“Bu saodat manzari mahfuzi jondan boshlanur”

0
148
marta koʻrilgan.

Soldi ishqi koʻnglima

 

Soldi ishqi koʻnglima, voh, dilrabolardan biri

Sahni ishq gulzoridakim kamnamolardan biri,

 

Sogʻinur bulbul kabi dil har sahar qon tah-batah,

Aylamas bogʻ saylini ul toʻtiyolardan biri.

 

Intizorlar ichra qalbim intizordur beadad,

Hech nazar qilmas manga ul bevafolardan biri.

 

Bogʻaro devona koʻnglim izlagay oʻz yorini,

Bilmagay dardimni hargiz benavolardan biri.

 

Ishq sari sargashtalikdan dil chekar tun-kun azob,

Jabrini qilgaymu takror purjafolardan biri.

 

Mubtalolar ketmagaylar ishq aro hech noumid,

Bul judolik ichramu yo dilkusholardan biri.

Ey, koʻngil, vaslini izlab, yor jafosin istading

Shu emasmidi azaldan muddaolardan biri?

 

Topmadim, Mahmud, ani hech bu jahon gulzoridan,

Ul kuni boqsa ajabmas, mahliqolardan biri.

 

Yaxshi doʻst

 

Yaxshi doʻst birla koʻngillar doimo pardozdadur,

Yaxshi doʻst birla bitilgan ishlaring parvozdadur.

 

Hech kishi yolgʻiz bitirmas ahd ila paymonini,

Doʻst topib qadriga yetgan har kishi eʼzozdadur.

 

Hamjihatlik birla yetgaylar azal maqsadga chin,

Ishda gʻoliblik sifoti hamqadam, hamrozdadur.

 

Doʻst bilan topgan noningning har qachon magʻzi shirin,

Hech aning bogʻliq yeri yoʻq foydasi koʻp, ozdadur.

 

Yaxshi inson hech qachon, bil, izlamas doʻstdan gʻubor,

Har yomon, yaxshi ishing sarlavhasi qogʻozdadur.

 

Bil, riyozat chekmayin topmas qadr har yerdakim,

Rizqini bergay Xudoyim, kuz, bahor, qish, yozdadur.

 

Choʻkmagaydur suvda, oʻtda yonmagay boʻlsa halol,

Oxiring, topgan amallar ul tarozisozdadur.

 

Mahmudo, yaxshi amallar birlakim topgay rivoj,

Ikki dunyo hikmati, bil, doʻst degan ovozdadur.

 

Aylama

 

Ahli dunyo suhbatiga dilni darkor aylama,

Kim alarning davrasida qalbni badkor aylama.

 

Topmadim yor jilvasini mol-dunyo ichrakim,

Odamiylikdan chiqib nafs birla hamkor aylama.

 

Oʻylamay toat-ibodatni, qochib Haq yoʻlidan,

Qoʻrqmayin roʻzi jazodan, dilni makkor aylama…

 

…Rost qolib yolgʻonga burma sen dilimni, dilrabo,

Doʻst etib shaytonga qalbni, Haqni agʻyor aylama.

 

Moʻminu muhtojga boqmay, hech diyonat etmagan

Qavmida bor etma zinhor, anga xushtor aylama.

 

Ahli dillar ichra Mahmud et mani yor koʻyida,

Ul diloro oldida, voh, qulni nochor aylama.

 

Oldingiday

 

Ey, diloro, qulni koʻzga ilmading oldingiday,

Tashna dil qadrini hargiz qilmading oldingiday.

 

Termilib olisga tun-kun oʻtdi horgʻin koʻzlarim,

Istagan sogʻinch shamolim, yelmading oldingiday.

 

Yo raqiblar fitnasidan keldimu dilga gʻaraz,

Vahki, dil bogʻimdagi gul, kulmading oldingiday.

 

Izlagay qadrini oʻtgan lahzalardan bu koʻngil,

Yoʻqlabon bir bora bizni kelmading oldingiday.

 

Sabri bogʻi ichra koʻngil dardi hajringda yashar,

Oy kabi dil koʻkida hech toʻlmading oldingiday.

 

Ishq-vafo qadrini aylab jon fido etdim sanga,

Ishq-jafo rasmini aylab boʻlmading oldingiday.

 

Qancha intildim senga, yor, etmadi hech senga kor,

Senga zor Mahmudni hargiz bilmading oldingiday.

 

Kelmadi

 

Kelmadi hech bir xabar bul jonga ul jononadin,

Boʻldi gʻamlar feʼli bois misli ul begonadin.

 

Sezdimu ojizligimni, bildimu noqisligim,

Soʻrmadi holimni hech bir ishqida giryonadin.

 

Yuz oʻgirmam, yorga jonimni fido etgum raso,

Yuz jafo koʻrsatsa, mayli, shahd etib pinhonadin.

 

Gʻamza aylab har tarafdin ul tajalli ichrakim,

Misli nur, oftob kabi jilva etar har yonadin.

 

Fahm etolmas ojiz aqlim ibtidomu intiho,

Voh, oʻzi solgay bu holga dil tutib mayxonadin.

 

Zoye ermas hech qachon oshiqqa yorning fitnasi,

Fitnajoʻ ikki koʻzi olgay olov soʻzonadin.

 

Mahmudo, bir kun ajabmas, baski, joning oʻrtanur,

Yor azobiga kaforat kelsa ul mardonadin.

 

Boshlanur

 

Tarbiyat, deydi ulugʻlar, xonadondan boshlanur,

Koʻz ochib koʻrgan aziz, qutlugʻ makondan boshlanur.

 

Ota-ona ibrati boʻlgay anga oyu quyosh,

Har oʻgʻil-kiz fikrati shu mehribondan boshlanur.

 

Ochmayin dunyoga koʻz ruhu qalb topgay rivoj,

Bu saodat manzari mahfuzi jondan boshlanur.

 

Haq taolo har qachon aylar aziz, bu hikmati,

Almisoqdan vaʼda olgan fayzli ondan boshlanur.

 

Maktabu ustod hidoyat ichrakim bergay kamol,

Oliy ilm, fazlu fasohat kasbu kondan boshlanur.

 

Norasolar birla yurmak, bil, erur kori gunoh,

Vah, saqarning rishtasi kori ziyondan boshlanur.

 

Elu yurt baxtida boʻlmak yaxshi farzand fikrati,

Bu kamolot hikmati ruhi ravondan boshlanur.

 

Jomda yor aksini koʻrmak ahli dillar matlabi,

Bu saodat nusrati hukmi nihondan boshlanur.

 

Mahmudo, olamaro sen gar zafar quchmoq esang,

Avvalokim, imtihon, bil, Margʻilondan boshlanur.

 

Ismoil Mahmud MARGʻILONIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.