Bu dunyoni yaxshilikka yoʻydim faqat

0
253
marta koʻrilgan.

DIYDOR QIYOMATGA

QOLMASIN

Nima boʻlsa boʻlsin demang dunyoda,

Koʻngil gʻam toshlarin qilmang ziyoda.

Siz bugun otlisiz, bizmiz piyoda,

Diydor qiyomatga qolmasin, keling.

 

Yor, deb atamoqqa jurʼatimiz yoʻq,

Zarimiz, zoʻrimiz, himmatimiz yoʻq.

Borimiz – sevgimiz, gʻiybatimiz yoʻq,

Diydor qiyomatga qolmasin, keling.

 

Rangimiz sargʻaydi – zargʻaldoq rangi,

Holimiz parishon – tuyoqning changi.

Umr deganlari qoʻngʻiroq zangi,

Diydor qiyomatga qolmasin, keling.

 

Siz yor boʻlmogʻini kutgan Azim bu,

Vafo iforgulin tutgan Azim bu.

Sizsiz bu jahonni netgan Azim bu,

Diydor qiyomatga qolmasin, keling.

 

 

ADO QILAR

Ikki yurak bitta boʻlgan tun,

Bu tun faqat ikkimizniki.

Derazadan shuʼlalar beun

Yoritadi kulgichingizni.

Ado qilar meni muhabbat!

Qanday goʻzal bu olam, hayot,

Bizga qarab jilmayar mamnun.

Devordagi naqshinkor soat

Koʻzlaringiz qiriga maftun.

Ado qilar meni muhabbat!

 

Boshdin oʻtdi ne-ne savdolar,

Joizmikin eslamoq bugun.

Guldondagi nozu adolar,

Qarang, sizga, faqat siz uchun!

Ado qilar meni muhabbat!

 

Oy toʻlibdi, oynakdan boqar,

Taraladi ilohiy ohang.

Zulfingizga koʻzmunchoq taqar,

O, otmayoq qoʻysin bugun tong!

Ado qilar meni muhabbat!

 

Ikki yurak bitta boʻlgan tun,

Bu tun faqat ikkimizniki!

 

 

QAYGA KELDIM

Qayga keldim, toʻrt tomon yashil.

Yam-yashillik aro chechaklar –

Qizil, sariq, oq kapalaklar,

Menga aytar unsiz ertaklar

Qayga keldim, toʻrt tomon yashil.

Koʻzlarimda ohanglar oqar,

Taram-taram shoyi ohanglar.

Shomgi, tonggi oyli ohanglar,

Ohanglar yo afsungar ranglar?

Koʻzlarimda ranglarmi oqar?

 

Qayga keldim, toʻrt tomon yashil,

Qirqim-qirqim qoyalarmi-o.

Bilib boʻlmas yashillik aro,

Yashil navo, o, yashil navo!

Qayga keldim, toʻrt tomon yashil.

 

Bu tugʻdona, bu zarang daraxt.

Ular koʻkdan qochgan chaqmoqlar,

Qochib bunda qotgan chaqmoqlar,

Ne dardlarni totgan chaqmoqlar!

Bu tugʻdona, bu zarang daraxt.

 

Qayga keldim, dunyo yam-yashil.

Meni chorlar qay bir jaranglar,

Jaranglarda ilkis ohanglar,

Kamalaklar, kamalak ranglar!

Qayga keldim, dunyo yam-yashil.

 

 

MENGA JAVOB BERING

Uchgan oʻqning aqli bormi?

Kim u nishon? Naqli bormi?

Beshahdki u, shahdi bormi?

Menga javob bering, doʻstlar!

 

Togʻlar nechun qulab tushgay?

Bir-birini ulab tushgay,

Chorlab tushgay, unnab tushgay,

Menga javob bering, doʻstlar!

 

Biy sahroda ochin-yupun,

Qoʻyin boqar choʻpon tun-kun,

Chaqmoq urar uni nechun?

Menga javob bering, doʻstlar!

 

Kunning kelar-ketari bor,

Shodmon, gʻamgin yitari bor.

Qayga ketib, yetari bor?

Menga javob bering, doʻstlar!

 

Sirlar toʻla – osmon ichi,

Sirlar toʻla – ummon ichi,

Osmon, ummon – inson ichi,

Nechun? Javob bering, doʻstlar!

Oʻzdin soʻra! Azimdirman,

Azimmanki azmdirman.

Oʻgʻlimdirman, qizimdirman!

Bilganim shu azim, doʻstlar!

 

 

TUNGI OʻYLAR

Qoldimi umrimning kuzi shafaqlab,

Ajabkim, orzular, hayratlar yupun.

Ogʻir aravani tortar imillab,

Oʻtib-oʻtmayotgan qirchangʻi bu tun.

