«Dilkim doimo malham boʻlubtur jonima»

0
162
marta koʻrilgan.

* * *

 

Ey, sumanbar, gul yuzungtak vard-i ahmar qandadur,

Qaddi zebong ila teng sarvu sanovbar qandadur.

 

Toʻti-yi jon qutini yoqut-i laʼlingdin tilar,

Suchi soʻzlu laʼlinga teng shahdu shakkar qandadur.

 

Jonim osoyish topar shirin labing soʻzi bila,

Dilrabo shirin labingtak ruhparvar qandadur.

 

Olam ichra suvrat-i jonni tilaganlar uchun,

San tikin bir nozanin ruh-i musavvar qandadur.

 

Lutf qilgʻil goh-gohi man faqir-i xastagʻa,

Lutf oshiqlargʻa qilmas yoru dilbar qandadur.

 

San qoshimda boʻlmasang, olamni koʻrmas koʻzlarim,

Sansizin olamda boʻlgʻan koʻz munavvar qandadur.

 

Mushku anbarni qaro zulfingga nisbat aylasam,

Aytgʻay attorkim andogʻ muattar qandadur.

 

Boʻlgʻali Hofiz gado-yi koʻyung, ey, sulton-i husn,

Andoyin olamda davresh-i tavogar qandadur.

 

* * *

 

Boʻlgʻali oy yuzinda paydo bu zulfi xoli,

Boʻlmadi dardu gʻamdin koʻnglumning taqi xoli.

 

Oshufta zulfina jon tushkali zavq birla,

Majnur bikin kechadur payvasta vaqti holi.

Garchi xayyol boʻldum nozuk belini izday,

Ketmadi jondin aning nozuk dami xayoli.

 

Koʻnglumni ogʻzi olib yetkurdi ersa emdi,

Ul jon-i jon labindin bore biror soʻroli.

 

Man sodadil oʻsh aning yuzinga boqdim ersa,

Oldi koʻngulu jonni yuz oli birla oli.

 

Netib, quyoshu oyga yuzini oʻxshatayim,

Chun bor ikkisining nuqsonu ham zavoli.

 

Turkiy gʻazalda topdi Hofiz kamol tavrin,

Chun bor husn ichinda dildoring kamoli.

 

* * *

 

Qarore bir zamon qoshimda ul zebo nigor etmas,

Manim umr-i azizimdur oʻshul yondin qaror etmas.

 

Kimungkim davlatu iqbolini ul poydor aylar,

Sogʻinmakim maqomu manzilini poydor etmas.

 

Havo-yi ishq birla tozadur gulzor-i jon doim,

Havo-yi ishq qilgʻan ishni hargiz navbahor etmas.

 

Dame ul sarv-i ozodim chiqib tinmas eshiginda,

Koʻzumning yoshidin tokim eshigin lolazor etmas.

 

Qilur ohim asar toki tegarsa sang-i xorogʻa,

Va lekin ul jafochi shoʻxning koʻnglunga kor etmas.

 

Qachon topgʻay jahon ichra bu Hofiz ixtiyorini,

Kim aning joni ul jonondin oʻzga ixtiyor etmas.

 

* * *

 

Ul hilol-i iydning shaklimudur yo qoshlar,

Kim aning naqshinda hayron koʻrunur naqqoshlar.

 

Xatt-i farmonindin oning toshgʻa chiqmagʻay boshim,

Toshu ichindin necha yogʻsa boshqa-boshqa toshlar.

 

Zulfi savdosinda boshim yelga borgʻali tilar,

Boʻla bilgayman teyu Majnun bila odoshlar.

Manʼ qilmang ishqidin gar oʻtqa yonsam, yonmasam,

Ne tilarsiz ushbu jonimdin manim, qardoshlar?

 

Man muhabbat shahrida sargashtayu pobastaman,

Qayda koʻnglungiz tilasa boringlar yoʻldoshlar.

 

Barchadin begona boʻlub Hofizo qallosh boʻl,

Chun muhabbat bahrinadur oshno qalloshlar.

 

* * *

 

Qani, oʻsha ul ki, koʻngul ishq birla xurram edi,

Safou zavq bila doʻst bizga mahram edi.

 

Qani, oʻsha ul ki, mehnat diyorida doim

Bino-yi ahdu vafo ustuvor muhkam edi.

 

Qani, oʻsha ul ki, nasimi visol gulshanidin,

Havo-yi aysh chu fasl-i bahor xurram edi.

 

Qani, oʻsha ul ki, xasud ush bu jamʼ holimdin,

Chu zulf-i yor parishonliq ichra darham edi.

 

Qani, oʻsha ul ki, bu Hofizgʻa zavq edi bisyor,

Taqi jafovu alam birla dardu gʻam kam edi.

 

* * *

 

Firoqingda chekarman jonu bemoringni soʻrmassan,

Erurman siyna majruhu dilafkoringni soʻrmassan.

 

Eshigingda tunu kun zoru afgʻon chekadurman,

Ne yondin eshitib rozimni bu zoringni soʻrmassan.

 

Adoqing tuproqigʻa naqd-i jon bermak tilarman, lek,

Tilarsan oʻzgalarniyu xaridoringni soʻrmassan.

 

Boshimgʻa oqibat yetgay, adoqing teyu xok boʻldum,

Azizamsan bu xok-i rahtak xoringni soʻrmassan.

 

Mani, san sohibi asror aylading, darding bila, illo,

Bu mushkil darddurkim, sohibasroringni soʻrmassan.

 

Agarchi yorliqda jonni oʻynadim bu Hofiztak,

Vale, ne qilmagʻa boʻlurki, san yoringni soʻrmassan.

 

* * *

 

Ishq dardi xasta jonimdin dame kam boʻlmasin,

Resh jonimga ham andin oʻzga marham boʻlmasin.

 

Dard-i dilkim doimo malham boʻlubtur jonima,

Andin oʻzga olam ichra yoru malham boʻlmasin.

 

Har kim izlar ishqning hamdamligini doimo,

Dardidin oʻzga bila bir lahza hamdam boʻlmasin.

 

Olam ichra olame, topmasa oshiq dard ila,

Ne safo boʻlgʻay bu olam ichra, olam boʻlmasin.

 

Odam-i xokiyda gar bunyod dardi boʻlmasa,

Ushbu olam ichra ham bunyod-i odam boʻlmasin.

 

Dardning bunyodi muhkam boʻlmasa jon mulkida,

Ushbu bunyodga jahon ham hech muhkam boʻlmasin.

 

Shodmon boʻl dard dildor ila, ey, Hofiz mudom,

Boshingga olamning ichra bir zamon gʻam boʻlmasin.

 

* * *

 

Oy yuzung shavqidin zaʼf ichrakim boʻldum hilol,

Nozik ul beling xayoli qildi mani chun xayol.

 

Xoli boʻlmadi dame xoling xayolindin koʻngul,

Chun qilur xoling xayoli dam-badam dafʼ-i malol.

 

Bas, tiladim jon berib laʼli labingni soʻrgʻali,

Bermading shirin javobe negakim qildim savol.

 

Arshning soqingʻa boshim yetkay erdi bexato,

Ostoning oʻpkali topsam edi bir dam majol.

 

Hol ahli jamʼida holi saning ishqing bila,

Turk Hofiz soʻzlarinda bor turli zavqu hol.

 

Hofiz XORAZMIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.