Bu totli suhbatni boʻlib boʻlmaydi

0
195
marta koʻrilgan.

Rustam Mirvohid 1987 yil 25 sentyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan. 1994–2003 yillar davomida Hamza tumanidagi 204-oʻrta maktabda, 2003–2006 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Xorijiy tillar akademik litseyida oʻqigan. 2007–2011 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bakalavriatida, 2011-2013 yillarda magistratura bosqichida taʼlim olgan.

Rustam Mirvohid bir muddat “Sharq yulduzi” jurnalida faoliyat olib bordi. Hozirgi kunda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida mumtoz adabiyotdan saboq beradi.

2012 yilda “Birinchi kitobim” loyihasida “Bu – oshiq soʻzim” nomli kitobi nashr etildi.

 

Ikkinchi odam…

 

Qoʻllarim koʻksimda, bitinch, betoqat,

Taʼzimlar qilurman senga ushbu dam.

U menmi, u senmi, kim boʻlma, faqat

Senga insof bersin, uchinchi odam!

Abdulla Oripov

 

Mashhurlik berilmas har kimga birdek,

Eplagan – shuhratning sharobin hoʻplar.

Mashhurlar aksari birinchidir, lek

Ikkinchi odamni bilmaydi koʻplar.

 

El koʻzidan pinhon yurar panada,

Mehnatlarin qilmas zarra ovoza.

Tushunarli boʻlsin sizga yanada:

Kosaning tagida ular nimkosa.

 

Buyuklik choʻqqisin koʻzlasa har kim,

Tutgan yelkalari zinapoyadir.

Xudo bilar, ular avliyo, balkim,

Jami daholarga yolgʻiz doyadir.

 

Ular har sohada mavjuddir azal,

Turmush har jabhasi ularga maʼvo.

Ularning turi koʻp, oʻzgarar har gal:

Birda ona boʻlar, birda-chi oshno.

 

Baʼzida ustozdek koʻrinar koʻzga,

Baʼzan rafiqadek boqar muloyim.

Birinchi boʻlmoqni ep koʻrmas oʻzga,

Ikkinchi boʻlmoqdan xursanddir doim.

 

Ikkinchi zotlarga misol koʻp, bilsang,

U goh farangidir, goho arobiy.

Muallim ul-avval Arastu boʻlsa,

Muallim us-soniy, ne tong, Forobiy.

 

Tarixda osiylar haq yoʻlga qaytgan,

Bunga guvoh sariq sahifalardir.

Ilk bor islom soʻzin gar Nabiy aytgan,

Uni targʻib qilgan xalifalardir.

 

Said Barakadek piru murshid ham,

Temur uchun ruhiy tayanch boʻlgan-ku.

Navoiy-chi? Vazir – ikkinchi odam,

Boyqaroga qirq yil suyanch boʻlgan-ku.

 

Hayot shu – kimdir bosh, kim esa boʻyin,

Undan farmon erur, bundan-chi ijro.

Goho bosh boʻyinga yon bosgan sayin,

Boʻyin bosh boʻlmakka qilar iddao.

 

Xudo, oʻzing asra bunday holatdan,

Har kim oʻz oʻrnida turgani maʼqul.

Otliqlar urushda tushmasin otdan,

Piyoda piyoda yurgani maʼqul.

 

Shunda toʻkis boʻlar yanada turmush,

Ahillik – nayzani kurakdan yular.

Sahnada sanʼatkor olganda olqish,

Sahna ortidagi yurakdan kular.

 

Yurakdan kulmoqlik har kim uchunmas,

Eplaganga omad yor boʻlsin, deyman.

Birinchi odamlar baxtiga, xullas,

Ikkinchi odamlar bor boʻlsin, deyman.

 

 

Kipriging – gugurtchoʻp…

 

Oshiqlaring kiprigingdan koʻp,

Har kipriging bitta gugurtchoʻp.

Ular na bir koʻngullar mulkin –

Dunyoni kul qilmogʻi mumkin!

 

 

Suratkash osmon

 

Chaqmoq charaqladi tunda nogahon,

Yorim, sen kulib tur, tushma gʻaflatga.

Husningni hurlarga koʻrsatay debon

Osmon olayotir seni suratga…

 

 

Kim U?

 

Yugurgilab keldi yurak ortingdan,

Nafas ham rostlamay koʻksimni qoqdi.

Sen eshik ortida turgan odamday

“Kim u?” deb koʻzimdan ichkari boqding:

 

Koʻrdingki – bir oshiq turar aftoda,

Koʻzyoshdan yuzida ariqlar paydo.

Tuygʻular baliqday unda suzmoqda,

Mijjang qarmoq tashlar ularga goʻyo.

 

Banogoh orqaga tisarildingu

Qilday beling oqdi kokillaringda.

