Dilda armon koʻchkiday koʻchar…

0
136
marta koʻrilgan.

***

Relslardek yonma-yondirmiz,

Lek tutashmas yoʻlimiz sira,

Yetib-yetmay, ketib-ketolmay,

Oʻtar kunlar arosat ichra.

 

Armon toʻla vagon yelkada,

Taqdir yana qancha yuk ortar,

Holimizga achinib goho,

Poyezdlar ham uzun uh tortar.

 

 

Bozorda

 

– Orzu torting menga bir kilo,

– Keling, qoʻshay ozgina armon,

Hamma orzu olgisi kelar,

Sotilmaydi armonlar sarson.

Hamma aytar: menda yetarli,

Garchi tinmay, targʻib etaman.

Kun kech boʻlar, yana orqalab,

Armonlarni olib ketaman.

 

 

Baxtiyor gullar

 

Gullaringni buncha sevmasang,

Parvonasan, joning xoʻp xalak,

Ular uchun quyoshsan, oysan,

Oʻn barmogʻing oʻnta kapalak.

Darazangga boqaman nolon,

Dilda armon koʻchkiday koʻchar,

Koʻksim ichra bir gul soʻlmoqda,

Kaftlaringdan qachon suv ichar.

 

 

Manzara

 

Ulovlarga toʻla yoʻl yoqasida,

Ajab, jurʼat topib gullabdi olcha.

Goʻyo harir roʻmol ichra kelinchak,

Yo Kumush yuzida bir dona xolcha.

Virtual olamga koʻnikkan koʻzlar,

“3D” gulmi, deb boqishar hayron,

Bir toʻp bolarilar olcha yonida,

Selfiga tushishar aylanib gʻujgʻon.

 

 

***

Shunchaki doʻst edi ikkisi avval,

Uchrashtirib qoʻydi ularni kitob.

Keyin bir-biriga oʻrganib qoldi,

Doʻstlik muhabbatga aylandi hisob.

Nahotki, juda tez roʻy berdi bari,

Nahotki, sezmayin qolibman oʻzim.

Endi bir-biridan ajratolmayman,

Koʻzoynagim olsam yigʻlaydi koʻzim.

 

 

Araz

 

Choʻponi yoʻq suruvlar kabi,

Koʻkda suzar bulutlar bebosh.

Uch kun boʻldi seni topolmam,

Izlab ketgan ortingdan quyosh.

Neki boʻlsa bari koʻnglimda,

Oʻzing bilan olib ketibsan,

Jomadoning bir qarab koʻrgin,

Quvonchim ham solib ketibsan,

Yomgʻirzorda kezdim sarosar,

Kiprikka gul, marjon solaman.

Araz uch kun, endi qaytmasang,

Yomgʻirlarni sevib qolaman.

 

Muhammad Siddiq

1972 yilda tugʻilgan.

Oʻzbekiston Milliy universiteti Oliy adabiyot kursida tahsil olgan (2005). Shoirning “Yurt sogʻinchi”, “Ishq bekati”, “Pastlab uchgan turnalar” sheʼriy toʻplamlari chop etilgan.

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.