Daraxt shoxlarida xazonmas endi…

0
83
marta koʻrilgan.

QIZGʻALDOQ

 

Qizgʻaldoq, zaminning qoni,

qizgʻaldoq, quyoshning dogʻi.

Koʻklamoyning qizil dudogʻi,

yuragimning ol qizgʻaldogʻi!

 

Jilmayasan qanchalar yashil

tokzor ichra, bugʻdoyzor ichra.

Maysa bosgan jilgʻa qirgʻogʻin,

yuragimning ol qizgʻaldogʻi!

 

Yoqut lablarning shod maʼshuqi,

gullar uzra qizil kapalak.

Bu hayotning yorugʻ chirogʻi,

yuragimning ol qizgʻaldogʻi!

 

 

AGAR ShOSHSANG

 

Agar shoshsang

Vaqt oldingdan

Uyatchan kapalakdek uchib oʻtadi.

 

Sekin yursang

Vaqt ortingdan

Yuvvosh buqaday ergashadi.

 

 

YASHIL QUSHChA

 

Yashil qushcha, zumrad qushcha

Shafaqni bezaydi shuncha!

 

Quyuq qaragʻay shoxi

Sehru afsun saroyi.

Gʻuv-gʻulaydi nolali

Kuzatib qochqin soyni.

U yer yashil daraxtzor

Zumrad qushning ini bor.

 

Yashil qushcha, zumrad qushcha

Shafaqni bezaydi shuncha!

 

Soʻnggi mayin shabboda,

Xayollarga choʻmadi.

Kun nolon qaragʻayni

Ming bir rangga koʻmadi.

Vaqt erinchoq va xomush,

Ey yashil, ey zumrad qush.

 

shil qushcha, zumrad qushcha

Shafaqni bezaydi shuncha!

 

Yolgʻizlik, osudalik

Ulugʻvor hisni tuyib,

Duo qiladi yurak

Mehr taftidan iyib.

Goʻzallik! Billur tovush!

Nogoh sayrar zumrad qush.

 

Yashil qushcha, zumrad qushcha

Shafaqni bezaydi shuncha!

 

Uzoqlashar qoʻshigʻi

(Toʻxtadimi shabada?)

Qushchaning tuygʻulari

Seziladi dalada.

Tugmachagul – figʻonin

Ramzidir, achir jonim.

 

Yashil qushcha, zumrad qushcha

Shafaqni bezaydi shuncha!

 

 

SOʻNGGI KUZ

 

Daraxt shoxlarida xazonmas endi,

U aylanib qolgan sariq quyoshga.

Oltindan yasalgan haykaldek boʻlib,

Joyida qotgandir gʻamu koʻzyoshdan.

 

Oʻlimni xotirjam qarshi olar u,

Soʻnggi yaprogʻi ham uchishin kutar.

Ikki oylik ozor toʻlovi deb bu…

Tabiat boshidan sochib ketdi zar.

 

 

AZUL[1]

                                                              

                                                               Qalbimga.

 

Xushchaqchaq va xotirjamman men

Bilamanki pokligim – koʻrkim.

Qalbimdagi chamanzorda oq

Atirgullar ochilgan koʻrkam.

 

 

NEGRA[2] 

                                                              

                                                               Ramon Godoy va Solaga

 

Anduhlarim tin olar tunda

mening bilan; bemajol, horgʻin.

Kuni bilan olishaverib

qalbim bilan yarador, soʻlgʻin.

 

 

 

Orom olar meningdek ular

tuni bilan kuch toʻplab tanga.

Uygʻotishar tongda dargʻazab

chorlab maʼyus qalbimni jangga.

 

 

OʻSMIRLIK

 

Ayvonda bir zum

Qolgandik yolgʻiz.

Shu shirin tongdan

Qayliqlarmiz biz.

 

Tabiat mudrab

Ochmagaydir koʻz.

Kulrangdir osmon

Hukm surar kuz.

 

Dedim: “Ber boʻsa”,

Yanogʻin tutdi.

Xazinasini

Yoʻqotdi xuddi.

 

Jonsiz yaproqlar

Toʻkilar boqqa.

Chuchmoma boʻyi

Kelar har yoqdan.

 

Menga qarashga

Botinmas sira.

Qayliqmiz, desam

Yoshi tirqirar.

 

 

YASHIL QUSHChA

 

Keldimu,

Koʻz yoshim qoldi uzoqda

Dengizlar boʻyida

Nola chekkuvchi.

Keldimu,

Na foyda bu tashrifimdan

Uzoqda qolgan-ku

Mening yuragim.

Keldimu,

Atamang meni inim deb

Chunki qalbim qolgan

Uzoqda yigʻlab.

 

 

FAQAT SEN

 

Zuhrodan-da aʼlo

Oʻzing yolgʻizim.

Tungi chirogʻimsan,

Tonggi yulduzim.

 

Ispan tilidan

Hilola Roʻziyeva

tarjimasi

 

 

“Jahon adabiyoti”, 2018/1

 


[1] Azul (isp.) – moviy.

[2] Negra(isp.) – qora.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.