmadi oʻrnidan, balki toʻsatdan, xuddi tepa tomondan kimdir, kimlardir yoinki qandaydir kuchlar birlashib Sizifning hayotiga atayin tajovuz uyushtirmoq maqsadida xarsangni turtib yuborishgandek boʻldi. Shirin xayol ogʻushidagi Sizif jon holatda oʻzini chetga otdi, biroq kechikkan edi – xarsang avvaliga Sizifni turtib yubordi, Sizif oʻzini oʻnglab ulgurmay oʻmbaloq oshib tushdi, oʻmbaloq osha turib ham chetga qochish moʻljalini oldi, biroq xarsang bagʻritoshligiga bordi – Sizifning oyoq kaftini ezib oʻtdi. Togʻ yonbagʻri-biyobonni dahshatli, ayanchli qichqiriq-oʻkirik tutdi!..

 

* * *

 

U hushiga kelganida hali-hamon oʻsha oʻmbaloq oshib tushgan joyida yerparchin boʻlib yotar, qanday falokat roʻy berganini eslolmas, chidab boʻlmas ogʻriqdan oyogʻiga qarashga yuragi betlamas, shu ahvolida ham koʻz qiri bilan hoʻ-oʻ etakdagi maydonchada qorayib turgan xarsangga nazar tashlab, unga nimadir demoqchi boʻlardi. Boshini koʻtargan edi, ikkita qop-qora qush “parr” etib hurkib koʻtarildi, Sizif soʻl oyogʻining kafti majaqlanib ketganini koʻrdiyu, koʻzlarini chirt yumib oldi. Yumgan zahoti boshi uzra past-baland boʻlib parvoz qilib turgan qushlar uning yaralangan oyogʻiga tashlanishdi. Sizif jonholatda yarador oyogʻini yigʻib, gavdasi bilan uni panaladi, xira qushlarni hurkitish maqsadida qarsak urgandi, kaftlari orasidan toshni toshga urgandagi qarsillagan shovqin chiqdi, bundan qushlar tugul, Sizifning oʻzi ham choʻchib tushdi, toshga aylangan kaftlaridan nigohini uzdiyu, chamasi bir quloch narigacha choʻzilib oqib tushgan quyuq qon tuproqqa singib, qotib qolganini koʻrdi…

– Laka-lum lak, laka-lum lak. Lak-lakalum, lak-lakalum… – Sizif chalqancha yotgan holida ohista xirgoyi boshladi. Ovozini xiyol koʻtargandi shikastlangan oyogʻi zirqirab ketdi, ogʻriq azobidan koʻzlarini chirt yumib oldi. Oʻzini chalgʻitish maqsadida, qariyb shivirlab, davom etdi: – Lak… lak… Laka-lum lak-k… L-lak, dedim-m, lak-lak…

Sizif yordamga muhtoj edi, xuddi allaqayerdan madad yetib keladigandek iltijoli nigohlari bilan atrofga, osmonga, osmon toʻla bulutga alangladi. Uvada-uvada bulut parchalari taqdirga tan bergan magʻlub qoʻshin toʻdasi yangligʻ olis-olislarga imillab borib osmon bilan dengiz tutashgan oraliqda koʻzdan yoʻqolardi…

* * *

 

Sizif jim boʻlib ketardi ham. Soat emas, kun emas – oylar, ehtimol yillar churq etmay yurgan paytlari boʻldi. Oʻzining ovozi, tovushi qandayligini unutib yubordi. U azal-azaldan shovqin-surondan koʻra sukunatni afzal bilardi. Vaysaqilarni jini suymas, gapirgandan gapirmaslik afzal deb oʻylardi u. Til-zabondan qolish qanchalar dahshatli boʻlmasin, uzoq vaqt jim yurish, yotish-turish, koʻnglidan kechayotgan hech qanday his-tuygʻuni ovoz chiqarib hatto oʻziga oʻzi aytmaslik, taʼkidlamaslik Sizifning koʻngliga xush yoqayotgandek boʻlar, buni oʻylagani sayin oʻzini ulugʻvorroq, vazminroq, salobatliroq his qilar, beixtiyor gapga tushib, vaysaqilikka berilish xavfi tugʻilganda esa darhol oʻzini qoʻlga olar, gap-soʻzsiz xarsangga tik qadalganicha u bilan bahs boylashar, kim uzoq jim yashash borasida musobaqa shartlarini oʻzicha koʻnglidan kechirib, bitim tuzardi. “Men insonman, istagan shartga tayyorman, istasang, bel bogʻlashaman, istasang, dumalayman, istasang, dovul-toʻfonda qilt etmay bir joyda qadalib turaveraman, hatto, mayli, soqov boʻlib qolay, bilgan soʻzlarimning barini unutay, xirgoyi qilmay… lom-mim demaslik borasida ham musobaqalashishga tayyorman!” deya xarsangni yakkama-yakka jangga chorlar, u bundayin mutoyibanamo rivoyatlarining bir qismini ovoz chiqarib aytsa, bir qismini sas-sado chiqarmay izhor etar, haq soʻz toshni kesadi, muloyim lutf xarsangning diydasini yumshatadi deya ishonardi.

Oson kechmasdi bu qiliqlari. Soʻzlash oʻtib borayotgan hozirning sharpalari boʻlsa, sukut boqiylik, mangulik timsoliga aylanardi uning nazarida. Bamisoli gap sotsa – hozir bilan, sukut saqlasa – abadiyat bilan muloqotga kirishayotgandek sezardi oʻzini Sizif. Bir yoʻla ham bugun, ham kelajak bilan bitim yo sulh tuzish esa koni azob, azob, azob! Hozirga xizmat qilsang kelajak oldida muttahamsan, kelajak va boqiylik ruhida yashasang esa hozir uchun begonasan, yotsan, yot!.. Top bunga oʻzing javobni, banda: qay biri afzal?

 

* * *

 

Shu singari xayollar girdobiga gʻarq boʻlgan Sizifning joni rohatlardan hapriqib ketar, yana qachon, qay holatda va qay alfozda bu kabi mastona-shukuhli oʻylar qanotida parvoz qilish-qilmasligini oldindan taxmin ham qilolmas, zero, odatda favqulodda va beixtiyor tashrif buyuradigan bunday ardoqli kayfiyatini ipidan ignasigacha yodda saqlashga harakat qilardi.

Bu safar oʻzining ham, xarsangning ham avzoyi durust, Sizif uni qay tomonga boshlasa, deyarli qarshilik koʻrsatmayapti. Sizif soʻqmoqning oʻng-tersiga, nishab-doʻngligiga qarab xarsangni goh oʻngga, goh soʻlga va yuqoriga qaratib dumalatmoqda. Ahyon-ahyonda esa… Sizif qoʻl-oyoq mushaklari uvusha boshlaganini birdan payqadi, dam olmogʻim zarur, degan oʻyda xarsangning quyi tomonida unga yelka tirab, oyoqlarini keng yoyganicha yerga qapishib, oʻtirib oldi. Nafas rostlab ulgurmagan ham ediki, bir qoʻl-bir oyogʻi changak boʻlib tortishdi. Ogʻriq zarbidan badaniga titroq turdi. Sizif chidadi, azob berayotgan qoʻl-oyogʻiga baqrayganicha oʻtiraverdi.

Allaqaysi safar xuddi shu alfozda xarsangga tirgak boʻlib choʻnqaydi. Choʻqqining qoq yarmiga dovur koʻtarilgan, yaʼni amali unayotgan edi, dimogʻi chogʻ edi, bir nafas rostlasa, madorini jamlasa, soʻqmoq yoʻlning qolgan qismini chogʻlasa, shoyad, shoyad xarsang qaysarlik qilmasa, butun zalvori-mahobatini Sizifning gardaniga toʻkib solmasa, choʻqqini ishgʻol etsa etibdi-da! Nahot insoniy qudrati ila shu yumushni uddalay olmasa? Nahot mana shu yelkasiga tirgʻalib turgan jonsiz, zabonsiz, besoʻnaqay tosh bilan til topisha olmasa?! Axir!.. Axir!..

 

* * *

 

Sizif oʻzidan, oʻzining tashvishlaridan koʻra dengizchi cholni koʻproq oʻylay boshladi. Kim boʻldi u qariya?.. Qanday qismat yetaklab yuribdi bepoyon dengizda uni? Bosh koʻtarmaydi, hamon suv qaʼriga termilgan koʻyi eshkak eshmoqda. Chindan eshkak eshayotganmikan yoxud?.. Tasodif goʻyo Sizif oʻzini qiziqtirayotgan jumboqqa tayinli javob topmogʻi uchun imkoniyat yaratmoqchi boʻlgandek toʻppa-toʻgʻrida – dengiz sathida qora qayiq koʻlankasi koʻrindi. “Tobut emas, qayiq!”, dedi oʻziga oʻzi dalda berayotgandek Sizif. Chol tirik, eshkakni ham uning oʻzi eshmoqda! Ha, oʻzi! Aftidan gʻoyatda noyob baliq oviga shu qadar berilganki, biror marta boshini koʻtarib atrofga qaramayapti… Bir payt qayiq tumshugʻiga kelib qoʻngan bir juft qora qanot qush oshiqona tumshuq urishtirib olishdi-da, kutilmaganda baravariga parvoz qilib cholning tepasida charx urib aylana boshlashdi. Qariyaning koʻnglini chogʻ qilish istagida raqsga tushayotgandek koʻrindi ular Sizifning nazarida. Biroq baliqchi chol qushlarga zarracha eʼtibor bermadi. Shunda charx urib aylanishayotgan qora qanotning biri tikkasiga shoʻngʻib kelib cholning kiftiga qoʻndi va uning betinimi, qulogʻinimi botirib-botirib choʻqilay boshladi. Sizifning esxonasi chiqib ketdi, “mening tepamga kelgan yirtqichlar – oʻlaksaxoʻrlar-ku, h-ho-oy, hayda-a-a, haydalari-ng-g!..” degancha joni oʻrtanib chinqirdi. Cholga nima boʻlgan axir, qarsak ursa, loaqal eshkakni bir koʻtarsa bas-ku, bu qonxoʻr, yovuz qushlar uchadi-ketadi!..

 

* * *

 

Koʻz oʻngida yuz berayotgan manzaradan Sizifning koʻngli sust ketdi, birdan holdan toyib qoldi. Zum oʻtmay oʻzini qoʻlga oldi, hushini yigʻib qora qayiqda tosh qotgan koʻyi dengiz uzra suzib borayotgan qariyaga yordam qoʻlini choʻzgisi keldi. Aksiga olib, beixtiyor bor vujudi zavqqa toʻlib, xandon otib kulib yubordi birdan, shodon kulgisi qushlarga yetib bordi chogʻi ular osmonu falakka tikkasiga koʻtarilib ketishdi. Sizif kulgisini bosolmadi – u goʻdak bolalardek qiqirlab kuldi, ovozini baralla qoʻyib xandon otdi… duvullab oqayotgan koʻzyoshlarini tiya olmadi. Shunda dengizni toʻldirgan limmo-lim toʻlqin sathi bir tekis va bir maromda ajabtovur kuyni ijro etayotgan kabi mavjlana boshladi. Mavjlana-mavjlana shabada hosil qildi, shabada shamolga aylandi va zumda sarrin epkin togʻ yonbagʻrida xarsangtoshga tirik tirgovuch boʻlib na kulishi, na yigʻlashini bilmay qapishib oʻtirgan bu bechora va yolgʻizdan-yolgʻiz bandasining yoniga yetib kelib, koʻrinmas qoʻllari bilan uni boshdan-oyoq oʻrab-chirmashga, yupatishga kirishdi.

 

* * *

 

Bu safar ham Sizifning umidi puchga chiqadiganga oʻxshab qoldi. Oldinga siljishning iloji yoʻq – tosh doʻnglikka tirgʻalgan, oʻng tomon qiya nishablik, chap tomon mayda qum-tosh, xarsang zalvori bilan botib qolsa, uni joyidan jildirish amri mahol, shu bois yagona chorasi – ortga qaytish. Jijcha, xiyolgina, pichagina orqaga tisralsa kifoya, soʻng yarim qarich oʻngga oladi-da, yoʻlida davom etadi.

Sizif shularni chamalay turib nafas rostladi, shikastlangan oyogʻidan u endi koʻpda emin-erkin foydalana olmas, avvallari goh u-goh bu oyogʻini ishga solsa, endilikda faqat sogʻ oyogʻini xarsang ostiga tirgovuch qilib qoʻyar, bu yetmaganday u oqsoqlanib yuradigan boʻlib qolgandi. Xullas, u sogʻ oyogʻini tizzasiga dovur xarsangga tirgovich qilib qoʻydi, qaqshab simillayotgan qoʻllarini ikki yoniga osiltirganicha goʻyo oʻzi kashf qilgan soʻzni takrorlagani sayin ruhi taskin ola boshladi: ogʻayni!.. ogʻa-ini!.. ogʻaynijon!..

Biroq “Ogʻayni”ning kimligi, kimni nazarda tutib Sizif bu soʻzni takrorlayotganini oʻzi ham durust anglamadi…

 

* * *

 

Muzdek shabada esdi. Shabada aralash bir tutam bulut parchasi yetib keldiyu, hozirgina gʻarq terga botgan Sizifning aʼzoyi badani zumda qahraton izgʻirinida qolgandek qaqshay boshladi. Shu ahvolida ham nigohini dengiz tomondan uzmagan Sizifning xayoli yarq etib ketdi.

– Chol ham Zevsning qahriga uchraganmikan?! – deb yubordi u baralla ovozini chiqarib. – Ehtimol, men ham, kunim bitib, anavi baliqchi cholning kuniga tusharman? Qora quzgʻunlarga yem boʻlarman?!

Tirik jon borki, oʻz quzgʻuni bor. Qayerga bosh olib ketma, qayerga qochma, baribir oʻsha quzgʻunlaring qoʻliga tushasan. Bir umr qochishing, jonimni saqlayapman deb istagancha shodlanishing ham mumkin va paymona toʻlgan lahzada senga, qismatingga bitilgan – faqat oʻzingagina atalgan quzgʻunlaring boshing tepasida hoziru nozir boʻladilar va ular ochofatlarcha oʻzlarining boqiy va shafqatsiz burchlarini shiddat bilan oʻtashga kirishadilar. Doding kimga, qayerga yetadi bu biyobonda? Taqdiring, qismating oldida nechogʻliq yolgʻiz boʻlsang, murdangni choʻqilab xomtalash qiluvchi qora quzgʻunlaring oldida ham shunchalar himoyasiz yolgʻizsan, yolgʻiz!..

* * *

 

Gohida Sizif muttasil hasrat-nadomatga berilib ketganini, tinmay noliyotganini, onasidan ayrilgan sakbachchadek ingrayotgani-gʻingshiyotganini sezib qolar, toʻsatdan xarsang quloq solayotgan boʻlsa-ya, ustimdan kulayotgan boʻlsa-ya, degan xayolda birdan hushyor tortar va yana “ogʻaynisi”ga malomat yogʻdirishdan, yozgʻirishdan, uning oldida oʻzini nochor, bechora va shoʻrlik qilib koʻrsatishga urinishdan oʻzini, tilini tiyardi. Yoʻq, men bechora emasman, shoʻrlik, notavon ham emasman, insonman, shunday ekan, hech kimga, hech narsaga, hatto oʻzimga-da daxmaza boʻlmayman, boʻlmayman deya ontlar ichar, u tirik daxmazaga aylanib qolishni har narsadan ogʻirroq musibat deb hisoblardi.

