Boʻldi

0
68
marta koʻrilgan.

Nikolay poshshoning muhri bilan oʻn oltinchi yili chiqazilgan mol soligʻi, jon soligʻi haqidagi qator-qator farmoyishlar yetimlarni yerlashtirdi, beva-bechoralarni tuproq bilan tenglashtirdi. Ne bir er-azamat yigitlarning qad-qomati dol boʻlib, qariyalar hardamxayol boʻlib, el-ulusning sabr kosasi toshib, ohi-afgʻonlari koʻkka tutoshib, Turon ahli oyoqqa turdi. Shunda Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan uzangi yoʻldoshlari soʻradi:

– Bu koʻrgiliklar tushimizmidir, oʻngimizmidir? Toshu tuprogʻimizni, taxtu tugʻromizni toptab boʻlgan bu enagʻar yana nima qilmoqchi?

Bu holat, bu falokatdan toʻlib-toshib yurgan oqin tobutkash, tengqurlarining savollariga, oʻylab-netib oʻtirmay, shunday deb javob bergan ekan:

– Nima qilmoqchi edi? Qora yer qilmoqchi. Peshonamizni shoʻr qilmoqchi. Talamoqchi, toptamoqchi. But egni-boshimizni qirq jamov qilmoqchi. Qip-yalangʻoch qilib oldi-ortimizni jalamoqchi. Alhosil:

 

Ayo doʻstlar, birodarlar, bu qanday bir zamon boʻldi?

Fuqaroning hol-ahvoli yomondin ham yomon boʻldi.

Yetim birla yesirlarning qismati beomon boʻldi.

Yoʻqsil boshi xam, yozlari tumandin ham tuman boʻldi.

Kazzob – qozi, oʻgʻri – hokim, toʻralar beimon boʻldi.

Biz inonib yurgan ne bir boʻluslar yasuman boʻldi.

Kut[1] tomondin kelgan yaʼjuj-maʼjujlar soyabon boʻldi.

Barcha nochor boʻlsin uchun boylar moli talon boʻldi.

Togʻu tosh toptalib bir-bir gulzorlar biyobon boʻldi.

Oʻsmir zoti kalta ishton, qizlar maymunsimon boʻldi.

Gubernatir siyosati elga kelgan qiron boʻldi.

Mardikorlik mardumlarning koʻksida bir armon boʻldi.

Bu kunlar ham gʻanimatdur, kelgindilar kalon boʻldi…

Tildan, dindan ayrilmishmiz, chechanlar bezabon boʻldi.

Amir Temurning yurtiga bir it[2] sohibqiron boʻldi.

Turon endi bedarvoza, Turon endi vayron boʻldi.

Nikolayning farmoniga bosh koʻtarar zamon boʻldi.

Tugʻyonsiz el tugʻli boʻlmas, bu sir menga ayon boʻldi.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 


[1] Shimol.

[2] Oqposhsho.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.