Qahqaha mavjlari koʻtarib gʻulu,

Bosh urdi lablaring sohillariga…

 

Zum oʻtmay daryoni toʻsgan toʻgʻonday,

Kafting dudogʻingni berkitdi: “Jim!” deb.

Shu zayl vaqt oʻtdi ogʻir karvonday,

Sen-da ichkariga chiqmading: “Kim?” deb.

 

Yurak-chi? Yana koʻp kutdi toqat-la,

Oxir andakkina shikasta boʻlib –

Yopiq eshigingga bir maxfiy xat-la

Qisilgancha qoldi… guldasta boʻlib.

 

 

Onaning koʻzi uchsa

 

Koʻz uchar… qovoqlar titraydi tinmay,

Ona farzandidan xavotir olar.

Bir balo sharpasin goʻyo sezganday,

Ul-da oʻz vujudin qiynoqqa solar.

 

Koʻz uchar… tirqirab oqadi yoshlar,

Qoʻmsaydi olisda askar oʻgʻlini.

Xayol qurgʻur – shayton, har koʻyga boshlar,

Xavotir yomon-ku, doʻstlar, toʻgʻrimi?

 

Koʻz uchar… aksiga olib battarroq

Sogʻinch pichoqlari dilni tigʻlaydi.

Onani bagʻrikeng deydilar, biroq

Hozir-chi, hech nima – qil ham sigʻmaydi.

 

Koʻz uchar… ha, ona chidolmay oxir

Sim qoqar oʻgʻli-da bergan raqamga.

Soʻng… aytar: “Sening ham farzanding bordir?!”

“… Xizmatdan tashqari…” degan sanamga.

 

Koʻz uchar… onaning figʻoni koʻkka

Yetdimi yo boʻldi momaqaldiroq?

“Rabbim, tushunarsan bu zotni yakka

Oʻzing!” demasimdan chaldi qoʻngʻiroq.

 

Koʻz uchar… telefon jiringlar… ona

Goʻshakni oladi… titraydi tizza…

Jim turar… u yoqdan: “Allo, hoy, aya,

Bu men Hasanboyman, yaxshimisizlar?”

 

Sokin eshitdiyu oʻgʻlini, birdan

Tanaga jon qaytdi, yuzlariga qon.

Odamzod, buncha ham tuygʻuga boysan,

Buncha ham hassos yaralding, Inson?!

 

Xavotir! Beshafqat tuygʻusan gʻoyat,

Togʻdayin bardosh ham qarshingda ojiz.

Mayli, kimning koʻzi uchsin-u, faqat

Volidalar koʻzi uchmasin hargiz!.

 

***

Birgina Majnunning koʻngil ishidan

Mingta Aflotunning fikrati ojiz.

Sen dardni soʻrama bedard kishidan –

Qachon ariqchaga sigʻibdi dengiz?!

 

 

Totli suhbat

 

Vaslingdan umidim oʻlib oʻlmaydi,

Baxtim lablaringdek kulib kulmaydi.

Koʻzingga tikilsam burma yuzingni –

Bu totli suhbatni boʻlib boʻlmaydi!

 

 

Ustoz Ansoriddin Ibrohimovga![1]

 

Koʻngil darichasin chertar iztirob,

Taxayyul eshigin qoqadi alam.

Sargʻaygan qogʻozni gʻijimlar azob,

Barmoqlarga “Tegmang!” deganday qalam –

 

Xontaxta chetida, mana, nechchi oy

Toʻkiblar yotibdi achchiq qora yosh…

Kitoblar javonga bersa-da chiroy,

Eshikka termular… Yetmaydi bardosh!

 

Holbuki, olimning moʻjaz xonasin,

Ayol, farzandlari tek qoʻyarmidi?

Ayoli tush koʻrar: “Bas, qil, onasi,

Qoʻngʻir yer yoshingga, ayt, toʻyarmidi?!

 

Undan koʻra, kelgil, qoʻllaringni ber,

Kaftingning taftidan bahramand boʻlay.

Yodingdami, Bobur Mirzo bitgan sheʼr,

Eslolmasang, aytay, senga bir yoʻla:

 

“Boʻlmadim umrimda bir dam xotiri xurram bila,

Gar iliktin kelsa bir damni kechurmang gʻam bila…”

 

Shu nekbin misralar haqqi ham, jonim,

Bas, aza tutmagil ruhimni qiynab.

Oʻgʻlim, qizlarimda oqmoqda qonim,

“Boburnoma”larda yuribman yashab!.

 

Yana nima kerak olim kishiga,

Ilmu farzandlari nomin oqlasa.

Yo kimning oʻyidan “yilt” etsa ismim,

Ne ajab, men uni kelib yoʻqlasam…

 

Shu bois, azizam, mana, men keldim,

Sening chorlovingga yashinday uchib.

