“Bu risolat birla gar izhori iʼjoz aylasang”

0
283
marta koʻrilgan.

* * *

Muvofiq kiydilar, boʻlmish magar Navroʻz ila bayram,

Chaman sarvi yoshil xilʼat, mening sarvi ravonim ham.

 

Chaman sarvi qolib hayron, mening sarvim qilib javlon,

Aning shaydosi bir dehqon, munga shaydo bari olam.

 

Chaman sarvi qolib bebar, mening sarvim boʻlub dilbar,

Ani yel aylabon muztar, bu yeldin sekretib adham.

 

Qoʻnub ul sarv uza bulbul, chekib gul shavqidan gʻulgʻul,

Bu sarv uzra ochilib gul, anga terdin tushub shabnam.

 

Qilib ohim sari parvo, bu yon mayl etmading qatʼo,

Sabodin, ey, qadi raʼno, boʻlur ham sarv gah-gah ham.

 

Bu bogʻ ichra, ey, soqiyki bormen asru mushtoqi –

Ki, anda sarv ham boqiy emas, gul ahdi ham mahkam.

 

Navoiy, koʻyin et manzil, yuzu qaddigʻa boʻl moyil –

Ki, bogʻ etmas seni xushdil, gulu sarv aylamas xurram.

 

* * *

Tun oqshom boʻldi-yu, kelmas mening shamʼi shabistonim,

Bu anduh oʻtidin har dam kuyar parvonadek jonim.

 

Ne gʻam, koʻrguzsa koʻksum porasin choki giribonim,

Koʻrinmas boʻlsa koʻksum yorasidin dogʻi pinhonim.

 

Gʻamidin durri maknundek sirishkim oqti Jayhundek,

Muzayyan qildi gardundek jahonni ashki gʻaltonim.

 

Falak ham toʻldi kavkabdin, quyosh ham tushti ashhabdin,

Kelib tushmasmu markabdin mening xurshidi raxshonim?

 

Jahonni zulmat etti chah, bu zulmat ichra oʻlgum, vah,

Menga boʻlsang ne Xizri rah, yetib, ey, obi hayvonim.

 

Dema koʻktin quyosh ketmish, falakka tiyralik yetmish,

Ul oy hajrida tor etmish falakni dudi afgʻonim.

 

Quyosh qochib – yuzin uydi, shafaq oʻtqa tushub – kuydi,

Falakka dogʻlar qoʻydi gʻamingdin soʻzi pinhonim.

 

Navoiy kibi hijrondin bu oqshom oʻldum afgʻondin,

Gʻamim yoʻq boʻyla yuz jondin, yetib gar kelsa jononim.

 

* * *

Bizing shaydo koʻngul bechora boʻlmish,

Malomat dashtida ovora boʻlmish.

 

Anga baskim, yogʻar tosh ustida tosh,

Tanida yora uzra yora boʻlmish.

 

Urarda dam-badam xorogʻa boshin,

Soʻngaklar anda pora-pora boʻlmish.

 

Balo togʻi aro yotqanda bemor

Xazu sinjobi xoru xora boʻlmish.

 

Qaro qildi nechukkim roʻzgʻorim,

Oning ham xonumoni qora boʻlmish.

 

Qadah xurshidi qonikim, gʻamidin

Sirishkim kavkabi sayyora boʻlmish.

 

Navoiy, choradin koʻp dema soʻzkim,

Gʻaminggʻa chorasizlik chora boʻlmish.

 

* * *

Xolu xating xayolidin, ey, sarvi guluzor,

Goho koʻzumga xol tushuptur, gahe gʻubor.

 

Yuzungda xol safhada tomgʻan kibi qora,

Xoling malohati tuz erurkim qorada bor.

 

Jonimni oʻrtagan yuzu xolingni bilmasang,

Oʻt shuʼlasida ayla gumon bir oʻchuk sharor.

 

Bilman, koʻngulda xollaringning xayolidur

Yo kirpiging tikanlarin aylabsen ustuvor?

 

Har dam koʻngul haloku koʻzum tiyra boʻlmagʻin,

Bilgay birovki, yori erur shoʻxu xoldor.

 

Mashshotan qazo bezamish xolu xattini,

Beixtiyorliqda manga bormu ixtiyor?

 

Miskin Navoiy xoli labing koʻrsa, jon berur,

Boqsang ne boʻldi surati holigʻa, ey, nigor?

 

* * *

Ey, mugʻanniy, yor bazmida navo soz aylasang,

Jon fidong oʻlsun gʻamim sharhidin ogʻoz aylasang.

 

Uddek kuymakligim sharh et lisoni hol ila,

Nagʻmada udung lisonin sehripardoz aylasang.

 

Oʻzga olamdin xabar deb bizni tirguzdung ne tong,

Bu risolat birla gar izhori iʼjoz aylasang.

 

Rozim ar sozing lisonidin baʼid ul-fahm esa,

Anga ruhafzo unungni dogʻi hamroz aylasang.

 

Otlanib, boshimni raxshingning ayogʻi ostigʻa,

Tigʻ birla solgʻudek masti sarandoz aylasang.

 

Parda yop roz uzrau doxil boʻl ushbu bazm aro

Kim, erur xorij agar beparda pardoz aylasang.

 

Chekmading lahne Navoiy koʻnglun istab, ayb emas,

Anglab oʻzungni, navo ahligʻa shahnoz aylasang.

 

Alisher NAVOIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.