“Dilimni porlatib yonar… chiroq”

0
311
marta koʻrilgan.

* * *

 

Bir soʻz bor.

Begʻubor tong kabi goʻzal,

Tong chogʻi ochilgan gʻuncha kabi,

Gʻunchada shabnam kabi musaffo.

 

Shirin tuygʻularning

Shirin farzandi,

Osmon kabi bepoyon koʻzlar sevinchi yangligʻ

Bir soʻz bor.

 

Bir soʻz bor.

Haqiqat soʻzidan ham yuksak,

Haqiqatning oʻzidan ham yuksak,

Bir soʻz bor.

 

* * *

 

Suv ostida yaltiraydi tosh,

Xarsanglarda sinadi suvlar.

Xayollarim singari bebosh

Toshlarda oʻynoqlar ohular.

 

Mavjlar kabi jimirlaydi jon,

Yaproqdek qaltirar nigohim.

Toʻlqinlar ustida parishon –

Sevinchlarim, chekilgan ohim.

 

Borini chekaman asabiy,

Imonimda allaqanday kuch,

Allaqanday qudrat besabr,

Allaqanday shaklsiz sevinch.

 

Koʻzimda qumlarning oʻyini,

Yoʻllarimda gʻij-gʻij soqov tosh.

Nelar buzdi, shoir, oʻyingni,

Buncha xursand koʻzlaringda yosh?

 

Nelar kerak menga oʻzi? Oh!

Koʻksimni sindirar xarsanglar.

Kaftimga toʻkilar bir navo,

Ne navodir – kim uni anglar?

 

Suv ostida yaltiraydi tosh,

Xarsanglarda sinadi suvlar.

Xayollarim singari bebosh

Toshlarda oʻynoqlar ohular.

 

* * *

 

Avtobus derazasidan qarab ketsang

Uzoq-uzoqlarga,

Masofalar suvratini olib koʻzlarga.

Xususan, oy bulutlar orasiga berkinib tursa,

Xususan, yulduzlar soʻnganda,

Xususan, zim-ziyo tun chogʻi.

Ayniqsa, shaharning shovqini seni zeriktirsa,

Ayniqsa, sevgiling sevmasa seni…

Ayniqsa, gʻiybatlar toʻqisa

Doʻstlaring

Yiroqlarga qochar qismatlar,

Avtobus derazasidan qarab ketsang.

 

* * *

 

Kunduz oʻyga choʻmar, tun yaqin

Osmon yangligʻ oqshom sharpasi –

Olis ufq soʻnggida yorqin

Kunning qizil shohi pardasi.

 

Kechki quyosh turmaklar sochin,

Jozibali boʻlar ertaga.

Ana, koʻk ham marjonlar sochdi –

Kengliklarning moviy ertagin.

 

Dalalarda esar shabboda,

Egiladi nozik chuchmoma,

Yalpizlarning bargidan shoda –

Shoda shudring jimgina tomar.

 

Jozibali boʻlar ertaga.

Sevgi fasli asl va bedogʻ:

Kumush havolardan oʻrtigi

Goʻzalligi bilan yashnar togʻ.

 

* * *

 

Chiroq. Chiroq yonar boʻzarib.

Jim. Tinglangiz uning kuyini.

U bir qoʻshiq aytar doʻstlarim,

Sahargacha aytar kuyinib.

Chiroq. Chiroq yonar boʻzarib.

 

Chiroq yonar – sevimli orzu,

Chiroq yonar – soʻnggi yoʻq hasrat.

Dilimni porlatib yonar u,

Chiroq yonar – eng goʻzal qismat,

Chiroq yonar – sevimli orzu.

 

Chiroqni tinglangiz, odamlar,

Qarshisida egib turing bosh.

Sizni kuylar u tongga qadar,

To navbatni olguncha quyosh.

Chiroqni tinglangiz odamlar.

 

* * *

 

Koʻzlarimga toʻlib qolgan nimadir,

Tomogʻimga tiqilib qolgan nimadir, axir,

Kim aytadi, sen aytmasang agar, gunafsha?

 

* * *

 

Yulduzlarga men ham qarayman,

Yulduzlar – samoviy bir xat.

Men koʻproq zaminga yarayman,

Menga kerak yerdagi hayot.

 

Yulduzlarga qarayman men ham,

Yulduzlar – chatnagan orzular.

Huv, miskin kezadir bir odam –

Koʻksida yonmagan yulduzlar.

 

Yulduzlarga qarayman men ham,

Baʼzida keladir havasim.

Baʼzida bosadir ogʻir gʻam,

Baʼzida yetmaydir nafasim.

 

* * *

 

Bu qanday oroldir – osmon koʻrinmas,

Bu qanday daryodir – koʻrinmas sohil,

Biz shu qadar nochormiz, sevgilim?!

 

* * *

 

Derazamga uriladi qor,

Jaranglaydi jarangsiz kumush.

Derazamga uriladi qor,

Qor singari oppoq boʻldi tush.

 

Bir ajoyib qor yogʻar bu kech,

Uchib tushar mening yonimga.

Menku seni oʻylamasman hech,

Sen tushasan ammo yodimga.

 

* * *

 

Termilaman olis ufqqa,

Botgan kundan qolmishdir dogʻlar.

Yomgʻir urar qorongʻilikka,

Sovuqqina shovullar bogʻlar.

 

Yana keldim mahzun goʻshaga,

Bunda bir nay yotibdi sinib.

Qoʻy, sigʻinma ortiq oʻshanga,

Qoʻy, sigʻinma unga sevgilim.

 

Men hech narsa soʻramasman, dilbar,

Oʻtmishingdan soʻzlama zinhor.

Men ham bir bor sevganman, yetar.

Qarasang-chi, atrofda bahor.

 

Rauf PARFI

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.