Bu kun ishq mavsumi

0
155
marta koʻrilgan.

* * *

Bir kun ayon boʻlgay olam asrori,

Poyon toparmidi yurak tilsimi.

Oshiq yuragimning ketmas bahori,

Bu kun ishq mavsumi,

Bu ishq mavsumi.

 

Ketdik, yulduz toʻla osmon bogʻiga,

Somon yoʻli eltar falak toqiga,

Koʻngil tushin gulning alvon ohiga,

Bu kun ishq mavsumi,

Bu ishq mavsumi.

 

Dunyoni boshqacha dunyo etgali,

Yana dilni bulbuli goʻyo etgali,

Toshlarni, qumlarni kimyo etgali,

Bu kun ishq mavsumi,

Bu ishq mavsumi.

 

Yurak, yuraklarga ziyo boʻlmasang,

Ham shunday yogʻduli navo boʻlmasang,

Hecham rozimasman daryo boʻlmasang,

Bu kun ishq mavsumi,

Bu ishq mavsumi.

 

 

* * *

Bahorga ichikkan gullar sargardon,

Koʻklarga uzangan qoʻllar sargardon.

Yillarning ilkida yoʻllar sargardon,

Yoʻqotganim nima,

Topganlarim ne?

Oʻzicha dildirab dilmi adashgan,

Bir goʻzal jannatiy yelmi adashgan.

Koʻngil dunyosida gulmi adashgan,

Yoʻqotganim nima,

Topganlarim ne?

 

Fasli xazonlarga umrimni qorib,

Yotdim tuproqlarga bagʻrimni berib.

Shunchalar ojizman, shunchalar gʻarib,

Yoʻqotganim nima,

Topganlarim ne?

 

Alvido aytdim man vidoga, ay dil,

Koʻnglimga begona sadoga, ay dil.

Iltijolar yolgʻiz Xudoga, ay dil,

Yoʻqotganim nima,

Topganlarim ne?

 

 

HAQDAN BILDIM

Bu dunyoning jilvasiga uchmoq nega,

Uzuq-yuluq shevasiga uchmoq nega,

Parilarning ishvasiga uchmoq nega,

Koʻzim uzra toza nigoh Haqdan, bildim.

 

Yurak manim qanotlari alvon qushim,

Yana tinmay charx urguvchi karvon qushim,

Olislarga dilni boshlar sarbon qushim,

Koʻnglim ichra muqaddas oh, Haqdan, bildim.

Neki qaygʻu yutaverib yigʻlayversam,

Ishq yoʻlidan oʻtaverib yigʻlayversam,

Zor-intizor kutaverib yigʻlayversam,

Dil chashmiga tiniq irmoq Haqdan, bildim.

 

Savdolarning sinoatin anglatguvchi,

Nidolarning sinoatin anglatguvchi,

Navolarning sinoatin anglatguvchi,

Munojotu Dugoh, Segoh Haqdan, bildim.

 

Sidqu vafo dil qasriga qoʻrgʻon doim,

Qasru qoʻrgʻonlarni oʻzi qurgʻon doim,

Shamol boʻlib, daryo boʻlib uygʻon doim,

Tilu dilim aytar Olloh, Haqdan, bildim.

 

 

* * *

Alda meni, sevgilim…

Rauf PARFI

Oh! Dunyo Karbalo dashtimi,

Kimdan olding kimning qasdini,

“Sevmayman, deb aytma rostini”,

Alda meni, sevgilim, alda.

 

Mayli Vomiq-Uzro boʻlmasak,

Mayli Tohir-Zuhro boʻlmasak,

Mayli bitta dunyo boʻlmasak,

Alda meni, sevgilim, alda.

 

Tashvishidan bezsam dunyoni,

Qoʻmsayversam xurshid-samoni,

Yomon koʻrsam hamki riyoni,

Alda meni, sevgilim, alda.

 

Kim koʻribdi bekam-koʻstini,

Toqat dedim dilim doʻstini,

“Sevmayman, deb aytma rostini”,

Alda meni, sevgilim, alda.

 

 

* * *

Mening yoʻllarimni bogʻlama, gʻanim,

Dilingni kinlardan tozalab yubor.

Umidni odamzod bermaydi, axir,

Men Haqdan tilayman ne istagim bor.

 

Mening yoʻllarimni bogʻlama, gʻanim,

Men oshiq dillarning turobidirman.

Gulning hijronida kuyib, oʻrtanib,

Koʻyida bir chashmi purobidirman.

 

Mening yoʻllarimni bogʻlama, gʻanim,

Qancha musibat bor, dilim bardoshli.

Sening yoʻllaringga parvoyim yoʻqdir,

Bu mening yoʻlimdir, tikanmi, toshli.

 

Mening yoʻllarimni bogʻlama, gʻanim,

Shunday ham dunyosi gʻaddor, dimogʻdor.

Xiyonat vaqtincha gʻolibdir, ammo

Hamisha muzaffar sadoqatu or.

 

Mening yoʻllarimni bogʻlama, gʻanim,

Hislarimni qushday koʻkka uchirdim.

Mehr soʻzin yozdim koʻngil lavhiga,

Barcha yomonlikdan kechdim, kechirdim.

 

Mening yoʻllarimni bogʻlama, gʻanim…

 

 

BAHOR

Koʻzlaru koʻngillar yashnasin debmi,

Koʻklam bogʻ-rogʻlar toʻshaydi sholcha.

Muazzam bahorning oppoq bulutdek,

Oppoq orzularin gullaydi olcha.

 

Daryodek oqadi bugʻdoyzorlar, oh,

Quyoshga yozilgan yam-yashil paygʻom.

Rangin kamalakmas, axir, bagʻringda,

Rangin bir muhabbat porlamish, Osmon.

 

Boshiga oq doʻppi kiygan togʻlarning,

Oʻylarin shildirab soʻylar jilgʻalar.

Yalpiz boʻylay deya ariq labidan,

Asta bosh koʻtarar, asta qoʻzgʻalar.

 

Hofiz qushchalarning sirli navosi,

Saxiy malikadan tortiq bir sayroq.

Qarang, qizgʻaldogʻu qoqigullardan,

Loysuvoq tomlarda ilibdi bayroq.

 

Hamma, hamma narsa, ilgʻayapsizmi,

Uygʻonish fasliga yetdik deb mamnun.

Xoʻb, pardoz aylagan Laylidir – bahor,

Unga intiq boʻlgan jon borki Majnun.

 

Koʻzlaru koʻngillar yashnasin debmi,

Koʻklam bogʻ-rogʻlar toʻshaydi sholcha.

Muazzam bahorning oppoq bulutdek,

Oppoq orzularin gullaydi olcha.

 

Gʻayrat MAJID

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.