Chinor

0
142
marta koʻrilgan.

Karim GURBONNEPESOV – Turkmaniston xalq yozuvchisi, Maxtumquli nomidagi Davlat mukofoti sohibi. Turkmanistonning Koʻktepa tumanidagi Yulgʻun qishlogʻida tugʻilgan. Uning dastlabki mashqlari “Mudom tayyor” gazetasida, “Toʻqmoq”satirik jurnalida bosilgan.

1951 yilda shoirning ilk jiddiy asari – “Kuchimning manbai” chop etildi. Soʻngra “Sheʼr va poemalar” (1958) kitobi, “Toymas bobo” (1960) poemasi chop qilindi.

Shoirning sheʼrlari mazmundorligi, badiiyligi, soddaligi bilan ajralib turadi.


 

Chinor

 

Turibsan-a, savlatingga gerdayib,

Mayli maqtan, gerday qancha istasang.

Ammo buncha gerdayishdan, koshkiydi,

Maʼni yoʻqligini bir oz anglasang.

 

Toʻgʻridir, buguncha zoʻr savlating bor,

Vaqt yetib, umringga yasalsa yakun,

Bugungi qomating, “ulugʻvorliging”,

Bor shuhrating bilan tugar bus-butun.

 

Hatto yonboshingdan oʻtgan har bir kas,

Abadiy yashashga daʼvo qilolmas.

Ular ham olamni tark etgach, keyin

Vaqt sinovidan balki oʻtolmas.

 

Lekin sen buguncha boʻlsang-da koʻrkam,

Soʻng oʻtgach kun-oylar, oʻtgach asrlar,

Oʻsib-ulgʻayganing sening shu joyda,

Oʻylayman, eslamas kelgan nasllar.

 

Turibsan-a, savlatingga gerdayib,

Mayli maqtan, gerday, necha istasang.

Ammo buncha gerdayishdan, koshkiydi,

Maʼni yoʻqligini bir oz anglasang.

 

Turkmanchadan Qurbon MUHAMMADRIZO tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.