Bobo yurt

0
34
marta koʻrilgan.

Quloq tutsam qadimlardan

Kelar ming xil navolar,

Baʼzan hazin, baʼzan mahzun,

Baʼzan gʻamgin sadolar,

Koʻksin kerib, ot oʻynatib

Kelayotir bobolar,

Ular bunda yurt soʻraydi,

Ular yurtga daʼvogar.

 

Temurbekka berib yalov,

Dunyoga koʻz tikkan yurt.

Ulugʻlarga doya boʻlgan,

Buyuklarni tuqqan yurt.

Tuprogʻini tavof etgil,

Gardlarini koʻzga surt.

Oʻzbekiston ota makon,

Oʻzbekiston bobo yurt.

 

Bunda jasur oʻgʻlonlar koʻp,

Bunda baxtli qizlar bor.

Qalblarida adovat yoʻq,

Yalpiz yangligʻ hislar bor.

Kelajakdan umidi toʻq,

Qorachiqlar, koʻzlar bor.

Tuproqlari oltinga teng,

Jannatiy bir islar bor.

 

Oʻzbekiston jonim mening,

Jonajonim goʻsham-yey.

Bobojonim, otajonim,

Onajonim goʻsham-yey.

Xizmatingga kirdim bugun

Jonlarimni toʻshab-yey.

Alp Yurtim-yey borayapsan,

Behishtlarga oʻxshab-yey.

 

Termizlardan Termiziylar

Tirikmiz deb termulgay.

Pirlar duo qilsa tuproq

Oltin boʻlgay, dur boʻlgay.

Koʻzim tushsa koʻzlaringga  

Qalbim toʻla nur boʻlgay.

Isming aytib hayqirsam gar,

Dil dardlardan hur boʻlgay.

 

Sen bunchalar chiroylisan,

Sen bunchalar koʻrkam yurt.

Buncha jasur, buncha shaxdam,

Boʻyu basti oʻktam yurt.

Baxt va tinchlik guldastasin,

Dunyolarga tutgan yurt.

Oʻzbekiston ota makon,

Oʻzbekiston bobo yurt.

 

Joʻrabek JAHON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.