Biri Sirdaryo boʻlsa, ul biri Zarafshondir!

0
138
marta koʻrilgan.

Qahatchilikdan el-ulusning enka-tinkasi qurib, indovni kaʼbayi bugʻdoy oʻrnida, sulini surmayi Sulaymon oʻrnida koʻrib dasturxonlaridan qut-baraka, qoʻra-qoʻrgʻonlaridan toʻrt toʻlik tugul qoʻy-qoʻzining qumalogʻi koʻrinish bermay qoʻygan yillari Ergash boboning yoʻli Bulungʻur dahasiga tushib:

– Baxshi xalqining koʻngli nozik, oʻzi orqali boʻladi. Uningsiz ham Fozil xudo bergan shoir. Istasa Sirdaryoday tinib, istasa Zarafshonday toʻpolon-toʻs boʻlib oqishda tengi kam oqin. “Alpomish”ni aytishda u bilan hech bir goʻyanda bellasha bilmas. Qolabersa, oʻz hamkasbining qadriga jetmagan bandaning bandaligi nima-yu bandi boʻlgan jilqining gandaligi nima? Shunday joʻlim tushib qolganida bir joʻqlab ketmasam boʻlmas, shunday qilmasam oʻzimning ham koʻnglim joyiga tushib-toʻlmas, – deb otining jilovini Fozil ota tomonga qarab buribdi.

Non avliyo boʻldiyo, osh avliyo boʻldiyo, deganday Fozil ota yoʻqsillikdan tinka-madori qurib, xunob-xit boʻlganidan qoʻknorining nimkosa siqmasini urib, kun-chuvoqda xayol surib oʻtirgan ekanlar. Bir mahal, musofirga joy bormi, deb hovlisiga bir otliq tushib, he yoʻq, be yoʻq koʻligini yakka qoziqqa bogʻlay beribdi, Fozil ota koʻknorning kayfi bilan:

– Bemahal kelgan bu bachchagʻar bekmidir, tentakmidir? Oʻtirib edim gʻamsiz, hamsoyam keldi ishtonsiz, deganday, joʻlidan adashgan joʻqlovchimidir, yo boʻlmasa, qayga bosh urarini bilmay jurgan sovchimidir? Ne boʻlsa ham takalluf bilan, xush kelibsiz, safo kelibsiz, deb oldiga peshvoz chiqib kutib olay, arz-dod bilan kelgan boʻlsa arziga quloq solay, – deb oʻrnidan, yo pirim, deb turib, yelib-yugurib mehmonning oldiga peshvoz chiqibdi.

Qarasa, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Otasi tirilib kelgan yetim boladay shod boʻlib, xijil boʻlib oʻtirgan koʻkayi kurtak otib, borliq gʻam-anduhlari barbod boʻlib dongʻi Dogʻistonga ketgan dovruqli dostonnavozni quchoq ochib kutib olibdi. Kulbai xonalariga kirib hol-ahvoldin, mol-jondin, tevarak-tuzdin, zongdin-zamondin, yaxshi-yomondin soʻrashib bir-birlarining diydorlariga toʻyib, uy sohibi Ergash boboning oʻz oyogʻi bilan kelganini yaxshilikka yoʻyib boʻlganlaridan soʻng, gal dasturxon yozishga kelibdi. Mezbon soʻyay desa qoʻrada qoʻy tugul, qoʻzining qumalogʻi ham, tovuq, tuvoloqdin tortib shirroqi echki-ulogʻi ham yoʻq. Dasturxonning birinchi zebi-ziynati, fayzi-barakoti esa non. Endi shunday kunda qani oʻsha non! Otaning boybichasi dasturxon yozib non qoʻyish tugul, jonini poyandoz qilsa arzigulik mehmon qoshida yer yorilib, yerga kirguday boʻlib, tiriklay oʻlsa oʻlguday boʻlib sarosimaga tushib qolibdi. Axiri boriga baraka qilib dasturxonga ikki zarang kosada qatiq qoʻyibdi. Mezbonlarning bu hol-holatini ich-ichidan sezib, hozir butun el-ulus chor-nochor bir tarzda yashayotganini koʻnglidan oʻtkazib oʻtirgan nazarkarda chechan uy egalarini bu ogʻir vaziyatdan qutqazish uchun bir qut, bir bequt boʻlib turgan zamondin, yaxshi-yomondin, urondin-surondin, shahar-kentda, butun mamlakatda yuz berayotgan qirgʻin-qirondin soʻz ochib gapni ulab, soqol-moʻylovini silab, beva-bechoralarga sabru qanoat tilab, bekor oʻtirgandin koʻra bekorga ishla, deganday, oʻtgan-ketgan gaplardan gapirib oʻtiribdi. Ergash bobo:

– Oʻzga el poshshosining tuproq-toshingni, avlod-ajdodlaring jatgan xokipok jerlaringni toptab, bostirib kelib qilgan marhamat-muruvvatining ortida malomatminan musibat jotar emish. Undan koʻra, oʻz xon, oʻz sultoningni soʻkkani soʻk oshi, urgani un oshi emish. It tumshugʻi tekkan jerga suv ichgali sher kelmas, degan gap gap-da.