 

* * *

 

Sizifning xoʻrligi keldi, oʻzini kutilmaganda omadsiz, baxtsiz his qildi. Baxtsiz odam tippa-tirik daxmazaga aylanadi. Yana oʻsha sovuq soʻz  – daxmaza… Sizifning eti junjikib ketdi. Haqqirost, omad yuz oʻgirgan odam kimga kerak? Daxmaza… kim oʻylab topgan bu soʻzni, kim kashf etgan?.. Ha, haqqirost, birovlarga emas, oʻzingning eng yaqinlaringga ham daxmaza boʻlib qolasan, soyangga ham tirik tovonga aylangandek his qilasan oʻzingni!.. Yoʻq, men daxmaza emasman, daxmaza boʻlib yurgandan koʻra mana shu xarsang ostida qolib yoʻq boʻlganim afzal, deya iltijo qildi u bulutlarga yuz burib. Shunda Sizif birdan hushyor tortdi, ogʻir uyqudan uygʻongan odamdek sergaklandi, u oʻzini baxtdan butkul mosuvo deb bilmaydi, yoʻq, u badbaxt emas, daxmaza emas, faqat koʻngli sust ketgan, axir har qanday odamda boʻladigan holat  – kimgadir erkalangisi, yaltoqlangisi, kimgadir hasratlarini dasturxon qilgisi, kimningdir dalda-tasallisiga muhtoj boʻlib qolgisi keladi. Koʻksiga yuzini bosib xumordan chiqquncha koʻzyoshlarini toʻkkisi keladi. Ana shunday damlarda Sizif ham odam-da, banda-da, ixtiyorsiz ravishda xarsangga yaltoqlana boshlardi. Xuddi shunday qilsa yaltoqlanishlari kor boʻladigandek, iltijolari yetib boradigandek xarsangtosh atrofini gir-gir aylanib yugurishga tushar, oqsoqligi tufayli qadam olishlari beoʻxshov chiqar, “Lakalum-lak”lab gʻingshishlari harakatlariga mos kelmas, shunga qaramay, holdan toysa – odimlab, madori yetsa – yana yugurib gir aylanishni bas qilmas, unga qoʻshilib bulutlar, bulutlarga qoʻshilib dengiz mavjlari aylana boshlar, buni koʻrgan Sizif rohatlanar, hatto besoʻnaqaydan-besoʻnaqay xarsang ham joyida turolmay… gir-gir aylanish kuyiga joʻr boʻlmoqchidek uning atrofida doira yasab dumalar, Sizif yeru osmon oʻrtasida yuz berayotgan bu joʻrovoz-ohangdoshlikni koʻra turib koʻzlariga ishonmas, ammo-lekin ayni shu damlarda vujudidagi jamiki shubha-gumonlar yoʻqqa chiqib ular oʻrnini ishonch, ishonch, ishonch egallashini istar, shu oʻy, shu xayolda oxirgi misqol madori tugaguniga qadar aylanishda davom etar, alhol, alla-pallada… hushiga kelganida xarsang biqiniga betini qoʻyganicha jisman behol-bemajol, ruhan esa tiniqib, oʻzini qushday yengil his qilib yotgan boʻlardi…

* * *

 

– Sabr-r! – dedi u tishlarining orasidan tupuk sachratib. – Sabrni yeb tashlayman!.. Toqa-at-t! Toqatni ikki yamlab bir yutaman-n!.. Ho-oy, qaysa-ar, ho-oy, oʻjar! Ogʻayni-i! M… menga qa…

Sizif birdan tilini tishladi. Nima dedi? Yana “ogʻayni” dedimi? Kimga lutf qilyapti u? Nimaga qarata aytdi?!

Sizif tiliga kelib qolgan bu favqulodda soʻzdan oʻzi ham mutaassir boʻlib qoldi, unga izoh topolmadi, beixtiyor bosh koʻtarib alanglaganicha… xarsangning shu choqqa dovur koʻrmagan-netmagan raftorini, qulogʻini izladi. Eshitgan boʻlsa-ya? Uning nolasi, iltijosi xarsangni moyday eritib yuborsa-ya?! Jazo toshi, mashaqqat toshi turgan joyida rahm-shafqat, muruvvat toshiga aylanib qolsa-ya?!

Xarsangni erkalayotgandek uning kiftiga ohista shapatiladi, qavarib momatalogʻi chiqib ketgan kaftlari bilan siladi, birdan nazarida xarsangni ham qiynab yuborgandek tuyuldi. Bir zum xayoli qochdi – u xarsangni emas, xarsang uni choʻqqiga olib chiqishga urinayotgandek, Sizif oʻlaman sattor togʻ tepasiga qadam bosmayman deb tixirlik qilayotgandek tuyulib ketdi. Behol jilmaydi – qaniydi?.. Xayoli joyiga qaytdi – darhaqiqat, xarsangtoshda nima ayb? Jazoga mahkum etilgan Sizif boʻlsa, nima uchun xarsang bor halovatidan ayrilmogʻi kerak?! Uning ham umri hasratda, sarsonlikda oʻtmogʻi kerak?! Unga ham malol kelayotgandir axir? Tosh boʻlsin, xarsang boʻlsin, metin yo sijjil boʻlsin – Sizifning raʼyiga qarab yuribdi. Turtsa – siljimoqda, kuchi-qurbi yetgan joygacha chiqmoqda, chogʻi yetmagan joyda esa… Xarsang boshqa yana nima karomat koʻrsata olardi? Axir u oʻzicha tepaga qarab yoʻrgʻalamaydi-ku! Oʻziga tarmashgan, oʻzidan biron odim nari ketmay qoʻygan bu bandaning xohish-irodasi uchun oʻzini qurbon qilib yashamoqda, shunday ekan, undan oʻpkalashi ortiqcha. Qoqilsang, toshdan oʻpkalama, chogʻing kelmasa, xarsangdan oʻpkalama, Sizif!..

 

* * *

 

Goho tim qora tun kezlari, qilt etgan shabada ham tark etgan onlar nafas olib boʻlmas, butun biyobonning havosi soʻrib olingandek koʻksi xapriqib ketardi Sizifning. Shunda toʻsatdan allaqayerlardan murdalarning isi anqib qolar, u qochgani joy topolmas, qochib ketolmas ham, oʻzini xarsangning panasiga urar, mana shunday damlarda xarsang – oddiy xarsang emas, odamyutar toshga oʻxshab ketardi! Odam yutaverganidan qorni shishib ketgan, yumaloqligi, dumaloqligi, baqaloqligi shundan!.. Darhaqiqat, Sizifdan ilgari ham kimnidir shu biyobonga keltirib tashlashgan, unga ham mana shu xarsangtoshni choʻqqi tepasiga dumalatib olib chiqish jazosi belgilangan, mahkum xuddi Sizifning boshiga tushgani kabi adoqsiz va samarasiz mashaqqatli mehnatga duchor etilgan, shoʻrtumshuq mahkum harchand urinmasin, harchand tavallo qilmasin, uqubatlari zoye ketgan va kunlarning birida uni… xarsangtosh xop etib yutgan-qoʻygan!

* * *

 

Ittifoqo xayoliga kelgan bu fikrdan oʻzini qayoqqa qoʻyishini bilolmay qoldi u. Basharti, shunday qismat kutayotgan boʻlsa, bu ovoragarchilik, bu behalovatlik joniga tekkan xarsang istalgan daqiqada qoq oʻrtasidan ikkiga ajralsa-da, xop etib Sizifni bor boʻy-basti bilan yutvorsa!..

Ana, xarsang yutib yuborgan odamlarning qoʻlansa isi kelyapti. Yoriltosh, ho, yoriltosh. Men ichingga qarayin, yuho koming koʻrayin!.. Tuyqus xonish qilib turgan Sizifning koʻz oʻngida – oʻzi turgan joydan olisroq, dengiz qirgʻogʻiga yaqinroq yerda qoq-quruq shoxlari tarvaqaylagan daraxt paydo boʻldi. Sizif hayron boʻlib qoldi, axir bunday daraxt-paraxtdan nom-nishon yoʻq edi, yaproqsiz, yap-yalangʻoch, shox-novdalari sovuq urgandek yoki yongʻinda qolgandek qop-qora kosovga aylangan, qoʻlansa is oʻsha tomondan kelayotganmikan? Zahar-zaqqum anqimoqda. Sizif burnini jiyirdi, betini toshning bagʻriga bosganicha xarsangning biqinida biqingan toza havo qoldiqlaridan xuddi is olayotgan qashqirdek iskab-netib nafas olar  – jon saqlar, saqlashga saqlardiyu, oradan maʼlum fursat oʻtgach, u endi bas, paymonam tugadi, izzatim bitdi, deb taqdirga tan berar chogʻida xarsangtosh bir siltangandek boʻlar, bundan Sizif hushyor tortar, holsizlikdan hushini yoʻqotar darajaga yetgan joyida birdan sergaklanar, betini xarsangdan uzib, boshini koʻtarib atrofga alanglar, shunda havoda sezilar-sezilmas harakat alomatlari koʻrina boshlaganini payqar, birdan sevinib ketar – Sizif uchun harakatdan quvonchliroq hodisa yoʻq hisobi, binobarin, hali erta, hali erta-a-a, degancha ovozining ochiq havoda taralashini tomosha qilmoqchidek alang-jalanglashdan toʻxtamasdi. Negadir, boshqa hech zogʻ yoki boshqa hech bir jondoru jonzot yoʻqligidanmi, roʻparasida, yonginasida qorayib turgan xarsangga minnatdorliklar izhor qilar, bisotidagi bor iliq tuygʻularini unga izhor aylardi. Xarsang esa… xarsang ham jim turmas, yakkayu yagona hamrohining ogʻirini yengil qilishga yaraganidan mamnundek tebranib qoʻyar, Sizif esa… Sizif esa havo harakatga kelganidan keyin ham, hatto musaffolashib ulgurgandan keyin ham xarsangtosh tegrasida hamon mayitning qoʻlansa isi saqlanib qolayotganidan ajablanar, bu badboʻy isning anavi shoxlari qoraygan zaqqum daraxtga yoxud xarsangga nechogʻliq taalluqli joyi, yaqinligi borligini bilolmay, hatto bilish istagini oshkor qilmay nafasini ichiga yutar, koʻnglining tubidagi bu istakdan xarsangtosh xabar topib qolishidan choʻchigandek toshga orqa oʻgirib olar, boshini xam qilganicha koʻzlarini yumib chuqur oʻyga tolar, shu qadar uzoq oʻyga choʻmar… Yoriltosh, hoy, yoriltosh! Yorilaqol, xarsangtosh!.. Bir payt… bir payt ortida turgan xarsangtoshdan bosh oʻsib chiqib, boʻynini choʻzib uning tepasidan engashib, uning aftiga qarashga urinayotgandek, undan koʻngil soʻrayotgandek, unga ravish qilayotgandek tuyular, shunda Sizif shartta xarsang tomon oʻgirilib olar, xuddi sirini yashirmoqchidek, ehtimol, rangi qum oʻchgan yoki qizarib-gezarib ketgan boʻlar, shuni xarsang sezib qolmasligi uchun hamon xomush tortganicha, lekin endi u bilan betma-bet qad rostlab turar, bunga ham qanoat qilmay xarsangga betini qoʻyib nigohlarini undan yashirardi. Xarsang ich-ichigacha quyma tosh boʻlganida ham shu tobda muqarrar tilga kirardi. Sizifga loaqal hamdardlik izhor etish niyatida biror sas-sado chiqarardi. Biroq u toshdan-da, sijjildan-da qattiqroq allanimadan yasalgan. Sizif esa ana oʻsha allanimani juda-juda bilgisi kelayotgandi.

 

* * *

 

Sizif qachonlardan gʻujanak boʻlib – sovuqda och-nahor qolgan daydi itdek qisinib, bilaklarini ostiga yigʻib yotishga odatlanganini eslolmadi. Vaholanki, u chalqanchasiga, koʻkka yuz tutib uxlar, shu alfozda orom olishidan behad qoniqish tuyar, hatto tush koʻrgan damlarida ham oʻzining osmonga ustun boʻladigan alfozda yotishidan magʻrurlanardi. Endi esa… chirmalib yotishga odatlanganiga ham anchalar boʻldi…

 

* * *

 

Bulutlarning xilma-xil shaklga kirishini kuzatishdan koʻra maroqliroq mashgʻulot yoʻq edi Sizif uchun. Dov-daraxt, togʻu tosh, qir-adir, paxta xirmonlari… Katta-kichik yirtqich hayvonlar, parrandalar… boshi kunchiqarda, quyrugʻi kunbotarga choʻzilgan chumolilar… Bir tekisda qor qoplagan bepoyon dala, sayhonlik… Vulqon boʻlib otilayotgan, xoʻmraygan-toʻrsaygan, qah-qah otib qarayotgan, allaqayoqlarga daryo boʻlib oqib borayotgan, turgan joyida qoqqan qoziqdek qimir etmay qolgan, yana allaqanday hech narsaga oʻxshamagan nomsiz bulutlar!..

U mutlaqo harakatdan toʻxtagan bulut parchalariga uzoq razm solib poyladi. Osmon dogʻlari – artib tashlaging keladi baʼzan. Baʼzan esa… bahaybat odam jussasi, qoʻllarini ikki yonga quloch otgan, kallasining yarmi yoʻq, chala odam, oyoqlari ham koʻrinmas, tikilib qaragan nigohga mana hozir kimnidir yoxud nimanidir quchoqlab olishga shaylanayotgandek!.. Bir qaragan koʻzga goʻyo batamom harakatdan qolgandek, qaytib bir quloch ham nari-beri surilmaydigandek. Keng yoyilgan qulochi, tanasining shakl-shamoyili oʻzgarmayotgandek. Nahot, oʻzgarmasa?! Sizif bu taxmini tasdiqlanmasligini oʻz koʻzi bilan koʻrib, shohidi boʻlish maqsadida koʻkdan nigohini uzmadi. Butun diqqatini koʻzlariga yigʻdi – dam osmon boʻylab sochilib yotgan bulut parchalariga, dam qulochini yoygan odamga razm soldi. Yana picha kutdi, shunda pagʻa-pagʻa bulut parchalari zimdan va gʻoyatda kishibilmas ustomonlik bilan siljiyotganini sezdi. Gʻaflatda qolgan oʻljasi tomon pisib yaqinlashayotgan sirtlonning ehtiyotkorligiga oʻxshab ketdi. Biroq Sizif ham anoyi emas, u Korinfda dongʻi ketgan hushyorlardan sanalardi. Yerning tagida gʻimirlagan ilonning uzun-qisqaligi, yoʻgʻon-ingichkaligi, rang-tusigacha aytib bera olardi. Shu tobda payqagani… sirni, birinchi boʻlib bulut-odamning oʻng qoʻli fosh qildi – u sabrsizlikka yoʻl qoʻydi chogʻi, tirsagidan bukila boshladi. Boyadan buyon choʻnqayib oʻtirgan Sizif yerga chalqancha uzala tushdi, ikkala kaftini ketma-ketlab peshonasiga peshayvon qilib qoʻyganicha odamnusxa bulutning qoʻlidan va juda ohistalik bilan butlasha borayotgan kallasidan koʻz uzmadi.

Sir tezda fosh boʻldi-qoʻydi, undan voqif boʻlgan Sizif hang-mang boʻlganicha yotgan joyidan qimirlamay qoldi. U qarab turib koʻzlariga ishonmadi, dam u-dam bu koʻzini yumib ochdi – manzara oʻzgarmadi – bulut-odamning uzundan-uzun va qoʻpoldan-qoʻpol qoʻli oppoqqina, bokiragina mammining tugmachasi tegrasida gʻoyatda ohista aylanishga tushgandi. Bulut-qoʻldan girdob vujudga keldi. Girdob dam mammidan uzoqlashar, dam unga atayin qilgandek teginib-teginib ketardi. Tuyqus shamol turdi, bulut parchalari toʻzidi, bulut-odamning butun badani esa toʻzib mammiga yopirildi. Sizif uzala tushib yotgan joyida oʻgirildi, yuztuban yerga kirib ketgudek qapishib, ikkala qoʻli bilan boshi, koʻzi, quloqlarini yopib, berkitib oldi.