 

Koʻklam oftobida daraxtlar tani

Qiziydi, shoxlari barg yozar quvnoq.

Gʻunchalar xandaga ochar labini,

Koʻzim koʻrib turib, koʻrmaydi bundoq.

 

Koʻpam yoʻriqlarni buzmadim-ku men,

Bitta farzand boʻlib sevdim Vatanni.

Yurak gʻijimlanar, ey yuragim, sen,

Qabul qilmoqdasan qay zarbi zangni?

 

Goh boʻm-boʻsh orolda qolgan kimsaman,

Bunda na doʻst bordir, na bordir raqib.

Bamisli shalagʻi chiqqan kemaman,

Toʻlqinlar qirgʻoqqa otgan irgʻitib.

 

Nahot oʻqilib sob ishq ertaklari,

Oʻchgan choʻgʻday koʻngil sovib bormoqda.

Keraksiz tuyular dil istaklari,

Hatto tanamda goh qon uyimoqda.

 

Izzatmand mehmonman ushbu dunyoda,

Umrimning yoʻllari shonli-sharafli.

Ey doʻst! Sening bilan boʻldim ziyoda,

Qay taraflisan – men oʻsha tarafli!

 

 

YAXShILIKKA YOʻYDIM FAQAT

Maysalar hur ildiziga tuproq boʻldim,

Bir qatim nur, bir qultum suv, urpoq boʻldim.

Ular tomchi nigohida nurpok boʻldim,

Bu dunyoni yaxshilikka yoʻydim faqat.

 

Odam koʻproq yaxshilikni anglamaslar,

Dov-daraxtdek muhabbatli changlamaslar.

Ota-oʻgʻil bir-birini tinglamaslar,

Bu dunyoni yaxshilikka yoʻydim faqat.

Boq, qoyaga tizim-tizim ulanishgan,

Koʻchkilarda yelkalashgan-suyanishgan.

Xasta qushlar bir-biriga kuymanishgan,

Bu dunyoni yaxshilikka yoʻydim faqat.

 

Togʻ koʻksidan otilgan o, buloqlarmi,

Bir-biriga ulashmasa irmoqlarmi,

Ular daryo boʻlmasa gar oʻynoqlarmi?!

Bu dunyoni yaxshilikka yoʻydim faqat…

 

 

NIMA BORDIR?..

Bu dunyoda azaldan azal,

Nima bordir asaldan asal?

Gullar bordir asaldan asal!

 

Bu dunyoda azaldan azal,

Nima bordir gullardan goʻzal?

Goʻzallar bor gullardan goʻzal!

 

Bu dunyoda azaldan azal,

Nima bordir goʻzaldan goʻzal?

Xayollar bor goʻzaldan goʻzal!

 

Bu dunyoda azaldan azal,

Nima bordir xayoldan goʻzal?

Hayot bordir xayoldan goʻzal!

 

Bu dunyoda azaldan azal,

Gullar goʻzal, asallar asal,

Hayot goʻzal, xayollar goʻzal,

Yorim goʻzal, baridan goʻzal!

 

 

QAYDADIRKIM

Qaydadirkim, bir gʻuncha gullikka shaylanmoqda,

Bir bulbul oshiqlikka – qullikka shaylanmoqda.

Qaydadirkim, bir ildiz tuproq tubida yotar,

Koʻklam iforin tuyib, oʻrtanib chayqalmoqda.

 

Qaydadirkim, bir qiyoq ummondan chiqmoq istar,

Tan-joniga ilohiy bir qudrat joylanmoqda.

 

Qaydadirkim, olisda bir qaldirgʻoch koʻrar tush,

Bir oʻlka chorlamoqda, tush oʻngga aylanmoqda.

 

Qaydadirkim, bir yigit minar uchqur argʻumoq,

Bir qizning nigohida bir umr siylanmoqda.

 

Murodiga yetsinlar, murod qilganlar, Azim,

Kunlar yulduzlanmoqda, bu kunlar oylanmoqda.

 

MEN KIM, AZIM SUYUNMAN

Men kim, Azim Suyunman, shoirlar dehqoniman,

Dehqonlar ichra esa bir siylovli joniman.

 

Donu dunim soʻz erur, u oq qogʻozda unur,

Boshoq kabi tovlanur, el-yurtim xirmoniman.

 

Xirmonim toʻq magʻizli, uyalmaydi ogʻizli,

Tugʻmunchoqday azizli, onamning marjoniman.

 

Sara urugʻdan sara, chala urugʻdan chala,

Chalalik – chipqon yara, gar chala somoniman.

 

Gʻanimlarim bisyordir – qush, chigirtka ayyordir,

Tortib ketar – tayyordir, donsiz tegirmoniman.

 

Dehqonim, don dalangda, unmasin puch-palagʻda,

Elni qilma alagʻda, uning dasturxoniman!

 

Azim SUYUN

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.