Chappor urayotir ruhda bir hayrat

0
137
marta koʻrilgan.

 SURUR

 

Chappor urayotir ruhda bir hayrat,

Poda uyuriday qalqiydi abr.

Hamal tonglarida dil Iyso siyrat,

Yoʻlga chiqqim kelar intiq, besabr.

Yoʻlga chiqqim kelar unutib oʻzni,

Bahor chechagiday qiqirlab, kulib.

Nayson suvlarida yuvaman yuzni,

Qushlar chugʻurini tinglayman toʻlib.

Oʻrik shoxlarida injular oppoq,

Poyimga toʻshalar yam-yashil bir yoʻl.

Yoʻlga otlanaman. Kun ochar quchoq

Dilga sarbon boʻlur hodiyi subul.

Chappor urayotir ruhda bir dunyo,

Qizlar nigohida muhabbat nihon.

Tugʻilgim keladi qaytadan goʻyo,

Gullar iforiday boʻlib jovidon.

 

* * *

Ellik, hatto yuz yil ham yetmas,

Bu dunyoni oʻrganish uchun.

Sen hayotga kelgandirsan, bas,

Yonib-kuyib, oʻrtanish uchun.

 

Tong. Koʻchaga chiqasan, dalli

Oyogʻingmas, boshlab ketar ong.

Ammo senga bermas tasalli,

Shovqin koʻcha, jimjit olomon.

 

Qismatingni yaratgan Xoliq,

Darj etgandir milyon yil nari.

Dunyo – ummon, sen esa baliq –

Va shoʻngʻiysan izdihom sari.

 

Davomiydir bu holat har kun,

Halovatu orom senga yot.

Elu yurtdan qolmaslik uchun,

Uy qurasan, yigʻasan bisot.

 

Sen ham barcha odamlar kabi,

Deysan: bola-chaqam, roʻzgʻorim…

Saboq berar hayot maktabi,

Sen-chi, noshud tolibi ilm.

 

Ellikmi yo yuz yil ortingda,

Almashgandir avlodlar yangi.

Sen oynaga boqasan zimdan,

Chakkangda oq – yillarning changi.

 

Ellikmi yo oltmish yil fursat,

Oqar suvday ketmishdir oqib.

Evoh, umring oʻtgaydir nahot,

Izdihomlar ichra uloqib.

Oʻtib borar shiddatda har on,

Goh kuldirib, goh yoshlab koʻzni.

Angla hayot, sinov-imtihon,

Inson, avval topib ol oʻzni.

 

MEN KETGANDA

 

Gullar ochilgan bogʻda,

Uchrashdik ikkimiz.

Har qarash, har nigohda,

Dilga oʻt tushib ilkis.

 

Gʻoʻrlik boʻlurmi shuncha,

Sevgini biz bilmabmiz.

Doʻst boʻlamiz oʻlguncha,

Deya ahdlar qilmabmiz.

 

Koʻngling dedim, misli gul,

Topolmadim koʻngilni.

Qayda yursang omon boʻl,

Toʻsmam sira yoʻlingni.

 

Bamisoli toshqin sel,

Qirgʻoqlardan toshibmiz.

Chinmidi bu yo hazil,

Afsus, bizlar shoshibmiz.

 

Men ketaman, yaxshi qol,

Yoʻlim boshlar yiroqqa.

Bizni eslab, ehtimol,

Gullar yigʻlagay bogʻda…

 

SUMANBARIM

 

Oʻzni unut sen ay, dil,

Yigʻlay turib kula bil.

Ishq togʻini zil-zambil,

Koʻtarishga toqat qil.

 

Yoqdim ustuxonimni,

Sadqa etdim jonimni,

Qonib ichib qonimni,

Gullar yashnasin gul-gul.

 

Qatra-qatram ming hasrat,

Zarra-zarram ming hayrat,

Ay dil, koʻrsatib gʻayrat,

Vujudim ayla chil-chil.

Meni etgan mubtalo,

Bu dard oʻzi ne balo?

Qilsam-da ming tavallo,

Parvo etmas gʻayri el.

 

Sumanbarim, qalamqosh,

Chashmi charogʻing nurposh.

Ostonangga qoʻysam bosh,

Murod oʻlurmi hosil?

 

YASHASH HUQUQI

 

Qancha orzu-havas, qancha gʻururni,

Baayni shamolga sovuribman, attang.

Birodarlar,

Maʼzur tuting, bu soʻqirni,

Arosat koʻchada turibman hang-mang.

Bir paytlar bu hayot poklik timsoli,

Allohdan berilgan inʼom-ku, dedik.

Biz uni yashaylik inson misoli,

Halolu pokiza, bekin, behadlik.

Yugurmasdim unda, goʻyo uchardim,

Toʻldirgancha yoshligim koʻchalarin.

Parilar qoʻlidan sharob ichardim,

Olis qolmish ul muhabbat kechalari.

Men kimman, oddiy bir chumoli, axir,

Toʻqman, deb aldayman boʻlsam hamki och.

Kimgadir jilmayib qoʻl uzataman,

Bir bandayi ojiz – nochor, noiloj.

Axir bu dunyoga bir bor kelamiz,

Oʻlchab berilgandir umrimiz, axir.

Noyob bir matodir haq soʻz,

Bilamiz,

Yolgʻonga tobemiz, ammo baribir.

Dunyoga kelib, xoʻsh, nega gʻam yeymiz?

Oʻzimiz oʻzimizga savol beramiz.

Boshqalar ham mendan pesh emas,

deymiz,

Xullas, el qatori yuramiz.

Ogʻir,

Eh, oʻzingni anglamoq senga,

Ellik yil yo yuz yil sudralgan maxluq.

Birodar, Siz ayting,

Odamman, deyishim menga

Hayotda yashashga berarmi huquq?

 

Abdumajid AZIM

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.