 

* * *

 

Sizif bukchayib qolgan qaddini rostlamoqqa shaylandi, shu alfozda qaddi dol odam va yum-yumaloq xarsangtosh arazlashgan doʻstlardek bir-birlariga orqa oʻgirib toʻrsayib turishardi…

– Holdan toyib yiqilib qolsam, qora quzgʻunu qumursqalarga yem boʻlsam… Yoxud sen meni yutib yuborsang, – u ich-ichidan sizilib chiqayotgan soʻzlarni oʻz holiga qoʻydi. Xarsangga koʻksini bosdi. Uzoq, sinchkov termilib qoldi.  – Sening holing nima kechadi?.. Sen kim bilan qolasan bu biyobonda, qadrdon?.. Kim bilan yashaysan, kim beti, kaftlari, koʻksini bagʻringga bosadi?.. Men uchun sendan boʻlak hech vaqo qolmadi. Haybatingdan, sumbatingdan qoʻrqar, vahmlarga tushardim. Jinim suymasdi, ishonmasdim. Ne-ne taʼna-malomatlarga koʻmib tashlamadim, seni?! Laʼnatlarim, soʻkishlarim ostida qolding. Sen-chi, sen?!

Sizif xarsangni birinchi bora koʻrayotgandek yoxud unga nisbatan qilgan barcha qoʻpol va dagʻal munosabatlari uchun uzrxohlik qilish payti kelganini tuyqus anglab qolgandek, bunday damlarda… bunday damlarda rozi-rizolik tilashdan oʻzga amal qolmasligiga ich-ichidan iqror boʻlayotganini yashirgisi kelmadi. Gapirgani, izhori dil qilgani sari koʻz oʻngida xarsang choʻkib qolayotgandek, ezilib, yumshab muloyim tortayotgandek edi.

Irgʻib ortiga oʻgirildi, alangladi, shitob yurib xarsang atrofida aylana yasab yugurdi va hozirgina turgan joyiga qaytib taqqa toʻxtadi-da, shoshilib-oshiqib gapira ketdi: inson borki, uning oldida, yonidayu ortida taʼqib etguvchilar bor!.. Bu – haqiqat! Buning isbotiyu-tasdigʻini oʻzim koʻrganman! Ha, odam bolasi boʻlsang, bilib qoʻy va unutma, banda borki, mudom kuzatuvchi va kuzatiluvchi! Bunga shak-shubha yoʻq, yoʻq, yoʻq-q!.. Nazar-nigohdan holi banda boʻlmagan, yoʻq, boʻlmaydi ham. Ha-a, lalayma, koʻzingni o-och, Sizif!..

U oʻpkasini bosolmay mana shu biyobonga kelganidan buyon birinchi bor kimdir uni chetdan kuzatayotgan boʻlishi ehtimoldan xoli emasligini ilk dafʼa oʻylab qoldi. Shu qadar parishon yurganiga lol qoldi. Kuzatuvdan holi qolgan banda yoʻq axir!.. Mana hozir, shu tobning oʻzida uning aytgan gaplariga, toshga qilgan iltijolariga kimdir chetdan turib quloq solayotganini aniq payqadi! Ha, juda aniq-tiniq tuydi – kimdir, qandaydir sharpa unga juda-juda yaqin turib Sizifning ogʻzidan chiqqan gʻudranishlariga quloq soldi!

Sizif yonginasida boshqa bir kimsaning nafasini tuydi!..

 

* * *

 

Harchand urinmasin, uning nazariga hech zogʻ tushmadi. Sizif nigohiga emas, hissiyotiga ishongisi keldi. Axir ozmuncha davru davron oʻtkazdimi u bu maskanda? Ozmuncha bulutlar suzib oʻtdilarmi, uning tepasidan? Axir shu-uncha vaqtlardan buyon nega u oʻylamadi? Nechun xayoliga keltirmadi? Axir kimdir, nimadir uni bir chekkada pisib kuzatayotgandir? Uni shu koʻyda qoldirgan maʼbudlar hov anuv togʻ tizmasi oʻngirlarida pisib-biqinib tomosha qilishayotgandir. Mana senga haqiqat, mana senga fidoyilik, oʻzgalarga jonbozlik, holingga maymunlar yigʻlasin, holingga voy-voya-voy, deya chapakbozliklar qilishayotgandir? Uning qiliqlarini, xatti-harakatlarini, aytayotgan gap-soʻzlarini, xarsangga, togʻ choʻqqisiga, ho-ov naridagi dengiz mavjlariga bagʻishlayotgan lutfu karamlarini tinglab, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishayotgandir?!

Jazoga mahkum etilgunga qadar ham koʻp boʻlardi bunday holat, Sizif ayniqsa yolgʻiz qolgan damlarida. Oʻyga tolgan yoxud ogʻir iztiroblarga tushgan mahallar beixtiyor oʻzi bilan oʻzi suhbatga kirishib ketar, oʻsha suhbatdoshiga oʻzicha Sisif deb ism ham tanlab qoʻygandi.[5] Maroqli damlarga aylanardi u suhbatlar Sizif uchun. Ruhan qoʻllab-quvvatlar, joʻyali maslahatlar berar, koʻnglini chogʻ qilardi Sisif. Sisif oʻzidan aqlliroq, donishroq, donoroq tuyulardi. Sen – Sizif, men – Sisif, der edi Sizif mutoyiba aralash mamnuniyat bilan. Sisif oʻlaman sattor, koʻnmasdi. Kim  – Sizif, kim – Sisif – nima farqi bor, muhimi, bir-birimizdan ayro yasholmaymiz, ayro qolsak – ikkimiz-da, yoʻqmiz, yoʻqmiz, yoʻq!

Sizif Sisifni unutdi, ayro qoldi undan, yolgʻiz qoldi oʻzi. Bundan chiqdi… bundan chiqdi Sisif yoʻq. U holda… Sizif ham yoʻq. Nahot, unut boʻldi barcha-barchasi?!

Sizif Sisifni sogʻinib ketdi. Shu-uncha vaqt mobaynida uni yodidan chiqarib yuborgani joniga ogʻir botdi. Alhol, mana, Sisif oqibatli chiqdi, uning oʻzi keldi yolgʻizining qoshiga. Koʻmakka, madadga keldi Sisif!.. Qadrdoni, ishongani, yakka-yolgʻizi Sisif… xarsangtoshga aylanib qolgan boʻlsa-chi?! Ana, ana, turibdi-ku, uning roʻparasida!.. Undan ajralmaydi, biror odim nari ketmaydi, soyasidek yonma-yon yuribdi-ku, demak, mana shu xarsangtosh – Sisif!..

* * *

 

Sizif hayoti dunyoda kayfiyati zabun hollarda oʻzini qoʻlga olish yoʻllarini izlar, oʻziga oʻzi dalda berish choralarini topar, xushlamasa-da, men insonman, deya otashin ohanglarda hayqirar, goʻyo uning soʻzlarini maydon toʻla olomon tinglayotgandek burro-burro voizlik qilishga tushar, inson bolasi yengilib, yengilganiga rozi boʻlib ketaverish uchun yaratilmagan. Men ham shunday odamman! Mayli, ana, qoʻllaringdan kelsa, marhamat, yanchib tashlanglar, tuproqqa qorishtirib tashlanglar, dengizga uloqtiringlar, ammo-lekin, hoy mingquloqlar, ho-oy dingquloqlar, har ikkala quloqlaring bilan, sonsiz-sanoqsiz quloqlaring bilan eshitib olinglar – zinhor meni yenga olmaysizlar! Yenga olmaysizlar!

 

* * *

 

Qorongʻi edi, xarsangtosh yanayam qoraroq, yanayam bahaybatroq koʻrinar, toshning oʻzi emas, qop-qora soyasi vahm solibgina qolmay, Sizifni qora tuproqqa koʻmib tashlaguday quyuq koʻlaga solib turardi. Sizif uchun bu yangilik emasdi, xarsang unga hamisha avzoyi buzuq yirtqichdek koʻrinardi. Uni har lahza, har daqiqa yanchib tashlashga shay ekanligini yashirmas, basharti u shunga jazm qilib qolsa, Sizif unga boʻsh kelmaslik chorasini oldindan oʻylab qoʻyar, oʻylab qoʻysa-da, oʻziga ishonsa-da, baʼzan yuragiga vahm oralab, vujudining allaqayerlarida koʻz ochgan qoʻrquv sezdirmaygina uning shuurini, tasavvurini ishgʻol etayotganini unutmasdi. Undagi qoʻrquv oddiy odamlarda boʻladigan qoʻrquvdan mutlaqo farq qilardi. Qoʻrquv oʻz yoʻliga, muhimi, Sizif oʻzini gunohkor deb bilmasdi, tavqi laʼnatga uchrashdan paydo boʻladigan qoʻrquvdan uning koʻngli toʻq, u oʻzini gunohkor deb hisoblamas, lekin oʻziga ravo koʻrilgan jazo – mahkumlik qismati oqibatida itdek, quturgan yovvoyi toʻngʻizdek manavi xarsangtosh ostida majaqlanib ketishdan qoʻrqardi. Bunday qismatni oʻziga na ravo, na loyiq koʻrardi. Qandaydir jonsiz bir matoh – xarsangtosh ostida qolib ketishni oʻzining insoniylik qadr-qimmatiga munosib hisoblamasdi. Bu borada ikkilanishni nechogʻliq oʻlguday jini suymasa, iznini qoʻrquv ixtiyoriga berib qoʻyguday boʻlsa, tamom, hammasi muqarrar barbod boʻlishini hatto taxmin ham qilib oʻtirmasdi. Shunga qaramay, u oʻzini chetga olmoqqa shaylandi, biroq negadir harchand chiranmasin, qadami unmadi – uni xarsangning soyasi bosib turar, bosib tursa-da, negadir joni ogʻrimas, joni ogʻrimasa-da, xarsangga singib ketgan qorongʻilik pardasi zoʻr berib Sizifning nigohlarini toʻldirib yuborayotgandi.

Tun pardasi betga tortilsa… Nahot betim qora?.. Bu telba-sarkash tuygʻulardan zudlik bilan qutilmogʻi uchun ham Sizif oʻzicha choralar oʻylab qoʻygan, ulardan biri – gʻazabini purkaydi olamga, mingʻirlab emas, aslo, ochiq-oydin, dangaliga, tavakkaliga aytadi aytadiganini. Qani, kim aytadi, kim meni qoʻrqoqqa chiqaradi, betimga taʼna-malomat yogʻdiradi, deya zimiston bagʻrini tilka-pora qila boshladi u. Men oʻzimning kim ekanligim va qanday banda boʻlib yashab oʻtganimni yaxshi bilaman. Betimga qora balchiq chaplovchilar ozor chekmay qoʻyaqolsinlar, ularni mashaqqatdan etaman xalos, kerak boʻlsa, oʻzimning boshimgayu shaʼnimga istagancha taʼna-dashnomlar yogʻdira olaman. Ha, kim nima desa desin – takabburman, xudbinman, munofiqman. Qabohatlar koniman, ummoniman! Aybim ham, gunohim ham shu – neki bilsam, rosti, dunyoga doston qilaman, doston!..

Kifoyami, yetarlimi yoxud yana davom etaymi? Marhamat, betgachopar, chaqimchi! Illo qoʻrqoq emasman! Qorongʻilikdan, zimistondan qoʻrqmasman, aslo! Mayli zulmat, zulumot koʻzlarimni koʻr qilsin, qora zaqqum daraxtidan tarqagan zahar jonimni oʻrtagancha oʻrtasin, ammo xarsangni mendan tortib ololmaysizlar, uni hech kimga bermayman, hech kasning qoʻlini tekkizdirmayman unga! O-o-h-h, yoʻqotib qoʻysam, dunyoni ostin-ustun qilaman, dengizga, tepamdagi bulutlarga oʻt qoʻyaman, pagʻa-pagʻa qilib yoqaman, manavi choʻqqining kulini koʻkka sovuraman! Koʻzlarim basir boʻlsinlar, uni iskab-da, topaman! Oyoqlarim quzgʻunlarga yem boʻlaqolsinlar, koʻksim bilan surgalib boʻlsa-da, yumalata-yumalata choʻqqiga dovur olib chiqaman, xarsangni! Ana oʻshanda koʻrasizlar, aytganlarim chinligini – qimirlagan qir oshadi!.. Ha, shunday! Zoʻrning toshi qirga qarab yumalaydi!.. Men zoʻrman, zoʻr! Ha, shunday!.. Ha-a, dahshat solib yasha yoxud yashama mutlaq! Yashama mutlaq! Xarsang mening tanim-jonim, gʻazabim, armonim, ogʻaynim, muhabbatim!..

 

* * *

 

Koʻnglidan kechgani boʻldi Sizifning: xarsangtosh koʻzdan yoʻqoldi!.. Qarab turib, yonida yurib, silab-siypalab, iydiraman, koʻndiraman deb ravish-raftor qilib turgan bir pallada gʻoyib boʻldi!.. Oʻh, talvasaga tushdi Sizif!.. Voh, bormagan joyi qolmadi Sizifning!.. Dengizga dovur bordi, togʻ choʻqqisiga – navrasta qiz mammisiga dovur chiqdi (vaholanki, xarsangtoshsiz choʻqqiga chiqish man etilgandi unga), etakdan izladi, biyobondan, koʻkdan izladi – esdan ogʻib qolayozdi Sizif! Koʻzim koʻrmay qoldi degan xulosaga keldi, kaftlarini oldinga choʻzganicha, soʻqirlarcha paypaslanib izladi xarsangni, chor atrofni qadam-baqadamlab chiqdi, emaklay-emaklay iskadi. Bu qanday koʻrgilik degancha choʻk tushib, muk tushib boʻzladi, tavallolar qildi!.. Oʻzini beparvolikda aybladi, kimsasiz biyobonda yakka-yolgʻiz, hech bir yumushsiz qolib ketishini – oʻh, dahshat! Voh, dahshat! – oʻylab yuraklari orqasiga tortib ketdi, shunda… shunda u zinhor-bazinhor, har qanday sharoitda ham xarsangdan uzoqlashmaslikka ahd qildi, uning yonidan bir qarich ham uzoqlashmayman deya ontlar ichdi. Emaklab oldi, toʻrt oyoqlab kelib, choʻqqi tomon ochilgan yoʻl yoqasida – qiyalikning qoq belidan topdi. Xarsangtosh pastga qarab shiddat bilan dumalashga shaylangandek, lekin qimir etmay taqa-taq tek turardi. Bunaqasini Sizif koʻrmagandi! U lol-behol edi, tili kalimaga kelmadi. Qoʻllari jonsiz edi. Nafas ham olmayotgandi. Betini, soʻng koʻksini, bagʻrini xarsangga bosdi, onasini yoʻqotgan kuchukchadek, tumshugʻini oldinga choʻzib havoni hidlay boshladi, tanish is, tanishgina emas, bu hid oʻzining ham aʼzoyi-badaniga singib ketgan, shunday boʻlsa-da, tizzalagan holida qulochini keng yoyib xarsangni quchoqladi, manglayini xarsangga bosganicha, koʻzlarini yumib, ogʻir va davomli tin oldi. Jonim, dedi, yolgʻizim-yagonam, ishonganim-suyanganim, dedi. Ochiq tan oldi – sensiz men bu yerlarda yolgʻizlikdan oʻlib qolaman, dedi. Xarsangdan kaftlarini uzmadi, siladi-siypaladi, siladi-siypaladi… unga lablarini bosdi… Gʻudrandi, ogʻziga nimadir ilashdi, changmi-gʻubormi, xarsangtosh zarralarimi – taʼm bilmadi, tamshandi. Xarsang muloyimlashdi, yumshadi. Buni Sizif kafti, barmoqlari xarsangga botib keta boshlaganidan payqadi. Lekin hayron boʻlmadi, chunki unda hayratlanishga-da hol qolmagan, bir chekkasi, qachondir mana shunday gʻaroyib voqea yuz berishini, yaʼni xarsang bilan apoq-chapoq boʻlib ketishini u aniq tasavvur qilar, juda uzoq vaqtlardan buyon shunday damlar kelishiga ishonchi muqarrar edi. Endi hech qachon haqoratlamayman, doʻq urmayman, kaltaklamayman – boringga shukr qilaman, jonim, yolgʻizim, yagonam… Xarsang elas-elas tebrana boshladi, unga tarmashgan Sizif ham shu maromda tebranar, uning nazarida dengiz suvi ham chayqalayotgan, choʻqqi, unga qoʻshilib osmonlar, osmonlarni toʻldirgan bulutlar ham tebranayotgandek edi. Koʻzlarini ochsa oʻzi va xarsangga qoʻshilib butun olam tebranishdan toʻxtaydigandek edi, shu bois nima qilarini bilmay xarsangning duch kelgan joyini kaftlari, barmoqlarining uchlari bilan tinimsiz silashda davom etdi. Xarsang erib, muloyimlashayotgandek edi…

