Bu qirlarda yashaydi tarix

0
186
marta koʻrilgan.

 * * *

Derazangda yana oʻchdi sham,

Daraxtlarga qarading xomush.

Olamdagi jami maysalar

Yaratganni koʻrar edi tush.

 

Derazangda yana oʻchdi sham,

Daydi itlar ingragan sahar.

Oynalarga yuzini bosdi

Oppoq qorni sogʻingan shahar.

 

Derazangda yana oʻchdi sham,

Yuragingga gʻamlar choʻkdi tiz.

Hech kim seni anglay olmadi,

Shamday erib borayotgan qiz.

 

* * *

Koʻksim ichra ogʻrindi yurak,

Dardiga ham davo yoʻq lekin.

Sen keldingmi, qarayman shoshib,

Derazalar ochilar sekin?

 

Maysalarda tilovat bazmi,

Men burchakda oʻltiraman jim.

Devorlarda bir sado yangrar –

Yuragimdan toʻkilib sim-sim.

 

* * *

“Uchish kerak”. Bu qadimiy gap

Va azaldan qolgan tushuncha.

Yurishni ham oʻrganish lozim,

Qanotlaring toʻla chiqquncha.

 

Havolanib ketmaslik kerak,

Havolarga sochib gʻamingni.

Unutmasang boʻldi, azizim,

Senga qanot bergan zaminni.

 

* * *

Bu qirlarda yashaydi tarix,

Tulporlari tuyoq qoqarlar.

Singlimdayin muloyim, maʼsum,

Xoʻrsinadi kungaboqarlar.

 

Ajriqlari hikmatga molik,

Gʻorlarida yashaydi xotir.

Tomchi suvga mahtal toshlari

Ertasidan olar xavotir.

 

Pastlab borar bunda odamlar,

Balandlashar qirlarning qaddi.

O, bu qirlar ne-ne zotlarning

Aytolmagan eng buyuk dardi…

 

Namangan

 

Muslim MUSALLAM

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.