Dil sozida nagʻmayu navolar koʻpdir

0
153
marta koʻrilgan.

Mirzo Abdulqodir Bedil ruboiylaridan

 

1

Har koʻzki, agar olmasa ibrat, koʻrdir,

Har luqma agar bermasa lazzat, shoʻrdir.

Har toʻn, agar oʻzgarmasa, toʻnmas, u kafan,

Har xonaki, birdek turaversa, goʻrdir…

 

3

Faryodki, menga jafoyi gʻaflat oʻtdi,

Jomimga qiyomati xijolat oʻtdi.

Dedim necha koʻz ochib shu dunyoni koʻray,

Dunyoni to koʻrganimcha muddat oʻtdi…

 

4

Ne kelsa, sabr ayla, tamoshodir bu,

May ichki, koʻngil dardiga davodir bu.

Qul ersang, oʻzingga bilgil olamni qafas,

Qoʻy, yurma bu anduh sari, sahrodir bu…

 

5

Dil sozida nagʻmayu navolar koʻpdir.

Aybu hunaru rangu safolar koʻpdir.

Koʻpik tilagingmu yo gavharmi murod?

Daryoda bahoyu bebaholar koʻpdir…

 

6

Ey mardi sabot, shikasta paymon boʻlma.

Jam ayla koʻngilniyu parishon boʻlma.

Har neki zarur ersa, chuqur angla, tushun,

Yanglish tushunib, keyin pushaymon boʻlma…

 

7

Ildiz gulu boqqa yetkazarmish oʻzni,

Ham boda dimoqqa yetkazarmish oʻzni.

Parvonani koʻrki, talpinib misli hilol,

Oxir chiroqqa yetkazarmish oʻzni…

 

8

 

Gʻampesha dilimga to nazar solgaysen,

Oqkoʻngil esang, koʻnglim aro qolgaysen.

Otash koʻtarib oʻtma yana biz sari, hoy,

Naq olti tarafdin oʻt olib, yongaysen…

 

9

 

Bedil, bilarmisanki, ahli himmat,

Qimmat etadir elga necha bir suvrat:

Gʻofilga nasihatu fuqaroga diram,

Yoshlarga lutf, yoshi uluqqa xizmat…

 

10

 

Ey oyina, manziling muborak boʻlgay,

Ul husni muqobiling muborak boʻlgay,

Yor qaytdi safardanki, dilim unda edi,

Bedil, senga bu diling muborak boʻlgay.

 

11

 

Sen kun bila tun holini aflokdin soʻr,

May boʻlmasa xumda, sen uni tokdin soʻr.

Kim oʻtdiyu kim ketdi – soʻrarsan tokay?

Doʻstlar bari shunda muntazir, xokdin soʻr…

 

12

Chun oyina begʻubor koʻrgay oʻzni,

Yuz rangga dagʻi shikor koʻrgay oʻzni.

Inson mijozi ila ilm gul ochmish,

Tuproq gahi gulbahor koʻrgay oʻzni…

 

13

 

Shodlik boʻlaversa, qaygʻuga uyqashdir,

Bayram sira bitmasa, yuraklar gʻashdir.

Har narsada mezon va meʼyor kerak,

Suv oshsa boshingdan, suv emas, otashdir…

 

14

 

Yuz charx boshimizda ovora emish,

Yuz subh bizni deb jigarpora emish.

Oy birla quyosh shuʼlasi bizga ne pisand,

Koʻz yoshi oʻzi sobitu sayyora emish…

 

15

 

Dersanki mudom: maqomi dildor qayda?

Koʻzlarga koʻrinmagan u ruxsor qayda?

Koʻzingga magar parda emish mujgoning,

Oftob uyida, degilki, devor qayda?

 

16

Dunyoki, parokandaligi asbob emish,

Orom bu jahonda, oʻylakim, simob emish.