Sizif jussasiga nisbatan bir necha baravar kattalikdagi xamir zuvalasini ezgʻilayotgandek boʻldi. Xamir koʻpchib turardi, undan avval barmoqlarining uchida, soʻng siqimida zuvala-zuvala qilib uzib-uzib ola boshladi. Ayolining mammasini ham chimdib-chimdib olardi u. Ayoli tushmagur uning goʻdaklarcha jununvashligiga toqat qilar, toqati barobarida qiqirlab kular, xarsangtoshning qarshilik koʻrsatmayotgani, aksincha, unga moyillik bildirayotgani ayolining erkaliklariga oʻxshab ketayotgandi. Agar xarsang shu tariqa boʻlinib-boʻlinib uning qoʻliga chiqaversa, yumaloq, dumaloq, baqaloqning haybati-kelbatidan asar qolmasa, xarsang siniqlarini Sizif oʻynab-kulib, bitta-bittalab, quchoq-quchoqlab choʻqqiga tashib chiqarsa!.. Yaqinginada, boyagina gʻazabini bosolmayotgan, eski odati qoʻzgʻab dagʻdagʻa qilishni, ayuhannos koʻtarib taʼna-dashnomlar yogʻdirishni qoʻmsagandi-ya, achchiq alamlarini kimdan olishini bilmay, osmonlarni, togʻu toshlarni, hov naridagi dengizning titratishini roʻkach qilib poʻpisalar yogʻdirmoqchi edi-ya, yo, alhazar, eh, afsus, eh, gʻazab!.. Zudlik bilan hovurdan tushmoq niyatida… gʻoyatda past ovozda xirgoyi qilishga oʻtdi. Xarsangning tebranishiga hamohang uning qulogʻiga xonish qila boshladi. Uzuq-yuluq xonishi juda uzoq davom etdi, ehtimol xonishlari ohangdoru soʻzsiz edi, eng muhimi… eng muhimi… moʻjiza yuz berdi, moʻjizaki, xarsangtosh badanidan moshday, noʻxatday toshchalar, toshbachchalar sachrab-sakrab toʻkila boshladi. Qalovini topsang… Ha-ha, xuddi shunday – inson oʻz vujudida qandayin kuch-qudrat pinhon ekanini, oʻzining nimalarga qodirligini taxmin qilolmaydiyu, bu bahaybat xarsangning vujudini qaydan anglasin?! Yoriltosh, hey, yoriltosh, oʻzingdan xoʻp oʻrgulayin, ichingga bir qarayin, Sisif inimni koʻrayin, diydoriga toʻyayin! Yorilaqol, xarsangtosh!.. Baxtsizlikdan hech kim butkul kafolatlanmagay, baxtdan ham hech kim tugal mosuvo etilmagay… odam zoti butkul bebaxt va badbaxtligicha qolmagay…

 

* * *

 

Yuz berayotgan yangiliklar Sizifni tamoman shoshirib qoʻydi. Halovatini yoʻqotdi u. Uzoq oʻylab turmay xarsang boʻlagini ikki qoʻllab quchoqlab olganicha halloslab, nafasi tiqilib choʻqqiga yetgandagina nima ish qilayotganini toʻsatdan anglab qoldi. Uni shu koʻylarga mubtalo qilgan maʼbudlarning yetti uxlab tushiga kirmagan ajoyibot yuz bermoqda! Sizif xarsangning, har qalay, bir parchasini koʻtarib choʻqqiga yetib keldi. Choʻqqiga chiqdi! Gʻirillab esayotgan ajib bir shabada quchoq ochib kutib oldi uni. Bosh-oyoq chirmaldi. Eti ustixoniga yopishgan, jon asari qolganmi-yoʻqmi, sezilmaydigan aʼzoyi badani shu qadar rohat tuydiki! Azbaroyi Sizifning koʻzlaridan yosh tirqiradi. Joniga misqollab jon qoʻshilayotganini yaqqol his qildi u. Umri bino boʻlib ne-ne yurt kezib bunday shabadaga roʻpara kelmagandi. Loaqal mana shu lahzalar haqi choʻqqini zabt etish koʻyidagi soʻngsiz urinishlari va chekkan zahmatlariga rozi edi u. Choqqina yalanglikda yer bagʻirlab nay sasi taraldi, Sizif yosh boladay qiyqirgisi keldi, oyogʻining ostida bir tekis oʻsgan mayin maysada oʻmbaloq oshib dumalagisi keldi, koʻzlari charaqladi, oʻzidan bir necha odim narida, yoʻq-yoʻq, yonginasida sadafdek, nuqraday, oppoq bulutlardan-da oqroq navrasta qiz mammisini koʻrdiyu koʻzlari qamashib ketdi!..

 

* * *

 

Sizif shamollar, bulutlar yalab-yulqayverganidan uchi navrasta qiz mammisiga oʻxshab qolgan simobday oppoq qoyatoshga chuqur taʼzim aylagisi, ikki qoʻllab uni koʻzlariga surtgisi keldi, biroq dagʻal va toshdek qattiq va jonsiz qoʻllarini unga tekkizishni ravo koʻrmadi. Qolaversa ikki qoʻllab xarsang parchasini koʻtarib turar, uni juda-juda avaylab va ardoqlab mana shu yaqin atrofga oʻrnatishi zarurligini unutmagandi.

Yapaloq tosh parchasini boshi uzra koʻtardi. Sizifdagi quvonchli behalovatlik bulutga koʻchdi, pagʻa-pagʻa bulut bamisoli shoʻx raqsga tushdi, osmon toʻzgʻidi. Sizif xarsang parchasini oyogʻi ostiga qoʻyar ekan damo-dam oʻzi chiqib kelgan yoʻlga qarab-qarab qoʻyar, hoʻ-oʻ qiyalikning qoq belida  – soʻqmoq yoʻl yoqasida qolgan qadrdoni – xarsangtosh tinmay imlab, uni oʻziga chorlayotgandek edi.

 

 

* * *

 

Sizif ehtiroslarini jilovlab ololmayotgan, bir zum tek turmas va nima qilmogʻi kerakligini bilmasdi ham. Qoʻl-oyoqlari birovnikiday, jonsiz tayoqday, kafti-barmoqlari akashak boʻlib tosh qotgandi. Harchand xayolini jamlashga urinmasin, marrani zabt etganlik shukuhi zoʻr kelayotgandi. Avval oyoqlari, soʻng qoʻllari qaltirashga tushdi. Charchoq va toliqishdan emas, yoʻq, hayajonning zoʻridan bezgak tutayotgan edi. Yetdim deganda-ya, mana, nihoyat deya hayqiradigan payti yetganda-ya, nahotki, u qoʻrqayotgan boʻlsa?! Axir shu onlar orzusida ozmuncha mashaqqatlarga bardosh berdimi?! Ozmuncha!.. Esankirama, Sizi-if-f! Hushingni yigʻ-gʻ! Hayqirishga, dunyoga jar solishga hali erta, ogʻayni! Hovliqma, birodar! Shodlanganda shoshilma! Shodlanganda shoshilma! Shodlanganda…

 

III

 

Tosh qanchalik baland otilsa, u shunchalar shiddat bilan pastga tushadi. Odam-chi? Sizif choʻqqidan qaytishda osmonga otilgan toshdan-da tezroq tushdi. Oʻzini toʻxtatolmadi – jadal yurib, jadal sirpanib, jadal toygʻanib xarsang sari talpindi – u qadrdon va ajralmas doʻstini tark etganday, qadrdon ogʻaynisini tagʻin yoʻqotib qoʻyadiganday xavotirda quyundek, seldek oqib tushdi pastga. Bor boʻyi bilan xarsangga yopishganicha uni quchoqlab, nafasini rostlolmay anchagacha tek qotdi…

 

* * *

 

Jazo chorasini tayinlagan maʼbudlar maʼbudining xayoliga kelmagan voqea yuz berdi. Abadulabad xarsangtoshni tepalik sari dumalatish qismatiga mubtalo etilgan Sizif boshiga tushgan jamiki mashaqqat, jamiki uqubatga dosh berdi, xarsangtosh esa dosh bermadi! Bir parcha etdan paydo boʻlgan inson chidadi, sijjilmi-temirmi, metin xarsangtosh chidamadi. U tinimsiz va muttasil ravishda choʻqqi tomon oʻrmalayverish, pastga qarab dumalayverish oqibatida moʻrt daraxt tanasi yangligʻ yemirilish, sinishga yuz tutdi. Xarsangtosh har dumalaganida undan yapasqi-yapasqi parchalar ajralib tushar, bularning bari Sizifning koʻz oʻngida roʻy berishda davom etar, bularni koʻrgani sari uning xayollari parchalanib, parokanda boʻlib bormoqda edi.

 

* * *

 

Xarsangtosh Sizifning koʻziga haybatli, mahobatli, qoʻrqinchli koʻrinadigan zamonlar allaqachonlar ortda qoldi. Sizif unga oʻz ismini oʻyib yozgach, uning yonidan “Korinf” degan soʻzni ilova qilgach, ayniqsa xarsangtosh yumalayvergani, dumalayvergani oqibatida u yemirila-yemirila, parchalana-parchalana vazni yengillashgani sayin Sizif bilan xarsang orasidagi munosabat tubdan oʻzgardi. Oradagi raqiblik, gʻanimlik kayfiyati barham topdi. Sizif endi oʻzining inson va kattakon shahar aʼyonlaridan ekanligini koʻpda pesh qilmas (allazamonlarda egallagan martabasi unut ham boʻlayozgan), xarsangga doʻq-poʻpisa yogʻdirmas, tiliga, oyoq-qoʻliga erk bermas, telbaligi tutib, osmonni titrataman, togʻni sindiraman, dengizni chayqataman deb biyobonni boshiga koʻtarmas… oʻzida yuz bergan va berayotgan bunday oʻzgarishlar boisini anglab yetish istagi kuchaygani ustiga asosiy maqsad-maslagini roʻyobga chiqarish onlari yaqinlashib qolayotganini koʻngli sezayotgan, sezgani sayin kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshila borayotgandi.

 

* * *

 

Sizif xarsangtoshni choʻqqi sari yumalatish jazosini oʻtashga kirishganidan anchagina keyin oʻzida hovliqmaslik, shoshma-shosharlik qilmaslik koʻnikmasi shakllana boshlaganini sezgandi. U bir narsaga ishonchi komil, yaʼni xarsangtoshni choʻqqi tepasiga dumalatib chiqish bilan bogʻliq mashaqqat – qilayotgan ishlari qanchalar gap-soʻz boʻlayotgan esa, ular bugun uchun qimmatli hisoblansa, bu mashaqqatlarining oqibati, yaʼni kunlardan bir kun kelib xarsangtoshning choʻqqi tepasidagi yalanglikda qilt etmay turishi abadiylik, mangulik uchun beminnat xizmat qilajagini yaxshi bilardi. Shu oʻyda ham u eng ulugʻ, eng buyuk… kerak boʻlsa, zamonlar kelib, butun insoniyat qadr-qimmatini ulugʻlash uchun xizmat qiladigan savob amal ekanu, kerak boʻlsa… shakkoklikka qoʻl urishdan qaytmayman, degan falsafani oʻzi uchun hayotiy maslakka aylantirib olgandi.

 

* * *

 

“Nazdimda, odam bolasi bagʻoyat chala” degandi korinflik bir donishmand, Sizif kim ekan u avliyo deb surishtirishni koʻngliga tugib yurgan kunlarning birida yanayam gʻalati hikmat tarqatdi oʻsha qariya. Nima emish, inson eng vahshiy, eng qoʻrqmas hayvonlarga havas qilib ularning barcha yaxshiliklarini oʻzlashtirib ola-ola pirovardida shu yoʻl bilan insonga aylangan emish! Dabdurustdan bu hikmat mohiyatini anglab yetmadi u. Naqadar ajoyib fikr dediyu, boshqa munosabat bildirmadi. Huzurimga keltiringlar u avliyoni, yotigʻi bilan suhbatlashay dedi mulozimlariga, biroq ul qariya uzoq yillardan buyon xonanishin umrguzaronlikka yuz tutgani, koʻzlari qariyb soʻqir, oʻzi esa behad bemor-bemajol ekanligini aytishdi.

Mana, oʻsha hikmatning magʻzini chaqadigan mavridi keldi – Sizif oʻsha mezondan kelib chiqib oʻziga oʻzi baho bermoqqa, oʻzini oʻzi taʼriflamoqqa tutindi. Xoʻsh, arslonmi u yoki boʻrimi? Qashqirmi yoinki tulkimikan koʻproq? Qarchigʻaydir, burgutdir hoynahoy? Bu singari savollarga javob ham topar, illo-billo xarsangtoshligi muqarrar-aniq! Ha-ha, xarsangtoshning, togʻ-toshning, dengizu samoda yuzib oʻtkuvchi bulutning yaxshiliklarini oʻzlashtirganiga yoʻq shubha! Bundan chiqdi, har banda yetuk va komillikka yetishmogʻi uchun nafaqat vahshiy hayvonotdan, shular qatori tabiatdan ham eng zarur yaxshiliklarni tortib olmogʻi, oʻzlashtirmogʻi darkor. Bilʼaks holda inson irodasi tabiat irodasini oʻzlashtirmaguniga qadar unga bas kelolmaydi, uni yengolmaydi.

* * *

 

“Tushimda baland qoya ustiga chiqib olibman, qoʻlimdagi tarozini qoʻymay, butun dunyoni tortib sotaman, deya jar solayotganmishman”. Tushini doston qilayotgan kim oʻzi? Mening nomimdan soʻylashga kim izn berdi? Choʻqqini zabt etgan men-ku, men! Dengiz mavjlari uzra yalangoyoq yugurgan, parqu bulutlarni momiqday toʻzitgan ham oʻzim, mana, choʻqqida qoʻnim topdim. Choʻqqidaman! Tarozi topsam bas, posangi toshi qoʻlimda. Mana, oyogʻim ostida – choʻqqini tortaman, dengiz mavjlarini, tepamda suzib borayotgan bulutlarni bitta qoʻymay tortib-tortib, qadoqlab-qadoqlab ulashaman, arzon-garov sotaman. Ha-a, chiroyli-bejirim qadoqlayman! Kep qoling, keragicha opqoling! Togʻu toshdan, yumaloq, dumaloq, baqaloq xarsangtoshdan, dengiz suvidan, bulutlardagi eng yaxshi fazilatlarni oling oʻzingizga, aslo kam boʻlmaysiz! Yangi iroda zarur odamlarga, yangisi! Harakatga aylanajak iroda, iroda, iroda-a! Olinglar, istagancha, kam boʻlmaysiz, yaxshilar!..

 

* * *

 

Tushimmi-hushimmi, deb oʻyga toldi Sizif picha nafas rostlagach. Tushiga ham, hushiga ham oʻxshadi. Biroq shu tobda uning shartakiligi, tavakkalchiligi tutdi. Nima ahamiyati bor, tush bilan hushning farqi qoldimi?! Axir men choʻqqidaman, choʻqqini ishgʻol etmoqdaman! Hademay xarsangtoshni batamom olib chiqaman va vassalom! Vassalom! Choʻqqidagi odamning tushi ham, hushi ham haqiqat, uning aytgani aytgan, degani degan. Qani, uning soʻzini ikki qiladigan mard soʻzamol topilarmikan? Qani qattol, toshbagʻir maʼbudlar? Kelsinlar, koʻrsinlar, Sizifning oyogʻi yetgan marrani! Necha zamonlardan buyon davom etgan mehnatu mashaqqatlari evaziga xarsangtoshni, mana, koʻringlar, boʻlak-boʻlaklab boʻlsa-da, belgilangan marraga yetkazib chiqdi!

