Bobomning surati

0
4
marta koʻrilgan.

Momomni bir umr oʻrtadi yomon,

Bobomning frontdan joʻnatgan xati.

Termulsam, tilkalar bagʻrimni hamon,

Bobomning urushda tushgan surati.

 

Orzulari ketdi oʻzlari bilan,

Toʻyma-toʻy yurmadi doʻstlari bilan.

Faryod qilib turar koʻzlari bilan,

Bobomning urushda tushgan surati.

 

Koʻziga termulib turolmam uzoq,

Ularda oʻtinch bor, oʻkinch bor, yuz oh.

Soʻragandek boʻlar holiga izoh,

Bobomning urushda tushgan surati.

 

Rasmdagi yigit mendan yoshroqdir,

Koʻrgani alamdir, gʻamdir, firoqdir,

Yuragimga koʻchgan ketmas titroqdir,

Bobomning urushda tushgan surati.

 

Quvonadi bugun bizga qarab u,

Urushni qoralar, tinchlik taraf u,

Xotirasi abad, mangu sharaf u,

Bobomning urushda tushgan surati.

 

Joʻrabek JAHON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.