Chakkalarning nafasini o‘chirdi

0
15
marta ko‘rilgan.

Akamni topdim

 

Bir “og‘am” bor, duch kelsam,

Savollarga o‘raydi:

– Ukajon, qalaysiz? – deb

Ahvolimni so‘raydi.

 

Choy ichmagan bo‘lsak-da,

Ikkov parquv to‘shakda:

– Inijon! – deb yo‘qlaydi,

Telefonda – go‘shakda.

 

“Ukajon” degan mahal,

Dildan g‘ubor ketarkan.

Yaxshi niyat qilganlar

Maqsadiga yetarkan.

 

Men-ku, ko‘proq yirtganman

Bo‘z va alak ko‘ylakni.

O‘sh bilan Buxoroning

Yoshin “og‘am” o‘ylabmi?

 

Shu bois, “ukajon” der,

Ming karra shukr, rahmat!

Akangiz kim? – deysizmi,

Shoir Toshpo‘lat Ahmad…

 

 

Parodiya yozilmas ermak uchun

 

Parodiya yozilmas ermak uchun,

O‘tgan-ketgan gaplarni termak uchun.

Yengil-elpi she’r yozgan ayrimlarga

Hazil bilan maslahat bermak uchun.

 

Do‘stim, qutlug‘ kalomdir so‘zing, axir,

Qalbingdagi niyating – o‘zing, axir,

Kitobxonga ilinib to‘qiganing

Atlasing, beqasaming, bo‘zing, axir.

 

“Taka” bilan “serka”ning farqin bilmay,

Oddiy so‘zning ma’nosin talqin qilmay,

Qumdan qasr qurilmas og‘aynilar,

Sopol bilan gavharning narxin bilmay.

 

Tanqidchining egnida pocha-po‘stin,

Aytarmidi asarning kami-ko‘stin.

Adabiyot olami – xolis maydon,

Bahoni kitobxonlar berar do‘stim.

 

Inonmagin savlatingga, boringga,

Bino qo‘ygin faqat iqtidoringga,

Duch kelganda qovoq uyma birodar,

To‘g‘riso‘zman, omad kasbi-koringga.

 

So‘zlarni qadrlagin, so‘zlarni o‘p,

Misralarni sayqalla, tarashla xo‘p.

Qani, bir parodiya yozib ko‘r-chi,

Mening ham xom-xatala she’rlarim ko‘p.

 

 

Ukamning “himmati”

 

I

Urganchdan xizmatga qaytdim shavq bilan,

Qo‘ltiqda cho‘g‘dayin xorazmiy gilam.

Siylab, izzat qilib, oshinib-ortib,

Uni Oshiq Erkin qilgandi tortiq.

Devorga qatin yoydim, asta tirab,

Turibdi shoh, shoir Feruz yarqirab.

Kaminaga qarashligin bildirib,

Sovg‘ani devorga qo‘ydim ildirib.

Ajablanib, tortiq gilam xususda:

– Uyga osmaysizmi? – gap tashlar Rustam.

– To‘qqizinchi qavat, to‘ydirdi chakka.

Arzihol yetmaskan osmon-falakka.

– Chiq-chiqa-chiqqin, – deb zarrin tomchilar,

Jomashovni, chelaklarni qamchilar,

Xalqob uyimizning poygagi, to‘ri,

Gilam, paloslarning quridi sho‘ri.

Nasib etsa, zora yangi xonadon,

Tug‘ilardim go‘yo qayta onadan…

 

II

…Xayriyatkim, javzo oyin so‘nggida

Omad kulib, ishlar kelib o‘ngidan,

O‘g‘lim bizni yangi uyga ko‘chirdi,

Chakkalarning nafasini o‘chirdi.

Kitob uchun alohida xonalar,

Emin-erkin, shodon o‘ynar bolalar.

Osh damlaymiz mehmon bo‘lib kelsangiz,

Feruzga ham joy oshindik desangiz.

Ishxonaga o‘tsam, ajab, gilam yo‘q,

Mixlar turar, kanop ipi bilan yo‘q,

Hamxonamiz Tursun Ali tushmagur,

Uddaburon qanot bog‘lab uchmagur,

Iqtidorli bitta shoir ukamga,

Tug‘ilgan kun qo‘sh qo‘llagan – bu kam-da.

Shartta uni sovg‘a-savob qilibdi,

O‘z nomidan qutlab javob qilibdi.

Tortiq etsa biror “jo‘qi” shoirga,

Gilamdo‘z ham uni qarg‘ab, koyirda.

Shu boisdan men ukamni kechirdim,

Aks holda qaltisroq she’r to‘qirdim.

Man qayda bo‘lmayin, tursam, ko‘rsam man

Tursun Ali adashimdan xursandman…

 

Tursunboy ADASHBOYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.