 

* * *

 

Tosh mammi simob tomchisiday oppoq, gʻoyatda nozik, lekin odam boʻyidan ancha-muncha baland ekan. Chamaladi, qoʻli yetmasligiga amin boʻldi. Qoʻli yetganda-chi? Oq toshdan yasalgan… kim yasagan? Hozirgina sutga chayilgandek… kim chaygan?.. Sizif taxminlarini chamalay turib bir tutam bulut mammi tomon yaqinlashganiga koʻzi tushdi. Kim bilsin, oppoq bulutlar saltanatida shu qadar sayqal topgan, shu qadar nuqraday oqargan chiqar? Bir tutam bulut izidan unga ikki-uch baravar kattalikdagi bulut muz togʻiday boʻlib yaqinlashaverdi. Sizif shoshib qoldi, qoʻliga tushgan toshni olib bulutga qarab otdi. Yana va yana otdi. U otgan toshlar dom-daraksiz havoga singib ketdi, bu yoqda esa bulut parchasi yutoqib mammini yalab-yulqay boshladi.

Sizif alamidan choʻk tushib betini tizzalari orasiga bosdi. Boshini koʻtardi, xuddi koʻmakka chaqirmoqchi boʻlgandek pastga – xarsangtosh qolgan tomonga umidvor moʻltiradi.

* * *

 

Pastda esa hammasi eski hammom, eski tos holicha takrorlandi-qoʻydi: qiyalik yonbagʻrining qoq yarmida toʻxtagan xarsangga toʻsatdan jon kirdi  – u Sizifga yordamga oshiqish oʻrniga, goʻyo choʻqqi tepasida yuz berayotgan voqeadan – Sizifni xarob qilayotgan holatdan xabar topgandek toʻsatdan pastga qarab dumalay ketdi. Xarsang guldirab-qaldirab dumalab borar ekan, Sizif qulogʻiga chalingan mutlaqo oʻzgacha shovqindan hushyor tortdi. Nima boʻldi? Xarsangga nima boʻldi? Tinchlikmi? Odamning, hatto hayvonning feʼli qadam olishidan ayon, mana, xarsangning dumalashi nima demoqda? Sizif aniq payqadi: xarsang hozirga qadar necha qayta pastga dumalagan boʻlsa, uning shu safardagi quyiga enishi mutlaqo avvalgilariga oʻxshamadi. Xarsang zambarakdan otilgan sopqondek emas, yumaloq-dumaloq narsaga ham emas, balki gʻalati shakl-shamoyildagi jismga oʻxshab ketdi – dam sekinlashdi, dam tezlashdi, hatto bir-ikki joyda taqqa toʻxtayotgandek boʻldi. Haybatli toshning bu tarzda pastga qarab yumalashini Sizif haqiqatda birinchi bor koʻrayotgan edi…

 

* * *

 

U shu choqqacha xarsang xususida shuurini toʻldirib tashlagan shubha-gumonlarini oʻylab uyalib ketdi. Haq soʻz toshni kesadi deb hisoblardi. Garchi bu aqidasidan butkul voz kechmagan esa-da, oʻrni kelganda, ishonch, eʼtibor, mehr-muruvvat haq soʻzdan-da kattaroq, qudratliroq kuchga ega ekanligiga iqror boʻldi. Shubha-gumoni ortgani sayin koʻnglining allaqaysi burchagida pisib yotgan qoʻrquv unga tinchlik bermas, bundan kelib chiqadigan halovatsizlik bir mushkuliga oʻn mushkul qoʻshar, hadik-xavotirda hovliqqani-hovliqqan, nima qilayotganini, xarsang tegrasida harchand girdikapalak boʻlib yelib-yugurmasin, biror ishi-yumushi unmas, ham qoʻrquv, ham hovliqish… qoʻrqqandan hovliqqan yomon… Haqiqatda ham, odam hovliqqani sayin vaqt siljimay, bir joyda taqa-taq qotib qoladi. Bu gap toʻsatdan yodiga tushgan damlarda Sizif birdan hushyor tortar, oʻzining qiliqlari beoʻxshov, bachkana tuyulib ketar va oʻtirgan yo turgan joyida atrofga alanglar, togʻ choʻqqisi tomon, pastlik tomon, shox-butoqlari qora kosovga aylangan zaqqum daraxtiga, undan naridagi goh sermavj, goh “toʻnini teskari kiyib” tund boʻlib olgan dengiz tomon qaranar – meni kimdir kuzatib turgan boʻlsa-chi, degan oʻyda birdan ogʻir-vazminlashar, aslida ham unga birovlarning nazorati ostida qolish, oʻzgalarning nazar-nigohi ostida yashash avval-azaldan juda-juda malol kelardi. Qoʻrquv va uyat hissi iskanjasida qolib ketardi. Bunday xayollar toʻlqinida qoʻli ishga bormas, borsa-da, harakatlari harakatga oʻxshamas, binobarin, harchand chiranmasin-kuchanmasin, xarsang atayin unga qasdlashayotgandek, turgan joyidan bir chimdim ham siljimasdi. Demak, xarsang ichimda kechayotgan barcha his-tuygʻularimni his qiladi, sezadi, kayfiyatimni ilgʻaydi. Sizifni ortiqcha qiynagisi, ortiqcha urintirgisi kelmagandek, “bu ahvolda unnamay qoʻya qol” demoqchidek boʻlar, buni Sizif xarsang tomonidan oʻziga koʻrsatilayotgan eʼzoz, eʼtibor, marhamat oʻrnida qabul qilar, hamdardlik uchun xarsangning tosh-metin tanasiga betini qoʻyganicha uzoq tin olardi.

 

* * *

 

– Kuching yetmasa, kuchanma!..

Sizif darhol boshini koʻtarmadi, alanglab, boʻzrayib ovoz kelgan tomonni izlamadi ham, balki koʻnglining bir chekkasida xarsang tilga kirdi degan xulosaga keldi.

– Xarsang boʻlmasa, kim?.. Tanish, juda-juda tanish ovozi-ku! Yoki oʻzi gapirib yubordimi? “Kuching yetmasa kuchanma… Kuching yetmasa kuchanma… kuchanma…” U yana bir necha bor takrorladi hozirgina qulogʻiga chalingan hayqiriqni. Oʻzining ovoziga oʻxshab turibdi, lekin u nega bunday dedi? Ovozi boʻgʻilib chiqdimi? Xirilladimi? Boʻgʻilib aytdimi? Hoynahoy, boshqa odamning ovozida gapirib yuborgandir? Yaqinlaridan birortasining ovozi…

Sizif ham hayrat, ham quvonch aralash qiyqirib yuborayozdi. Yaqin orada u qora qayiqda suzib borayotgan dengizchi cholni ilk safar koʻrgandagina shunday ahvolga tushgan, oʻshanda ham xuddi hozirgidek hayajonini bosolmay qolgandi. Nahotki, baliqchi chol uni zimdan kuzatish uchun yuborilgan boʻlsa?! Boshini koʻtarmay, yuz-koʻzini yashirib oʻtirganidan ham sezganday edi-ya! Oʻ, pismiq, oʻ-oʻ, xunasa!

U hayqirigʻidan biyobonni larzaga solguday vajohatda sapchib peshonasini xarsangdan uzdi va toʻrt-besh odim jadal nari borib dengiz tomonga koʻzlari qinidan chiqib ketguday oʻqrayib qaradi. Dengiz sathi nima demoqchisan, degandek, tim qora – xoʻmraygan. Aksiga olib, qora qayiqdan darak yoʻq. Sizif ikkala mushtini boshi uzra havolatib oʻdagʻayladi. Kuzataveringlar, oʻzlaring gapirib oʻzlaring quloq solaveringlar! Men oʻsha-oʻsha Sizifman, Sizif boʻlib qolaman!

U turgan joyidan ortiga oʻgirildi, dam oʻng, dam soʻl tomonga chetlashib, xarsangga sarosar razm soldi. Topaman, dedi tishlarini gʻijirlatib, peshonasi tirishib ketdi. Topaman! Bu… bu… Sisifning tovushi! Aniq, topdim! Sisif! Qadrdon! Ayt, gapir, yana bir ogʻiz ovoz ber!.. Bir ogʻiz!..

 

* * *

 

– Ha, men hamisha Sizifligimcha qolaman, ammo-lekin manavi hayot, manavi biyobon oʻzgartirmadimi meni? Yoʻq, feʼl-xoʻyim oʻzgardi, endi men boshqacha odamman, boshqacha insonman! Qurmagʻur, oʻsha avliyoning gapi toʻgʻri  – odamlar judayam chala. Chala tugʻiladilar, chala yashaydilar va chala holda oʻlib ketadilar. Hatto ushbu haqiqatni anglab ham yetmaydilar. Chala odamning shodumonligi, qaygʻulari ham toʻkis boʻlmaydi. Ha, xuddi shunday  – men odamlar boshqacha odam boʻlishlari kerak deb hisoblayman! Boshqacha odam!..

 

* * *

 

– Ovozlaringni sogʻindi-im-m…

Bir zumning oʻzida Sizif tamoman oʻzgardi-qoldi. Xayoliga kelgan oʻydan uning yuragi orqasiga tortib ketdi.

Aniq eshitdi axir u, joni oʻrtanibla ketdi – Sisifning oʻzginasi, uning qadrdon tovushi edi! Faqat, nahotki, uning shu tobda koʻnglining tub-tubida paydo boʻlgan shubhasi chin boʻlsa?! Sisifni xarsang yutgan! Allaqachon gumdon boʻlgan, Sisif!

Sizif nola chekib yubordi:

– Hoy, xarsangtosh, yoriltosh, ichingga bir qarayin, yoʻldoshimni koʻrayin. Bagʻrimga bir bosayin, diydoriga toʻyayin. Hoy, yoriltosh, yoriltosh!..

 

* * *

 

Koʻngliga oralagan gumoni Sizifni tamom holdan toydirdi:

– Sisifni xarsang yutgan!.. Xarsang sinib, maydalana boshlagani bois, ha-ha, xuddi shunday – xarsang uqalanib-yemirilib, sinib-sinib tusha boshladiyu, Sisifning tovushi chiqib qoldi!..

 

* * *

 

Uning xayoli toʻzgʻidi, ayniqsa uchinchi safar xarsang parchalarini choʻqqiga olib chiqqanida avvalgi safardagi xursandlik, shodiyonadan asar ham qolmagandi. Aniq esida – ikki boʻlak toshni avvalgi olib chiqqan xarsang parchalari ustiga qaladi. Bu safar jonga rohat bagʻishlovchi mayin esayotgan shabadaga ham, hatto tosh mammining aqldan ozdiruvchi shaffofligiga ham chalgʻimadi. Aksincha u oʻzida yuz bera boshlagan ajabtovur va tushuniksiz oʻzgarishni anglashga urinayotgandi. Harchand urinmasin, oʻylarini miyaga toʻplaydigan holda emasdi. Oʻylari bulut ustiga mingashgan bulutday, mujmal va rangsiz edilar. Negadir u shu turgan joyida uxlab qolgisi kelayotgandi. Lekin u bunga yoʻl qoʻyolmas, qoʻygan taqdirda ham koʻzlarining ust pardasi yumilsa-da, ich pardasi yumulmoq istamas edi. “Nima boʻldi menga?” degan savol shuurida gʻujgʻon oʻynar, lekin bu savolga javob topish uchun esa shu arzimas uch soʻzni shuurida bir joyga toʻplay olmayotgandi. Vovaylo urindi, uchala soʻz boshining uch tomoniga tarqalib, har tomondan poyma-poy ovoz berishga tushib, parishonligi chandon oshsa oshdiki, zarracha tiniqlashmadi.

 

* * *

 

Parishonlik miyasini qora oʻylarga burkab tashlagan, buning oqibatida tamoman ham aqlan, ham jisman halovatini yoʻqotgandi. Shuurini qora oʻylar ishgʻol qilgan, shu kayfiyatda hatto oʻzi necha vaqtdan buyon intizor kutayotgan qora qayiqni koʻrishga ham xohish-istagi qolmagandi. Aksiga oldi – dengiz sathida koʻringan qora qayiq suzib boryaptimi, lapanglab bir joyda jilmay turibdimi, uzoq tikilsa-da, tushunolmadi. Bu paytda u baliqchi choldan shubhasi faromush boʻlgan, xayoli mutlaqo boshqa oʻy bilan band edi. Oʻsha oʻy taʼsirida ovozining boricha baqirishga tushdi:

– Vaass!.. Xaas!.. – U ogʻiz juftladiyu, aytmoqchi boʻlgan soʻzini topolmadi. Dik etib qad rostladi, baliqchi cholning aft-basharasini yanayam aniqroq va tiniqroq koʻrgisi keldi. Afsus, u togʻ yonbagʻrini, ayniqsa xarsangtoshni tashlab dengiz tomon yoʻl sololmaydi, tavakkal qilolmaydi. Nima qilsa shu turgan joyidan aytadimi, baqiradimi, samolarni larzaga soladimi, lekin… nima boʻldi, nega aytishga jazm etgan soʻzini topolmayapti? – Ssupp!.. Ossu!.. Esimni yoʻqotdimmi? Aqlim zaiflashdimi? Menga nima boʻldi, oʻzi?! Nahot shunchalar yaqinim, hamfikr-maslakdoshim ismini yoddan chiqargan boʻlsam?!

– Asop! – deya toʻsatdan hayqirib yubordi Sizif, nihoyat, bir muddat kalovlanib turgach. Boʻgʻzidan otilib chiqdi bu soʻz. – Topdim – Aso-op-p! Asop!

Chaqirishga chaqirdiyu, birdan tilini tishladi. Baliqchi qariya eshitib qolsa, shartta qaddini rostlab Sizif tomonga oʻgirilsa!.. Bordiyu u Asop boʻlmasa-chi? Nega baqirasan, boboy, baliqlarni hurkitib yubording-ku, desa nima qiladi? Xijolatpazlikni, mulzamlikni aytmaysizmi! Shuning uchun… Biroq u beixtiyor xayoliga kelgan fikrdan voz kecholmadi.

– Men Korinf shahrini xarsanglardan tiklab unga mangulik baxsh etdim, evaziga xarsangtosh bilan yuzma-yuz qolish jazosiga mahkum etildim,  – dedi Sizif aʼyonlik zamonlaridagi ohangda, salobat bilan.

– Ehtimol… – dedi Sisif muloyim istehzo ohangida.

– Suvlar va daryolar ilohi boʻlmish Asop shoʻrlikka esa… koʻryapsan, bepoyon dengiz uzra maqsadsiz sarson kezish jazosi tayinlangan!..

– Qaydam… – Sisif yana tayinli javob qilmadi.

Sizif unda burungi iliqlikni, haroratni tuymadi. Lekin u oʻz farazida qoyim edi.

 

* * *

 

– Topdimmi? Taxminim toʻgʻrimi? Ayt, Sisif, nega jim boʻlib qolding, qadrdon, sirdosh?! Aytdim-ku, men ilgarigi Sizif emasman, feʼlim oʻzgardi, men endi tamom boshqa odamman, Sisif! Tushunyapsanmi, boshqa odamman! Men togʻ etagi biyobonida, Asop esa dengizda sarsonu sargardon, shunday emasmi? Adoqsiz va maʼnisiz sarsonlik jazosiga mahkumlarmiz!..

