Bobolar ham taqlidni xatarli deb sanashgan

0
331
marta koʻrilgan.

TOʻTIQUSHNING

“YOʻL-YOʻRIGʻI”

 

Anjumanning mavzusi,

“Tarbiya” deb ataldi.

Toʻtiqush soʻzlash uchun,

Ruxsatnoma – xat oldi.

Matal bilan boshladi,

Gapi sigʻmas taʼrifga:

– Loylar tushsa qolipga,

Gʻishtlar boʻlar olifta.

Bu yoʻriqqa hamisha,

Sobit, sodiq qolinglar.

Menimcha Qarqunoqdan,

Ulgi, ibrat olinglar.

Texnika asri hozir,

Tezkor ishlar boshlandi.

Internet-kafelarga,

Jalb qilinglar yoshlarni.

Bobolarning urflari

Eskirib qoldi biroq.

Kompyuterlar oldidan,

Jilmagani yaxshiroq.

Loylar tushsa qolipga

Gʻishtlar boʻlar olifta.

Har sohada oʻzgarish,

Shahdam qadam bosinglar.

“Sotka”larni bolalarning,

Qulogʻiga osinglar.

Yoshlar “Shrek”, “Mrek”ni,

Ortiq koʻrar jonidan.

Ketishmasin olislab,

Televizor yonidan.

Yodlab nima qiladi,

Toʻrt amalni, karrani,

Kalkulyator bor axir,

Tez egallar marrani.

– Kimda qanday taklif bor? –

Luqma tashlab oʻtdi soch.

Yaqinroq shoxga qoʻnib,

Fikrin aytdi qaldirgʻoch:

– Toʻtining yoʻl-yoʻrigʻi,

Bir oʻziga yarashgan.

Bobolar ham taqlidni

Xatarli deb sanashgan.

Turli qushning farzandin,

Solib boʻlmas qolipga.

Qumri, Kaklik, Bedana,

Boʻlmasa ham olifta.

Bir-biridan oshirib,

Qoyillatib sayraydi.

Muxlislar rahmat aytib,

Dam oladi, yayraydi.

Mavzudan kelib chiqib,

Sharoit, shartga moslab.

Bulbul muzokarada,

Soʻzlarini asoslar:

– Har kim aytar inida –

Uyasida koʻrganin.

Eshitdinglar Toʻtini,

Arpa, bugʻdoy oʻrganin.

Zuryodlar emin-erkin,

Parvoz qilsin, oʻynasin.

Bolalik qaytib kelmas,

Shoʻxligini qoʻymasin.

Olahakka, Qargʻaga

Taqsangiz ham zar baldoq,

Tugʻilmaydi ulardan

Qorayaloq, Zargʻaldoq.

Nahotki ibrat boʻlsa,

Toʻti aytgan Qarqunoq?

Oʻzgalar uyasiga,

Tuxum qoʻyar u chunoq.

Asoslab berdi Bulbul,

Maʼruzaning kam-koʻstin:

– Qolipga solib boʻlmas,

Qushlar bolasin, doʻstim!

Oy va Quyosh tufayli,

Olam qutlugʻ, yorishgan.

Onajonim tabiat

Saqlar charchoq, horishdan.

Tangrim oʻzi saqlasin,

Robot boʻlib qolishdan…

 

TUZOQ

Alijon ham, Valijon ham

Oʻqishadi oltinchida.

Onalari koyimasdi,

Tartibliydi oldin juda.

 

Soʻnggi paytda ular biroz,

Maktabdan kech qaytar boʻldi.

Yolgʻon-yashiq gaplar toʻqib,

Bahonalar aytar boʻldi.

 

Internetlar zamoni bu,

Moʻjizasin bilintirdi.

Alini ham, Valini ham

Tuzogʻiga ilintirdi.

 

Qoʻl telefon oʻchirilgan,

Ovoz qaytar, – gap olmaydi.

Gulsun opa farzandlarin,

Har kun shunday, topolmaydi.

 

– Bolam koʻrsin, shular yesin,

Deb, – erkalab haddan ortiq.

Loqayd qilib qoʻymadikmi?!

Biz ularni boshdan tortib…

 

“DUTOR BAYOTI”

Dashnom berar Chivinboy,

Jimirt taxta kanaga:

– Kun koʻrasan berkinib,

Tirqishlarda, panada.

 

Koʻrshapalak degani,

Uxlar gʻorga qapishib.

Mollarning qonin soʻrar,

Toʻpigʻiga yopishib.

 

Shoʻrlikning holi xarob,

Qingʻir oyogʻi singan,

Sababi, tepki yegan,

Kechasi gʻunajindan.

 

Mening-chi ish uslubim,

– Sal nozikroq, boshqacha.

Xolis xizmat qilaman,

Beshikdagi yoshgacha.

 

Ana qarang, mijozlarni,

Uyqu asta bosti-da…

Noyob kuylar chalaman,

Quloqlarin ostida.

 

Ehtiyot shart, ularning,

Shapalogʻi, dasti bor.

“Dutor bayotin” kuylab,

Qon soʻrishning gashti bor.

 

YAXShI SOʻZ

Poʻrimlikka hushi yoʻq,

Hasan bilan Husanning.

Jini suymas negadir,

Ortiq yasan-tusanni.

 

Dilbar xola ularga,

Atay qora movutdan

Ust-bosh tikdi bejirim,

Koʻngillarin ovutgan.

 

Shahlo bilan Dilfuza,

Araz edi Hasandan.

Bugun aka-ukalar,

Juda poʻrim, yasangan.

 

– Ha, tugʻilgan kunlari

Egnida kastim, shimlar.

Sinfdosh dugonalar

Bir-birin turtib, imlar:

 

– Qulluq boʻlsin! Kim tikdi?

– Qoʻshni Dilbar xolamlar.

Unutildi bir zumda

Gina, araz, alamlar.

 

Tursunboy ADASHBOYEV

 

“Yoshlik”, 2013 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.