Choʻqqidek osmonga tutashmoq darkor

0
226
marta koʻrilgan.

 MUALLIM

 

Siz yozgan raqamdan ochilgan dunyo,

Siz oʻqitgan harfdan taralgan ziyo.

Ilmu fanda buyuk kashfiyot boʻlgan

Siz daftarga qoʻygan ilk aʼlo baho.

Muallim!

 

Oʻquvchining qalbi – oq daftar, tiniq,

Nimani yozsangiz, bir umr oʻchmas.

Qoyaga oʻyilgan suratdek aniq,

Shamol, qor va yomgʻir, boʻronda koʻchmas.

Muallim!

 

Sizga ilmu sehr etilgan ato –

Mehringiz hech qachon boʻlmaydi ado.

Siz tonggacha bedor tekshirgan daftar –

Imloda, hisobda tuzalgan xato.

Muallim!

 

Siz oʻrgatgan kuydan yangragay navo,

Siz boʻyatgan rangdan koʻringay havo.

Olim odam boʻlgay tarbiyangizdan,

Olamning dardiga topilgay davo.

Muallim!

 

Chigal muammolar tugʻdirar hayot,

Taʼlim-tarbiyada yagona najot.

Qalam, qogʻoz, kitob – ish qurolingiz,

Nurli kelajakni qilasiz ijod.

Muallim!

 

AYOL

 

Vujuding quyoshdan yaralgan nursan,

Arshdan uchib tushgan pari paykarsan.

Muqaddas tuproqda tugʻilgan hursan,

Jayhun jilolagan dursan, gavharsan.

 

Mehribon quyoshdek muqaddas oting,

Ezgu soʻz, ezgu ish va ezgu xayol.

Tugʻishgan urugʻing, qarindosh zoting

Zardusht beshigini tebratgan ayol.

 

Otashsan, tandirga bugʻdoy non yopib,

Oʻchoqda olovni asragan zotsan.

Amazonkadirsan, asov ot chopib,

Yoy tortgan dovyurak hursan, ozodsan.

 

Yuragimda sevgi – begʻubor tuygʻu,

Oydek bokirasan, yulduzdek suluv.

Xayol dengizida poʻrtana, gʻulu,

Sohilda yuzasan misoli oq quv.

 

Amuga tutashgan edi oʻzanim,

Sahrodagi qumlar toʻsdi koʻzimni.

Sevging koʻzlarimni ochdi, goʻzalim,

Amu, oyogʻingga uray oʻzimni.

 

QIRMIZI LOLA

 

Qorli choʻqqilarning suluv qizisan,

Viqorli togʻlarning gulisan suluv.

Yuksak qoyalarning tong yulduzisan,

Balki behudadir senga intiluv –

Qirmizi lola!

 

Senga qoʻl choʻzganlar jarga qulagan,

Dovonlar, daralar qoʻriqlar seni.

Tinchingni buzganlar gʻorga qulagan,

Burgutli qoyalar qoʻriqlar seni –

Qirmizi lola!

 

Senga yetmoq uchun togʻ oshmoq darkor,

Yuksakka, yuksakka chorlayverasan.

Choʻqqidek osmonga tutashmoq darkor,

Zuhro yulduzidek porlayverasan –

Qirmizi lola!

 

SENING TAʼRIFING

 

Sen atirgul, sen nilufargul,

Sen pushtigul, sen qizil, oq gul.

Sen xushboʻy gul, sen xushifor gul,

Sen chinnigul, sen qoʻngʻiroqgul…

Barcha guldan aʼlosan oʻzing,

Chiroylisan, tanhosan oʻzing.

 

Sen qizgʻaldoq, sen lola, nargiz,

Sen binafsha, sen boychechaksan.

Sen rayhonsan, sen nozboʻy, yalpiz,

Sen gulxayri, sen moychechaksan…

Barcha guldan aʼlosan oʻzing,

Chiroylisan, tanhosan oʻzing.

 

NILUFAR

 

Yerga emas, suvga otgansan ildiz,

Nilufar, sut kabi oppoqsan, oqsan.

Koʻkdan tushib, suvda porlagan yulduz,

Koʻzim qamashadi husningga boqsam,

 

Nilufar – oq bilak, oq badan, oq toʻsh,

Goʻyo tiniq suvda choʻmilyotgan qiz.

Qushdek uchib ketar xayol, aql-hush,

Ruhim koʻpiradi misoli dengiz.

 

Yuragim ishqingda eridi, suluv,

Tuygʻularim – daryo, koʻz yoshlarim – koʻl.

Nilufarga zarur, axir, tiniq suv,

Men toza suv boʻldim, sen nilufar boʻl.

 

Nilufar yaprogʻi suvga sochilar,

Suv tubida turar poyasi qalqib.

Biroq u osmonga qarab ochilar,

Tabassum qiladi osmonga balqib.

 

Sen ham nilufardek, mayli, koʻkka boq,

Husnu jamolingdan yogʻiladi nur.

Menga hech qayrilib qarama, biroq

Doim ochilib tur, gulim, kulib tur.