Sizif toʻkilib-toʻkilib gapirmoqchi edi, biroq Sisifdan javob boʻlmayotganini koʻrib, ogʻzini juftlaganicha qoldi…

 

* * *

 

Kunmidi yo tunmidi, yorugʻ edimi yo zimiston, uyquda edimi yo hushida – Sizif bu haqda zarracha oʻylab oʻtirmadi, shasht bilan oyoqqa qalqdi, u koʻz oʻngida yuz bergan va berayotgan voqealarni anglab yetishga qiynalayotgan, oʻzini qoʻyarga joy topolmay gangib qolayotgan, hatto dovdirayotgan va xuddi shunday qilsa aql-hushini oʻnglab oladigandek oʻzidan-oʻzi xarsang atrofida dam yugurib, dam ohista yurib gir-gir aylanishga tushdi. “Laka-lum, lak… Laka-lum, lak… – U choʻloqlanib, lapanglab yuguradigan boʻlib qolgandi. – Lak-lak, lakalum. Lak-lak-lak, lakalum!..” Bu bahaybat yumaloq, dumaloq, baqaloqdan xavfsirashlari behuda ekan. Qachondir, kunlardan bir kuni bosib, yanchib ketadi degan oʻylari puch ekan, hech qachon, hech zamonda koʻngli yumshamaydi, menga boʻysunmaydi degan xavotirlari puch ekan – bari ortda qoldi. Endi esa aksincha, ha, butkul aksi – xarsangtosh Sizif uchun, Sizif esa – xarsangtosh uchun yaralgan. Binobarin, Sizif toshdan kechmasligi, uni koʻrarga koʻzi, otarga oʻqi yoʻqligi beasos, qanday boʻlmasin, kimlar nimalar deb malomat oʻtlarini yogʻdirmasinlar, Sizif zimmasidagi buyuk vazifa-burchni ado etish haqida qaygʻurmogʻi, yaʼni xarsangni yuqoriga, yuqoriga qarata dumalatishda davom etmogʻi, necha yil, necha zamonlardan buyon choʻqqiga olib boradigan soʻqmoq boʻylab xarsang necha qayta pastga qarab yumalagan boʻlmasin, bundan qatʼi nazar, Sizif qismatiga bitilgan hukmi azaldan yuz oʻgirmaydi. Har banda manglayiga bitilgan qismatni ado etmoqlik uchun keladi axir dunyoga.

 

* * *

 

U xarsangning yoniga yetib keldi, nafasi boʻgʻilayotganiga qaramay picha tin oldiyu, betini xarsangtoshga bosdi… Ohista choʻk tushdi, chalqanchasiga yotib yonginasida, tepasida togʻdek boʻlib turgan xarsangtoshdan koʻz uzmay, termilib qoldi. Yon-veriga oʻgirilsa, hatto bir zum koʻzini yumsa ham xarsangga nimadir boʻladigandek, u toʻsatdan harakatga tushib allaqayoqlarga ravona boʻlib qoladigandek ham xavotir, ham ichki bir achinish tuygʻularidan iztirobga tushgan kayfiyatda yotardi. Sisifni yutsa yutgandir, meni yutmas… Meni yutmaydi, xarsang. Odamni yutadigan holi qolmayapti, uning… Uchovlon – Sizif, Asop, Sisif diydor koʻrishsalar bormi, naq moʻjiza yuz beradi-ku, bu jazo biyoboni shodumonlik biyoboniga aylanadi-ku! Sisifni xarsang qornidan, Asopni qora qayiqdan xalos qilsa! Uchovlashib… Qaydasiz, bemehr, malʼun maʼbudlar?!

 

* * *

 

Sizif qanday yumushga qoʻl urayotganini oʻzi ham anglab yetmadi, ortiqcha oʻylab ham koʻrmadi – xarsangdan boʻlinib tushgan parchani ikki qoʻllab quchogʻiga bosganicha choʻqqi tomon jadal yoʻl oldi. Yuqorilagani sayin yoʻl tikkasiga qiyaligi orta borayotganini payqadi. Shunda ham toʻxtamadi, ilgarilayverdi. Nafasi qisa boshladi, toliqdi, hordiq chiqarishni koʻzladi, niyatidan qaytdi – yoʻlda davom etdi. Qoʻl uzatsa yetgudek koʻringan choʻqqi bu qadar olisligini oʻylab koʻrmagandi. Endi esa oʻylagisi ham kelmadi, balki yoʻl yurdi, yoʻl yursa ham moʻl yurdi. Aʼzoyi badanidan ter quymaydigan boʻlib ketgandi. Yoʻlida katta-kichik koʻlmaklarni shaloplatib kechib oʻtayotganiga hayron boʻldi. Bir necha bor toygʻanib-qoqilib yiqilay dedi. Qariganda moshga toygʻanasan odam, qilga qoqilasan, shabadaga chayqalasan, banda… Quchogʻidagi xarsang parchasining zalvori sezila boshladi. Sal boʻsh kelsa, toshning ogʻirligi uni turishicha pastga qarab tortib ketadigandek edi, biroq Sizifning vujudini qoplagan vajohat, koʻngliga tukkan niyat, maqsad endi u qasd qilgan irodasining bukilishiga yoʻl qoʻymas, uni yoʻldan qaytarolmasdi. Ana shu qatʼiyat uning kuchiga kuch, irodasiga iroda qoʻshdi.

Sizif choʻqqi tepasiga yetdi, soʻnggi kuchlarini jamlab xuddi butun olamga koʻz-koʻz qilmoqchidek xarsang parchasini boshi uzra baland koʻtardi-da, tosh mammining yonginasida ohista yerga qoʻydi. Xarsangni u parchalagani yoʻq. Uning oʻzi parchalanib keta boshladi. Jazoni tayinlagan maʼbudlarning maʼbudi ham, uni shu biyobonda yakka-yolgʻiz qoldirib ketgan maʼbudchalar ham oʻylab-netmaganlari muqarrar bunday boʻlishini. Bu yogʻiga boshqa chora yoʻq, xarsang boʻlaklarini bitta-bittalab boʻlsa-da, barini choʻqqiga olib chiqadi. Shu yerda undan yumaloq, dumaloq, baqaloq xarsangtosh yasaydi. Ana, qavat-qavat osmonlar, momiq bulutlar, daydi shamollar, togʻu toshlar, maysalar shohid, hammasiga!

U shu oʻy, shu xayolda shitob bilan pastga qarab gʻizilladi.

 

* * *

 

Sizif shoshib qoldi – dastlab kimning diydoriga yetishini oʻyladi. Lekin ixtiyor-izn unda emas, binobarin, shu onlarda Asop ham, Sisif ham birdek qadrdon, birdek aziz edilar uning uchun.

Xarsangning biqiniga qulogʻini bosdi. Nazarida uning ichidan elas-elas qandaydir sas-sado kelayotgandek. Bu ivir-shivir xarsang yutib yuborgan kimsalarning, jumladan Sisifning tovushi edi. Tovush begona emas, Sisif shu yerda – Sizifning yonginasida, shunday ekan, hademay u bilan diydorlashadi.

U umid bilan dengiz tomon qaradi. Zaqqum daraxtidan achimsiq kuyindi is kelyapti. Ummon sathi bir tekis, jimir-jimir qilar, hech bir jonzotdan darak yoʻq edi. Qayiqchi chol qayerlarga suzib ketdi, yana qachon bu qirgʻoqlarda paydo boʻladi?.. Dengiz tomondan bu kabi savollarni oydinlashtiradigan hech bir belgi, ishora yoʻq edi. Lekin Sizif biron lahza umidini uzmadi. Chol qaytib uning koʻz oʻngida paydo boʻlishiga ishonar, ana oʻshanda koʻziga koʻringan zahoti ovozining boricha chaqiradi. Aso-op, deb hayqiradi! Oʻylay-oʻylay yodiga tushirdi bu ismni, topdi, xuddi xarsangni choʻqqi tepasiga olib chiqqandek sevinib ketdi. Yana xotirasi pand berishidan qoʻrqib shu qadar koʻp takrorladiki!.. Asop, Asop, Asop!..

 

* * *

 

Sisifning sovuqqonligi Sizifni qattiq oʻyga toldirib qoʻydi. Bu nimaning alomati, nimadan darak bermoqda bunday beparvolik? Nahotki, ikki oʻrtadagi yaqinlikka putur yetgan, begonaga aylangan boʻlsalar ular?!

 

* * *

 

Endi xarsang odatdagidek osonlik bilan yoʻlga tushmas, uni joyidan jildirish, yaʼni doʻqirlatib dumalatish uchun Sizifdan ancha-muncha kuch talab qilinayotgandi.

Tepalik boshlandi. Sizif shikastlangan oyogʻini avaylaydigan, ehtiyotlamagan taqdirda ham uni zoʻriqtirishdan naf boʻlmas, shu bois chap oyogʻini xarsang ostiga pona qilib ikkala kafti-yelka aralash xarsangni yuqoriga tomon ilgarilatishga tushdi.

Xarsangning yumaloqligi, dumaloqligidan asar ham qolmagandi. Singan-netgan joylari tufayli u odatdagidek bir tekisda dumalamas – bu hol Sizifning mushkulini ogʻirlashtirgan, endi xarsangni joyidan jildirish – u yon, bu yoniga agʻdarish ancha kuch-quvvat talab qilayotgandi. Lekin xarsang avvalgidan ancha-muncha yengil tortgan – bu jihati Sizifning ishini bir qadar yengillashtirgan edi.

Shu tobda u gʻalati holatga eʼtibor qildi: oʻng qoʻli chapiga nisbatan ojizroq tuyuldi. Axir shikastlangan oʻng oyogʻi edi, oʻng qoʻli emas-ku! U holda nega oʻng qoʻliga chap qoʻlichalik kuch kelmayapti?.. U oʻng kaftini, barmoqlarini, bilagi – yelkasigacha nazardan oʻtkazdi. Qotib, qurishib ustuxoni qolibdi, xolos. Axir uning oʻng qoʻli kuchliroq emasmidi?! Oʻnaqay edimi u yoxud… chapaqaymidi?.. Nahotki, Sizif shuni eslolmasa?! Axir shu esdan chiqadigan narsami?! Odamlarning aksariyati oʻnaqay boʻlarmidi yoki?.. Esida, faqat oʻng qoʻlimga tayanaman, deb yurardi. Mana, ishongan qoʻli pand beryapti. U ikkala kaftini boshi uzra havolatib osmonga qaradi. Panjalari, bilaklariga termilib qolgan Sizifning diqqatini koʻz oʻngidan suzib oʻtayotgan pagʻa-pagʻa oppoq bulut uvadalari tortdi. Zardasi qoʻzidiyu, uni sezdirmaslikka harakat qilganicha xarsangga yopishdi. Ikkala kafti, tizzasi, yelkasiga koʻksini ham qoʻshdi. Xarsang bir siljidiyu, yarim qadam yuqori koʻtarilib qotdi-qoldi. Sizif xarsangning sinib tushgan joyiga peshonasini qoʻydi, oyoq-qoʻllari boʻshashib, harakatdan toʻxtadi. Oʻng oyogʻi, oʻng qoʻli, chap koʻzi pand bera boshladi. Shu bois xarsang har safar sinib-parchalanib tushganida sezilarli darajada yengillashayotganidan quvonsa, bunga sayin esa Sizifning qoʻl-oyoqlaridagi mador tugab borayotgandek edi. Bordiyu, qoʻl-oyoqlarini mutlaqo qimirlatolmay qolsa-chi? Kuch-qudratiga qoʻshilib tajribalari ham ish bermay qolsa?! Oddiy insoniy turmush tarzi-muhiti boʻlganida u mana bunday ishlarning birortasiga qoʻl urish u yoqda tursin, qayrilib qaramasdi. Yakka oʻzi bu xarsangni itarib choʻqqi sari dumalatishga urinish emas, hatto shu haqda oʻylashni dahshatli-xatarli yumush sifatida oʻziga ep bilmasidi, tasavvuriga sigʻdirolmasidi, inson bolasiga ravo koʻrmasidi. Bu yerda esa… Bu yer, bu ahvolda…

 

* * *

 

Sizif oʻzi xarsangtosh bilan birgalikda chiqib-tushaverib ochgan soʻqmoq yoʻl yoqalab pastlayotib xarsangning ikki boʻlak sinigʻini koʻrdi. Kattaroq likopchadek, ichi-tashqarisi billur yangligʻ yaltiraydi, qirralari esa qilichning damidek – oʻtkir, keskir.

Sizif ikkala “likopcha”ni ustma-ust taxladi-da, avaylabgina koʻtarib, ogʻir-ogʻir qadam bosganicha choʻqqi tomon yoʻlga tushdi.

U boyagi-boyagi niyatida qoyim – xarsangdan uzilib tushgan boʻlaklarni bitta-bittalab boʻlsa-da, choʻqqiga olib chiqadi. Soʻngra tobora yengil tortayotgan xarsangni dumalatib, ehtimol, dast koʻtarib choʻqqiga yetkazib borish oson koʻchadi. Xarsangni eson-omon marraga qoʻndirgach, uning siniqlarini uyub xarsang ustiga taxlaydi, gʻishtdek teradi.

Qoʻlidagi xarsang siniqlari aytarli ogʻir emasligi tufayli shekilli u birmuncha osonlik bilan choʻqqiga yetib bordi. Tosh parchalarini avvalgi safar olib chiqqan siniqlar ustiga qoʻydi. Qilayotgan ishining unumidan mamnunligini yashirmay qushday yengil tortib ikkala qoʻlini boshi uzra koʻtarib avval osmonga qaradi, soʻng pastga nazar tashladi. Hoʻ-oʻ, pastlikda xarsangtosh yakka-yolgʻiz xuddi tashlandiq matohdek bechora, mahzun bir kayfiyatda qolgandi. Ogʻir qaygʻuga botgan jondordek koʻrinib ketdi u Sizifning koʻziga.

Qadrdonining yoniga oshiqdi.

 

* * *

 

Sizif oʻng chakkasini yerga bosib uzoq tin olib yotdi. Yer qaʼridan guldiragan, gʻoʻldiragan sas kelmoqda, hademay oyoq ostidan sanoqsiz izdihom chiqib keladigandek, dengiz bezovta shovullayapti, hademay toʻfon qoʻpadigandek, togʻ choʻqqisining tepasidan kimdir gurzi bilan urmoqda, togʻu toshni qoziq yangligʻ yerga qoqib tashlaydigandek… Xarsangtoshning ichidan ivir-shivir, ivir-shivir tovush chalinyapti quloqqa, demak, toshning ichi faqat tosh emas, u yerda boshqa nimalardir… Sisif… ehtimol, yana kimlardir bor, Sizifning yuragi sezib turibdi. Sisif, hademay, diydor onlari yetadi, Sizifning bagʻri toʻladi, toʻkis odamga, toʻkis irodaga aylanadi. Bu holni hatto xarsangni shu yerga keltirib qoʻygan maʼbudlar ham oʻylab koʻrmaganlari aniq, zamonlar kelib, bu xarsangtoshning qaʼri ivir-shivirga toʻlaligini qandaydir xudobezori bandi Sizif kashf qilishi tushlariga kiribdimi!..

Sizif chap chakkasini yerga berdi. Jimjit. Uzoq poyladi u. Biron shovqin, sas-sado yoʻq – jimjit. Oʻng tomonini bosdi. Boyagi-boyagi tovushlar, ovozalar eshitildi. Bundan chiqdi, chap qulogʻi ogʻirlashgan… Demak, oʻng koʻzi, oʻng oyogʻi va chap qulo… Sizif yerga chalqanchasiga yotib osmonga qaradi. Katta-kichik bulut toʻdalari kumushdek oppoq, izma-iz karvon tortib oʻtishyapti. Har bir bulut toʻdasi biri biridan gʻalati-ajabtovur jondorlarni eslatadi. Sizif qilt etmay turgan bu “jondor”larning aslini hayotda koʻrmagan, koʻplarining nomini ham bilmaydi. U chap koʻzini kafti bilan yopdi.

