Bobur

0
143
marta koʻrilgan.

 

Otlar yelar shiddatdan terlab,

Yangrar xatar toʻla toʻqalar.

Hurkib koʻkka sapchir patirlab,

Tun uyqusi – qora qargʻalar.

Otlar yelar, tillarang xazon

Suvoriylar uzra sochilar.

Elas-elas yangraydi azon –

Togʻlar uzra osmon ochilar.

Otlar yelar, yelar koʻpirib,

Uygʻotgancha mudroq yoʻllarni,

Goʻyo toʻgʻon bandin oʻpirib,

Toshqin quvib kelar ularni.

«Zahiriddin, qayga borursan,

Bobong taxtin, yurtingni tashlab?!

Qora taqdir seni qul kabi

Qayonlarga ketmoqda boshlab?!

Zahiriddin, bu qanday savdo,

Qora hijrat sari yuz tutmoq?

Yuragingni etar-ku ado –

Tirik turib Vatandan ketmoq?

Zahiriddin, ortga bir qara,

Ortga bir boq, toki sen omon,

Axir keyin tushlaringda ham,

Bu tuproqni koʻrmogʻing gumon».

Ot pishqirib toʻxtar, chavandoz

Uzangiga tirar oyogʻin

Va boʻgʻziga toʻplar beovoz

Vujudiga toʻlgan ingrogʻin.

Alam bilan yuragi urar,

Shivirlaydi titroq lablari:

«Hamma yerdan koʻrinib turar

Samarqandning minoralari».

 

1981

Xurshid Davron.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.