 

Tush

 

Bir oqshomda koʻrdim sirli, shirin tush,

Shamol kabi uchdi bebosh aql-hush.

Amudaryo boʻldim, Sirdaryo boʻldim,

Sohilimga qoʻndi bir suluv oqqush,

Bir oqshomda koʻrdim sirli, shirin tush.

 

Oshiq devonaga olam keng boʻlsin,

Xayol bilan hayot rostdan teng boʻlsin.

Yorim oqqush boʻlsin, men daryo boʻlay,

Iloho shu tushim tushmas, oʻng boʻlsin,

Oshiq devonaga olam keng boʻlsin.

 

Bu tush edi, axir, emas edi hush,

Hushim – xayolimga kelmagan bir tush.

Shu oqqushni tushda koʻrmasam agar,

Hushim noxush edi – hushsiz edi hush,

Bu tush edi, axir, emas edi hush.

 

GUL

 

Qoʻlda gul koʻtarib yurmoq qiyindir,

Ezilmasin deysan, soʻlmasin deysan.

Yoʻlda gul koʻtarib yurmoq qiyindir,

Gulbargi shikasta boʻlmasin deysan.

 

Savatni koʻtarmoq mumkindir boshda,

Yukni qopga solib orqalash mumkin.

Goʻzal guldastani koʻtarish boshqa,

Gulni guldek eltish qiyindir lekin.

 

Erkak gul koʻtarib yurishi qiyin,

Gulni koʻrsang sevgi kelar xayolga.

Erkak dil izhori uchun atayin

Gul sovgʻa qiladi goʻzal ayolga.

 

Gulni tutmoq zarur qoʻlda avaylab,

Olib yurib boʻlmas quchoqqa bosib.

Ehtiyotlash kerak gulni ataylab,

Koʻtarib boʻlmaydi yelkaga osib.

 

Guldan ham noziksan, guldan ham xushboʻy,

Sezgimni tortasan – ohanrabosan.

Guldan ham suluvsan, guldan ham xushroʻy,

Sevgimni tortasan – oh, dilrabosan.

 

Ayolni avaylash guldan ham mushkul,

Gulni ehtiyotlash mumkin qoʻl bilan.

Ayolni asrashga shart faqat koʻngil,

Ayolni eʼzozlash zarur dil bilan.

 

ChORLOV

Chaqiraman bor ovoz bilan:

“Nilufar-uv, hoy, Nilufar-uv!”

Chiqa qolgin, gulim, noz bilan,

Hamma yoq tinch quygan kabi suv.

 

Ayriliqdan ezilgan yurak

Seni qoʻmsab chalayotir nay.

Diydoringni koʻrishim kerak,

Kela qolgin, jonim, aylanay!

 

Chaqiraman boʻtadek boʻzlab:

“Nilufar-uv, hoy, Nilufar-uv…”

Qulogʻimga yoqimli soʻzlab,

Yuragimning armonlarin yuv.

 

Yelkamdagi farishta chorlar:

“Nilufar-uv, hoy, Nilufar-uv!”

Xilvatga kel, yulduzlar porlar,

Nur sochar oy sen kabi suluv.

 

Sevgi – gulxan, ishq – nurli chechak,

Ishq olovin oʻchirolmas suv.

Seni juda sogʻindi yurak:

“Nilufar-uv, hoy, Nilufar-uv!”

 

NURLI QALAM

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Sen bilan nurafshon olam.

Jurnalda bosilgan sheʼrim,

Gazetda chiqqan maqolam.

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Qogʻoz – ekinzorim, dalam.

Yozib-chizib ter toʻkaman,

Gazetalar gʻaram-gʻaram.

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Dunyo bir kam – bitmas chalam.

“Osmon uzoq, yer qattiq”dir,

Yangilandi yana yaram.

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Yozganlarim – mening bolam.

Yigʻlamasin, oʻksinmasin,

Tor boʻlmasin unga olam.

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Dilda nolam, koʻzda jolam.

Dunyoni yeb bitiradi

Bir kun nafsi buzuq odam.

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Kecha menga berdi otam.

Armonim yoʻq, qoʻllarimdan

Erta seni olur boʻtam.

 

Nurli qalam, nurli qalam,

Shon-shuhrat – bevafo sanam.

Qattiq sevsam nima qilay

Shu ayolni jonimdanam.

 

Nurli qalam, nurli qalam.

 

ATIRGUL

 

Ey qirmizi atirgul,

Bunchalar maftunkorsan.

Jannat qizi atirgul,

Goʻzalsan, begʻuborsan.

 

Seni koʻrib tirildim,

Dilimdan ketdi gʻubor.

Dimogʻimga urildi

Nogahon xushboʻy ifor.

 

Atirgul uzay desam,

Qoʻlga tikan sanchilar.

Atirgul uzmay desam,

Dilga tikan sanchilar.

 

Yaqinlashmay ataylab,

Olisdan boqayinmi?

Yoki seni avaylab,

Koʻksimga taqayinmi?

 

Rustam MUSURMON

 

“Yoshlik”, 2014 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.