 

* * *

 

Bulutlar karvonining yoʻnalishini yaqinda payqab qoldi Sizif. Uvada-uvada boʻladimi, sidirgʻasiga osmonni qoplagan boʻladimi, charogʻon yoxud tund-qoramtir boʻladimi, qatʼi nazar, bulutlar Sizif ishgʻol etishga urinayotgan togʻ choʻqqisi tepasida birrov yigʻilib, bamisoli qiz mammini tavof qilgachgina dengiz tomon yoʻl olishar ekan. Bulut oqimi yaqinlashgani sayin esa dengiz sathi harakatga tushar – toʻlqin izidan toʻlqin kelib qirgʻoqqa urilar, oppoq koʻpiklar favvora yasab havoga sochilar, Sizifning nigohi ilgʻamaydigan olislarga borib esa bulutlar oʻynoqi dengiz mavjlari ogʻushiga singib ketishardi.

* * *

 

Sizif xarsangning katta-kichik singan, uchgan joylarini bir sidra koʻzdan kechirdi. U qanday hodisa yuz berayotganini endi anglab yetgan, biroq uning oqibatini hamon aniq tasavvur qilolmayotgan, bir koʻngli quvonsa, bir koʻngli beixtiyor xavotirga tushayotgandi. U xuddi doʻstining koʻnglini koʻtarmoqchi, unga tasalli bermoqchidek xarsangning “kifti”ga shapatilab qoʻydi, ikki chekkasiga qulochi yetgudek yapasqi boʻlak sinib tushgan joyini siladi. Xarsangning yumaloqligi, dumaloqligi, baqaloqligiga putur yetganiga termilib qoldi.

– Qani, yoʻlga, ogʻayni, – dedi Sizif xarsangdan koʻra oʻziga dalda boʻladigan ohangda, baland tovushda. Shunday deb xarsangni joyidan qoʻzgʻatishga chogʻlandi. Xarsang odatdagidek besh-olti odim joyga yumalab bormadi. Bir yonboshga agʻdarildiyu, toʻp etib tushgancha tek qotdi. Sizif kuchiga zoʻr berdi  – ikki qoʻllab, tizzalab, koʻksi aralash xarsangni koʻtardi. Xarsang yana toʻp etib boshqa yonboshiga agʻdarildi-da, turaverdi. Xarsang singani sari uning yumaloqligiga putur yetayotgan, shu bois burungiday dumalolmayotgan, lekin uning avvalgi zalvori, ogʻirligidan asar ham qolmayotgani yaqqol sezilayotgandi. Demak, endi u yumaloqchi-dumaloqchi emas, oʻrmalovchi, odamlar singari qadamlab tik yuruvchi ham emas, balki u yon, bu yonga agʻdarilib-agʻdarilib, toʻmparilib-toʻmparilib harakatlanuvchi, baqaloqligiga ham ancha-muncha putur yetgan – tobora ixcham tortayotgan xarsangga aylangandi.

Sizif sarkash xayollarga chek qoʻyib, xarsangni dam u yonboshiga, dam bu yonboshiga agʻdara-agʻdara yoʻlning tanobini tortaverdi. Bir payt Sizif avval gurs etgan, ketidan qars-s etgan shovqindan choʻchib tushdi. Ne koʻz bilan koʻrdiki, xarsangning yonboshida Sizifning boʻy-bastidan chogʻroq boʻlagi sinib yotardi. Xarsangning ichi-bagʻri ochildi deb kutgandi u, shu xayolda shoshib yangi siniq joyiga qaradi, biroq xarsangning bagʻri tim qora, qorongʻilik orasida tikanak uchidek yilt etgan zarralar sochilib yotardi. Sizif shuni ham yaxshilikka yoʻydi – yilt etgan, milt etgan nur bormi, demak, tosh yoʻnuvchi moʻysafid ustaboshi nazarda tutgan xarsangning qalbi mana shudir hoynahoy? Topabilish deganmidi, koʻrabilish deganmi, nima degan taqdirda ham Sizif ikki koʻzi bilan koʻrib turibdi!

 

* * *

 

U yangi siniq boʻlakni ikki qoʻllab tepaga qarata sudrashni moʻljallagandi. Ogʻirgina ekan, kichikroq va yengilroq boʻlsa choʻqqiga olib chiqish oson koʻchardi, lekin nachora, boriga baraka, qaytanga xarsang yanayam yengillashgani aniq. Yana bir-ikki marta mana shunday sinib tushsa, u yogʻi… Sizifning bor mushkuli osonlashadi-qoʻyadi.

– Marra yaqin, Sisif, shunday emasmi, qadrdon?

Sizif quloq solib kutdi, picha fursat oʻtkazib savoliga oʻzi javob qildi:

– Shunday…

Sisifning sovuqqonligidan Sizif tutaqib ketdi. Birdan ichi huvullab qoldi. Oʻzini judayam yolgʻiz, hatto chala odam his qildi. Yaqin orada bu qadar hoʻrligi kelmagandi. Sisif ham begonalashibdi, u ham joniga ora kirolmas ekan, u holda… Sizif xarsang sinigʻini ikki qoʻllab tutganicha alam bilan uni tepaga qarata tortishga tushdi.

– “Shunday” ham gapmi! Xuddi shunday! Marra yaqin! Ana, qoʻl choʻzsam bas! Xarsangning ichi tosh emas, ichi toʻla yilt etgan, milt etgan nur! Xarsangni choʻqqiga olib chiqmagan nomard, noshud! Men oʻzim, yolgʻiz oʻzim olib chiqaman! Maʼbudlar koʻrib qoʻysinlar, oʻshanda, odamlar koʻrib qoʻysinlar, oʻshanda! Ha-ha-a, qarab turinglar, shohidi boʻlingla-ar-r!..

 

* * *

 

Choʻqqiga yetib chiqqan Sizif holdan toyib oʻtirib qoldi. Biroq u oyoq-qoʻli, aʼzoyi badani toliqqanidan emas, ruhida kechayotgan holatni tushunolmayotganidan holdan toygandi. Dastlabki safar xarsang boʻlagini olib chiqqanida sevinchi ichiga sigʻmagan, azbaroyi tortinmay-netmay qichqirgan, hatto xarsangni batamom olib chiqqanida nima deb olamga jar solishini ham chamalab qoʻygan, faqat oʻsha safar pastda – togʻ yonbagʻrida yolgʻiz qolgan xarsangning ahvolidan xavotirda hayallamay ortiga qaytgandi. Endi esa… Sizif oʻtirgan joyida atrofni kuzatdi, samoda dam suzib, dam tek turib qolayotgan bulut toʻdalariga termilib oʻtirdi. Nazarida parqu bulut toʻdalari dengiz jilvalariga qoʻshilib ketdi. Qora qayiqni, baliqchi cholni koʻrgisi keldi Sizif. Asop… Qizining ahvoli nima kechdi ekan?.. Sisif… Sizif pastda anchagina ixcham tortgan xarsangga razm soldi. Uni dumalatib choʻqqiga olib chiqish oʻtirgan joyida juda-juda oddiy, joʻn, hatto arzimas mashgʻulotdek tuyulib ketdi. Shunda Sizif shu choqqa dovur togʻ haqida oʻylab koʻrmaganiga hayron boʻldi.

 

* * *

 

Allaqancha dafʼa choʻqqi tomon koʻtarilishga uringanlarida emas, mana, choʻqqidan pastga tushayotganida togʻ yonbagʻrining bu qadar nishabligini his qildi. Toqqa chiqishdan koʻra, undan tushish mushkulroq ekanligini bilardi. Biroq u faqat va faqat tepaga qarab oʻrmalash xayolida, harakatida yashadi. Izidan qaytmas qumursqadek, sakkiz-oʻn oyoqli oʻrgimchakdek oʻrmaladi. Xarsangni choʻqqiga tomon dumalatishdan boshqa hech narsani koʻzlamadi, oʻylamadi. Xarsang ham ozmuncha unga boʻysundimi! Lekin, mana, oqibat, mana, koʻrib turibdi u oʻz koʻzlari bilan! Va yana bir katta haqiqatni anglab yetayotganidan hayajonini bosolmay qoldi. Xarsangtosh biror marta yuqoriga koʻtarilish chogʻida emas, faqat va faqat pastga tushayotgandagina, pastga qarab dumalash chogʻidagina sina boshladi. Pastga enayotgan lahzalardagina xarsangning metinligi pand berdi  – u sinishga, parchalanishga yuz tutdi. Xarsangtosh choʻqqiga chiqish uqubatlariga emas, tepadan pastga tushish mashaqqatlariga dosh bermadi.

 

* * *

 

Togʻ yonbagʻri tekis va ravon boʻlmasa nima qilardi Sizif? Oʻydim-chuqur boʻlganida, chakalakzor, yulgʻunzor qoplagan yoxud yoʻl oʻngurzorlar oralab tushganda-chi? Bu borada Sizifning omadi chopgani aniq, toʻppa-toʻgʻri yoʻl, qoʻl choʻzsa yetgudek marra. Toʻgʻri, xiyla qiyalik va xarsangning zalvori, ogʻirligi yoʻl qoʻymadi zimmasidagi jazoni ertaroq oʻtashga. Lekin u boʻsh kelmadi, barcha mashaqqatga chidadi. Dengizdan, bulutdan, hatto xarsangtoshning oʻzidan madad oldi, faqat negadir togʻ haqida oʻylamabdi. Xunobi toshganida, alam jon-jonidan oʻtib ketgan paytlarda togʻni oʻpirib-qoʻporib tashlashi mumkin edi. Yoki xarsang bilan til topishgan kezlarida togʻ bilan tillashish haqida bosh qotirmaganiga hayronu lol qoldi.

 

* * *

 

Sizif osmonga koʻz tikdi. Uqraday oppoq va pagʻa-pagʻa bulut oshiqmay-netmay oqib bormoqda. Sizifning nazarida bulut juda imillab harakatlanayotgandek tuyuldi. Bu ketishida goʻyo vaqt oʻtmayotgandek, bulutning imillashi vaqt oʻtishini sekinlashtirib qoʻyayotgandek edi. Vaholanki, vaqt butkul toʻxtab qolmagan, balki mudom oʻtib borayotganini Sizif koʻpdan buyon bulut oqimiga qarabgina chamalayotgan – keyinroq esa bulut oqimi bilan dengiz suvining mavjlanishlari orasida pinhona yaqinlik, oʻzaro xufiya “bitim” borligini payqab qoldi.

 

* * *

 

Xarsang dumalamay qoʻydi. Endi u xuddi toʻrtala tomoni teng koʻtarilgan supachadek, bunday jismni dumalatish emas, surish, u yoki bu yoniga agʻdarish yoʻli bilan tepalikka olib chiqish mumkin, xolos.

Sizif shunga ham rozi va xursand edi. Uning uchun qanday boʻlmasin, xarsang joyida turib qolmasa, bir qadam, bir quloch boʻlsa-da, oʻziga boʻysunib tepalik sari ilgarilasa bas. Sizif shu niyatda xarsangni joyidan jildirdi. U hali dumaloqligi saqlangan sirtida birmuncha oson dumalar, oʻyilib tushgan joyi bilan tap etib tushgan joyidan esa uni yana qoʻzgʻatish, jildirish uchun Sizifdan bir talay kuch-quvvat, bardosh-iroda talab qilayotgandi.

Xayriyat, xarsang avvalgidan ancha-muncha ixcham tortgan, agar parchalanish davom etsa, u holda Sizifning mashaqqati yanayam ozayar, vazni yengillashgan xarsangni ortiqcha mashaqqatsiz choʻqqiga olib chiqadi-da, undan keyin… ana, keyin…

 

* * *

 

Sizif soʻloqmonday xarsang boʻlagini choʻqqiga olib chiqqan damda koʻngliga oralagan gʻalati noxushlikni qayta tuydi. Chindan oʻsha safar koʻnglida bir gʻalati sharpa paydo boʻlgan, lekin Sizif uning qanday va nimaning boisida paydo boʻlgan koʻngilgʻashlik ekanini anglab yetolmagandi. Mana, oʻsha kayfiyat yana uni oʻyga toldirdi. Nahotki, bu xarsangni choʻqqiga olib chiqish bilan bogʻliq boʻlsa? Axir necha zamon, necha davrlardan buyon oʻylagani, intilgani, istagani shu edi-ku! Niyatiga yetmoqda-ku, u axir!

Sizif atayin qoʻl siltadi-da, adoqsiz oʻylarni oʻzidan yiroqlashtirish niyatida xarsangga tarmashdi. Uni bir urinishda koʻtarib tashladi. Yana, yana, yana. Xarsang bir necha odim ilgariladi. Sizifning dimogʻini gʻalaba epkini qitiqlayotgandi. Nazarida shu ketishning oʻzida choʻqqiga yetib boradigandek edi. Dengiz tomon umidvor tikildi. Ummon sathi esa deyarli qilt etmas, bunday paytda qora qayiqni koʻrishga umid ham bogʻlamas – qora qayiq oʻrniga koʻz oʻngida tutab borayotgan qora daraxt eʼtiborini tortayotgan – baliqchi chol mingan qayiq esa odatda salqin shabada esgan damlarda paydo boʻlardi. Bulutlar esa turfa shakl-shamoyil yasab oʻtib bormoqda, demak, vaqt toʻxtamagan. Sizifning vaqti oʻtmoqda. U ana shu vaqt ichida irodasini ishga solmogʻi shart. Irodasi harakatga, harakati irodaga aylanib ketishi shart. Shunga erishsa, bas, har qanday mashaqqatga dosh berishi va moʻljallagan muddaosiga yetishmogʻi oson koʻchadi.

 

* * *

 

Xarsangning navbatdagi qasirlab-qisirlab sinishi har safardagidek kutilmaganda yuz berdi. U xarsangni qoʻpollik bilan dumalatmagandi, juda avaylab, ehtiyotlab yonboshiga agʻdarayotgandi. Oʻng yonboshiga aylanayotgan xarsang toʻp etib soʻl tomoniga agʻdarildi. Shu agʻdarilishda u pastga qarab shoʻngʻiydigandek koʻringandi, yoʻq, toʻp etdiyu, tek qotdi. Xarsang ogʻir-ogʻir nafas olayotgandek edi. Ha, dedi Sizif, ichida, men emas, xarsang holdan toydi. Odam yengilmadi – tosh yengildi, toshga qoʻshilib togʻ yengildi, choʻqqi yengildi. Maʼbudlarning maʼbudi yengildi. Vaholanki, Sizif hech kimni, hech narsani soʻkmadi, turtmadi, ayuhannos koʻtarmadi. Xarsangning feʼli oʻziga maʼlum, shu bois undan bir qadam ham nari ketmaydi. Faqat tepalikka koʻtarilayotib… ne kunlarni solmadi xarsang Sizifning boshiga?! Holi-qudrati yetmay, uni tutib qololmagan joydan orqaga – pastlikka tomon guldirab-doʻngʻillab, qasira-qusurlab togʻ koʻchkisidek, koʻklam selidek pastga tomon otilgan damlarda Sizif bilan xarsangtoshning oraligʻi uzoqlashib ketar, Sizif ah-h, essiz, deganicha manglayiga qarsillatib shapaloq tortar, qaqqayib turgan joyida koʻksining ichida nimadir shu-u-uvullab pastga tushib ketar, guldurab-qaldirab pastga hammayoqning toʻs-toʻpolonini chiqarib yirtqich va telba buqadek dumalab borayotgan xarsangni nigohi bilan kuzatib qolishdan boshqaga yaramas, biror kori bad yuz bermasin-da, deya baralla iltijolar qilar, zum oʻtmay esa niyati ijobatga olinganidan boshi osmonda, olishuvda gʻolib kelgan bolakayday rostakamiga chapak chalib yuborar, “toʻxtadi, xayriyat”, deganicha togʻning etagidagi boʻyradek yalanglik joyga borib harakatdan qolgan telba xarsangdan koʻz uzmay tushib kelar, qaqshatqich va ayovsiz mushtlashuvdan soʻng nafas rostlayotgan qadrdoniga mehribonlik koʻrsatmoqchidek, xarsang tegrasida gir aylanar, chir aylanar, qadrdoni hech bir shikast-rextsiz kelib toʻxtaganidan boshi osmonlarga yetar, nazarida esa, xarsangning butun yuz-koʻzidan ter quyilayotgandek boʻlar, Sizif tosh qotgan kaftlari bilan uning “beti”ni silab-siypalar, terlarini, chang-gʻuborlarini artib qoʻyardi.