Fozil ota:

– Nikolay poshshoning Iskabilib, Kasofatkin, Qoplon[1] degan qoʻllari qonli, joʻllari qironli iskabtopar itlari qishloq-shaharlarni toʻpga tutib bostirib kelganlaridan soʻng ovul-aymoqlardin qut-baraka koʻtarilgandin koʻtarilib, halol oshimiz haromga aylandi. Qulf koʻrmagan darvozalarga qulf tushib, zulf neligin bilmagan eshik-darichalarga zulf tushdi. Endi bu el ozgandin ozib, toʻzgandin toʻzmasa edi. Oʻzimniki ozmidi, tuynukdan tushdi bir xoʻja, deganlari shekilli, bu singligʻorlarni qaysi shamol uchirib keldi ekan oʻzi?

– Fozil deyman?

– Labbay, hazratim.

– Soʻfining uyidan choʻchqaning kallasi chiqibdi, degan gapni eshitganmisan?

– Eshitganman.

– Ana oʻsha soʻfining uyidan choʻchqaning kallasi chiqibdi, degan zamonlar endi keldi. Ilgarilari toʻngʻiz toʻqayda boʻlguchi edi. Koʻrasan, endi bu oqquloq qishlogʻimizga, qoʻramizga kirib kelib, tumshugʻini tiqmagan jeri qolmaydi. Endi kun-bakun halolminan haromning, uvolminan savobning, gunohminan salohning farqiga bormay boramiz.

– Yo alhazar, hali oldimizda shunday qaro kunlar ham bor deng!

– Yov bosgan elni gʻam bosar, deb bekorga aytmagan oʻtgan mashoyixlar. Boʻlmasa, ogʻaminan ini, togʻaminan jiyan, otaminan bola, urugʻminan aymoq oʻrtasidan mehru oqibat shunchalik koʻtarilganini kim eshitib, kim koʻrgan?

Tuman oʻzbekning tubi bir. Shunday boʻlgandin soʻng yovga qarshi birlashib, ot surish oʻrniga bir-birining et-betini jeb jatqandan soʻng dodingni qaysi dodhoga aytasan?

Xonminan xonning, bekminan bekning, boʻlisminan boʻlisning jer talashib, suv talashib, jesir xotin talashib jatqani-chi? Oʻris toʻralariminan oʻris sarkardalari esa bundan foydalanib moʻrimizdan boʻylab jatir.

Fozil ota:

– Qimmatchilik – qabohat. Qahatchilik – qirgʻin. Qurgʻoqchilik – qiyomat qoyim. Surgʻoqchilik – surunkali surinish. Vabo – mozorot. Oʻz tugʻdoringni baxti qaytib, taxtdan qulashi – qalʼa-qoʻrgʻoningni nurashi. Bu olti ochofatning qay biri qay jerga dorisa, qolgan beshi ham bir-biriga esh boʻlib oʻsha manzilga japirilib kelar emish. Inoqlik, ittifoqlik boʻlmagan joyga jetib borar emish. Toʻzaman degan tuzga tozi tumanbegilik qilar ekan. Oʻzaman degan elga esa oʻzlik oʻzi biylik qilar ekan, degani shu.

Men bir gapni eshitganim bor: oʻris qoʻshinlari Toshkentga bostirib kirgan jillari shaharning hokim-toʻralari, beklari, ashrafu aʼyonlari xushomad qilib oʻris ginirallarining qoshiga madhu sano oʻqib chiqib, non-tuz bilan kutib olgan ekan. Bu oʻzbek degani bekmidir, tentakmidir oʻzi? Men shunga tushunmay kelaman.

Avval taom deganday, dasturxon ham hadegandan yozilabermay, Fozil ota oʻzini qoʻyarga joy topalmay, bora-bora gaplari ham sal qovushmaganday boʻla boshlabdi. Buni ich-ichidan sezib oʻtirgan nazarkarda suxanvor:

– Bemahal-bemavrid kelib bularni ham xijolatga qoʻyadigan boʻldim-ov, endi oʻrtadagi noqulaylikni oradan koʻtarmasam boʻlmas-ov, bor boricha, yoʻq holicha, bitta sassiq qorin qayerlarda toʻymas, – deb Ergash bobo yarim hazil, yarim chin debdi:

– Bu zamon qanday zamon?

Qoʻygay qatiqni nonsiz?

Fozil ota ham oʻylab-netib oʻtirmay javob beribdi:

– Arpa pishganda kelingiz,

Toʻgʻrab beray armonsiz.