Jannatning anvoyi chechaklari-la,

Bobur devonini qoʻynimga quchib.

 

Kel, ruboiy aytay bu anjumanda,

Oddiy soʻz nasyadir, naqd turganda sheʼr.

Faqat bitta soʻnggi iltimos sendan,

Menga “Yigʻlamayman!” – deya vaʼda ber:

 

“Ahbob, yigʻilmoqni farogʻat tutingiz,

Jamiyatingiz borini davlat tutingiz.

Chun gardishi charx budurur, Tengri uchun,

Bir-birni necha kuni GʻANIMAT tutingiz!”.

 

 

Qushday ozodman…

 

Senga bogʻlandimu qushday ozodman,

Talon-tarojingdan, qara, obodman.

Eski uyni buzma, yangisin qurmay, –

Derlar, buzilganim sari bunyodman.

 

Intiho men uchun ibtido asli,

Mosuvo men uchun muhayyo asli,

Ilonning komi-ku, murabbo asli,

Dilim xufton boʻlsa, ajab, dilshodman.

 

Ishq tilin oʻrgandim, na fors, arabiy,

Tolibi sodiq manam, yorim – murabbiy,

Fununmas, jununni tanladim, Rabbiy,

Telbarish togʻini qazgan Farhodman…

 

Jussamdan kattaroq gʻussam yelkamda,

U – mening singlimdir, qismat ekan-da,

Jigar digar emas, hijron – ukam-da,

Shularga akalik qilgan faryodman.

 

Husningda uyqudan qachon noz turgay,

Qarshimda donishu ehtiros turgay,

Ichimda “ISHQ” degan bir vosvos turgay,

Muhabbat deb tili chiqqan avlodman.

 

Kimgadir koʻrungum telbavor balki,

Qop-qorongʻu tunda shuʼlavor balki,

Sizda nedir yoʻqdir, menda bor balki,

Oshinolar ichra nechundir yotman…

 

Pana istaymanu pana yoʻq sendan,

Visol istaymanu yana yoʻq sendan,

Gina istaymanu gina yoʻq sendan,

Shoh edim, qarshingda boʻldim-ku mot man.

 

Senga bogʻlandimu qushday ozodman…

 

 

Ixtisosim ishq

 

Mening tayanch nuqtam ham asosim ishq,

Nafsimdan olganim zoʻr qasosim ishq.

Chap koʻksimni ochib, oʻqi hujjatim –

Men noyob kadrman – ixtisosim ishq.

 

 

Isyon

 

Qoʻziqorinmidim men yerlardan chiqqan senga,

Yo falak, toptashlaring tobakay etgay davom?!

Bir kuni portlab ketsam… hayron tikilma menga –

Qoʻziqorin shaklida gumburlar ekan atom!.

 

 

Qotil” shoir

 

Miltiq oʻz oʻqlarin hozirlagandek,

Boʻgʻzimdan otilay deyapti sheʼrlar.

Nishonim –

koʻksingda gupurgan yurak,

Men uni poylabon otishim kerak.

Tikilib, “nishon”ni rosa poyladim,

Tilimga “eng xavfli” sheʼrni joyladim.

Ishon, koʻp hozirlik koʻrdim bu choqqa

Sukunat…

hatto oʻz nafasim kelar quloqqa.

Soʻng ichimda asta sanay boshladim:

Bir…

Ikki…

Ikki yarim…

Uch!

Tepkini bosdim-u, ishlatmasdan kuch –

Soʻz – oʻqlar havoda muallaq, shu on –

Shiddat-la uchmoqda yurakka tomon.

Sen esa qochmaysan,

koʻksing tutasan,

“Mayli, qalqon boʻlay!”

deya kutasan…

Mana, u koʻksingni sadpora etdi,

Yaʼnikim, sanchildi –

nishonga yetdi.

Sen avval garangsan…

asta tuyasan

Badaningda ogʻriq…

lov-lov kuyasan.

Oʻsha oʻq baxsh etgan haroratida,

“Majruh” yurak tubi…

Ha, ha qatida –

“Qotil”ga laʼnatmi?

Yoʻq! Tahsin ayta boshlaysan,

Lafzingga guvoh etib, mijjalaring yoshlaysan…

Men esa qalamkash – majozan “qotil!” –

“Gʻilof”ga solib qoʻydim

Miltiq emas – Til!

 

 

Bir buyuklar borki…

 

Duch kelgan domladan muftiy chiqmagay,

Duch kelgan shoirdan Lutfiy chiqmagay.

Har kimga juft topmak sunnatdir, ammo

Bir buyuklar borki – jufti chiqmagay.



[1] Marhum  boburshunos va hindshunos olimning “Xotira kecha”sida aytilgan sheʼr.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.