Davo deb bil yurt erkin!

0
240
marta koʻrilgan.

BURCH

 

Yot odamga doʻnmadim,

Shoxdan shoxga qoʻnmadim,

Poyloqchiman shu yurtga!

 

 

KEKSA JANGCHINING DALDASI

 

Elburutdan oh urma,

Oʻqni sugʻur koʻksingdan.

His etolsang el dardin,

Yarang chiqar esingdan.

 

Talvasangni yigʻishtir,

Jarohating ogʻirmas.

Em deb bilsang yurt erkin,

Qirq yarang ham ogʻrimas.

 

 

GʻOFIL

 

Na kuydim oʻz holimga,

Na birovga xolisman.

Xudo mening yonimda,

Men Xudodan olisman.

 

 

TAN OLISH

 

Quriyotgan jilgʻadir sillam,

Shashtim – zabti pasaygan sabo.

Yoʻq, chapparlab suzib oʻtolmam,

Menikimas endi bu daryo.

 

Qoʻrdek soʻnar ehtiroslarim,

Qalbim – sendan boʻshagan sandiq.

Yoʻq, diliga yetmas rozlarim,

Menikimas endi bu doʻndiq.

 

 

“GʻARIB VA ShOHSANAM” DOSTONIGA QOʻShIMCHA

 

Mungʻayib desa Gʻarib:

– Karaming yoʻq,

Shohsanam…

Keltirdi qiz gezarib:

– Mana, tuzlangan karam!

 

 

PUL HAQIDA RIVOYAT

 

Keksaning qoʻlida toʻladi,

Oʻsmirning qoʻlida soʻladi,

Erkakning qoʻlida kuladi,

Xotinning qoʻlida oʻladi…

 

 

KEChMISH

 

Muz erir,

Lek koʻngil sovushi

Tandagi abadiy qahraton.

Suratdan yangrar qiz tovushi:

– Soʻz – yolgʻon!

– Ishq – yolgʻon!

– Sen – yolgʻon!

 

Qiz yashar…

Hislari talangan,

Nazdida yeru koʻk qaroqchi.

Shoʻx qalbga mung togʻin qalagan

Men oʻsha

Qirq yilgi

Aldoqchi.

 

 

UCHChANOQLAR

 

Yomgʻir tezlar va tezlar,

Ajib yoqimtoy soʻzlar

Oqib turar tarnovdan.

 

* * *

Tashqarida uchoq koʻp,

Kirvolmasin boʻlib toʻp,

Derazani yop tezroq.

 

* * *

Hasad qilmas boʻlakka,

Tayanar pok tilakka,

Xalqim kuchli shu bois!

 

 

XONIMCHA

 

Boʻlardik xonimdan rizo bizga vaqtin ajratsalar,

Aylardik arzi hol bayon ruxsat berib soʻzlatsalar.

 

Toʻldi sabrlar kosasi, kutmoqqa yetmas holimiz,

Qulluqdamiz oshkora suhbat onlarin tezlatsalar.

 

Topmas eʼtibor nolamiz, axtargay boisin xayol,

Qilgan esak bilmay gunoh, tan olardik eslatsalar.

 

Talpinsa bir mahal mushtoq, bezillar bir mahal koʻngil,

Arosatdan aylab xalos zora bir yoʻl koʻrsatsalar.

 

Magar mumkin esa yurmoq muhabbat dardidan forigʻ,

Boʻlardik shod shifo darsin bizga ham sal oʻrgatsalar.

 

Ayb etmasmu topsa xabar bu holdan ahli Turkiston,

Turkiyzabon bir oshiqni sarson qilib boʻzlatsalar?

 

 

HAYOT

 

Ertangi kunin tan ichida jon koʻra bilmas,

Choh ichra gado, taxtida sulton koʻra bilmas.

 

Chaynaganin yutmoqqa imkoni yetibdur,

Hazmiga imkonin imkon koʻra bilmas.

 

Soniyacha qolsa umr, elga bagʻishla,

Yotlarga mehr gashtini nodon koʻra bilmas.

 

Yotlarni talab quvnasa kim, imoni – koʻzgu,

Koʻzguga boqib, aksini shodon koʻra bilmas.

 

Boylik sanamas sogʻligu tinchin necha gʻofil,

Ichdagi zar qadrini hamyon koʻra bilmas.

 

Dovrugʻu shoningga sira hirs qoʻyma, shoir,

Yashnar necha kun shavq ila – rayhon koʻra bilmas.

 

 

KUYOVLIK LIBOSIDA

 

Sirdosh edik, oʻydosh edik,

yot boʻldik igʻvo dastidan,

Endi sening oʻying boshqa,

endi mening oʻyim boshqa.

Tinglardik oy ertaklarin

tunlar bir sumbul ostida,

Endi sening uying boshqa,

endi mening uyim boshqa.

 

Netar edi shan orzular

tursa mangu eʼzoz boʻlib,

Boʻz koʻnglimni chechaklarga

toʻldirgan fasli yoz boʻlib,

Sigʻmay qoldik bir sahnaga,

kuylolmay zoʻr ovoz boʻlib,

Endi sening kuying boshqa,

endi mening kuyim boshqa.

 

Loldir ikki yulduz nurin

esholmasdan bechora ishq,

Ikki oʻjar daryo suvin

qoʻsholmasdan bechora ishq,

Sargardondir senu mensiz

yasholmasdan bechora ishq,

Endi sening toʻying boshqa,

endi mening toʻyim boshqa.

 

Oʻylar boshqa, uylar boshqa,

kuying boshqa, kuyim boshqa,

Endi sening toʻying boshqa,

endi mening toʻyim boshqa…

 

 

Anvar OBIDJON

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.