* * *

 

Sizif oʻz qoʻli bilan tiklagan xarsangtosh tegrasida ohista aylanayotib oʻyib yozganlari yodiga tushdi. Izlay boshladi. “Sizif”, soʻngra “Korinf”… “Sizif” va “Korinf”… U ost-ust boʻlib qalashgan xarsang siniqlarini koʻtardi, enkayib qaradi, bironta harfli tosh boʻlagi chiqmadi. Oʻzi topolmasa, boshqalar, yaʼni kelajakda bu manzilga qadami yetadiganlar qayerdan topadilar, qayerdan koʻradilar? Axir u ne niyatlarda, ne mashaqqatlarda oʻyib tushirgandi harflarni?! Nahotki, bari zoye ketgan boʻlsa?! Yoʻq, yozuvlari oʻchib ketishi mumkin emas, ularni topadi, zero, odamlar, zamonu davronlar oʻtadi, bulutu osmonlar, togʻu dengizlar oʻtadi, lekin yozuv qoladi, yozuv!..

 

* * *

 

Sizif Korinf qalʼasining toshdevori boʻylab salobat ila odim tashlab borayotib roʻparasida hurmat saqlab qulluq qilib turgan mulozimlariga bosh irgʻab salomlashdi. Sizif oldinda, mulozimboshi yonboshda yoʻlda davom etishdi. Mulozimboshi ado etilgan yumushlarga doir axborot berib kelaverdi.

– Qalʼa devorini tiklash ishlari nihoyasiga yetayozdi…

Sizif mulozimboshining ovozida tahlika ohangini payqadi.

– Yetdimi, yetayozdimi? – tavoze ila soʻz qotdi Sizif. – Fursat allaqachon yetdi chogʻi?..

Sizif shunday deb koʻkka koʻz tikdi. Havo ochiq edi. U kunbotar tomon ohista suzib borayotgan oppoq parqu bulutlar toʻdasidan bir muddat nigohini uzolmadi.

– Anavilarga qara, – dedi Sizif mulozimboshining bilagidan tutib. – Bulutga qara deyapman. – Fursat yetdi emas, allaqachon oʻtdi…

– Shunday-shunday, faqat… faqat… – Mulozimboshi osmonga qarab hech narsani anglamadi, bulutlardan koʻzini uzib devorning nihoyasida hayhotday qorayib turgan xarsangtosh tegrasida chumolidek gʻuj qalashgan ishchilarga, qullarga qaradi. Mulozimboshi oʻsha tomonga ikki qoʻlini choʻzib yalinchoq ohangda gʻudrandi: – Ana shu… ana shu xarsangni jildirishning epi topilmayapti, aʼlo hazrat. Bu taʼviya xarsang sharmanda qildi barchamizni, ishoning, aʼlo hazrat!

Sizif xarsangtoshga bir nazar tashladiyu, sapchib orqaga tisarildi. U  – jazo biyobonida Sizifga roʻpara qilingan, necha zamon, necha vaqtlardan buyon unga adoqsiz mashaqqatlar, azoblar bergan va alhol uning jonfido birodari, qadrdoniga aylanib ketgan xarsangtosh edi! Faqat uning Sizifga ilk safar roʻpara kelgan haybatida – bus-butunligi Sizifning kapalagini uchirib yuborgandi. Shunda ham u sir boy bermadi, zoʻraki boʻlsa-da, miyigʻida kuldi. Yonboshda taʼzim qilib turgan sangtaroshlar safida tanish moʻysafid ustaboshiga nigohi tushdi.

“Dilini topmabsan-da?..” – Bu soʻzni Sizif sas chiqarmay, oʻzi ham eshitmaydigan ovozda shivirlab aytdi ichida. Favqulodda ustaboshi sangtarosh safdan bir qadam oldinga chiqib chuqur taʼzim bajo keltirdi. Sizif toʻxtadi.

– Aʼlo hazrat, shunday xarsanglar uchraydiki, ularda na dil, na yurak-na qalb topiladi. Qodir Olloh ularni ushbu neʼmatlardan benasib etgan boʻlsa ajabmas…

Sizifning chehrasi ochildi, bosh chayqadi.

– Dili, tili topilmaydigan xarsang yoʻq olamda, sizlarni sharmanda qilgan bu xarsangning dili ham, qalbi ham, mana, mening qoʻlimda!

Sizif shunday deb qoʻlidagi xarsang sinigʻini baland koʻtardi, atrofga alangladi. Tevarak-atrofida hech kim, hech zogʻ yoʻq, uning oʻzi baland choʻqqining tepasida turardi. Kimsasiz, yolgʻiz oʻzi turgani ham uni ajablantirmadi. Xuddi u Korinf qalʼasi devori qurilishida hozir boʻlmaganday, hech kim bilan savol-javob qilmaganday, oʻsha-oʻsha koʻtarinkilikda baralla hayqirdi:

– Menkim Sizif ishgʻol etgan yuksaklikni inson bolasi yetti uxlab tushida koʻrmagan. Eng baland imorat deysizmi, eng baland togʻ choʻqqisi deysizmi, ularning hech biri men zabt etgan choʻqqi oldida ip esholmaydi. Hech bir zamon va makonda odam bolasining oyogʻi yetmagan balandlikda, mana men – boʻyim daroz, boshim osmon qad rostlab turibman!..

 

* * *

 

Bu damlarda u oʻzini kurrai zaminning eng erkin va ozod bandasi deb bilar, chunki uning oyoqlariga urilgan kishanning uzunligi yerning istalgan chekkasiga dovur borishiga monelik koʻrsatmas, biroq, shu bilan bir vaqtda yer sathidan bir qadam nariga odim bosishiga yoʻl qoʻymas, chunki kishan zanjirining uzunligi hisobli edi. Ayni chogʻda u oʻzini bepoyon osmonning eng erkin va hur bandasi deb hisoblar, chunki uning boʻyniga urilgan samo kishani osmonlarning istalgan sarhadlariga dovur borishiga yoʻl qoʻyar, shu bilan bir vaqtda koinot sarhadlaridan bir baxya boʻlsin, nari ketishiga izn bermasdi. Shunday bir holatda u zaminga tushish istagida betoqatlanguday boʻlsa samo kishani boʻgʻzidan tortar, samo sari intilgan taqdirda esa – zamin kishanlari ortiqcha biror qadam tashlashiga yoʻl qoʻymas, yaʼni uning erkinligi va ozodligi mana shu ikki kishan uzunligi orasida edi…

 

* * *

 

Samoni qoplagan qop-qora bulut ummon sari lashkar tortdi. Manzara vahimali edi. Osmon nimadan gʻazabga keldi? Junbishning boisi nimada? Butun samoni qoplagan quyuq, ogʻir va haybatli bulut oqimi dunyoning toʻs-toʻpolonini chiqarmoqqa shaylangan vajohatda… Sizif koʻngliga oralagan turfa savollarga javob topib ulgurmadi – osmon toʻla bulut dengiz ustiga yetgan joyda toʻsatdan pastlashdi va maʼshuqasi vasliga yetishgan oshiq yangligʻ butun zalvori bilan dengiz ustiga yopirildi. “Ih-ih-h-h!” degan sirli sas taraldi samoga. Buni aniq eshitdi Sizif, oʻz qulogʻi bilan eshitdi. Bulut bilan dengiz… Demak, bulut va dengiz… Sizif xayoliga kelgan fikrdan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi va hardamxayollik bilan dengizning joniga ora kirmoqchi edi, biroq dengiz qirgʻoqlariga qadar, oʻynoqi toʻfonu oppoq mavjlariga qoʻshilib osmon toʻla bulut ogʻushiga singib ketdi…

* * *

 

Adoqsizday koʻringan mashaqqatlar ortda qoldi. Sizif oʻzining nimalarga qodirligini koʻrib-bilgani sayin yuz berayotgan voqealarni aqliga sigʻdirolmayotgan, xayolining bir chekkasida koʻz qoʻrqoq – qoʻl botir degan naqlning naqadar toʻgʻri ekanligiga imon keltirar, oʻziga oʻzi tasannolar yogʻdirishdan tortinmasdi. Mehnat mashaqqatidan odam oʻlib qolmasligiga ham iqror boʻldi u. Shunga qaramay, insonga ham ruhiy, ham jismoniy azob-uqubat beruvchi mehnatni oqlashni istamas, oddiy insoniy sharoitda bunday dahshatli-xatarli ishga qoʻl ura olmasdi albatta, bu – muqarrar, lekin tanballikka ham oʻt tushsin, hech bir tanbal banda yuzga kirdim deb koʻksiga urganmi hech bir zamonda?! Mehnat qilgan yashaydi, yuzga chiqish ham gapmi, mingga kiradi. Uydek, togʻdek xarsangtoshni yumalatib, dumalatib mana shunday togʻ choʻqqilariga olib chiqishni uddalaydi. Baxt – zoʻrniki. Baxt – xarsangtoshni yumalata olganniki! Mehnatsevarniki, mehnat mashaqqatlaridan qoʻrqmaganniki!

 

* * *

 

Sizif bir zamonlar koʻngliga tukkan niyatini, mana, nihoyat… nihoyat baralla olamga jar solib aytar fursati keldi! U zarracha tortinmaydi, qisinmaydi, balki ovozining boricha olamga jar soladi: ho-ho-he-yey-y, odamlaru odamla-ar, eshitmadim demangla-ar! Menkim shahanshoh Eol va malika Enaretning suyukli oʻgʻloni, Meroplar sulolasining arzanda kuyovtoʻrasi, Glavkaning padari, Bellerofontaning mehribon bobosi boʻlmish mahkum Sizif kimsan Zevs tomonidan kaminaga belgilangan jazoi haqni, nihoyat, nihoyat… sharaf bilan oʻtadim, uddaladi-i-m-m! Ha-ha-he-ye-yey-y-y! Mana-a, qarangla-ar, shohidi boʻlingla-ar, xarsangtoshni choʻqqiga olib chiqdim, choʻqqini zabt etdim, zafar quchdi-im-m!..

 

* * *

 

Sizif ne-ne zamonlardan buyon koʻngliga tugib, necha qaytalab takror-takror mashqlar qilib qoʻyganidek shu taxlit olamga jar solish niyatidan kutilmaganda voz kechdi. Xarsangtosh siniqlarini avaylab-ehtiyotlab taxlab chiqqach, qad rostlab choʻqqida turgan joyidan pastga qaradiyu, yuragi shuv etib ketdi. Yuragi orqasiga tortib, oʻzini xasdek, xazon parchasidek, qilt etib shabada esguday boʻlsa jismi-jasadini osmonu falakka toʻzib ketadigan chang zarrasidek omonat, muallaq sezdi. Shoshilib choʻqqining tepasidan to etagigacha boʻlgan masofaga koʻz yugurtirdi. Boʻm-boʻsh – hech zogʻ, hech narsa koʻrinmas, hatto togʻ yonbagʻri ham qayoqqadir gʻoyib boʻlgan – Sizif koʻkda, bulutlar yonida muallaq parvoz etib turgandek – bulutlar vaqt oʻtayotganidan xabar, belgi beruvchi deb hisoblab kelardi u shu choqqacha. Endi koʻryaptiki, bulutlar suruv-suruv, gala-gala, uyur-uyur boʻlib kelib, uyalmay-netmay obdon tosh mammini yalab-yulqayapti… bularning bari Sizifning koʻz oʻngida yuz beryapti, mammi shunga moyildek yal-yal oqarib, yashnab-charaqlab, yanayam koʻzni qamashtirib, gul-gul ochilmoqda – bir jozibasiga oʻn joziba qoʻshilmoqda.

Qaydandir “gup” etgan shovqin eshitildi, Sizif dengizga yaqin tomonda zaqqum daraxti alanga olib yona boshlaganini koʻrdi. Oʻt qoʻyaman, deb baqirib yubordi Sizif dagʻdagʻa bilan qoʻllarini boshi uzra sermab, hasaddan, rashkdan azbaroyi qorayib ketgandi u, bulutga oʻt qoʻyaman, yoqaman! Osmonga qoʻshib, mammiga qoʻshib kulini koʻkka sovuraman!

– Laka-lum, lak… Laka-lum, lak… – Sizif turgan joyida qoʻllarini boshi uzra koʻtarib raqsga tusha boshladi. – Lak-lak, lakalum. Laka-laka, lak-lak, lakalum-m!..

Uning koʻzi tinib, boshi aylandi. Koʻngli alagʻda boʻldi. Haqiqatda ikki qoʻllab mammi poyiga suyanmaganida bulut aralash esayotgan shabadada xasdek allaqayoqlarga uchib ketishi hech gap emasdi.

– Bulutga qoʻshilib mammi quchogʻida yonib kul boʻlsam ham mayli, choʻqqidan pastga yumalab, dumalab parcha-purcha boʻlib ketsam ham roziman!..  – Lak-lak, lakalum-m! Lak-laka, lakalum-m!.. Lak-lak, lakalum! Lak-laka, lakalum-m!..

Sizifning qulogʻiga musiqiy sas chalindi. Nolakor nagʻma qay tomondan taralayotganini aniqlolmadi u. Musiqa toʻxtab qolmasaydi degan xavotirda “Lak-lakalum”ni bas qilmadi. Musiqa gʻoyatda nazokat va ehtiyotlik bilan xirgoyiga joʻr boʻldi, bunga sayin Sizifning ilhomi joʻshdi.

– Men osiy banda, – xasta tovushda shivirladi: – Kechirgaysiz… uzrlarim… tavbalarim… iltijolarim…

Nigohi dengizga qadaldi – moviy suv sathi salomga chiqqan kelinchakdek maʼyus va sokin tortgandi. Sizif gandiraklab, tubsiz pastlikka qulab tushayozdi – tisarilib borib, tosh mammi poyiga suyandi. Koʻzi qamashdi. Oʻzini qoʻlga olishga urindi. Xarsangtosh siniqlari uyumi tomon qoʻlini choʻzdi, qulochini boricha yoydi, bazoʻr qad rostlagan yarador askardek oldinga bitta-bitta qadam tashladi. Shu borishda nimani oʻyladi, nimaning moʻljalini oldi, murod-maqsadi nima edi, oʻziga-da noayon, lekin ayni damda ichida nimadir yilt etdi, azbaroyi uzoq uyqudan choʻchib uygʻongan odamday sapchib tushdi. Toshqotgan kaftlari bilan yuz-koʻzini qattiq-qattiq ishqadi, suyundi, surgalib tanasidan orqada qolayotgan nogiron oyogʻiga ogʻrinib, kulimsirab qaradi. Zum oʻtmay kulimsirash oʻrnini alamli chiranish, favqulodda shiddat egalladi va… va… doʻsti, qadrdoni, yakka-yagona sirdoshiga aylanib qolgan xarsangni bir hamlada pastga qarab dumalatib yuboradigan vajohatda tosh boʻlaklari uyumi ustiga oʻzini tashladi…

 

2015 yil

 

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

 


[1] Tanatos – Qadimgi Yunon oʻlim xudosi.

[2] “Qurʼoni karim”ning “Baqara” surasi 258-oyatida naql qilingan rivoyat.

[3] Miflarda tasvirlangan yuz qoʻlli va ellik boshli maxluq – dev.

[4] “Qurʼoni karim”ning “Hud” surasida keladigan bu arabiy soʻz “loyi qattiq qotib qolgan tosh” deya tafsir qilingan. Tafsiri hilol. 3-jild, B. 128.

[5] Rivoyatlarda Sizif ismi Sisif shaklida ham kelgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.