Chinoz manzaralari

0
6
marta ko‘rilgan.

“Ustozga maktublar” turkumidan

 

1

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning.

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

“Chinoz. Yangi mahalla”.

Oyog‘ing tegmay yerga

Uch, ukajon, g‘irilla:

“Shaxsan Abdulla Sherga!”

 

“Bu mujda Qo‘rg‘onchadan”,

Shogird ismin xatladi.

Ozg‘inroq daryochada

Chopar daryo hatladi.

 

Qizlar tolbargak taqsin,

Shaftoli shoxin egsin:

– Nima bo‘lsa ham, taqsir,

Xat egasiga tegsin!

 

“Assalomu alaykum!”

Ustoz, sog‘-omonmikin?

Haqso‘z, she’rsuyar mardum

Dardiga darmonmikin?

 

Quyi Chirchiqdan salom,

Daryo, bozorimiz bir.

Yo‘l, ko‘l, xullasi kalom:

Masjid, mozorimiz bir.

 

2

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

Ha, Chinoz ko‘p qadim yurt,

“Loy janggi”n shohidi ul.

Endi ko‘p g‘amlar unut,

Shodlanar gohida ul.

 

Yoshiga yosh qo‘shilib,

Biri ikki bo‘ldi, hay!

Buni qo‘sh daryo bilib,

Baliqlarga to‘ldi, hay!

 

Qo‘shilishar noz bilan

Ikki dardi bir daryo.

Faxr etar Chinoz bilan

Chirchiq ila Sirdaryo.

 

Daryolar – bag‘ri yarim –

Bo‘yida bozor bo‘ldi.

Bozor bo‘ldi dardlarim,

Bir yor xaridor bo‘ldi.

 

3

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning.

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

Chinoz bir emas, ikki,

Tarixi sal noayon.

Ertami-indin, balki,

Sirlar etilgay bayon.

 

Juda qadim, aslida,

Kunchiqardagi qo‘sh kent:

Yangilanish faslida –

Olmazor, eski Toshkent.

Biri-biridan ulug‘

Yana ikkita robot:

Qavmu qarindosh urug‘ −

Yo‘ltushkan, Eshonobod.

 

Bular − xo‘ja ovullar,

Diyonati dastida.

Qoqib kelgay dovullar −

Ular haq din qasdida.

 

4

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning.

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

Chinoz so‘zin lug‘aviy

Ma’nosini el bilar.

Chatiq, axir, arabiy,

Turkiy, forsiy belgilar.

 

Sohibqironga bog‘liq

Bir yashiq tarqab ketmish.

Go‘yo, xon vaqtichog‘liq

Qilmoq ixtiyor etmish.

 

U yog‘i yozgulikmas,

Bir maishat “tahlil”i.

Xunrezlik, yovuzlikmas,

Fahshu vahshat tafsili.

 

Bu hangoma bir qadar

El ko‘nglini dog‘lamish.

Kent nomin qay oqpadar,

Shul “bazm”ga bog‘lamish.

 

To‘qigan biror daydi,

Haq gapmi u yolg‘onmi?

Aytgali til bormaydi,

Qiz sababmi, hoqonmi?

 

Orin saqlagan g‘aru,

Sotgan pokdomon go‘yo.

Bilmaganlar vaysaru,

Bilganlar soqovmu yo?

 

Aytsada qay bechora,

G‘oya qiziq bag‘oyat.

Yurt nomiga ishora,

Ersa-da ul rivoyat.

Kim haqdir, kim nohaqdir,

Bu keyingi masala.

Tarix – qismatmi, taqdir,

O‘zi aylar “halala”.

 

Biz uchun suxandonning

Samimiyligi muhim.

Bul ulus, bul makonning

Qadimiyligi muhim.

 

5

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning.

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

Goh savdo odamlarin

Fe’li tor, hamyoni keng.

Ta’rif etolmam barin,

Xullas, keling, baliq yeng.

 

Sizni siylar chinozlik,

Solib qat-qat ko‘rpacha.

Ammo, mehmonnavozlik

Davom etar “to‘rt”gacha.

 

“To‘rt” bo‘lar-bo‘lmas, esiz,

Tugaydi “sherikchilik”.

Aybga buyurmaysiz,

Bu yog‘i tirikchilik.

 

Ertalabki savdoda

Baraka bor, bilamiz.

Nochor bir iddaoda

Xayr-ma’zur qilamiz…

 

6

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning.

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

“Buyuk ipak yo‘li”da

Qo‘r tikkan bu qo‘rg‘onga –

Gul tutgancha qo‘lida

Shoshar mardum mehmonga.

Bois, ular qish g‘amin

Yozda yegan aslardir.

Yashnasa ona zamin,

Sozda, degan kaslardir.

 

Qaratgulik etmasin

Baxil odam qo‘liga.

G‘ashga tegib ketmasin,

Bu gaplar o‘z yo‘liga.

 

Omon bo‘lsin qariyu

Navqiron o‘g‘lonlari.

Elning ulug‘lariyu

Vallomat insonlari.

 

7

 

Xushmanzara joylari,

Soylari ko‘p bu yurtning.

Qo‘l yetmas humoylari,

Boylari ko‘p bu yurtning.

 

Dovrug‘i misli Rimcha

Shu qadim yurt haqida –

Men ham eplaganimcha

O‘zim etgum baxshida.

 

Qolib ketsa-da, magar,

Qator soha, ko‘p tarmoq…

…Maqsad ma’lum, hamyurtlar

Ko‘nglini sal ko‘tarmoq.

 

Minginchi marta takror

Etganday “Haftiyak”ni;

Sanay olmay bayakbor,

Kaftga tirab iyakni…

 

…Qalam sermadim biroz,

Dilda ming istihola.

Ma’zur tutgaysiz, ustoz,

Ag‘i Sizga havola.

 

 

Yahyo TOG‘A

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.