Dengiz emish u, mavji – parishonligimiz,

Osuda koʻngil – bir gavhari noyob emish…

 

17

Faryod ila oʻylakim nafaslar doldir,

Ammo netayin, zaboni jurʼat loldir.

Koʻngil oʻti birla misli bir shamdirmen,

Ul nola labimga yetsa gar – tabxoldir[1].

 

18

Har kimsaki to shikasta, dilxun boʻlmas,

Ul mulki vafoda qadri afzun boʻlmas.

Dunyodagi har tosh boʻlavermas yoqut,

Har qatrayi suv gavhari maknun boʻlmas…

 

19

 

Mulloki mudom jadalga moyil boʻldi,

Olim sanadi oʻzini, johil boʻldi.

To oʻrtaga tushdi u, bilim lofi ila,

Topgan bari maʼnolari botil boʻldi…

 

20

Esmoqda nasimi yor, yorim kelgay,

Gul hidi taraldi, intizorim kelgay.

Vaqt yetdiki, jilva, rangga men yetgaymen,

Ul oshinomu ul bahorim kelgay…

 

21

Foydang yiqitib bizni, ziyon boʻlgusidir,

Har chandki bahor erur, xazon boʻlgusidir.

Oyinaku ul zamon qoʻlingdin tushdi,

Aksing dagʻi koʻzdanam nihon boʻlgusidir…

 

22

Sheʼrim menga necha yuz zabondin keladir,

Koʻpdan beri, koʻp vaqtu zamondin keladir.

Tavrot emaski ul, to taxmin etsam:

Bir yoʻla magarki osmondin keladir.

 

23

 

Suhbat tunu sayri gul sahar istar emish,

Har soz taronai digar istar emish.

Pirlikda goʻzallar labidin kechmasmen,

Tishsiz kishi shir ila shakar istar emish…

 

24

Gar forigʻ erur ushbu jahondin havasim,

Yoʻq ushbu jahon ichra tuzogʻu qafasim.

Har onda chaman ziynati men birla emish,

Chun rangi tarovati bahordek nafasim…

 

25

 

Bul kecha koʻngil toʻla surur etgaymiz,

Dildorga termulib, huzur etgaymiz.

Koʻz ravshanimiz ravshan oʻlur, kam boʻlmas,

Shaming ila diydalarni nur etgaymiz…

 

26

 

Sen ketdingu men asiri manzil qoldim,

Bu dardu gʻamu alamga mashgʻul qoldim.

Bedil ekanimnn sal unutgan erdim,

Koʻngil senga boz kechdiyu bedil qoldim…

 

27

Ey senkn vahim ila mudom majbursen,

Goh oʻt tilaging, gohi gadoyi nursen.

Ustingda kiyim bila yalangʻochdirsen,

Maʼzur emassen, vale magʻrursen…

 

28

Koʻrdim necha dardu gʻam, davoyim sen oʻzing,

Chekdim necha oh-voh, havoyim sen oʻzing.

Ashkimni faqat sening yoʻlingda toʻkdim,

Har nechaki chorladim, sadoyim sen oʻzing…

 

29

Oxir dili noumid muztar boʻldi,

Bekasligidin yerga barobar boʻldi.

Mujgoni boshimga soya solgaymu, dedim,

Qayrildi, koʻring, soyasi ham qayrildi…

 

30

Ul madrasa ichra pechanim jam boʻlmish,

Bilganmisen, nechun mukarram boʻlmish.

Arqonu toʻqim va jul istardi eshak,

Nochorligi kor etmishu odam boʻlmish.

 

31

Gardun oʻzi – necha sobitu sayyor emish,

Daryo oʻzi – necha chashmayu anhor emish.

Dunyo ishidan hamisha voqif boʻlkim,

Sen bilganing ul bitta emas, bisyor emish.

 

Jamol Kamol tarjimalari

 

“333 ruboiy” (Toshkent, “Musiqa” nashriyoti, 2007) kitobidan


 

[1] Tabxol – uchuq.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.