Ichki kasalning sirtga tepgani bemorning kasallikni yengani, deganday Ergash boboning oʻrtadagi gʻuborlikni bir bayt bilan mutoyibaga yoʻyib yuborganidan Fozil otaning ham chiroyi ochilib, koʻngli joyiga tushib, oʻzini rostlab oʻchoq boshida ne qilarini bilmay oʻralashib yurgan boybichasini chaqirib-chorlab oʻtirmasdan oʻzi taxmondagi hali ohori toʻkilmagan loʻla-bolish, koʻrpachalardan qadami qut qurdoshini qayta boshdin qoʻzgʻab qat-qat qilib toʻshab-durustlab bir parvona boʻlgandin oʻn parvona boʻlib, oʻz davrida daryoi azim deb nom olgan mehmonining koʻnglini tuz bilan ololmasa ham boʻz bilan, yo soʻz bilan olishga tutinishga tushibdi.

Shu orada uy bekasi qoʻni-qoʻshnilarnikiga chiqib bir qadoqcha un topib kelib lachira (ham non, ham ovqat oʻrnini bosishi uchun) tayyorlashga hozirlik koʻra boshlabdi.

Bilasiz, Ergash bobo ulamo, sipo, kam gapirib, kam kuladigan, Fozil ota esa chapani tabiatli, barchabop, kattazanglikni bilmaydigan, borga havas qilib, yoʻqdan kulmaydigan kishi boʻlganlar.

Boyagi badihadan soʻng gaplari gaplariga, baytlari baytlariga ulanib ketibdi. Ikki daryo qoʻshilib, qalqqandan qalqib, soʻz bilan sozning sehridan nor tuyaday mast boʻlib, koʻngillari payvast boʻlib, togʻ bilan togʻ birlashsa Sulaymon paygʻambarni arshi aʼloda koʻr, deganlari rost boʻlib, koʻknorining kayfi bilan Fozil ota junbushga kelib, mehmon turib oʻzi bayt aytmoqlikni beodobchilikka yoʻyib debdi:

– Oʻqigan oʻgʻil otadan ulugʻ, debdilar. Shu shekilli Siz ham bosh jihatdin, ham jash jihatdin bizdan ustuvorsiz. Qulingiz esa omi bir odam. Siz turgan jerda bizning mehrobga chiqishimiz – gunohi azim.

Shunday qilib, aytishuvni Qoʻrgʻon maktabining mudarrisi boshlab beribdi. Fozil ota ham boʻsh kelmabdi:

 

Non topilar, osh topilar, el boʻlmasa xirmonsiz,

Xirmonga ham qiron kelsa – unda basti kamonsiz.

 

– Nonsiz yashash mushkul holdir, yashash mumkin sultonsiz,

Sulton ahli oʻzin osgay mushtak, ushr, oʻlponsiz.

 

– Yashay bilmas bu jonajon zuryodimiz mehmonsiz,

Yer-koʻk zabun boʻlganiday Shamsu Qamar, Choʻlponsiz.

 

– Tokaygacha boʻlgay boʻm-boʻsh kandik, oʻralar donsiz,

Rizqimizga itlar[2] sherik – boʻlmasaydik imonsiz.

 

– Bu el nonsiz boʻlsa boʻlsin, lek boʻlmasin subhonsiz,

Bu kunlar ham oʻtar-ketar, boʻlmasa bas urfonsiz.

 

– Poshsho ishi farmon birla, borliq biylar armonsiz,

Hech koʻrmadim mehnat ahlin gʻam chekmagan zamonsiz.

 

– Bu kunlar ham gʻanimatdur, kelgusimiz imkonsiz,

Qolmasaydik oʻz yurtimiz turib manzil, makonsiz.

 

– Elu yurtda yuviqsizning son-sanogʻi mezonsiz,

Bu kaslardin qutulmasmiz gʻalayonsiz, tugʻyonsiz.

 

– Dardmand forigʻ boʻlmaganday darddin dori-darmonsiz,

Qutulmasmiz bu itlardin qirgʻinbarot, qurbonsiz.

 

– Maydon koʻra kelgan xalqmiz, yashalmasmiz maydonsiz.

Alpon misol er boʻlmasa – Turon qolar bogʻbonsiz.[3]

 

– Oʻzi maʼdan ichindamiz, lek yasharmiz maʼdansiz.

El boshida turgan beklar yov oldida zabonsiz.

 

– Sayyod sayyod sanalgaymi, magar boʻlsa sopqonsiz,

Bu Turkiston tugab boʻlgay bir-bir arksiz, arkonsiz.

– Oʻzbek oʻzligin topolmas hech qachon gʻalayonsiz,

Qalʼa, qoʻrgʻonlari nurab boʻlgay qoʻshin, posbonsiz.

 

– Toʻqson ikki bovli oʻzbek qolgay imdod, imkonsiz,

Bir yoqadin bosh chiqarmas ekan sohibqironsiz.

 

Toʻra SULAYMON

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 


[1] Skobelev, Kuropatkin, Kaufman.

[2] Bosqinchilar.

[3] Rahnamosiz demoqchi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.