“Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyog‘a sig‘mamdur”

0
31
marta ko‘rilgan.

 * * *

Ey sabo, g‘ambodadurman, bistarimni kavlama,

Chun shafaq oludaman, xokistarimni kavlama.

 

Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur,

Sanki Majnun bo‘lmasang, sardaftarimni kavlama.

 

Xonavayronlar bilur aftodalarning holini,

Eyki, mahram bo‘lmasang, chashmi parimni kavlama.

 

To kishiga dard tegmay, bo‘lmadi bag‘ri kabob,

Dilda darding bo‘lmasa, dardi sarimni kavlama.

 

Hajr toshidin sarofat boshig‘a yetgan o‘zum,

Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama.

 

To bir ummat yo‘lg‘a kirguncha jigarxun bo‘ldilar,

Ummat ersang, jon fido qil, Sarvarimni kavlama.

 

Yetti do‘zax o‘rtanur aftodalarning ohidin,

Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama.

 

Lomakonning shahrini bir hu bilan sayr ayladim,

Jabroil, borg‘il nari, bolu parimni kavlama.

 

Bahri rahmatga kirib qildim vujudimni adam,

Ma’rifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama.

 

Duri daryoi maoniy bo‘ldi chun Mashrab, vale,

Diydabiyno bo‘lmasang, ko‘z gavharimni kavlama.

 

 

* * *

Bul tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?!

Bo‘lmasa qoshimda janon bul jahonni na qilay?!

 

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak?!

Ibrohimdin qolg‘on ul eski do‘konni na qilay?!

 

Urayinmu boshima sakkiz Bihishtu Do‘zaxin,

Bo‘lmasa vasli manga, ikki jahonni na qilay?!

 

Arshning kungurasin ustiga qo‘ydum oyog‘im,

Lomakondin joy olibman, bul makonni na qilay?!

 

Zarraye nuri quyoshdek bul jahon ichra tamom,

Oshkoro bo‘lmasa, sirri nihonni na qilay?!

 

Bir Xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,

Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikonni na qilay?!

 

 

* * *

Ishq mazhabig‘a taqviyu toat chidayolmas,

Tasbehu sano, zuhdu ibodat chidayolmas.

 

Kim ko‘rsa o‘shal dilbari ra’noni bayakbor,

Betoqat o‘lub, ayshi farog‘at chidayolmas.

 

Faryodu fig‘onlar qiladurman kecha-kunduz,

Hayratda qolib qad ila qomat chidayolmas.

 

Adham sifat ul kirsa kishi faqr yo‘liga,

Osoyish ila xayri saxovat chidayolmas.

 

Arbobi muhabbatga yetib bo‘yi sanamdin,

Aqli ketibon sabru qanoat chidayolmas.

 

Ey zohid, agar ko‘rsang o‘shal mohliqoni,

Zuhdu vara’u kashfu karomat chidayolmas.

 

Devona qilur ishqi sanam, vasli chu Majnun,

Nomusu hayo, aybu qabohat chidayolmas.

 

Kim jomi muhabbat mayidin jur’ayi ichsa,

Shohona hasham, izzatu hurmat chidayolmas.

 

Bul ishq elining har dam etar valvalasig‘a,

Beshubha biling, dasti irodat chidayolmas.

 

Mashrab, kelibon ko‘ngul ila raqsi samo qil,

Ishq mazhabig‘a obi tahorat chidayolmas.

 

 

* * *

On qadar nurga to‘libman osmonga sig‘madim,

Toqi Arshu Kursiyu Lavhu Jinonga sig‘madim.

 

Kimga soyam tushsa bir nuri yaqin bo‘ldi u ham,

Daftari ruhi qudsdurman, zabonga sig‘madim.

 

Jannatu Kavsar manam, ham Do‘zaxu Saqar manam,

Bir o‘zumdurman bu dam, haft osmonga sig‘madim.

 

Soyayi Odamg‘a keldim, nuri ma’ni izladim,

Jannatul-Firdavsidek oliy makonga sig‘madim.

 

Bor edim Nur vaqtida, g‘arq etmadi to‘foni ham,

Hamrahi Muso bo‘lub Turi Sinonga sig‘madim.

 

Elli(k) yil Iso bilan yurdum o‘lukni tirguzib,

Boisi bir nuktadin Mashrab zamonga sig‘madim.

 

 

* * *

Ajab Majnun erurman dasht ilan sahrog‘a sig‘mamdur,

Dilim daryoyi nurdur, mavj urub dunyog‘a sig‘mamdur.

 

Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mandadur mavjud,

Chu sultoni azaldurman, ki Arshi a’log‘a sig‘mamdur.

 

Xaliloso bu yo‘lda otashi Namrud me’rojim,

Hamon durru haqiqatmanki, har dunyog‘a sig‘mamdur.

 

Rizo mulkidaman halqumni tuttum tig‘i Akbarga,

Bu yo‘lda siynayi poki Zabehullog‘a sig‘mamdur.

 

Agarchandi ziyorat qilmadim man Ka’bai zohir,

Tariqat xojasidurmanki, Baytullog‘a sig‘mamdur.

 

Gahi bo‘ldum faqiru, gohi shohu, goh gadodurman,

Ajab devonaman, fardoki Mahshargohg‘a sig‘mamdur.

 

Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman,

Junun bozorida mastmanki, istig‘nog‘a sig‘mamdur.

 

Gah o‘rus, gohi cherkas, gohi mo‘min, gohi tarsoman,

Ne kavnayni miyonu lovu illollog‘a sig‘mamdur.

 

Mudom miskin erurman chun g‘uloming Mashrabingdurman,

Mani bechora bu dunyo bilan uqbog‘a sig‘mamdur.

 

Boborahim MASHRAB

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.